
Bugungi maqolamiz odatdagidan boshqacharoq. Garchi unda navbatdagi jadid maktablaridan biri haqida soʻz borsa-da, aksar oʻquvchilari mashhur insonlarga aylangan maskanning tarbiyalanuvchisi yozgan xotiralar bizga koʻp narsalarni anglatadi.
XX asr boshlariga kelib dunyoda sanoat inqilobi yuz bergan bir paytda qadimda ilm-fan markazi boʻlgan Turkistonda maktablar xuddi oʻrta asrlardagidek masjidlar ayvonida, hujralarida, mozor va qorixonalarda, ayrim hollarda esa oʻqituvchilarning hovlisidagi pastqam binolarda ish olib borardi. Maktablar uchun maxsus darslik va dasturlar boʻlmasdan, oʻqituvchilar oʻz bilimlari va tajribalari asosida dars berar edi. Zamonaviy rus-tuzem maktablari esa milliy tarbiya tizimiga zid boʻlib, xalqning maorifga nisbatan ishonchining yoʻqolishiga, maktabdan bezishiga sabab boʻlayotgandi. Ana shunday bir tarixiy sharoitda (1901-yil) Munavvar qori Abdurashidxonov Shayx Hovandi Tohur dahasidagi Mirdodahojining mehmonxonasida oʻzining toʻrt yillik taʼlim dasturi asosidagi ilk jadid ibtidoiy maktabini ochadi. 1909-yilga kelib, bunday maktablar soni Toshkent shahrining oʻzida 9-10 taga yetdi va “Xoniya”, “Rahimiya” maktablari nomi butun Turkistonga tanilib ulgurdi. Munavvar qori shu yillar davomida oʻzining ikki bosqichli taʼlim dasturini yaratishga kirishadi. Natijada 1914-yildan uning ikki yillik ikkinchi bosqich (rushdiy) “Namuna” maktabi ish boshladi. Nomidan koʻrinib turibdiki, maktab butun mintaqa uchun namuna boʻlib xizmat qilishi kerak edi. “Namuna”da oʻquvchilar maxsus dastur asosida ilm olar, rus tili bilan birga Yevropa tillaridan biri mukammal oʻrgatilar, ularning ilmiy salohiyati, mehnat malakasi, uddaburonligi va psixologik tayyorgarligiga alohida ahamiyat berilardi. Munavvar qorining “Namuna” maktabini bitirgan Abdulhay Tojiyev, Lutfulla Olimiy, Mirmuhsin Shermuhammedov, Fayzulla Usmonovlar Ufadagi Oliya madrasasida oʻqishni davom ettirgan. Keyinroq oʻquvchilar Boku, Turkiya, Misrdagi oliy taʼlim dargohlariga yoʻnaltirila boshlandi. 1922-yil kuzida Germaniyaga yoʻllangan yoshlarga ham “Namuna” oʻquvchilari yetakchilik qiladi va ular uzoq xorijda qisqa muddatda oʻzlarini tiklab olib, ilm va amaliyot sohalarida katta yutuqlarni qoʻlga kiritadilar. Jumladan, Abduvahhob Murodiy, Ahmadjon Ibrohimov, Ahmad Shukuriy, Vali Qayumxon, Toʻlagan Moʻmin, Tohir Shokir, Sobir Ibrohimov kabi “Namuna” oʻquvchilari Germaniyaning eng yuqori darajadagi bilim dargohlarida tahsil oldilar.
