Mehnat ibodatmi, do‘zaxiy qiynoq? – dinlardagi munosabat. Aqliy mehnat tanazzuli davri, portlash effekti haqida


Saqlash
12:12 / 21.12.2021 2089 0

“Yashamoq – mehnat qilmoq demak”

 

Rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin olishdek yuksak maqsadimiz bizdan har tomonlama yetuk yosh avlodni tarbiyalashni talab etadi. O‘g‘il-qizlar tarbiyasi esa ko‘pqirrali bo‘lib, bunda mehnat tarbiyasi asosiy o‘rin tutadi. Zero, buyuk fransuz ma’rifatparvari Fransua Volter aytganidek, “Yashamoq – mehnat qilmoq demakdir. Mehnat – inson hayotining aynan o‘zidir”. Mehnat vositasida odam nafaqat olamni, o‘zini ham bunyod etadi.

 

Mamlakatimizda har bir fuqaroning mehnat qilish huquqi davlat tomonidan kafolatlangan. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 53-moddasida “Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.

 

Birinchi Prezident Islom Karimov “Barcha islohotlarning – iqtisodiy, demokratik, siyosiy islohotlarning asl maqsadi insonga munosib turmush va faoliyat sharoitlarini vujudga keltirishdan iborat” degan fikri bilan bugungi ijtimoiy mehnatning ma’no-mohiyatini ham aniqlab bergan edi (Islom Karimov. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. Toshkent, “O‘zbekiston”, 1995. 119-bet).

 

XXI asrda mehnat quyidagi xususiyatlarni namoyon etayotir: 1) mehnat jarayonining intellektual potensiali ortyapti, bu esa aqliy mehnat rolining kuchayishi, xodimning ongliligi va mas’ulligi kuchayishida namoyon bo‘lmoqda; 2) mehnat xarajatlari moddiy qismining ulushi ko‘paymoqda. Bu mehnat vositalari (mashinalar, asbob-uskunalar, mexanizmlar va boshqalar) roli ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, inson cheklangan jismoniy imkoniyatlar sharoitida mehnat unumdorligi va samaradorligi oshishida hal qiluvchi omilga aylanmoqda; 3) mehnat jarayonining ijtimoiy ahamiyati ortyapti. Hozirda mehnat unumdorligining o‘sishi faqat xodim malakasini o‘stirish yoki mehnatni yuksak mexanizatsiyalashtirish bilangina emas, balki inson salomatligi, uning kayfiyati, oila, jamoa va umuman jamiyatdagi munosabatlari bilan ham bog‘liqdir (Abdurahmonov Q. Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi. Toshkent, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004. 11-bet).

 

Mamlakatimizda bundan 20 yil avval qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, yosh avlodni hayotga har tomonlama tayyorlash, har bir yigit-qizda mehnatga nisbatan ehtiyoj va ishtiyoq shakllantirishni ko‘zda tutadi. Zero, bugun amal qilayotgan “9+3” shaklidagi bepul majburiy ta’lim tizimi mohiyatida ham har o‘quvchining ikki yoki uch kasbni puxta o‘zlashtirishi, xorijiy tillarni mukammal egallashi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘liq foydalana bilishi va shular asosida hayotga komil ishonch bilan dadil qadam qo‘ya olishidek ezgu maqsad mujassamdir.

 

Shaxsning yaratuvchilik faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan uch illat – beparvolik, tanballik va loqaydlikka qarshi beayov kurash ochish bugun har qachongidan-da dolzarb, desak sira xato emas. Beparvolik – o‘z umri va jamiyat hayotiga e’tiborsiz, sovuqqon qarashdir, bunday fe’lli kishi nainki jamiyat, hatto o‘zi uchun ham biror arzirli ish qilishga qodir bo‘lmaydi. Loqaydlik esa – jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga, ulardagi ijobiy va salbiy jihatlarga aqliy-hissiy befarq yondashuv bo‘lib, bu toifa kishilar uchun mustaqillik, farovonlik, erkinlik oliy qadriyat sanalmaydi.

