
Amir Temur va Temuriylar tomonidan barpo etilgan saltanat nafaqat oʻzining qudrati, bunyodkorlik ishlari, ilm-fan va sanʼat homiyligi balki, yuksak darajada tashkillashtirilgan harbiy musiqachiligi bilan ham ajralib turadi. Temuriylar qoʻshinining jang maydonidagi salobati, tartib-intizomi hamda gʻalabadan keyingi tantanalarida harbiy musiqa va uning ijrochilari – cholgʻuchilar muhim oʻrin tutgan.
Jang maydonida cholgʻu asboblaridan foydalanish shunchaki madaniy yoki kundalik anʼana emas, balki chuqur oʻylangan tadbir, ruhiy va tashkiliy ahamiyatga ega boʻlgan zarurat hisoblangan. Ularning asosiy vazifalarini quyidagi yoʻnalishlarda tizimlashtirish mumkin:
Ishora va aloqa vositasi – jang maydonidagi shovqinning yuqoriligi va masofaning uzoqligi sharoitida askarlarga buyruqlarni tez va aniq yetkazishning eng samarali usullaridan biri cholgʻu ovozlari boʻlgan. Hujumni kuchaytirish, safni qayta tuzish yoki chekinish shular jumlasidandir. Nogʻora, surnay, karnay, dovul, sur va boshqa jarangdor ovozli cholgʻular bu vazifani bajarish uchun maxsus ishlatilgan. Muayyan harbiy qism yoki boʻlinmaning oʻziga xos musiqiy chaqirigʻi yoki ovozi boʻlgan, bu esa jang maydonida oʻz boʻlinmalarini tanib olishga yordam bergan.
Jangovar ruhni koʻtarish – musiqa askarlarning ruhiyatiga kuchli taʼsir koʻrsatib, ularda jasorat, vatanparvarlik, birdamlik hissini uygʻotgan. Qoʻrquvni yengishga, charchoqni unutishga va gʻalabaga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilgan.
Tartib va intizom – cholgʻu asboblarining ovozlari askarlarning bir maromda qadam tashlashini, safni toʻgʻri ushlashini va harakatlarni muvofiqlashtirishni taʼminlagan. Bu nafaqat jang maydonida, balki harbiy yurishlar va mashgʻulotlar paytida ham muhim boʻlgan. Ayniqsa, piyoda qoʻshinlarning tartibli harakati uchun nogʻora va dovul ovozi katta ahamiyatga ega boʻlgan. Cholgʻu asboblarining ovozlariga aniq va tezkor javob berish talabi askarlarda intizomni shakllantirgan.
Dushmanni sarosimaga solish – baland va vahimali cholgʻu sadolari dushman askarlarida qoʻrquv, sarosima va tartibsizlik keltirib chiqargan. Koʻp sonli cholgʻu asboblarining birgalikda jaranglashi dushman tarafga qoʻshinning son jihatdan koʻpligi va yaxshi tashkillashtirilganligi haqida taassurot uygʻotgan.
Amir Temur harbiy cholgʻu asboblaridan jang maydoni va undan tashqarida mohirlik bilan foydalangan. Temur tarixda birinchilardan boʻlib, jasorat koʻrsatgan askarlarni maxsus cholgʻu asboblari bilan taqdirlashni harbiy odat tusiga kiritgan. “Temur tuzuklari”da bu borada quyidagi maʼlumotlar qayd etilgan: “Biz farmon qildikki, agar biror amir biror mamlakatni zabt etsa yoki dushman qoʻshinini magʻlub qilsa, unga uch xil imtiyoz berilsin: faxrli unvon, tugʻ va nogʻora topshirilib, u bahodir deb eʼlon qilinsin. Misol tariqasida, Dashti Qipchoqqa Oʻrusxonga qarshi jang qilish uchun yuborilgan amirimiz Iygu Temur gʻalaba qozonib qaytgach, uni taqdirlab, tuman (qoʻshin), tugʻ, bayroq va nogʻora inʼom etdik.”
Temuriylarda cholgʻu asboblari harbiy darajani belgilaydigan ramz sifatida ham ishlatilgan. Ayniqsa, zarbli cholgʻularga alohida ahamiyat berilgan. Mazkur holat “Temur tuzuklari”da oʻz ifodasini topgan. Hujjatda keltirilishicha, oʻn ikki nafar oliy martabali amirning har biriga bittadan bayroq va nogʻora inʼom etilgan. Amir ul-umaro esa bayroq va nogʻora bilan bir qatorda, tuman tugʻi va chortugʻ bilan ham taqdirlangan. Mingboshilarga bir tugʻ va karnay berilgan boʻlsa, yuzboshi va oʻnboshilarga beshtadan katta nogʻora topshirilgan. Aymoq amirlariga bittadan burgʻu taqdim etilgan. Toʻrt nafar beklarbegi esa bayroq, nogʻora, chortugʻ va burgʻu kabi harbiy ramzlarning toʻliq majmuasi bilan siylangan.
Temuriylar davrida harbiy harakatlarda asosan koʻs (nogʻora turlaridan biri) nogʻora, dovul, karnay, burgʻu (karnayning bir xili, kovak shox shaklida boʻlgan), surnay, nafir (pastdan yuqoriga kengayib boruvchi shox, bronza yoki kumushdan yasalgan nay) kabi cholgʻu asboblaridan foydalanilgan.
Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” asarida Rumga qarshi yurishga 40 ming askar bilan birgalikda yana shuncha karnay, nogʻora cholgʻuchilari va 4 ming nafar hofizlar ham jalb qilingani qayd etilgan.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida harbiy yurishlarda cholgʻu asboblaridan foydalanish holatlariga koʻp bor yoritilgan. Bunga yorqin misol sifatida 1393-yilda Sohibqiron lashkarlarining Sheroz hududiga qilgan yurishini keltirish mumkin. “Zafarnoma”da tasvirlanishicha, jang boshlanishi bilan chalingan karnay va nogʻoralarning gumburlagan, quloqlarni qomatga keltiruvchi ovozi dushman askarlari orasida katta sarosima va parokandalik keltirib chiqargan, ularning jangovar tartibini izdan chiqargan.
Toʻxtamishxon, Boyazid bilan boʻlgan janglarda ham nogʻora va karnay tovushlar togʻlarni va dashtlarni larzaga solib, quloqni qomatga keltirgani bayon qilingan. Boyazid bilan jang boshlanishidan oldin karnay, nogʻora, burgʻu va boshqa cholgʻu asboblarning ovozi butun olamni tutganligi ham manbalarda qayd etilgan.
1399-yilda Amir Temurning Hindistonga yurishi davomida Roy Ratan boshliq hind rojalari Temur qoʻshiniga qarshi jang qilish uchun toʻplanadi. Temur oʻz askarlariga keng maydon boʻylab bir safga tizilishni, katta gulxanlar yoqishni va bir vaqtning oʻzida karnay, nogʻora kabi zarbli va damli cholgʻularni imkon qadar baland ovozda, davomli va vahima uygʻotadigan tarzda chalishni buyuradi. Bu harakatlar natijasida kechasi osmonga urilayotgan alangalar yogʻdusi va quloqlarni qomatga keltiruvchi gumburlagan musiqiy sadolarning qoʻshilmasidan iborat gʻayrioddiy va qoʻrqinchli manzara yuzaga keladi.
Bu bu holat Roy Ratan askarlariga qattiq ruhiy zarba beradi.
Umuman olganda, barcha turkiy sulolalarda boʻlgani kabi, temuriylarda ham oʻziga xos milliy cholgʻuchilik maktabi mavjud boʻlib, bu odat asrlar davomida turkiy sulolalarga meros tarzida oʻtib kelgan. Oʻzbek davlatchiligida muhim oʻrin tutgan temuriylar sulolasi davrida esa, harbiy cholgʻuchilik yanada yuksalib, ilgʻorligi bilan ajralib turgan. Oʻz davrining barcha yutuqlaridan oqilona foydalangan Amir Temur bu borada ham zamondoshlaridan bir pogʻona yuqorida turgan.
Ulug‘bek OLIMOV
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
San’at
Tarix
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q