Munavvar qori Abdurashidxonov
1918-yil 12-may kuni Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligida Turkiston xalq dorulfununi ochilgani rasman eʼlon qilindi. Uch bosqichli taʼlimga asoslangan Dorilfunun qoshida yana besh yillik Dorilmuallimin ham ish boshlagan. Dorilmualliminga Shokirjon Rahimiy rahbar etib tayinlanib, “Turon”, “Vatan”, “Zebu Niso”, “Navoiy”, “Hayot”, “Urfon”, “Uchqun”, “Ulugʻbek”, “Muxtoriyat”, “Almaiy”, “Kamiy”, “Mashrab” kabi oʻnlab maktablar oliygoh tasarrufiga olinadi. Bu maktablarga Tangriqul hoji Maqsudiy, Usmonxoʻja Toʻxtaxoʻjayev, Saidrasul Saidazizov, Usmon Dadamuhammedov, Ilhom Odilov, Muhammadrasul Rasulev kabi koʻp yillar madrasa hamda rus-tuzem maktablarida tajriba orttirgan pedagoglar jalb etildi. Eng muhimi baʼzi maktablar aniq va tabiiy fanlarga, boshqalari esa mexanika, ixtiro va ishlab chiqarish yoʻnalishlariga ixtisoslashtirildi. Milliy maktablarda aniq va tabiiy fanlarni oʻtishda, jismoniy tarbiya, harbiy taʼlim fanlarini joriy etishda oʻlkaga kelgan turk zobitlarining xizmatidan keng foydalanildi. Jumladan, turk zobitlaridan Haydar Shavqiy, “Namuna”ga, Kamol Shamsibey “Hayot”ga, asli toshkentlik Sayid Ahroriy “Turon”ga oʻqituvchi sifatida qabul qilindi. Aynan shu vaqtda Ahmad Shukuriy mudir boʻlgan “Almaiy” mehnat maktabi ham tashkil etilgan edi. Maktab taniqli muallimlar – Usmon Dadamuhammedov, Eshonbobo Islomovlar, turk zobitlari Bayram Ali va Qodir Chovushlar gʻayrati ortidan juda tez nom qozondi. 1918-yil soʻngida maktab Bayram Alibey rahbarligi davrida yetim bolalar uchun ochilgan III internat bilan birlashtirilib, “Almaiy” nomidagi mehnat internat maktabi nomini oladi. Yaxshi bino, Beshogʻochdagi ikkita katta kushxona, 4-koʻn zavodi va 3 ta bogʻ tasarrufida boʻlgan maktab tajribali jadid muallimlari rahbarligida ulkan pedagogik ilmiy – amaliyot markaziga aylanadi. Biroq, 1919-yilning oxiriga kelib Turkbyuro tomonidan mazkur maktablarning faoliyatiga keskin qarshilik boshlandi. 1920-yil oxiriga kelib barcha turk zobitlari “harbiy asir”larning qaytarilishi bahonasi bilan sovetlar mamlakatidan chiqarib yuborildi.
1919-1922-yillar maktab direktori boʻlgan Usmon Dadamuhammedov qatnab oʻqiydigan oʻquvchilarni Beshyogʻochdagi “Kamiy” nomli maktabga yuborib, internatda faqat yotoqxonada yashovchi bolalarni olib qoladi. Internatda oʻquvchilar uchun kuning birinchi qismida ilm, ikkinchi qismida mehnat taʼlimi yoʻlga qoʻyiladi. Duradgorlik, tokarlik, qizlar uchun qoʻlhunari, etikdoʻz-kosibchilik (chizmasi bilan), tikuvchilik (mashinada, chizmasi bilan), boʻz toʻquvchilik, savat toʻquvchilik va muqovachilik kabi oʻrganiladigan hunarlar soni 8 taga yetkaziladi. Maktab ustaxonalari kerakli uskuna va xomashyolar bilan taʼminlanadi. Tayyor mahsulotlar, avvalo, maktab va oʻquvchilar ehtiyoji uchun sarflanar, qolgan qismi bozorda sotilardi. Bundan tashqari maktabda milliy musiqa, dramaturgiya, muxbirlik, rasm, shaxmat-shashka, jismoniy tarbiya va til oʻrganish toʻgaraklari yoʻlga qoʻyilgan. Oʻquvchilar toʻrt fasl maktab tasarrufidagi 3 ta bogʻga qatnab, bogʻdorchilik, dehqonchilik ishlari bilan shugʻullanishardi. Bogʻdan chiqqan hosil ham internat ehtiyojlari uchun sarf etilgan. Shu oʻrinda maktab direktori taniqli jadid muallimi Usmon Dadamuhammedov haqida toʻxtalib oʻtsak:
Shokirjon Rahimiy
Usmon Dadamuhammedov 1890-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. U avval eski maktabda, soʻng Koʻkaldosh madrasasida oʻqib, arab, fors tillarini oʻrganadi. 1905-yildan bosmaxonaga kotiblik qilarkan, tosh bosmada kitoblarni nashrga tayyorlaydi. 1910-yildan Munavvar qori Abdurashidxonovning Shayxontohurdagi Mirdodahojining uyida joylashgan usuli jadid maktabida husnixat fanidan dars bera boshlaydi. 1913-yildan Xadrada joylashgan 7-yillik rus-tuzem maktabida oʻzbek tili oʻqituvchisi boʻlib ishlarkan, ayni paytda Munavvar qorining “Namuna” maktabida ham dars bergan. Sovetlar hokimiyatga kelgach, Xadradagi Toshkentda yagona boʻlgan 7-yillik rus-tuzem maktabi “Namuna” oʻrta maktabiga aylantirilib, unga shahardagi ilgʻor oʻqituvchilar jamlanadi. Usmon Dadamuhammedov undan “Almaiy” maktabiga oʻtib, 1929-yilgacha dars beradi. Shundan soʻng kechki institutga oʻqishga kiradi va tuman maorif boʻlimida uslubchi boʻlib ishlay boshlaydi. 1933-yilda kechki pedinstitutni bitirib 33-, 51-, 90-maktablarda til va adabiyot oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi. 1941-yildan 82-maktabda, 1945-yildan Toshkent viloyat pedagogika bilim yurtida dars beradi. 1939-yil xizmatlari uchun Respublikada xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi unvoni berilgan, 1949-yilda Lenin ordeni bilan mukofotlangan. 1957-yil sohadagi 47 yillik fidoiylikdan keyin qarilik nafaqasiga chiqadi.