 

“Temur tuzuklari”dagi “Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz kishidan yaxshiroqdir”, degan fikr buyuk Sohibqironning ana shunday beparvo-yu loqayd kimsalarga munosabatini ifoda etadi. Tanballik ham beparvolik va loqaydlikka o‘xshasa-da, biroq mehnatdan, yaratuvchanlikdan o‘zini ongli ravishda chetda tutishga intilishi bilan farqlanadi. Tanbal odam hamisha og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tishni ma’qul ko‘radi. Bunday kimsani ishyoqmas, dangasa deb ham ataydilar. Tanballikdan saqlanish mumkin, albatta. Buning uchun bolalikdanoq jiddiy tarbiyaviy ish olib bormoq zarur. Zero, fransuz faylasufi Klod Gelvesiy aytganidek, “Agar odam bolalik davridanoq mehnatga odatlansa, mehnat uning uchun chinakam huzurga aylanadi. Ammo unda bunday odat shakllanmagan bo‘lsa, yalqovlik unga mehnatni azob qilib ko‘rsatadi”.

 

Aqliy mehnat tanazzuli davri

 

Sho‘rolar davrida mehnat umumdavlat miqiyosida kampaniyabozlikka aylantirilgan edi. Mehnatning insonga keltirajak bevosita manfaati haqida gapirilmas, uning hajmi, sifati va ish haqi o‘rtasidagi bog‘liqlik inkor etilar, mehnatga faqat davlat shon-shuhrati, siyosiy kuch-qudratini oshirishga qaratilgan faoliyat, shunday faoliyatni amalga oshirish esa fuqarolik burchi deb qaralardi (Макаренко А. Воспитание гражданина. Москва, “Просвещение”, 1988. Стр. 220).

 

Ayni yondashuv sho‘ro tuzumining asl niyatini oshkor etadigan aql, bilim, tafakkurga asoslanuvchi intellektual mehnat rolini pasaytirishga olib keldi. Shu bois ham mazkur tuzumning davlat ramzi faqat ikki xil mehnat quroli – o‘roq va bolg‘a edi.

 

Kommunistlar aqliy mehnat vakillariga past nazar bilan qarar, pedagoglar, olimlar, injenerlar, vrachlar va boshqa ziyolilarni boshqaruv jarayonidan imkon qadar chetda tutar edi. Ziyolilar haqida kommunistik davralarda “интеллегенщина deb bepisand so‘zlanardi. Ayni choqda, aqliy mehnat vakillari har 57 yilda bir o‘tkazib turilgan yalpi qatag‘onlar nishoniga aylanardi. Birgina 1937-38-yillarda 100 ming ziyoli qatag‘on qurboni bo‘lgani dahshatli holdir, albatta (Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2008. 98-bet).

 

Aqliy mehnat vakillariga bunday yondashuv zamirida totalitar davlat siyosatining manfur mohiyatini ziyolilar boshqa sinflarga anglatib qo‘yishidan qo‘rquv va hadik mujassam edi. Buni xaspo‘shlashning hatto nazariy-metodologik asoslari ham ishlab chiqilgan. Sho‘ro davri pedagogikasi darg‘alari – A.Makarenko, N.Krupskaya, A.Suxomlinskiy aqliy va siyosiy tarbiyani o‘zaro qiyoslab, keyingisi oldingisidan mutlaq ustun ekanini qayta-qayta ta’kidlagan. A.Suxomlinskiy asarlarida “yosh leninchi”larni maqsadli tarbiyalash uchun o‘quvchining bilim olish borasidagi mehnati ikkinchi darajali masala ekanini ochiq-oydin yozadi: “Men majlislarda o‘quvchining bilim olish borasidagi mehnat natijalarini umuman muhokama etmayman. Men uchun har doim bolaning siyosiy e’tiqodi birlamchi ahamiyatga ega” (Сухомлинский А. Коммунистическое воспитание. Москва, “Просвещение”, 1982. Стр. 56-57). A.Makarenko esa mehnat jarayonida muhim ahamiyatga ega shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik masalasiga ham kommunistik mafkura nuqtayi nazaridan yondashadi: “Ishda shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik tayinli natija bermaydi. Biz bor kuchimizni kollektiv mas’uliyat va javobgarlikni kuchaytirishga qaratmog‘imiz zarur” (Макаренко А. Избранные труды. Москва, “Прос­вещение”. Стр. 75).

