
“Qarindosh” so‘zi “Devonu lug‘otit-turk”da bor va: “bir qorindan tug‘ilgan ikki bolaga nisbatan “qarïndash” (“قَرِنْدَشْ”) deyiladi” deb izohlangan (DLT. I. 1960. 386-bet). Ammo qadimgi turkiy obidalarda “qarindosh” ma’nosida ko‘proq “qadash” so‘zi uchraydi. Misol uchun, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida o‘nlab marotaba hamma o‘rinlarda “qadash” so‘ziga duch kelamiz, faqat bir joyda, u ham bo‘lsa muallif emas, ehtimol, kotib tomonidan yozilgan asarning nasriy muqaddimasida “qarindash” so‘zi qo‘llangan (“qana’atqa Ozg‘urmish at berib, qarindashi teb aymish turur” – ma’nosi: “qanoat”ga [muallif] “O‘zg‘urmish” deb ot berib, qarindoshi deb aytgan”).
Buddaviylikka oid manba – “Oltin Yoruq”da bir epizod bor: uch shahzoda (tegin) o‘rmonda yetti bola tug‘ib ochlikdan o‘layotgan ona yo‘lbarsga duch kelishadi. Kichik shahzoda akalariga: “sizlar boraveringlar, men sizlarga yetib olaman”, deb ortda qoladi va ona yo‘lbars hamda uning bolalarini ochlikdan qutqarish uchun o‘zini qurbon qiladi. Akalar ham ukasini izlab ortga qaytishadi va o‘sha och yo‘lbars holsiz yotgan joyda kichik shahzodaning daraxtga ilingan kiyimlari, yerda sochilib yotgan suyak, soch qoldiqlari, qon izlarini ko‘rib, faryod ko‘tarib, nola qilishadi: “...ögo‘kä qangqa sävitmish ärtin qadash-a...” – ma’nosi: “onamizga, otamizga sevikli eding ukamiz-a...”.
Xo‘sh, “qadash” so‘zi qanday etimologiyaga ega? Mahmud Koshg‘ariy “Devon”ida uni shunday tushuntirgan: “birodar, yaqinga “qadash” deyiladi, asli “idish”, “qop” ma’nosidagi “qa” so‘ziga “-dash” qo‘shilib “qadash” yasalgan”. “Devon”ni usmonli turkchaga tarjima qilgan Basim Atalay: “qa”, ya’ni “idish”, “qop” deganda ham ona qorni, bachadoni ko‘zda tutiladi”, deb izoh beradi (“o da ana karnıdır”).
Ma’lumki, o‘zbek tilida “qorin” deganda tananing bir necha ichki va tashqi a’zolari tushuniladi: 1. Oshqozon (misol: “qornim to‘ydi”); 2. Tananing oshqozon va boshqa a’zolar joylashgan qismi (“qorni katta”) va bachadon (“ona qorni”). Ya’ni, “qarindosh” deganda oshqozon emas, aynan bachadon, ona qorni ko‘zda tutiladi.
“Devonu lug‘otit-turk”da “qa” so‘zi ham alohida izohlangan: “qa – idish, qop. Lekin bu asosan suyuq narsalar idishiga nisbatan qo‘llanadi” (DLT. III. 1963. 228-bet). To‘g‘ri, ona qorni, bachadonni ham shunday idishga o‘xshatish mumkindir, lekin baribir “qadash”ning mazkur so‘zdan yasalishi notabiiy tuyuladi. Qolaversa, o‘tmishda qarindoshlikka faqat onadan emas, balki ota tomondan ko‘proq urg‘u berilgan. Yuqorida keltirilgan misolda ko‘rdikki, qadimgi turkiyda “ota” ma’nosida – “qang”, “ona” ma’nosida – “ög” so‘zlari ham qo‘llangan. Deylik, Kultegin bitigtoshida “qanim qag‘an, ögim qatun”, ya’ni “xoqon otam, malika onam” kabi iboralar ko‘p uchraydi. Shundan kelib chiqib qadimgi turkiyda: otasi bir aka-uka, opa-singillarga nisbatan – “qangdash”, ona bir, ota boshqalarga nisbatan – “igdish” (“ögdash”) atamalari ishlatilgan.
“Qangdash” so‘ziga Mahmud Koshg‘ariy “Devon”ida quyidagicha izoh beradi: “qangdash: قنكدش قدش qangdash qadash – otasi bir aka-ukalar. Maqolda shunday kelgan: “Qangdash quma urur, igdish öro‘ tartar” – ma’nosi: otasi bir bo‘lganlar oralaridagi adovat sababli bir-birlari bilan kelishmaydilar. Onasi bir bo‘lganlar oralaridagi do‘stlik sababli bir-birlariga yordam beradilar” (DLT. III. 1963. 392-bet).