Usmon Dadamuhammedov 1957-yil 22-oktyabr sanasidagi xotira bitigida 1917-yilning yozida Koʻkaldosh talabasi sifatida “Talabalar jamiyati”ga aʼzo boʻlganini yozadi. Shu vaqtda shoir Haybatulla Xislat, Abdulla Avloniylar tashkil etgan “Muharrirlar jamiyati” asosida aynan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi shakllangani, oʻz davrining eng mashhur adiblari – akademik Gʻafur Gʻulom va Oybeklarga “Namuna” maktabida dars berganini qayd etadi. “Almaiy” maktabi haqidagi xotiralarini bitarkan, unda oʻzining 1-namuna guruhida tarixchi olim Yahyo Gʻulomov, Noʻmonbek Dolimov, geograf Subutoy Dolimov va boshqalarga dars berganini yozadi. 1922-yil iyun oyida maktab “oʻlka oʻzbek namuna-tajriba ish maktabi”ga aylantirilib, shahar maorif boʻlimidan Respublika Maorif nozirligi qaramogʻiga olinadi. Internatga Munavvar qorining yana bir shogirdi Nazir Inoyatov direktor etib tayinlandi. Bu vaqtda maktab turli asbob-uskunalar bilan jihozlanadi, shon-shuhrati butun mamlakatga yoyiladi. Musiqa, sanʼat va teatr ishlari avj olib, oʻquvchilarning sahna asarlari nafaqat maktab klubida, balki, Sverdlov, Hamza teatrlarida ham qoʻyilib, xalqning olqishiga sazovor boʻladi. Ilm-fan va mehnat tarbiyasi bilan sugʻorilgan maktab oʻquvchilari orasidan Izzat Sulton, Sulaymon Azimiy, Parda Tursun, Mirtemir, Joʻra Jahoniy, Fozil Xoliqiy, Malika Rahmonova, H.Poʻlat kabi turli sohalarda mamlakat ravnaqi yoʻlida ulkan muvaffaqiyat qozongan yuzlab kadrlar yetishib chiqdi. Ular ish maktabida Qori Niyoziy, Tesha Zohidiy, M.Askarov, A.Xabirov kabi eng ulugʻ murabbiylarning tarbiyasini oladi. Keyingi yillarda maktabga Habib Inoyatiy, Eshonbobo Islomiy, Asad Nosiriy kabi tajribali jadid muallimlari rahbarlik qiladi.
Mirtemir
Shu oʻrinda maktabning yana bir tarbiyalanuvchisi, bu vaqtda Nizomiy nomidagi pedinstitut katta oʻqituvchi boʻlgan Malika Rahmanovaning 1957-yil 20-sentyabr sanasi bilan “Namuna ish maktabi haqidagi esdaliklarim (1922-1930-yillar)” deb yozgan xotiralaridan ayrim satrlarni keltirib oʻtishni maqsadga muvofiq deb topdik. Chunki, yuqorida sanab oʻtilgan va sanalmagan xalqimizning haqiqiy isteʼdodlarini yuzaga chiqargan bu maktab hayoti qanday boʻlgani haqida yorqinroq tasavvurga ega boʻlish va aslida jadidilar yaratgan maktablar shunchaki boshlangʻich taʼlim beruvchi maskanlar emas, balki puxta oʻylangan zamonaviy dasturlarga asoslanganini anglash muhim, bizningcha...