 

Xullas, sho‘ro tuzumiga fahm-farosatli, aqli teran, bilimdon odamlardan ko‘ra o‘qish, yozish va sanashni nari-beri biladigan, biroq davlat topshiriqlarini so‘zsiz bajaradigan ijrochilar kerak edi.

 

Din va mehnat

 

Qadimgi diniy manbalardamehnatturlichatalqin qilinadi. Birinchiyo‘nalishga mansubzardushtiylikdinida mehnatinsonning tabiatbilanuyg‘unlashuvi,unga shukronalikbajo etish vositasi deb ta’riflanadi hamda shu vosita yordamida tabiatni asrash va bunyodkorlik qilish beqiyos axloqiy qadriyat, deya ta’kidlanadi.

 

Ikkinchi yo‘nalishga mansub yahudo va nasaro dinlarida esa mehnat inson uchun bu dunyodagi do‘zaxiy qiynoq sanalib, unga Tangri nadomati va jazosi deb qaraladi. Jannatdan badarg‘a etilgan Odam Ato va Momo Havvo yerda mashaqqatli sa’y-harakati va peshona teri evaziga kun kechirishga mahkum etilgani uqtiriladi. Shuningdek, mehnat qilish quyi tabaqa vakillari va qullarga xos, kiborlar va ruhoniylar esa Odam Ato-yu Momo Havvoning gunohi uchun tavba-tazarru va ibodat qilib yashashi zarurligi qoidaga aylantirilgan.

 

Yahudo va nasaro dinlaridan farqli o‘laroq islom dinida mehnat insonga Olloh tomonidan berilgan jazo deb talqin etilmaydi. Islomda ongli ravishda qilingan mehnatning hosilasi o‘laroq qo‘lga kiritilgan boylikni birga baham ko‘rish – ehtiyojmandlarga ko‘maklashish, xayr-u saxovat ko‘rsatish oliy qadriyat sifatida talqin etiladi.

 

XVI asr o‘rtalarida Yevropada keng ijtimoiy harakatga aylangan protestantizm oqimi tarafdorlari “Mehnat – ibodatning ayni o‘zidir” degan shior ostida birlashdilar. Mehnatning ilohiy hodisa o‘laroq talqin etilishi odamlarni o‘z kasb-koriga mas’uliyat bilan yondashish, ishni sifatli ado etishga undadi va mehnat rizq-ro‘z, boylik keltirishiga ishonchni kuchaytirdi. Shu jihatdan, G‘arb Renessansi davri va undan keyingi asrlarda erishilgan jahonshumul yutuqlarning protestantizm g‘oyalari bilan bog‘lab talqin etilishida jiddiy asos bor.

 

IX–XV asrlarda yuz bergan Sharq Uyg‘onishida esa diniy e’tiqodning mehnat bilan uyg‘unlashuvi, ilm-fan orqali dunyo sir-sinoatini bilish harakati Ollohning nechog‘li buyukligi va qudratini anglash bilan chambarchas bog‘landi.

