“Oila” so‘zi arabchadan o‘zlashgan, o‘zbekchasi qanday?


Saqlash
17:38 / 12.05.2025 495 0

Oila – jamiyatning eng kichik bo‘g‘ini hisoblansa-da, inson hayotida qadriyat o‘laroq juda katta ahamiyatga esa. Ayniqsa, turkiylar uchun oilaning qiymati  boshqacha. Turkiylar uchun oila faqat qon-qondoshlik o‘chog‘i emas, balki har bir kishining or-nomus qo‘rg‘oni sanaladi.

 

Mazkur maqola oilaning tarixi emas, balki shu so‘zning kelib chiqishi haqida. Tarixiy-qiyosiy yondashilgan lingvistik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, oila nafaqat etnoslarning, balki tilning shakllanishida ham muhim o‘rin tutgan. Inchunin, har bir bolaning tili o‘z oilasida chiqadi va tafakkur uchqunlari ham shu yerda paydo bo‘ladi. Ammo tarix bo‘hronlari shu darajaga olib keldiki, turkiylar oila ma’nosini anglatuvchi  turkiy so‘zni ham  unutdilar. Aksar musulmon turkiylar arabcha “oila”ni, rus tilining ta’sir doirasidagi ellar esa “семья”ni qo‘llay boshlashdi.

 

Mazkur maqolani yozishdan oldin “Oila so‘zi arabchadan o‘zlashgan, o‘zbekchasi nima?” degan birgina savol bilan o‘nlab filolog o‘qituvchilar va bo‘lajak tilshunos talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazdim.

 

 

So‘rovnomada qatnashgan jami 30 kishidan 1 kishi “uy”, 1 kishi “qo‘rg‘on”, 1 kishi “o‘t boshi”, 1 kishi “o‘tan” deya javob bergan (Yana “vatan” (arabcha), “kichik vatan”, “ahli”, “ona” kabi javoblar ham bor.

 

 

So‘nggilari turkiy so‘zlar bo‘lmagani uchun hisobga olinmadi). Qolganlar yo‘q yoki bilmayman, degan javob qoldirgan. Bir paytlar “Oila” markazining rahbari bo‘lgan olimaga ham “oila so‘zining o‘zbekchasi nima?” degan  savolni berib ko‘rdim. Ammo tayinli javob olganim yo‘q. Bilasizmi nega? Chunki ko‘pchilik uchun nomning qaysi tilda bo‘lishi ahamiyatsiz.

 

Aslida esa biz tushunchalarni so‘z va nom orqali hosil qilamiz. Nom o‘zgarsa tushuncha ham albatta o‘zgaradi. Tushuncha o‘zgarsa mazmun ham o‘zgaradi.

 

Agar nom o‘z tilimizda bo‘lsa, uni to‘g‘ridan to‘g‘ri tushunamiz. Mabodo mazmun unitilsa, uni rekonstruksiya qilish, tarixiy ma’nosini tiklash – tadqiq qilish mumkin bo‘ladi. Qo‘yida shu haqda so‘z boradi.

 

Oila so‘zining negizi arabcha. Bu so‘z “ahl”, “ahila”, “aliha” so‘zlarining o‘zgargan shaklidir. Shavkat Rahmatullayev ushbu so‘zning “kishilar birga yashaydigan bo‘ldi” degan ma’nosini qayd etgan. “Ahl” yana ahillik, totuvlik, qavm-qarindosh, oila, xotin ma’nolarida ham qo‘llaniladi[1]. Qolaversa aholi, mahalla so‘zlari ham ahl o‘zagidan yasalgan. Ahl so‘zi ma’lum bir ijtimoiy qatlam  yoki guruhlarga nisbatan ham ishlatilgan: ahlulloh, ahli muslim, ahli sunna, ahli zimma, ahli kitob, ahli ilm va hk. Xususan, Alisher Navoiy o‘z asarlarida ahli adab, ahli avlod, ahli ishq, ahli aysh, ahli bazm, ahli aflok, ahli tariq, ahli vasl, ahli hunar kabi 222 ta iborani qo‘llagan ekan. Bundan ko‘rinadiki, ahl sifatini istalgan jamoa yoki ijtimoiy guruhga nisbatan qo‘llash mumkin. Navoiy asarlarida “oila” so‘zi yo‘q! Navoiy oila o‘rniga “ahl”, “ahlu ayol”, “dudmon”[2] so‘zlaridan foydalangan.