“...1922-yil iyun oyi, bizlarni – bir necha qizlarni Qoratoshdagi bogʻchadan tarbiyachi Nafisa opa 3-son Internat deb atalgan maktabga boshlab keldi va maktab mudiri Nazrulla Inoyatov bilan tanishtirdi. N.Inoyatov juda xushmuomala kishi boʻlib, bizlar bilan xuddi otalarday suhbat oʻtkazdi. Bir necha kun maktabga borib-kelib yurdik, soʻngra bizlarga yotoqxona berishdi. Har birimiz bittadan temir karovat, eski koʻrpa va yostiq oldik. Bizlar yotoqxonada uch mahal ovqatlanar edik. Boʻrijarda “Ivanov bogʻi” deb atalmish mevali bogʻimiz boʻlib, deyarlik har kun borib pishgan mevalarni terardik. Bogʻda asosan olma, nok, juda koʻp gilos, olcha, oʻrik kabi mevali daraxtlar boʻlib, juda qalin chakalakzor oʻralgan edi. Shuningdek, maktab hududida ham 2 000 kv metr joy boʻlib, u yerda kartoshka, pomidor, piyoz, sabzi, lavlagi, karam kabi sabzavotlar ekilardi.
Oyoq kiyimlari bilan hammani barobar taʼmin etilmadi, oyoq kiyim va palto asosan, kattaroq oʻgʻil va qiz bolalarga berildi. Biz esa zarur boʻlganida navbat bilan kiyib chiqardik. Kichik qizlar kattalar rahbarligida oyogʻimizga baletka tikib, yotoqda kiyib yurar edik. Qish, loy, qor kunlari oyogʻida kiyimi bor katta qizlar kichik qizlarni opichib, oʻqish korpusiga olib borib qoʻyishardi. U yerda, bino ichida baletka bilan bemalol yuraverardik. Birinchi sinfda, eng avval bizlarni Usmonjon aka Dadamuhammedov oʻqita boshladi. Shu vaqtda oʻqituvchilardan Eshonbuva qori aka Islomov, Nazrulla Inoyatov, Abdusalom Niyozov, Habib Inoyatov, murabbiya Gulchehra Inoyatova va boshqalar bor edi. Boshlangʻich yillari juda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirishga toʻgʻri keldi. Yoqilgʻi yoʻqligidan yotoq va sinf pechkalari yoqilmas, biz sovuqda koʻrpaga oʻralib oʻtirib, paypoq toʻqirdik. Hatto ovqat pishirish uchun ham oʻtin qahatchiligi boʻlib turardi. Xonalarga 8-10 qiz joylashtirilib, yotoq boshligʻi saylab qoʻyilardi. Yotoqxonada bir kishi navbatchilik qilar va u erta bilan hammadan oldin turib, yotoqni yuvib, changlarni artib, tozalab chiqar, soʻngra qizlarni uygʻotar, oʻrin-joylarni saranjom qilib yigʻishtirishni qatʼiy talab qilar edi. Shuningdek, asbob-uskuna, kiyim-kechaklarga koʻz-quloq boʻlib turardi. Oyda ikki marta Eski shaharda joylashgan Chorsudagi hammomga qator qilib olib borishardi. Hammomga bolalar bilan birga murabbiylar ham borar, ular kichik bolalarni yuvintirib qoʻyishar edi. Yoshi katta opalar esa tutingan singillarining yuvinishlariga yordam berar, bu murabbiyaning ishini yengillashtirardi. Internatda aka-uka, opa-singil tutinishlar juda avj olgan boʻlib, odatda, bir qizning opasi, akasi va oʻzidan kichik ukasi boʻlardi. Masalan, mening Mehriniso Sultonova opam, Fozil Xoliqiy akam va Raimberdi ismli ukam bor edi. Bu aka-ukachilik, opa-singilchiliklar yuqoridan belgilanmay, bolalarning oʻzaro aloqalari, bir-birlarining individual xususiyatlarini oʻrganishlari, tabiiy ravishda kelib chiqadigan moyilliklari natijasida oʻz-oʻzidan shakllanardi. Tarbiyaviy nuqtai nazardan buning ahamiyati juda katta boʻlib, opalar bolalarga oʻz tugʻishgan ukalari singari muomala qilib, gʻamxoʻrlik qilishar, har narsada yordamlashar, koʻpincha birga vaqt oʻtkazib, doim nazari doirasida saqlar edi. Mehri opam bilan karovatimiz yonma-yon edi. U hamma vaqt menga oʻrin yigʻishda, kiyimlarimni kiyishda, yuvishda, dazmollashda koʻmaklashar, yumushlarni doim birgalashib qilardik. Mehri opam sochlarimni qatiqlab yuvar, endi oʻsib kelayotgan kokillarimni erta bilan turib, tarar, kaltaligidan farqim ochilmasa, tuflab-tuflab ikki yonga ochib qoʻyardi. Katta qiz boʻlib qolganimizga qaramay, darsdan soʻng boʻsh vaqtlarda qoʻgʻirchoq oʻynardik. Qoʻgʻirchoqlar va ularning kiyimlarini ham oʻzimiz tikarkanmiz, shu tariqa asta-sekin tikuvchilikni ham oʻrgana boshlagandik.