 

Ollohning buyukligini faqat ilm-fan va kasb-hunar orqali anglash mumkinligi Bahovuddin Naqshband ta’limotida ayniqsa ro‘y-rost ko‘rinadi. Ushbu ta’limotda bola oiladayoq kasb-hunarga yo‘naltirilishi zarurligi ta’kidlangan. Naqshband hazratlari biror kasbni puxta egallagan kishilarnigina murid qilib olgan. Ul zot hunarga aylanmagan bilim samarasiz, negaki, u xalqqa va Haqqa xizmat qilmaydi, deb hisoblagan. “Agar kishi hunarli bo‘lsa, o‘z bilimini haqiqatga bag‘ishlaydi... Bordi-yu kasbi bo‘lmasa, bilimini tirikchilikka sarf etadi... Ollohni ham, odamlarni ham dildan seva olmaydi”, deya pand-nasihat qiladi hazrat (Abdurahmonov Q. Mehnat iqtisodiyoti. Toshkent, “Mehnat” nashriyoti, 2004. 34-bet).

 

Mehnat tarbiyasi ajdodlar talqinida

 

Sharq Aflotuni, Muallimi soniy deya ulug‘langan buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” va boshqa asarlarida mehnat tarbiyasi mavzuyiga alohida to‘xtalgan. Forobiy fikricha, har bir mavjudot “o‘ziga xos bo‘lgan martaba – ...yuksak kamolotga erishish uchun borliqqa kelgan” (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2016. 285-bet). Inson uchun bunday kamolot oliy baxt-saodat hisoblanadi. Dastavval inson oliy baxt-saodat nima ekanini aniq bilib olmog‘i joiz. So‘ngra uni o‘zi uchun maqsad qilib belgilab, shu maqsadga bor vujudi-la maftun bo‘lmog‘i lozim. Bundan ham keyin maqsadga eltguvchi ish-amallarni aniqlashtirib olmoq zarur. Eng oxirida esa baxt-saodatga erishtiruvchi ish-amallarga jidd-u jahd qilmog‘i darkor. Forobiy baxt-saodatni maqsad qilib belgilash ta’lim orqali, ish-amal bilan unga erishish esa tarbiya vositasida bo‘lishini uqtiradi. Yana mutafakkir ta’kidlaydiki, jamiyat a’zolari baxt-saodatga erishishda bir-biriga bajonidil yordam bermog‘i lozim. “Haqiqiy baxtga erishish maqsadida o‘zaro yordam qiluvchi kishilarni birlashtirgan shahar – fazilatli shahardir, baxtga erishish maqsadida birlashgan kishilar jamoasi – fazilatli jamoadir” (o‘sha asar, 288-bet) deydi alloma.

 

Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ham “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida mehnat tarbiyasi mavzuiga batafsil to‘xtalgan. Ayniqsa, u o‘qituvchi mehnatiga katta e’tibor qaratib, bunday mehnat o‘quvchi ongiga uzluksiz ta’sir ko‘rsatish tufayligina samara berishini, bilim olish esa muntazam takrorlanuvchi mehnat orqaligina amalga oshishini qayd etadi (Abu Rayhon Beruniy. Qadimgi halqlardan qolgan yodgorliklar. Toshkent, “Fan”, 1968. 102-bet).

 

Tabiblar sultoni bo‘lmish ulug‘ bobomiz Abu Ali ibn Sino esa mehnatning inson hayotida tutgan o‘rni va rolini sog‘liq-salomatlik masalasi bilan bog‘lab tushuntiradi. “Bekorchilik va aysh-ishrat nafaqat nodonlikka olib keladi, ayni vaqtda kasallikning tug‘ilishiga ham sabab bo‘ladi”. Ibn Sino bu o‘rinda tan va ruhning o‘zaro vobastaligi masalasiga urg‘u beradi. Mutafakkir uqtiradiki, mehnatni sevish va nafsni tiyish donolig-u salomatlikka, dangasalik va mechkaylik esa nodonlig-u kasallikka sabab bo‘ladi. Shu tariqa, buyuk ajdodimiz kelgusi nasllarga bekorchilik va aysh-ishratni tark eting, mehnat orqasidan kamtarona umrguzaronlik qiling, deya yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

 