 

Islomga qadar “oila” arab tilida ham ishlatilmagan. Islomning dastlabki davrida “ahli bayt”, ya’ni “uy ahli” shaklida qo‘llanilgan. Keyinchalik “bayt” tushirib qoldirilgan. Yoki ega ko‘rsatilganda “alihi” shakli ham qo‘llanilgan: Anas va alihi. Oila so‘zi islom ta’sirida arabchadan (عائلة-a’ilatun) turli shakllarda turk (aile), ozarboyjon (ailə), uyg‘ur (aile), boshqird va tatar (g‘әilә), o‘zbek va tojik (oila) tillari lug‘atiga qabul qilingan.

 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Oila so‘zining o‘zbekcha ma’nodoshi nima? Kengroq olsak, boshqa turkiy tillarda oilani ifodalash uchun qaysi so‘zlardan foydalaniladi?

 

Tahlil. Turkiy tillarda oila ma’nosida turli so‘z yoki so‘z birikmalaridan foydalanilgan, aniqrog‘i ulardan hozirgacha foydalaniladi.

 

Oltoy tilida oila o‘rnida “bile” so‘zi ishlatiladi: Slerding bilegerde qanja kishi? (Sizlarning oilangizna qancha kishi bor?). Bu so‘z qipchoq tilida “billa”, ya’ni “birga” shaklida bo‘lib, “bir uyda birga yashovchi” ma’nosini anglatadi. Qirg‘iz tilida ham shunga yaqin “бүлө” yoki “үй-бүлө” ishlatiladi.

 

Qozoqlarda “o‘tbasi  qo‘llaniladi va u o‘zbek tilida o‘tboshi, o‘choq boshi ma’nolarida keladi. Qoraqalpoq adabiy tiliga “shangaraq” qabul qilingan. Shangaraq o‘zbekchada chang‘aroq – o‘tovning ustki qismidagi tuynuk chambaragini anglatadi. Chang‘aroq barcha turkiylar uchun muqaddas so‘z, chunki u tangrichilikda “Ko‘k Tangri” bilan aloqa qilinadigan sakral tuynuk sanalgan. No‘g‘ay tilida “ayel”, ya’ni ayol so‘zi oila ma’nosida qo‘llaniladi. Bu so‘zni ham tushunsa bo‘ladi, chunki azaldan ayollar oilaning ramzi sanalgan. Oltoy tilida ayol “uy kishi” deyilishi yoki arabiyda “ahli bayt” deganda ahli ayollar tushunilishi ham bejizga emas.

 

Xakas tilida oilani “uya”, “o‘t” (o‘choq)[3] deb atashgan. Bunda  uya” uy so‘zining shakli, “o‘t” (o‘choq) esa qozoq tilidagi bilan bir xil ma’noga ega.

 

Saxa (yakut) va dolg‘an tillarida oila “qergen” (qo‘rg‘on), “iyal” (uy) kabi nomlar bilan ataladi. Tuva tilida oila өг-бүле deyiladi. Bunda “өг” uy, “бүле” esa “birga yashash” ma’nosini beradi.

 

Poloves-qipchoq tillarida, xususan qumiqchada “ag‘lyu”, “ojaq”, “uriu”[4],  qorachoy-balqar tilida yuy (uy)[5], qirimtatarchada “qoranta”[6], yahudiylik dinidagi qirimchaq tilida “xoranta”[7] shaklida adabiy tilga qabul qilingan. Qirimchaqlar “xoranta”ni qirimtatarlardan o‘zlashtirgani aniq, chunki ikki til ham Qirim madaniy muhitida shakllangan. Yahudiylik dinidagi yana bir xalq – qarayimlarda esa oila “uruv” deyiladi[8]. Arman-qipchoqlari oila ma’nosida “öv” (uy), “övi-eli” (uy eli) hamda urlux so‘zlarini ishlatishgan[9]. Umuman olib qaralsa, XX asrga qadar poloves qipchoq tillarining barchasida “oila” o‘rniga “urug‘” so‘zidan foydalanilgan[10].

