O‘zbekistondagi kamyob arxitektura – Insoniyat iztiroblaridan tilga kirgan ekzistensializm


Saqlash
17:37 / 12.05.2025 1329 0

Yozuvchi oq qog‘oz, aktyor bo‘sh sahna, me’mor koinotning qarshisida hamisha qo‘rquv va hayajonda turadi.

 

Odamzod paydo bo‘lganidan beri hayotning mohiyatini, asl ma’nosini qidirib keladi. Inson ma’lum davrda hayotning mazmunini topadi, ammo vaqt o‘tishi bilan aslida yashashdan mohiyat bu emasligini tushunib, yana izlashga kirishadi. XX asrning ikkinchi yarmida Yevropada rivojlangan ekzistensializm falsafasida ayni mana shu jarayon o‘rganilgan, keyinchalik bu oqim texnologiya, ilm-fan, madaniyat va san’atning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. Jumladan, arxitekturada ham tub burilishlarni yasab, takrorlanmas binolarning yaratilishiga sabab bo‘ldi. 

 

Ekzistensializm (lotincha existentia – mavjudlik) – insonning mavjudligi, yolg‘izligi, erkinligi, tanlovi va uning hayotdan ma’no izlanishlari bilan bog‘liq falsafiy oqim hisoblanadi. XX asrda Yevropada keng tarqalgan bu falsafa, avvalo, insonning shaxsiy tajribasi, ichki kurashi va hayotiy savollariga e’tibor qaratadi. O‘z davrida Soren Kierkegaard, Fridrix Nitsshe, Martin Haydegger, Jean-Paul Sartr hamda Alber Kamyu kabi faylasuf olimlar bu borada ko‘plab izlanishlarni olib borgan. 

 

Rokko Housing

 

Ekzistensializmning otasi deya e’tirof etiladigan daniyalik faylasuf Soren Kierkegaardga (1813-1855) ko‘ra, hayotning ma’nosi hech qachon darrov ochilmaydi, tayyor shaklda berilmaydi. Hayot inson boshdan kechirganidan keyin anglashiladi, lekin shunga qaramay, odam harakat qilishi, yashashi, tanlovni amalga oshirishi kerak. “Hayotni tushunish uchun ortga qarash kerak, lekin uni yashash uchun oldinga yurish lozim”, deydi u.

 

Olmoniyalik faylasuf Fridrix Nitsshe (1844-1900) Sorenning fikrini davom etar ekan, hayotdan mazmun qidirishning bosh g‘oyasi – inson hayotining ma’nosini o‘zi yaratishi kerak deya da’vat etadi. Shuning uchun ham u tayyor, tashqaridan berilgan ma’nolarga (masalan, din, jamiyat, an’anaviy axloqqa) qarshi chiqqan. “Kimda yashash uchun maqsad bo‘lsa, u har qandan qiyinchilikni ko‘tara oladi”, deydi olim. 

 

Fransuz ekzistensialist faylasufi (garchi buni o‘zi tan olmasa-da), yozuvchi, jurnalist hamda Nobel mukofoti sovrindori Alber Kamyu (1913-1960) esa hayotning hech qanday bosh ma’nosi yo‘qligini, buni tan olib, shunga qaramay yashashda davom etish lozimligini aytib o‘tgan: “Men hayotda hech qanday ma’no yo‘qligini bilsam ham, uni sevaman. Chunki hayotning o‘zi go‘zallikdir”.

 

Ekzistensializmning bu g‘oyalari XX asr arxitekturasida ham o‘z aksini topgan. Ayniqsa, modernizmga qarshi javob sifatida paydo bo‘lgan turli me’moriy yondashuvlar insonning ichki holatini, ma’naviy qidiruvini arxitektura vositasida ifodalashga intilgan. Bunday binolarda geometrik mukammallik yoki ijtimoiy prognoz emas, balki inson tajribasi, yolg‘izlik, sukunat, nur va soya, bo‘shliq va shakl muvozanatlari orqali ruhiy holat ko‘rsatilgan. 

 

XX asrning eng katta me’morlaridan biri bo‘lgan Le Korbyuzye (1887-1965) dastlab funksional modernizmda ijod qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik ekzistensial shakllar hamda iloji boricha chuqur his uyg‘otuvchi arxitektura ustida jiddiy shug‘ullangan. Bunga ikkinchi jahon urushining me’mor ruhiyatiga ta’siri sabab bo‘lgan. U shunchaki yashash uchun uylar emas, balki insonga ta’sir ko‘rsatadigan makonlar yaratishga intilgan. Aynan shu davrdan uning arxitekturasida noaniq chiziqlar, tasodifiy oynalar, ichki kayfiyatni aks ettiruvchi shakllar ko‘paya boshladi.

 

Le Korbyuzye tomonidan loyihalashtirilgan Ronchamp ibodatxonasiga (Chapelle Notre-Dame-du-Haut, 1950–1955) arxitektura tarixidagi eng ekzistensial bino maqomini berish mumkin. Chunki ibodatxonada egri chiziqli tom, burma devorlar, og‘ir massa va qorong‘i ichki makondan foydalanilgan. Har xil o‘lcham va rangdagi derazalarning tasodifiy joylashtirilgani bino ichiga kirgan yorug‘likni “ilohiy” tasvirga aylantiradi.