“Alisheriy” iborasining siri

 

Hazrat Navoiy inson ado etajak har qanday kasb yoki yumush yuksak sifatli bo‘lishi ustida jonkuyarlik qilgan. Ulug‘ mutafakkirning ilm-fan va kasb-hunar sohiblariga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari haqida “Boburnoma”da bunday deyiladi: “Fazl ahli va hunar ahliga Alisherbekchalik murabbiy va homiylik qilgan odam dunyoda topilmasa kerak” (233-bet). “Kimki biror ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, himmat va maqsadi shu ishni kamolga yetkazish edi” (137-bet). “Alisherbek ko‘p va yaxshi narsalar ixtiro qilgan edi. Mabodo biror kishi qaysidir ishda bir yangilik yaratsa, u narsaning rivoji va ravnaqi uchun uni “Alisheriy” deb atardilar” (139-bet).

 

Hazrat Navoiy mehnatga mehr qo‘ygan odamning, dastavval, bir sohada yetuklik maqomiga erishuviga g‘amxo‘rlik qilgan. Ul zotning bunday talabni o‘rtaga qo‘yishi sira bejiz emas ekan. Qarangki, hozirgi pedagogika va psixologiya fanlari inson ruhiyatiga doir qiziq bir faktni aniqladi. Kishi biror sohada yetuklik darajasiga erishsa-yu keng jamoatchilik uning bu sohada birinchiligini e’tirof etsa, u endi boshqa sohalarda ham peshqadamlikni qo‘lga kiritishga tabiiy ravishda intiladi. Masalan, matematika fanidan a’lochi deb e’tirof etilgan o‘quvchi boshqa fanlarda ham yuksak natijalarga erishishni ko‘zlaydi. Shu tariqa, bir yo‘nalishda erishilgan yuksak natija endi boshqa yo‘nalishlarga ham ko‘chadi. Olimlar bu qonuniyatni “ekstropolyativ o‘zgarish” deb ataydi. Demak, ta’lim samaradorligining keskin o‘sishiga turtki beruvchi bunday omilni amaliyotga keng tatbiq etmoq zarur.

 

Ekstroplyativ o‘zgarishlarni yuzaga keltirish, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, pedagogik jarayondir. Pedagog ayni jarayonni nechog‘li yuksak samara bilan tashkil etishi o‘quvchilarning nafaqat bugungi ta’lim-tarbiyasi, ertangi hayoti va faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.

 

Rahbarlik qanday mehnat?

 

Mehnatning eng ko‘p kuch-quvvat talab etuvchi shakli aql bilan bog‘liq faoliyatdir. O‘z navbatida, aqliy mehnat turlari ham ilm-fan va fahm-farosatni qanchalik keng qo‘llashni talab etishiga ko‘ra o‘zaro farqlanadi. Rahbarlik yoxud boshqaruvchilik – aqliy mehnatning eng sermashaqqat turi, desak aslo mubolag‘a emas. U ilm-fandan nihoyatda samarali foydalanish barobarida yetuk fahm-farosatni, ya’ni avval tajribada kuzatilmagan nostandart holatlarda tezkorlik bilan maqbul yechim topa olish iqtidorini ham talab etadi.

 

Rahbar mehnati, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, bilvosita mehnat faoliyati hisoblanadi. Chunki uning vaqti asosan boshqalar mehnatini rejalashtirish, tashkil etish, boshqarish va nazorat qilishga sarflanadi. Shu bois rahbar mehnatining natijasi asosan u qabul qiladigan qarorlarda namoyon bo‘ladi.