 

O‘g‘uz tillarida oilaning nomlanishi biroz farqlanadi. Xususan nasroniylik dinidagi gagauzlar oilani “senselä” deyishadi[11]. Turkman lug‘atiga esa “maşgala” qabul qilingan. Xitoyda istiqomat qiladigan o‘g‘uz salarlar oilani “öy” (uy) va “öy içi” (uy ichi) deyishadi. “Öy içi” ba’zan qisqartirib “öyçi” shaklida ham ishlatiladi[12]. Salarlarda urug‘ “urq” shaklida etnos ma’nosida saqlangan. Shuningdek, xitoy tilidan o‘zlashgan “çimsang” va zahsang” so‘zlari ham qo‘llaniladi[13].

 

O‘zbeklarda “oila” ommatan XX asrdan boshlab muomalaga kirgan, unga qadar esa faqat adabiy asarlarda, ziyoli oilalarda qo‘llanilgan xolos. Oddiy aholi oila o‘rniga “uy”, “uy ichi” leksemalarini qo‘llagan[14]: Falonchi uy iching bilan omonmisan; uy ichimiz sakkiz kishi va hk. Shuningdek, qo‘ra yoki shahar aholisi orasida “qo‘rg‘on” so‘zi ham ishlatilgan.

 

Sintez. Tahlil natijalari  shuni ko‘rsatadiki, oilaning arxaik shakli urug‘ bo‘lgan va u barcha xalqlarda ayni so‘z bilan ifodalangan. Jumladan, qadimgi uyg‘ur, chag‘atoy-qarluq, tuva tilida urug‘, qipchoq tillarida uruq, turk, ozarboyjon, tatar, saxa, dolg‘an tillarida uru, salar, qirimchaq, arman-qipchoq tillarida urux, qirimtatar, qarayim, qorachay, balqar tillarida uruv, chuvash tilida waru shaklida talaffuz qilingan. Ayni so‘z urluq, urlux yoki chuvashchada warlax (uarlax) shaklida ham uchraydi[15].

 

Bundan ko‘rinadiki, dastlabki qadimgi turk tilida oila “urug‘” so‘zi orqali ifodalangan. Ana shu so‘zdan urpaq (avlod) so‘zi shakllangan. Oilalardan yangi oilalar yetishib, ajralib chiqishi natijasida urug‘ so‘zi patriarxal xususiyatli qabila, “qondosh oilalar birligi” ma’nosida qo‘llanila boshlagan. Urug‘ so‘zining etimologiyasi botanik “urug‘” so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, hozir ham ular shakldosh so‘z sanaladi.

 

Mahmud Koshg‘ariy davrida urug‘ning oila manosi unutilgan va faqat urug‘ (etnos) hamda botanik urug‘ ma’nolari qayd etilgan[16]. Qadimgi turkiy tilda esa oila ma’nosi bo‘lgan. Xususan, Turfon yodgorliklarida qo‘yidagi so‘z saqlangan: mening aqam, inim – urug‘im[17].

 

Hozirgi kunda urug‘ so‘zi qumiq, qarayim tillarida oila ma’nosini saqlab qolgan. Arman-qipchoq tilida ham bu so‘z bo‘lgan, ammo tilning o‘zi o‘lik tilga aylangan.

 

Keyingi davrda oila ma’nosida “uy/ev” yoki “uy/ev ichi” qo‘llanila boshlagan. “Uy”  ijtimoiylashuv ma’nosidagi uyishuv so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, qarindosh qishilarning hamjihat yashashini anglatgan. Shundan “UYlanish/YEVlanish” fe’li yasalgan va u “oila qurish” ma’nosini anglata boshlagan. Oila – uy, oilali odam “uyli” deyilgan. Birovning uyini buzish deganda oilani buzish nazarda tutilgan. Hozirgi leksikada “uya” ham, “uy” ham funksional jihatdan bir xil ma’noda qo‘llaniladi: asalari uyasi, qush uyasi va hk. Uy ichi” deganda bir o‘tov (uy)ning ichida yashovchilar nazarda tutilgan Bu hozirgi arabchadan o‘zlashgan  hasm, mahram so‘zlariga yaqin keladi.

 

Oilaning “uy” shakli  saxa, xakas, tuva, salar, o‘zbek tillarida hozirgacha saqlangan. Shu bilan birga, qozoq tilining shevalarida “үй-іші”, turk shevalarida “ev içi” shakli hozir ham ishlatiladi.

