Yevropaliklarga arzon, musulmonlarga qimmat non – Birinchi jahon urushida O‘zbekistondagi ocharchilik sabablari


Saqlash
12:54 / 30.04.2025 89 0

Rossiya imperiyasining bosqinchilik siyosati natijasida Turkiston oʻlkasi ogʻir iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Birinchi jahon urushi yillarida Turkiston aholisining mardikorlikka tortilishi, iqtisodiyoti esa front ehtiyojlariga yoʻnaltirilishi ijtimoiy muammolarni keskin holatga keltirib qoʻydi. Ekin maydonlarining qisqarishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ocharchilikni yuzaga keltirdi. Masalan, 1916-yilda Turkistonda 1 pud non oʻrtacha 2 rubl 50 kopek, 1917-yilga kelib esa 81 rublga yetgan. Narxlarning shiddat bilan oshib borishi va Rossiyadan don yetkazib berishning tobora kamayishi natijasida shahar aholisi uchun non berishning kunlik normasi 200 grammgacha kamaygan, qishloq aholisi esa “oʻzini oʻzi ta’minlash”ga mahkum etilgan. Non tanqisligi sezilarli darajada oshib, ochlikdan qiynalgan aholi koʻpincha turli xil yovvoyi oʻsimliklarni iste’mol qilishga majbur boʻlgan.

 

1917-yil ocharchilikning oldini olish maqsadida non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga kartochka tizimi joriy etildi, ammo kutilgan natijani bermadi. Chunki bolsheviklar yangi shaharlarda istiqomat qiladigan ruslarni koʻproq qoʻllab-quvvatlab, ulardan ortsagina oʻlkaning eski shaharlarida yashovchi aholisiga kartochka bergan. Bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan bu kabi ijtimoiy siyosatni Gʻozi Yunus quyidagicha ta’riflaydi: “1917–1918-yillarda och Turkiston xalqi uy-roʻzgʻorini sotib, Orenburg, Oqtepa, Poysan atroflarida ochlikdan oʻnlab, yuzlab qirilgʻonda shu yerlarning mutasaddilari ochlargʻa koʻmak uyushmasi tuzish oʻrnigʻa bechora Turkiston ochlarining 1-2 put gʻallasini qoʻlidan tortib olib qolar edi”.

 

Biroq bu tashkilotlar asosiy e’tiborini oʻlka aholisi manfaatlariga emas, koʻchirib keltirilgan ochlarga koʻproq qaratgan. Shuningdek, bu borada Turkiston ASSRning VII syezdida (1919-yil 7-mart) nutq soʻzlagan Musaxanovning fikri e’tiborga molik: “Yevropaliklarga yarim qadoqdan non berilgan holda, bizga chorak qadoqdan non beriladi. Buning ustiga tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari bizga boshqa baholarda sotiladi. Yevropaliklar bir qadoq non uchun 80 tiyin, bir qadoq choy uchun 30 soʻm toʻlagan holda, musulmonlar bir qadoq non uchun 1 soʻm 75 tiyin va bir qadoq choy uchun 50 soʻm toʻlaydilar”.

 

Sovet hukumatining 1924–1940-yillarda amalga oshirgan ijtimoiy ta’minot siyosati ham asosan oldingi davrga xos tarzda davom etib, aholiga moddiy yordam, maorif, sogʻliqni saqlash, nogironlarni ishga joylashtirish, pensiya tayinlash kabi holatlarda jiddiy kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Jumladan, Oʻzbekiston SSRda xususiy mulkni tugatish maqsadida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar (yer-suv islohoti, qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish siyosati) natijasida aholining turmush darajasi yanada ogʻirlashadi. Bu siyosat oqibatida katta yer egalarining xoʻjaliklari butunlay tugatiladi, aholining iqtisodiy imkoniyati cheklanadi, ular ijtimoiy ta’minotdan mahrum qilinadi.