 

Jamoa mehnatining samaradorligi rahbar bu jarayonni qanday rejalashtirishiga bog‘liq, demakki, rahbarning o‘z mehnatini qanday rejalashtirishi ham nihoyatda ahamiyatli. Abdulla Avloniy nomidagi O‘rta umumiy ta’lim muassasalari rahbarlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatimizdagi maktab direktorlarining yarmi (50,4%) o‘z faoliyatini asosan xizmat vazifalari va yuqori idoralar topshirig‘i asosida rejalashtirar ekan. Albatta, bunday yondashuv rahbarning o‘z lavozimini ko‘p yillar saqlab qolishini ta’minlasa-da, biroq boshqaruvchi sifatida barqaror o‘sib yuksalishiga yetarli bo‘lmaydi. Zero, hozirgi davrda ta’lim muassasasi rahbaridan o‘z ustida uzluksiz ishlash asosida muttasil innovatsion-kreativ rivojlanish talab etilayotir.

 

Shuningdek, tadqiqotdan ayon bo‘lishicha, aksar maktab direktorlari qisqa muddatda hal etish zarur bo‘lgan masalalarga (majlis o‘tkazish, tadbir uyushtirish, xatlar bilan ishlash, yuqori idora topshiriqlarini bajarish, qabulga keluvchilar bilan uchrashish, maktab hududida tozalikni saqlash va hokazo) asoslanib, kun, hafta, oylik rejalarini belgilar ekan. Menejmentda bu usul joriy ishlar asosida rejalashtirib faoliyat yuritish deb nomlanadi va u rahbarni istiqbolni ko‘zlab ish yuritishdek fazilatdan mosuvo etadi. Hamonki, bosh tarbiyachi bo‘lgan direktorning o‘zida shuncha kamchilig-u nuqson bo‘lsa, uning maktabida tahsil ko‘rayotgan o‘g‘il-qizlardan nimani kutish mumkin?!

 

Oilada mehnat tarbiyasi

 

Har qanday mehnat undan olinajak samaraga ko‘ra qadrlanadi. Shu bois oilada berilajak tarbiya eng qadrli mehnat sanaladi. Tajribadan ayonki, bola xarakterida biror fazilatni, masalan, to‘g‘riso‘zlilik yoki irodani shakllantirish nechog‘li qiyin va murakkab ish, u qancha kuch, sabr, qat’iyat va matonat talab etadi.

 

 Ma’lumki, bola xarakterining asosiy xususiyatlari besh yoshgacha shakllanadi, maktabgacha bo‘lgan davrda mustahkamlanadi va butun umri davomida takomillashadi. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida o‘g‘il-qizlar besh yoshgacha bo‘lgan davrda butun umri davomida oladigan barcha axborotning 70 foizini egallab bo‘lishini qayd etib, bola shaxsiga katta mas’uliyat va e’tibor bilan yondashish zarurligini ta’kidlagan.

 

Barchaga ayonki, bola besh yoshgacha oila muhitida va asosan ona ta’sirida bo‘ladi. Pedagogika va psixologiya fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, besh yoshgacha bo‘lgan davrda bola ongi tafakkurning fotografik xususiyatini rivojlantiradi. Bolada tasavvur jarayoni faollashadi, ya’ni u o‘zi ko‘rgan, eshitgan narsa-hodisalarni o‘ziga xos tarzda “surat”ga tushirib, takrorlash negizida xotira zaxirasini shakllantiradi. Oiladagi muhit – ota-ona, aka-uka, opa-singillar o‘rtasidagi munosabat bolaning xarakter xususiyatlari, chunonchi, mehnatga yondashuvi shakllanishida ham muhim rol o‘ynaydi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, oilada qaror topgan muhit bolaning hayotga umumiy yondashuvi yuzaga kelishi, ya’ni uning hozirgi va kelgusi hayotida qanday qarorlar qabul qilishi, u yoki bu masala yuzasidan qanday xulosaga kelishi, xullas, yaxshilik yoki yomonlik tarafida bo‘lishida hal etuvchi omil hisoblanadi.