 

Etimologik tahlillarga, xususan  Devonu lug‘otit turk”,  E.Sevortyanning etimologik lug‘ati, Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”, O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga tayanadigan bo‘lsak, “urug‘” va “uya” so‘zlari bir-biri bilan bog‘liq so‘zlar bo‘lib chiqadi.

 

Barcha lug‘atlarda urug‘ so‘zining urug‘ (botanik), don,  urug‘ (etnos) ma’nolari borligini bilamiz. Shuningdek, uning O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “biol. Erkaklar jinsiy bezi ishlab chiqaradigan jinsiy hujayralardan iborat suyuqlik: sperma, maniy” ma’nosi ham keltirilgan. Urug‘ yetiladigan joy urug‘don, erkak va ayol urug‘ining qo‘shilishi urug‘lanish deyilgan[18]. Bu E.Sevortyan lug‘atida ham tasdig‘ini topgan[19]. Uya so‘zi esa in, uy ma’nolarini, shuningdek urug‘ tashlanadigan, ekiladigan  joyni anglatadi[20]. Baliq urug‘ tashlaydigan joy “uya” deyilgan. Demak, ayolning bachadoni ham “uya” deb atalgan[21]. E.Sevortyan urug‘ so‘zidagi “ur” o‘zagini nasl berish, pusht so‘zi bilan izohlagan. Sh.Rahmatullayev “urchi(sh)” so‘zining tahlilida shu o‘zakka tayanadi[22]. Bundan xulosa qilish mumkinki, jinsiy aloqa protsessi “urug‘lanish”, qo‘shilish esa “urchish” so‘zi bilan ifodalangan. Qolaversa, ayol jinsiga nisbatan “urg‘ochi” (urug‘ ochish) so‘zining qo‘llanilishi ham aynan shu o‘zak so‘z bilan bog‘liq. No‘g‘ay tilida oila ma’nosida “ayol” leksemasining qo‘llanilishi ham, katta ehtimol bilan uya o‘zagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

 

Qozoqcha otbasi (o‘tboshi), qumiqcha ojax (o‘choq), qirimtatarcha qoranta (qo‘r o‘zagidan), qirimchaq tilidagi xoranta va saxa tilidagi “qergen” (qo‘rg‘on) so‘zlari umumiy mazmunda o‘choq-qo‘r bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qadimda o‘tovda yashagan turkiylar uchun o‘tovning o‘rtasida joylashgan qo‘r, ya’ni o‘choq  sakral xususiyatga ega bo‘lgan va muayyan ishtimoiy guruh, jumladan oilaning birligi ramziga aylangan. “Qo‘ra” yoki “qo‘rg‘on” so‘zlarini qo‘rimoq fe’li bilan bog‘lasa ham bo‘ladi. Unda shunday xulosaga kelish mumkinki, “qo‘rg‘on” variantini ko‘proq o‘troq yashaydigan turkiylar qo‘llashgan. Qirg‘iz-qipchoq tillaridagi “bile” varianti oltoy davrida shakllangan bo‘lishi mumkin. Chunki mo‘g‘ul tillarida ham “бүле” oila ma’nosini anglatadi.

 

Demak, turkiy tilda dastlab oila ma’nosida “urug‘/urluq” so‘zi ishlatilgan. “Urug‘” – ota urug‘ini anglatgan va bu turkiylarning  patriarxal oila tutganini ko‘rsatadi. Insoniy, zoologik va botanik urug‘ bir xil ma’noda qo‘llanilgan. Urug‘ tashlanadigan joy, shu bilan birga  urug‘ vakillari yashaydigan maskan ham “uy” yoki “uya” deb atalgan. Oilalar evolyutsiyasi jarayonida o‘zaro qondosh oilalar birligi “urug‘” deb ataladigan bolgan. “Uy” esa odamlar yashaydigan maskan ma’nosini anglatgan. Shuning uchun oilani aniqroq nomlash uchun “uy ichi” qo‘llanila boshlagan. Keyinchalik, urug‘lardan elatlar, millatlar shakllangan. Ammo, shunday bo‘lsa-da, “urug‘”, “urluq”, “uy”, “uy ichi” kabi arxaik so‘zlar hozirgi davrgacha saqlanib qolgan va bu regional rekonstruksiyalar uchun yetarlidir.

 

Aslida, oilaning arab tilida nomlanishida muammo yo‘q. Muammo hayot taqozo qilsa biz uni ham o‘zgartirishimiz mumkinligida. Chunki 80-yillarda oilasini “semyam”  deydigan o‘zbeklarni ham ko‘rganmiz. Endi, “family” qo‘llamasligimizga ham ishonch yo‘q.

