Termiziy haqmi yo Farog‘iy?


Saqlash
17:34 / 24.04.2025 59 0

Ashtarxoniylar sulolasining qudratli hukmdori Subhonqulixon (1625–1702) shoir va olim ham edi. Qiziq jihati, ayrim zamondoshlari Subhonqulixonni ko‘kka ko‘tarib maqtagan bo‘lsa, Turdi Farog‘iy kabi shoirlar uni keskin tanqid qilgan. Xo‘sh, ularning qay biri haq?

 

Saidmuhammad Subhonqulixon ibn Saidnadrmuhammadxon Buxoroda tavallud topgan. Salohiyatli ustozlar qo‘lida tahsil olgan. Otasi Buxoro taxtiga o‘tirgach, uni turli shaharlarga hokim etib tayinlagan.

 

Subhonqulixonning katta akasi Abdulazizxon otasini taxtdan ag‘dargach, u Balxga mustahkam o‘rnashib oladi. Otasi Saidnadrmuhammadxon esa taxtdan voz kechib, hajga ketadi. Subhonqulixon Balxda Buxorodan mustaqil ravishda siyosat yurita boshlaydi. Manbalarda yozilishicha, tariqatdagi piri Abdulg‘afforxo‘ja aka-ukani yarashtiradi. 1658-yili Subhonqulixon akasining hokimiyatini rasman tan oladi. 1680-yili keksayib qolgan Abdulazizxon Buxoro taxtini ukasi Subhonqulixonga topshirib, o‘zi hajga yo‘l oladi. U 1680-yili taxtga o‘tirib, 22 yil davlatni boshqargan. Xonning zamondoshi, tarixchi va adib Xoja Samandar Termiziy uni “karam sohibi, Jamshid mulki vorisi, Farrux shavkatli” va qudratli Subhonqulixon deb tavsiflaydi.

 

Subhonqulixon “Nishoniy” taxallusi bilan she’rlar yozgan. Tarixchi Muhammad Amin Buxoriy u haqda “She’rga tab’i ham baland edi. Shoir Kamol baytiga tatabbu’ aytgan edilar”, deb yozgan. Xorazm xoni Anusha Urganjiyning taxtdan ag‘darilishi va ko‘ziga mil tortilishi xabarini eshitgan Subhonqulixon “shodlik labini tabassumga ochib” bu baytni o‘qigan (mazmuni): “Agar mulkka (biror kishi) raxna solsa, / Boshini olib tashlagan yaxshi. / Lashkar ishonchsiz bo‘lsa, tarqatib yuborgan yaxshi”.

 

Xon she’rlarini to‘plab, devon tuzgani haqida ma’lumotlar bor. Lekin bu devon hozirgacha topilgani yo‘q. “Tarixi Muqimxoniy” asarida Subhonqulixonning quyidagi she’ri keltirilgan:

 

Qaddam zi g‘ami hachri tu chun sham’ shud, ammo

Tore zi visoli tu ba changam narasida.

Dar dida fitad, kosh, Nishony, guli ro‘yash,

Aftodani gul garchi ziyon ast ba dida.

 

Mazmuni: “Sening hajring g‘amidan qaddim shamdek bo‘ldi, lekin sening visolingdan bir tor, ya’ni soch qo‘lga tegmadi. Nishoniy, koshki, yuzining guli ko‘zimga tushsa edi, holbuki, ko‘zga gul tushishi zararlidir”.

 

Nishoniy o‘z atrofiga shoir va olimlarni yig‘ib, adabiy majlislar uyushtirgan. Mushoiralarda o‘zi ham she’r o‘qigan.

 

Subhonqulixon davri adabiy hayotida ikki oqim mavjud edi. Biri saroy adabiyoti, uning tepasida Subhonqulixonning o‘zi turgan. Ikkinchisi saroyga qarshi adabiyot edi. Samarqandlik shoir Muhammad Bade’ ibn Muhammad Sharifning yozishicha, o‘sha kezlar saroy shoirlari soni yuz ellik atrofida bo‘lgan. Muhammad Vali Samarqandiyning o‘sha davrda tuzilgan “Muzakkir ul-as’hob” majmuasida ikki yuz nafar ijodkor haqida ma’lumotlar berilgan. Saroy shoiri Muhammad Balxiyning besh ming baytdan iborat “Subhonqulixonnoma”si va Mirmuhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”si yaratildi.