 

Oilada mehnat tarbiyasi bola oyoqqa turib yura boshlashi bilan yo‘lga qo‘yilishi zarur. Bu davrda bolaning biror yengilroq narsani olib kelishi, buyum yoki qo‘g‘irchoqni uzatib yuborishini rag‘batlantirib borish asosida ish tutgan ma’qul. Ya’ni bola o‘z harakati bilan kattalar koriga yarayotganidan zavq his etsin. Go‘daklikdan boshlanuvchi bunday mehnat tarbiyasi rostgo‘y va xushxulq bo‘lish, an’ana va urf-odatlarni hurmatlash bilan qo‘shib olib borilmog‘i darkor.

 

Inson tabiatida mavjud taomil va qoidalarni o‘zgartirish mayli va ishtiyoqi azaldan bor. Rivoyatlarga ko‘ra, Odam Ato va Momo Havvo ham jannatdan ilohiy amrni buzgani uchun quvilgan. Bola aqlan va jisman voyaga yetguniga qadar uni oiladagi taomil va qoidalarga rioya qilishga odatlantirish nihoyatda ahamiyatli. Bu boradagi ilk ko‘nikma esa bolaga uydagi narsalarni har doim o‘z joyiga qo‘yishni o‘rgatish bo‘lmog‘i kerak. Zero, xitoy mutafakkiri Konfutsiy mehnat tarbiyasi rostgo‘ylik bilan, rostgo‘ylik esa narsalarni o‘z joyiga qo‘yishga o‘rgatish bilan bog‘liq, deya o‘git beradi. Demak, bir qarashda uncha ahamiyatli ko‘rinmaydigan palapartishlik, besaranjomlik, ya’ni narsa-buyumlarning o‘z joyida turmasligi bolada mehnat va hayotga loqaydlikni shakllantirishi mumkin.

 

Bola qalbida biror kasb-hunarga mehr uyg‘otish oiladagi mehnat tarbiyasining birinchi yo‘nalishidir. Bola hali boshlang‘ich sinflarda o‘qib yurgan paytidayoq biror kasbni egallash uning aniq hayotiy maqsadiga aylanishi zarur. Buning uchun esa tanlangan kasb-hunarga doir axborotni bosqichma-bosqich o‘zlashtirib borish taqozo etiladi. Masalan, bola kelgusida vrach bo‘lmoqchi. Bu holda unga 7-8 yoshligidanoq birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, eng oddiy dorilarni farqlay olish singari boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni singdirish lozim.

 

Oiladagi mehnat tarbiyasining ikkinchi yo‘nalishi esa bolani hayotga umumiy tayyorlashdir. Buning uchun, avvalo, har bir yumush aslida bir hunar ekanini farzandlarga erinmay tushuntirmoq zarur. Masalan, gul va daraxtlarni parvarishlash, ovqat tayyorlab, dasturxon tuzash, o‘zi va ukalariga kiyim-kechaklar tikish, uydagi nosoz mebellarni ta’mirlash va boshqa kundalik biror mashg‘ulot kelgusida inson hayotini ta’minlovchi hunar bo‘lishi mumkin. Hamma gap uy sharoitida ana shu mashg‘ulotlarni nechog‘li o‘z vaqtida, sifatli ado etishni o‘rgata bilishda. Oilada shunday yuksak tarbiya olgan o‘g‘il yoki qiz hayotga bir necha hunar egasi bo‘lib kirishiga shak-shubha yo‘q.

 

Farzandlarning o‘z oila a’zolari va atrofdagi boshqa kishilarga qanchalik mehr-oqibatli bo‘lib shakllanishida ham mehnat tarbiyasining o‘rni va roli beqiyos. Ota-onalar bolalariga tarbiya berishida eng ko‘p ko‘zga tashlanuvchi ikki yondashuv mavjud. Birinchisi, bolani erkalatib voyaga yetkazish bo‘lib, bu yondashuv tarafdorlari oilada mehr va ardoqqa qonib voyaga yetgan farzand butun umri davomida, xuddi o‘zi oilasi bag‘rida ko‘rganidek, boshqalarga mehr va ardoq ko‘rsatib yashaydi deb hisoblaydi. Ikkinchi yondashuv tarafdorlari esa bolani qattiqqo‘llik asosida tarbiyalash, uni tartibot-intizomga qat’iy rioya etishga odatlantirish zarur degan fikrni yoqlaydi. Bunday qarashdagi kishilar bolani hayot qiyinchiliklariga bardoshli qilib o‘stirishni o‘ta muhim deb bilib, aksincha, erkalatib o‘stirilgan farzand qiyinchiliklarga dosh bera olmaydi, irodasi sust bo‘ladi, hayotda yuksak marralarni zabt etolmaydi, deb hisoblaydi.