 

Ayni kunlarda turkiy xalqlarda oila ma’nosida qo‘llanayotgan so‘zlarni o‘rganib chiqdim. Yuqorida keltirganlarim, asosan lug‘atlardagi so‘zlar edi. Amalda esa ahvol bundan ancha yomon. Hozirgi kunda chuvash, tatar, sibir tatarlari, yakutlar, xakaslar, altaylar va hatto shaharlarda yashaydigan qozoqlar ham muomalada oila o‘rniga o‘rischa “семья” so‘zini qo‘llashadi. Salarlar “öy içi” (uy ichi) o‘rniga xitoycha “çimsang” va zahsang”ni qo‘llaydi. Gagauzlardagi  senselӓ” ham o‘zlashma so‘z, turkiy emas.

 

Biz e’tibor qaratgan “urug‘”, “uy”, “uy ichi” so‘zlari o‘z so‘zlarimiz – bizniki. Ammo biz uni bilmaymiz. Muomalada qo‘llashga esa uyalamiz. Muammo shu uyalishda.

 

Muhtasar qildim!

 

Anvar BO‘RONOV,

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi



[1] Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati. II tom. – Toshkent: Universitet, 2003. – B. 60-61.

[2] Fozilov E.I. Alisher Navoiy asarlari lug‘ati. I-jild. – T.: Niso Poligraf, 2013. 1008-b.

[3] РОССИЙСКАЯ СЕМЬЯ. Энциклопедия. Москва: Издательство Российского государственного социального университета, 2008. – С. 475.

[4] Бамматов Б.Г, Гаджиахмедов Н.Э. Кумыкско-русский словарь. – Махачкала: ИЯЛИ ДНЦ РАН, 2011. 405-с.

[5] Хаджилаев X. И. Очерки карачаево-балкарской лексикологии. Черкесск: Ставропольское книжное изда тельство, Карачаево Черкесское отделени. 1970. – С. 25-26.

[6] Усеинов С М. Русско-крымскотатарский словарь. – Симферополь: “Тезис”, 2007. 640-с.

[7] Реби Д.И. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. 224-с.

[8] Мусаев К.М. Грамматика караимского языка. М: “Наука”, 1964. 346-с.; Гаркавец А.Н. Караимский молитвинник. – Алматы: Дешти Кыпчак, 2004. 60-с.

[9] Гаркавец А.Н. Кыпчакское письменное наследие. Том ІIІ. Кыпчакский словарь. По армянописьменным памятникам XVI­XVII веков. – Алматы: Баур; Касеан, 2010. 1802-стр.

[10] Сравнительно-историческая грамматика тюркских языков: Лексика. /Отв. ред. Э. Р. Тенишев. – М.: Наука. 2001. – С. 115-116, .

[11] Gagauzça–rusça sözlük . – Komrat: НИЦ Гагаузии , 2018. – С. 68.

[12] Vaillant Adrien Alp. Essai de lexique salar-français. – Paris: L’Harmattan, 2019. – P. 271-272.

[13] Vaillant Adrien Alp. Essai de lexique salar-français. – Paris: L’Harmattan, 2019. – P. 82, 193.

[14] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. “U” harfi. – Toshkent: O‘ME, 2008. – B. 271-272.

[15] Сравнително-историческая грамматика тюркских языков: Лексика. /Отв. ред. Э. Р. Тенишев. – М.: Наука. 2001. – С. 115-116, .

[16] Devonu lug‘otit turk. Indeks-lug‘at. – Toshkent: Fan, 1967. – B. 306.

[17] Древнетюркский словар. – Л: Наука, 1969. – С. 615.

[18] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. “U” harfi. – Toshkent: O‘ME, 2008. – B. 297-298.

[19] Севортян Э.В. Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на гласные. – М.: Наука, 1974. С. 604–606.

[20] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. “U” harfi. – Toshkent: O‘ME, 2008. – B. 313-314.

[21] Shu o‘rinda e’tibor qarating: bachadon fors tilidan o‘zlashgan.

[22] Rahmatullaev Sh. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati (turkiy so‘zlar). – T: “Universitet”, 2000. – B. 392-393.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 56
Hamzaning “maktublari”





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//