Sulaymon Azimov
Xona navbatchisidan tashqari yana boshqa nazoratchilar ham boʻlib, ular vaqtida uygʻonish, oshxonada tartib bilan ovqatlanishni kuzatib turishardi. Kechki ovqatdan soʻng oʻquvchilar 2 soatlik mutolaa va dars tayyorlash uchun sinflarga toʻplanar, navbatchi kim bekor yursa, darhol ogohlantirib, tayyorlanishga majbur qilardi. Soat 11 da yotishga qoʻngʻiroq chalingandan soʻng koʻpincha murabbiy bilan birga yotoqlarda yoʻqlama qilinib, ikkinchi kungi navbatchilarga qisqa hisobot bilan ish topshirilardi. Oshxona ishlari uchun ham alohida navbatchilar tayinlanib, sabzavot artishdan, non kesishgacha boʻlgan jarayon ularning vazifasi hisoblanardi. Biz shu tariqa ham oʻqir, ham oddiy oilalardagi turmush tarzidan begona oʻsmasdik.
Dam olish kunlari bolalar hordiq chiqarishar, shaharda uyi boʻlganlar shanba kuni eng yaqin oʻrtoqlari, tutingan aka-ukalari bilan birga ota-onasining yoniga ketib, yakshanba kechki payt yana internatga qaytib kelishardi. Direktor, oʻqituvchi, tarbiyachilar ham tez-tez bolalarni uylariga olib ketib, mehmon qilishlariga oʻrganib qolgandik. Biz ham juda koʻp marta 4-5 kishi boʻlib internat direktori Nazrulla Inoyatovning, muallim Usmon Dadamuhammedovlarning hovlisiga mehmonga borgandik. Ularning oila aʼzolari bizni juda yaxshi qarshi olishar, sochlarimizni qatiqlab yuvib, mayda qilib oʻrib qoʻyishardi. Ular bilan totli taomlar ustida gurunglashib, kechki payt maktabga qaytardik.
Bizga 5-sinflardan tokarlik darsi oʻtib boshlandi. Ustozimiz usta Rustamov juda muloyim, dilkash kishi boʻlib, randalash, mix qoqish, arralash, oʻquv koʻrsatma qurollarini yasashda metall yelim bilan ishlash va boshqa yumushlarni oʻrgatgandi. Yuqori sinf oʻquvchilari stol-stul, oʻrindiq, kiyim ilgich kabi turli jihozlarni tayyorlashar, buzilganlarini tuzatishardi. Internatda Homid Fayziyev, Malik Abdullayev, Najim Nasriddinov kabi rassom bolalar sahna uchun butun dekoratsiyalarni tayyorlab, turli portretlarni chizishardi. Sahna uchun niqoblar, kiyimlarni tayyorlaydiganlar ham shular edi. Usmon Dadamuhammedovning husnixat toʻgaragida o‘qiydigan, juda chiroylik yozadigan Toʻraxon Mirzayev, Karim Berdiyev, Ubaydulla Rasulov va boshqalar esa afishalarni yozardi.
Izzat Sulton
Qizlarga toʻr toʻqish, qoʻlda naqsh va hoshiyalar, yengil kiyimlar tikish oʻrgatiladigan qoʻlhunari toʻgaragi ochilgandi. Biz roʻmolcha, sochiq va choyshablarimizga kanvada gul tikar, toʻr toʻqib, choyshab va sochiqlarimizni bezardik. Tikish sanʼatini juda yaxshi egallagan qizlar keyinchalik ust koʻylak, nimcha-yubkalargacha noziklik bilan gul tikishlarini koʻrganman. O‘zim 1927-yil oʻrmonda katta it bilan ovga ketayotgan yosh yigitcha surati solingan gilamcha tikib, karovat devoriga ilib qoʻygan edim. Internatimizda koʻrgazmalar oʻtkazilib, eng yaxshi qoʻl ishlari uchun sovgʻalar berilardi. Men ham ana shu hadyalardan ikki bor olganim esimda. Qoʻlhunari toʻgaragi bizni tikish, chevarlik ishlariga oʻrgatgandi. Bu esa kelgusi yillarimiz uchun juda katta hayotiy ahamiyatga ega boʻldiki, oilaviy turmushda, uy uchun zaruriy narsalarni estetik did bilan tikib, uyni saranjomlash ishlarida katta yordam berdi.
“Almaiy” mehnat maktabimizda yana savat toʻqish toʻgaragi ham bor edi. Biz usta bilan erta bahor “Ivanov” bogʻimiz yoniga borib, koʻchadagi tollarning yosh novdalarini kesib, oʻram-oʻram olib kelar va undan turli shakldagi savatlarni toʻqirdik. Masalan, non soladigan katta yalpoq, chuqur tutqichli, tutqichsiz, umuman, turli hajmda boʻlardi ular. Men hozirgacha savat toʻqishni esimdan chiqarganim yoʻq. Yana kosiblik ishxonamiz ham boʻlib, bunda asosan yirtilgan, soʻkilgan oyoq kiyimlari taʼmir qilinar va yengil oyoq kiyimlar tikilar edi.
Yozda deyarlik kunora “Ivanov” bogʻiga borib, mevali daraxtlarga qarar, taglarini chopar, oqlar va keraksiz shoxchalarini kesib tashlardik. Ishlarni yakunlab, oʻsha yerda ovqatlanib, keng maysazorda oʻyinlar oʻynardik baʼzan. Kunlarning birida 10-12 yoshlardagi bir bola mol-qoʻylarini boqqa qoʻyvorib, oʻzi koʻm-koʻk oʻt ustiga yotib olgancha, “Alifbe” oʻqiyotganining ustidan chiqdik. Darrov hammamiz uning kimligi, nima oʻqiyotganini bilishiga qiziqdik. U ota-onasi, umuman, hech kimi yoʻqligini, birovlarning molini boqib yurishini aytdi. Biz esa internatimiz xuddi unga oʻxshagan bolalar uchun ochilganini, hamma narsa – ovqat, kiyim, yotoq, oʻqish hammasi tekinligini aytib, biz bilan oʻqishga taklif qildik. Oradan koʻp oʻtmay, oʻsha qora bolakayni internatda yangi ust-bosh kiyimda, quvongancha oʻqib yurganini koʻrdik. Bu juda tirishqoq, qobiliyatli, mehnatsevar bolaning ismi Pardaboy Tursunov edi.
Parda Tursunov
Maktabimiz teatri hamisha qizgʻin edi. Ayniqsa, “Maʼraka” komediyasi qoʻyilganda zaldagi butun xalq, mahalla ahli zavq bilan tomosha qilar va xoxolab kulishar edi. Maktabimizning “Koʻk koʻylak” dram teatriga Xomid Fayziyev rejissyor, Izzat Sulton adabiy rahbar edi. U “jonli gazeta” deb atalar, aʼzolari 20-25 nafargacha borardi. Biz maktab, mahalla yonidagi klubdan tashqari kasabalar bogʻida (hozirgi TYUZ), Hamza va Sverdlov teatrilarida ham konsertlar berib turardik. “Erk kuylari”, “Yorilgin tosh”, “Maʼraka” va boshqa sahna koʻrinishlarida asosiy rollarda Arab Xaitboyev, Nuri Toshmatov, Fotima Muftahova, Joʻra Bobobek, Ismoilov va boshqalar chiqardi. Aholi uchun pullik teatr va konsertlar ham qoʻyilgani uchun bu maktabimizning iqtisodiy tomoniga katta yordam edi. Maktab Narimonov bilim yurti, Zebiniso maktabi, ayniqsa, Lenin nomidagi harbiy bilim yurti bilan juda mustahkam aloqada boʻlib, katta klublarda birgalikda konsertlar berar, kechalar oʻtkazardik.