 

Tabiiyki, har ikki yondashuvda ham ozmi-ko‘pmi mantiq bor. Ammo, bizningcha, bolani erkalatishda ham, unga qattiqqo‘llik qilishda ham me’yor buzilmasligi shart. Chunki har ikki holda ham bola xarakterida ayrim jiddiy qusurlar paydo bo‘ladi. Ya’ni o‘ta erkalatib yuborilgan bola kelgusida yengiltak, mas’uliyatsiz, o‘ta qattiqqo‘llik ostida ulg‘aygan farzand esa bemehr, shafqatsiz bo‘lib qolishi mumkin. Demak, bolaga mehribonlik va talabchanlikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda tarbiya berish maqsadga muvofiqdir.

 

Bolaga biror oliyjanob maqsadni ko‘zlab yashash, halol mehnat qilib bundan rohatlanishni o‘rgatish kelgusida uning qarshisidan chiqishi mumkin bo‘lgan barcha muammolarga o‘zi maqbul yechim topishiga zamin hozirlashi aniq. Shu bois ham yosh avlodni mehnatga oqilona tayyorlash rivojlangan mamlakatlar safidan munosib o‘rin egallashni yuksak maqsad qilib belgilagan O‘zbekiston uchun tom ma’noda hal qiluvchi vazifadir.

 

Ta’lim modeli va “portlash effekti”

 

Mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi negizida yuzaga kelgan milliy ta’lim modeli davlat, jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarishdan iborat besh tarkibiy qismga ega bo‘lib, bu qismlarning uyg‘un faoliyati yagona maqsad – yuksak mehnat salohiyatiga ega har tomonlama yetuk shaxsni tayyorlashga yo‘naltirilgandir. Zero, milliy davlatchiligimiz tarixida bunday ulug‘vor maqsad hech qachon umumjamiyat miqyosida qo‘yilmagan, bunga imkoniyat ham bo‘lmagan.

 

Tariximizning eng rivojlangan IX–XII, XIV-XV asrlarida noyob iste’dodi va betinim mehnati evaziga boshqalardan o‘zib ketgan ayrim yoshlarni ilmiy maktablar va nufuzli jamoalarga jalb etib, ularni shaxs darajasiga yetkazish amaliyoti kuzatilgan, albatta. Ammo mamlakatning barcha fuqarolarini millati, jinsi, diniy e’tiqodi, ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar bolalikdan maqsadli tayyorlash, har bir o‘g‘il-qizga bepul bilim berish, kasb-hunar o‘rgatish orqali uni shaxs darajasiga ko‘tarishga doir davlat siyosati bo‘lmagan. Milliy ta’lim modeli, birinchi prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek, pirovard natijada ta’lim, fan, madaniyat va ishlab chiqarishning barcha sohalarida misli ko‘rilmagan taraqqiyot sur’atlarini va ijobiy ma’nodagi “portlash effekti”ni yuzaga keltiradi va mamlakatimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqadi. Buning uchun esa milliy ta’lim modelining yuqorida zikr etilgan besh tarkibiy qismida ishni yuksak samara bilan tashkil etmog‘imiz darkor.

 

Mansur BEKMURODOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 2-son.

“Bunyodkor shaxs va mehnat tarbiyasi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19272
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16336
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi