
1. Layfhak – inglizcha life hack – hayotni soddalashtirish degani. Turmushni yengillatish uchun o‘ylab topilgan uddaburonliklar, ish-yumushlarni bajarishning oson usullari tushuniladi.
2. Insayder – inglizcha in – ichida, ichkari, side – tomon, qism degani. Tashkilotning omma uchun yopiq ma’lumotlariga ega shaxs, xodim tushuniladi.
3. Trend – inglizchada cho‘qqi, yo‘nalish demakdir. Har qanday sohadagi omma e’tiboriga tushgan voqea, narsa, mahsulot tushuniladi.
4. Bukbloger – inglizcha book – kitob, bloger – sahifa yurituvchi so‘zlarining birikishidan paydo bo‘lgan. O‘qigan kitobi borasidagi fikrlarini ijtimoiy tarmoqda bildirib boradigan kitobxon tushuniladi.
5. Slayd – inglizcha slide – siljitmoq fe’lidan yasalgan. Taqdimotdagi mavzuga doir, ketma-ket joylangan rasm, matn va boshqa grafik materiallar tushuniladi.
6. Stiker – ingliz tilidan olingan. Narsa bezashda ishlatiladigan, yopishtiriluvchi kichik ramz, yorliq.
7. Snapchat – inglizcha snap – qisqa, shoshilinch, chat – (onlayn) muloqot so‘zlarining birikishidan hosil bo‘lgan. Internetdagi qisqa jonli muloqotni bildiradi.
8. Respekt – ingliz tilidan olingan. Biror shaxs yoki narsaga nisbatan yuqori baho, e’tirof ma’nosida qo‘llanadi.
9. Storis – inglizcha voqea, hikoya demak. Ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum vaqt ko‘rinib, so‘ng o‘chib ketadigan qisqa, kichik post. Asosan video, rasm ko‘rinishida bo‘ladi.
10. Kreativ – inglizcha ijodiy degani. Biror ishga nisbatan o‘ziga xos, noyob yondashuv ma’nosini anglatadi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, adabiyotshunos olim, yozuvchi Olim Toshboyev tavsiya qiladi:
1. Layfhak. Bu so‘z yana ikki-uch yildan so‘ng “maslahat”, “tavsiya”ning taloq xatini bermasa go‘rga edi. Tamom, oliftagarchilikni yig‘ishtirib, “maslahat”, “tavsiya” deb ishlataylik. O‘zbek anoyi emas deya “yolg‘on”ni “fake”ka, “bozor-o‘char”ni “shopping”ga, sartaroshxonani “barber shop”ga, “sayohat”ni “travel”ga aylantirganimiz yetadi...
2. Insayder. Ba’zi mahalliy va xorijiy OAVda “manba” ham deyishayapti. Bu unchalik to‘g‘ri emas. O‘rischa “источник”ning tarjimasi. Asrlar davomida yashab kelayotgan “xufiya”ni tirsaklash adolatdan bo‘lmaydi.
3. Trend. Hozir birovga bu so‘z aslida “urf” bo‘ladi desangiz baloga qolishingiz hech gap emas. Negaki, “trend” deyaverib, “urf”ga poygakdan joy ko‘rsatib qo‘ydik... Urf!
4. Bukbloger. Menimcha, kitobxon, o‘qirman, kitobxon bloger deb ishlatgan tuzuk.
5. Slayd – taqdimot.
6. Stiker. Bu so‘z keyingi paytlarda asosan “yorliq” ma’nosida qo‘llanmoqda. “Oxford” izohli lug‘atida so‘zlashuvda “qaysar” ma’nosida ham ishlatilishi yozilgan. Bundan tashqari, “sticker”ning “ogohlantiruvchi belgi”, “qaydnoma”, “eslatma” ma’nolari ham bor. Demak, matn, jumla ma’nosidan kelib chiqib “yorliq”, “qaydnoma”, “eslatma” so‘zlaridan birini tanlash to‘g‘ri bo‘ladi.
7. Snapchat. Atoqli ot bo‘lgani uchun o‘z nomida qolgani ma’qul.
8. Respekt “ofarin”, “tasanno”ning oldida aylanib-o‘rgilib o‘taversin! Shunday go‘zal, jarangdor so‘zlarimiz bo‘laturib tilimizni burab yursak uyat bo‘lar-ov.
9. Storis. Bu so‘z o‘rniga “lavhalar” degan ma’qul.
10. Kreativ. “Ijodiy” so‘zi turganda inglizchaga ehtiyoj yo‘q.
Taniqli adib Alisher Ibodinov tavsiya qiladi:
1. Layfhak – “yo‘riq” yoki “korisodda”. Chunki “kor” tojikchadan olingan bo‘lsa-da, o‘zbek tiliga singib, o‘zimizniki bo‘lib ketgan. Masalan, mardikor, korxona...
2. Insayder. Oldin saroylarda ichki yumush bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bo‘lgan. Ular “sirchalma” yoki “sirchi” deb ham atalgan. Bu “insayder”ga mos tushadi.
3. Trend – urf.
4. Bukbloger – kitobchi.
5. Slayd – suratlavha.
6. Stiker. Xalqimizda zardo‘zlik, kashtachilik, umuman hunarmandchilikda avval yasalib, so‘ng buyumga qadaladigan bezaklar bo‘lgan. Stiker ham shu vazifani bajargani uchun “bezak” degan ma’qul.
7. Srapchat – suratsuhbat, suratli suhbat.
8. Respekt. “Olqish” bu so‘zga juda ham mos tushadi-ku! Nega shunday atamasligimiz kerak?
9. Storis – lahzalik.
10. Kreativ – ijodkorona.
Bayram Ali tayyorladi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Eshiklar ochiq, ammo...” maqolasi
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q