 

Abdulazizxon saroyida xizmat qilgan Turdi Farog‘iy Subhonqulixon taxtni egallagach, u yuritgan siyosatni keskin tanqid ostiga oladi va hukmdor bilan kelisha olmay, saroyni tark etadi. U ko‘rgan qiyinchiliklar she’rlarida aks etgan.

 

Bugun ko‘pchilik tarixchilar Turdi Subhonqulixondan ro‘shnolik ko‘rmagani uchun bu ashtarxoniy sultonni zolim hukmdor deb yozgan, deydi. Turdi “Subhonqulixon to‘g‘risida hajviya” asarini 1691-yili bitgan. Unda Subhonqulixon davri “Bir sari azm ayla, joyi nomusulmondur bu mulk, / Fitnayi avbosh, zulm-u kufr-u tug‘yondur bu mulk”, deya tanqid qilinadi.

 

Subhonqulixon saroyiga davrning taniqli olimlarini to‘plagani ma’lum. O‘zi ham tibbiyot ilmi bilan shug‘ullangan. Herman Vamberi Hirot shahrida bo‘lganida Subhonqulixonning tibbiyotga oid asarini sotib olgan.

 

Tadqiqotchi Rustam Jabborovning yozishicha, bu asar “Xulosat ul-hukamo” deb nomlanadi. Ikkinchi nomi – “Tibbi Subhoniy”. Uning yagona nusxasi Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasida saqlanadi. U o‘zbek tilida bitilgan. Subhonqulixonning o‘zi bunday deydi: “Bilgil va ogoh bo‘lg‘ilkim, har kim o‘tkan va bo‘lg‘an hukamolar hikmat bayonida o‘ziga yarasha arabiy va forsiy tili birla kitoblar tasnif qilibturlar. Ammo turkiy tili birla hikmat bayonida kitob nazarimizg‘a kirmadi. Aning uchun turkiy tili birla bu niyozmandi dargohi ilohiy, Sayyid Subhonquli Muhammad Bahodurxon ibn Abulg‘oziy Sayidnadrmuhammad Bahodurxon... bu kitobni muvashshah va muzayyan qildim”.

 

Subhonqulixon “Tibbi Subhoniy”ni yozishda qadimgi hakimlardan Galen va Gippokrat asarlarining arabcha tarjimasi hamda Ibn Sino kitoblaridan foydalangan. Xon fors-tojik tilida “Ihyo ut-tibbi Subhoniy” (“Subhoniyning tabobatni jonlantiruvchi kitobi”) asarini ham yozgan. Uning 301 varaqli qo‘lyozma nusxasi 2101 raqami bilan O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi.

 

Subhonqulixon folga oid “Ramali Subhoniy” nomli asar ham yaratgan. Uning qo‘lyozmasi ham yuqorida tilga olingan xazinada 4260 raqami bilan saqlanadi. Xonning farmoniga binoan “Fatovoi Subhoniy” degan fatvolar to‘plami ham ishlab chiqilgan. Manbalarning dalolat berishicha, u huquqshunos ham bo‘lgan. Ilmi nujumga (astronomiya) oid “Lubbi lavoyih ul-qamar fi-l-ixtiyorot” (“Oyning odamlar harakatiga doir qulay vaqt tanlash uchun ko‘rsatmalari”) nomli risola ham xon qalamiga mansub. U shu sohaga oid “Ravzat ul-munajjim” (“Munajjimlar bog‘i”), “Kifoyat ut-ta’lim” (“Ta’lim uchun kifoya”) singari asarlar asosida fors-tojik tilida ta’lif etilgan. Qolaversa, xon Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy”siga fors-tojik tilida “Risola dar ma’niyi bayti “Masnaviy” nomli sharh yozgan.

 

Markazlashgan davlat tuzgan Subhonqulixon diniy-tasavvufiy va dunyoviy ilmlar sohibi sifatida o‘zidan bebaho ma’naviy meros qoldirgan. Ammo uning asarlari shu kungacha to‘liq tadqiq etilmagan.

 

Sherxon QORAYEV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//