Yunus Rajabiy, Imomxon Ikramov rahbarligidagi musiqa toʻgaragida 15-20 nafar oʻgʻil-qiz oʻquvchilar doimiy ishtirok etardi. Oʻlmas Jalolxonov chang, Nosih Salah, Fozil Xoliqiy nay, Nabiyev, Ubaydulla Rasulov, Safiya opa tambur, Gʻulom Zafariyning qizi Sidiqaxon, Nuriopa Toshmatova, Hojar Sultonova, Rashid aka dutor, Raim Ikromov gʻijjak kabi milliy musiqa sozlarini chalishardi. Internatning eng kuchli bolalar tashkiloti rahbari biz “ijroqoʻm” degich Arab Haitboyev edi. U juda taʼsirli, zabardast, qatʼiy xarakterli, mustaqil, kuchli irodali oʻquvchi boʻlib, yuqori sinfda oʻqirdi. Oʻquvchilar direktor, oʻqituvchi yoki tarbiyachilardan koʻra koʻproq shu ijroqoʻmdan “qoʻrqishar”, chunki, internatda direktor yoki oʻqituvchilar har bir ishga aralashavermasdi. Oʻquvchilarga bevosita taʼsir faqat oʻquvchi tashkiloti orqali qilinar, buning yaxshi tomoni tarbiyalanuvchilarda faol tashkilotchilik, mustaqil fikr va kuchli taʼsir etish kabi ijobiy sifatlarni oʻstirishga yordam berardi.
Yunus Rajabiy
1926-yildan boshlab yozgi taʼtil vaqtlarida internatda qoladigan bolalarni Oʻzbekistonning turli shahar va tumanlariga sayohatga olib bora boshlashdi. Birinchi sayohatimiz 1926-yil yozda Shohimardonga uyushtirildi. Margʻilongacha poyezdda borib, u yerda 2 ta soyabonli arava kira qilib, ashula ayta-ayta joʻnadik. Manzilga kechki payt yetib borib, tiniq oqadigan katta daryo boʻyidagi bir uyga joylashdik. Bu yerda 10-15 kuncha turib, Shohimardon bilan tanishdik. Biz koʻpincha toqqa chiqib, u yerda oqadigan juda tiniq ariqchani tomosha qilishni, turli toshlarni terishni, oʻsimliklar, togʻ gullaridan gerbariy yigʻishni, muzdek suvda choʻmilishni sevar edik...”
Maqolada birgina “Almaiy” mehnat maktabi hayoti, unda yetishib chiqqan insonlar haqida hikoya qildik. Vaholanki, bu maktablar qoshidagi jamoalar, jumladan, “Namuna” maktabida Haydar Shavqiyning “Temur toʻdasi”, “Vatan” maktabida Said Ahroriyning “Izchilar toʻdasi”, “Turon” maktabi qoshida Gʻolibbey rahbarligida “Turon toʻdasi”, Gʻozi Olimning “Turk oʻchogʻi” toʻdasi, “Irfon” maktabida “Taraqqiyot dernagi” toʻdasi, umuman, Toshkent shahrida mavjud boʻlgan yettita toʻdaning har qaysisi oʻz yoʻnalishi va o‘z madhiyasiga ega edi. Ularda Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Majid Qodiriy, Sobirjon va Shokirjon Rahimiylar, Tangriqul Maqsudiy, Usmonxoʻja Toʻxtaxoʻjayev, Shohid Eson Musayev, Shorasul Zunnun, Abdulvahhob Murodiy, Salimxon Tillaxonov, Ali Ardobus kabi koʻplab taniqli jadid muallimlari dars bergan. Shubhasiz, mazkur maktablardan yetishib chiqqan yuzlab, minglab yetuk kadrlar keyinchalik Oʻzbekistonining ilm-fani, adabiyoti, sanʼati, madaniyati, tibbiyoti, iqtisodiyoti va sanoati ravnaqiga ulkan hissa qoʻshdi, olim-u muhandislariga aylandi. Ulardagi joʻshqin hayot va ilmiy-ijodiy muhit haqidagi mulohazalar keyingi maqolalarimizga mavzu boʻlishga arziydi.
Bahrom IRZAYEV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Jarayon
Adabiyot
Til
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q