 

Bu davrda aholining oziq-ovqatga talabi yanada oshgan. Jumladan, Andijonda erkin non savdosi yoʻlga qoyilmagan. Nonning sifati yaxshi boʻlmay, bozorga nim qorasidan boshqa non chiqarilmagan. Bir kishiga bir kilodan ortiq non sotmaslik toʻgʻrisidagi hukumat qarori boʻlishiga qaramay, ayrim sotuvchilar tomonidan bir kishiga bir, hatto 2 buxanka, yoki 5–10 ta non sotish holatlari kuzatilgan. Natijada bozorlarda olibsotar koʻpaygan. Xususiy savdogarlar shaharning non moʻl boʻlgan doʻkonlaridan keltirib, xalq koʻp toʻplangan joylardagi hukumat doʻkonlarida taqchillikdan foydalanib qimmat narxda sotganlar. Shuningdek, nonning narxini oʻzboshimchalik bilan oshirish hollatlari ham yuz bergan. Masalan, Samarqand shahardagi 33-magazinda 90 tiyinlik non 1 soʻmdan sotilgan.

 

Non doʻkonlari barcha joylarda ham mavjud boʻlmagan. Doʻkonni ochish masalasi koʻrilganda aholi tig‘iz yashash nuqtalari emas, balki ishchilarning gavjumroq ishlash manzillari koʻzda tutilgan. Natijada ish joylarda ochilgan doʻkonlarda navbat kuzatilmagan, yashash joylarida 20–25 kishilik navbatlar paydo boʻlgan. Margʻilon shahrida aholining kunlik ehtiyoji 26 tonna boʻlsa-da, kuniga atigi 13 tonna non pishirilgan. Buning sababi nonning erkin savdosi ustidan nazorat qilinmagani va non taqsimoti qoʻpol ravishda buzilgani bilan izohlanadi. Shuningdek, non doʻkonlari ish vaqti koʻpincha aholi talabiga toʻgʻri kelmagan. Natijada koʻpchilik aholi sifati talabga javob bermasa ham kolxoz bozoridan non xarid qilishga majbur boʻlgan. Nonlarning sifatsizligiga unlar sabab qilib ko‘rsatilgan (bu qatlamga 20 % birinchi navli un berilgan). Shuningdek, non korxonalarida va doʻkonlarda tozalikka yaxshi rioya qilinmagan, 96 % unlar elanmasdan pishirilgan. Ba’zi oʻrinlarda oʻtin oʻrniga sassiq koʻmirdan foydalanilgan. Koʻmir issigʻi bilan nonning yuzi qizarib, ichi xamir holicha qolgan. Non nazorati rahbari Markat bu holga, “Nonni tez chiqarish uchun sifatiga qaramanglar, xaridorlar xamirni ham olaveradilar” deb munosabat bildirgan. Bunday nonlar 5-6 kunlab doʻkonlarda sotilmay, qotib qolgan.

 

Non taqsimotida nazorat yoʻqligi koʻplab tartibsizliklarni keltirib chiqargan. Oʻrta Chirchiq tuman ta’minot boʻlimi tomonidan berilgan 6 qop un qishloqdagi ishchi-xizmatchilarga berilmay, talon-taroj qilingan. Qishloqlarda tashkil qilingan non doʻkonlari juda kam boʻlib, aholi ehtiyojini umuman qondirmagan. Izboskan, Yangiqoʻrgʻon, Bagʻdod, Marhamat tumanlarida non doʻkonlarini ochish rejasining yarmi ham bajarilmagan. Nazorat yo‘qligi uchun doʻkon mudirlari tomonidan nonni oʻz narxidan oshirib sotish holatlari boʻlgan. Sogʻliqni saqlash xalq komissarligi bozorlardagi mahsulotlarning sifatini tekshirganda Toshkentdagi Kuybishev va Lenin tumanlarida 17 000 kg.ga yaqin turli oziq-ovqat mahsulotlari talabga javob bermasligi, doʻkon va bozorlarda yomon holda saqlangani aniqlangan.

 

Bozorlarda nonning erkin savdosi ustidan nazorat qilinmagani, sifatiga e’tibor berilmagani ortidan fojialar kelib chiqqan. Nonni taqsimlashda ham xatoliklar sodir bo‘lgan. Turkistonda boshlangan ocharchilik, oziq-ovqat mahsulotlari yetishmasligi natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘lgan.

 

Mirshod SIDDIQOV,

O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:04 / 29.04.2025 0 124
Akutagava “dastro‘mol”i





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//