Bizningcha, “qadash”ning – “otadosh” ma’nosidagi qadimgi “qangdash” so‘zidan talaffuzda “ng” tovushining tushib qolishi natijasida hosil bo‘lgani haqiqatga yaqinroq. Shunda “qadash” deganda – bir otadan tug‘ilganlik ko‘zda tutilsa, “qarindosh” deganda – bir onadan tarqaganlik urg‘ulangan bo‘ladi.
Demak, ming yil oldin, ya’ni Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib zamonasida aka-uka, opa-singil, tug‘ishganlikni ifodalovchi “qadash”, “qarindash”, “qangdash” kabi so‘zlar bo‘lgan bo‘lsa, Navoiy davriga kelib vaziyat biroz o‘zgargan. Xususan, Navoiy o‘z asarlarida: tug‘ishgan aka-uka ma’nosida – “qardosh” (to‘g‘rirog‘i, “qordosh” – “قَارْدَاسْ”, “uluq qordosh” – aka, “kichik qordosh” – uka), opa-singil ma’nosida – “qiz qardosh” (قيز قَارْدَاسْ) so‘zlarini qo‘llaydi (Misol: “Ba’zi ani Tahmurasning qardoshi debturlar”. TMA; “Muhammad Sirinning qiz qardoshidur”. NM)”. Navoiy asarlarida biz, shuningdek, “qarindosh” (“قَرِينْداش”) so‘zini ham uchratamiz. Deylik, “Saddi Iskandariy” dostonida Navoiy ukasi Darveshaliga bag‘ishlangan bobda ukasiga: “Manga nisbat ichra qarindoshsen”, deb murojaat qilib, “qarindosh” so‘zini “tug‘ishgan uka” ma’nosida qo‘llaydi. “Nasoyim ul-muhabbat”da esa bu so‘z bir necha o‘rinda “birodar”, “aka”, “amaki” kabi undalma sifatida qo‘llangan: “Ey qarindosh, barcha bu dardg‘a giriftordurlar”.
Hozirgi tilimizda “qardosh” so‘zi Navoiy asarlarida bo‘lgani kabi “aka-uka”, “opa-singil” ma’nolarida emas, balki xalqlar o‘rtasidagi, ko‘proq turkiy xalqlar o‘rtasidagi qarindoshlik, birodarlikni ifodalovchi atama sifatida, deylik: “qardosh qozoq xalqi”, “ozarboyjon qardoshlarimiz” qabilida qo‘llanadi. Bu so‘zning “aka-uka”, “opa-singil” ma’nolari esa hozirda usmonli, ozarboyjon va boshqa turkiy lahjalarda: “kardaş”, “kardeş”, “kız kardeş”, “gardaş” shakllarida saqlangan. Lug‘atlarda, jumladan, Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da ham bu so‘z aslida “qarindosh” so‘zidan, faqat o‘rtadagi “-in-” tovushlarining talaffuzda tushib qolishi natijasida (“qar[in]dosh”) hosil bo‘lgani aytiladi. Ammo bu fikr hozircha munozarali, chunki yuqorida Navoiy asarlaridan keltirilgan misollarda ham bu so‘zlarning ikki xil yozilishini ko‘rdik (“qordosh” – “قَارْدَاسْ; “qarindosh” “قَرِينْداش”). Ba’zi mutaxassislar “qorin” so‘zining o‘zagi – “qar”, “-in” esa – kichraytirish qo‘shimchasi deb taxmin qiladi. Shunga ko‘ra, “qardosh” so‘zi bevosita ana shu “qar” o‘zagidan yasalgan, degan qarash ham mavjud.
Keyingi yuzyilliklarda bizda “qarindosh” so‘zi faollashgan. “Qardosh” so‘zining hozirgi tilimizda asosan xalqlar o‘rtasidagi qarindoshlikni ifodalovchi atama sifatida qo‘llanishi sababi, menimcha, bu so‘z turk, ozarboyjon va boshqa qardosh turk xalqlarda faol bo‘lgani boisidandir.
“Qangdash”, “qarindash”dan tashqari Mahmud Koshg‘ariy “Devon”ida qarindoshlikning yana biri turi – “emukdosh” so‘zini ham keltiradi va shunday izohlaydi: “emchakni “ӭmo‘k” deyiladi, bir emchakni emishgan ikki bolaga ham “ӭmo‘kdäsh” deyiladi” (DLT. I. 1960. 386-bet). “Ko‘ngil”, “ko‘ks”, “ko‘krak” ma’nolaridagi “ko‘kay” so‘zidan yasalgan “ko‘kaldosh” ham shu ma’noda.
Abduvohid HAYIT
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q