“Barchasini tashlab ortga qaytgim kelgan vaqtlar bo‘lgan” – Yevropaning eng yirik aviakompaniyalaridan birida ishlayotgan oʻzbekistonlik


Saqlash
10:36 / 22.04.2025 708 0

Mohichehra Abdusamatova xalqaro Wizz Air kompaniyasida menejment sohasida faoliyat olib boradi. Erasmus dasturi g‘olibasi bo‘lgan qahramonimiz Polshaning Vistula va Vengriyaning Budapesht Metropolitan universitetlarining turizm menejmenti sohasida magistraturani tamomlagan.

 

 

Men, Mohichehra Abdusamatova, 1995-yil Toshkent shahrida tug‘ilganman. O‘zbekistonda bakalavriat bosqichini tamomlaganimdan keyin, menejment sohasi bo‘yicha ishga kirganman va chet elda ta’lim olish uchun pul yig‘ishni boshlaganman. 2020-yil Polshadagi Vistula universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga topshirib, shu orqali talaba vizasi bilan ilk bor Polshaga kelganman. 2021-yil Erasmus almashinuv stipendiyasini yutib olgach, o‘qishimni davom ettirish uchun Vengriyaning Budapesht Metropolitan universitetini tanlaganman. Magistraturani tamomlagach olgan bilimlarimni ish jarayonida qo‘llash va ish tajribasiga ega bo‘lish uchun Vengriya davlatida ma’lum muddatga qolishni tanladim.

 

Kichik yelkasida katta orzularni ko‘tarib yurgan o‘zbek qizi

 

Bolalik vaqtlarimda chet davlatda ta’lim olish va xorijiy mamlakatlarga sayohat qilish eng katta orzum bo‘lgan. Bu orzularim haqida gapirganimda, uzoq-yaqin qarindoshlar va do‘stlarim menga ko‘p bora ishonchsizlik bildirishgan. Yaxshiyamki, oilam, ayniqsa onam meni qo‘llab-quvvatlagan. Shu boisdan ham, ulardan har doim minnatdor bo‘laman. Har bir inson bolaligidan katta-katta orzular qiladi, ammo atrofidagi insonlar uning orzulariga befarqlik va ishonchsizlik bilan qarashi sabab, ko‘pchilik o‘z orzularidan voz kechib ketadi yoki oxirgi qadamni tashlashga kelganda ortga qaytadi. Mashhur yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” asaridagi bir jumla, menga har doim maqsadlarimga erishish uchun tinimsiz harakat qilishim kerakligini yodimga soladi:

 

“Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat bor: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga, albatta, erishasiz. Zotan bu orzu olam qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingizning tasdig‘i, sizning taqdiringizdir”.

 

O‘ylanmanki, qiyinchiliklar insonni mag‘lubiyatini tan olishiga emas, aksincha kuchli bo‘lishiga turtki bo‘lishi kerak. Men, kichik yelkalarida o‘z orzularini ko‘tarib yurgan o‘zbek qiziman. 

 

Xohlasangiz o‘qing, xohlamasangiz yo‘q

 

Yevropa ta’lim tizimining menga eng ko‘p yoqqan jihati bu erkinlik. Talabalar uchun qat’iy belgilangan dars jadvali, forma yoki davomat yo‘q. Bu yerda har bir talaba o‘zi uchun mas’ul. Xohlasangiz o‘qing, xohlamasangiz yo‘q. Hech kim sizga majburlab ta’lim bermaydi. Ayniqsa, imtixonlar shaffof tarzda tashkil etiladi, “bir ikki so‘m berib imtixonni yaxshiroq bahoga topshirish” degan tushuncha yo‘q. Bilimingizga yarasha baho olasiz, yiqilsangiz yana qayta o‘qishingiz kerak. Agar universitetga qabul qilingan va bitirib chiqayotgan talabalar ko‘rsatkichiga qaraydigan bo‘lsak, o‘qishga qabul qilingan talabalar ko‘rsatkichidan 10-15 ayrim holatlarda 20-30 foiz atrofida kamroq talabalar o‘qishni tamomlashadi. Shu sababdan ham, bu yerda har bir talaba astoydil bilim olishga o‘zi mustaqil ravishda harakat qiladi, befarqlik qilsa o‘qishni bitira olmaydi.

 

Topganingiz sayohatlarga buyursin

 

Yevropada yashashni asosiy yaxshi tomonlaridan biri bu sayohat qilishning qulay va arzonligi. Yevropaga kelganimdan beri 20 dan ortiq davlatlarga sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Har bir sayohatdan boshqa bir inson bo‘lib qaytib kelardim. Sayohatlar menga minimalizmni va shukur qilishni o‘rgatdi. Biror davlatga sayohatga borganda o‘zingiz bilan ko‘p narsalar olib ketolmaysiz, og‘ir yukni uzoq vaqt ko‘tarib yurish ham insonni charchatadi, ham sayohatingizni ko‘ngildagidek o‘tishiga halaqit beradi. Turli mamlakatlarda har xil insonlarni ko‘raman, ular bilan muloqot jarayonida yangi bilimlar olish bilan birga o‘z hayotimda bor narsalarga shukur qilaman. Sayohatlar insonni dunyoqarashini kengaytirib, o‘z “komfort zona”sidan chiqishiga undaydi. Qulay muhitda inson rivojlanmaydi, shu uchun ham tez-tez sayohat qilib turish shaxsiy va karyeradagi o‘sishga xizmat qiladi deb o‘ylayman.

 

“Topganing to‘ylarga buyursin”, deyishadi, men “topganingiz sayohatlarga buyursin” degim keladi.  Sayohat qilish uchun sarflangan mablag‘ sizni ichki olamingizni boyitadi va rivojlantiradi. Hammani og‘zidan tushmaydigan to‘y qilish uchun butun umrini sarf qilib mehnat qilishdan ko‘ra, dunyodagi eng go‘zal maskanlarga sayohat qilish ming marta afzal.

 

 

Budapeshtda bir oy yashash qanchaga tushadi?

 

Bupadesht shahri Vengriyaning poytaxti, shu bilan birga bu shahar Yevropa markazida joylashgan eng mashhur, yashash uchun nisbatan arzon va qulay hisoblanadi. Budapeshtning iqlimi menga juda yoqadi, sababi havosi toza va mo‘tadil, yoz oylari ham iliq bo‘ladi. Vengriyada ta’lim sifati yuqori bo‘lgan ko‘plab universitetlarda ingliz tilidagi dasturlar mavjud. Ayniqsa, texnika, tibbiyot va ijtimoiy fanlar sohalarida yaxshi yo‘nalishlar mavjud.

 

Ko‘pincha bir oy davomida qancha miqdorda pul sarf qilishimga qiziqishadi. Albatta, har bitta inson individual. Xarajatlar ham ularning turmush tarzi va tanlovlariga bog‘liq bo‘ladi. Budapeshtda yashashning xarajatlari o‘rtacha $450-$700 deb o‘ylayman. Kimdir men aytgan summadan ham kamroq yoki ko‘proq ishlatishi mumkin. O‘zimdan kelib chiqadigan bo‘lsam, men moliyaviy savodxonligimni har doim oshirib borishga harakat qilaman va pul sarf qilishda bir nechta strategiyalarga tayanaman. Bu esa menga sayohat qilish imkonini yaratadi.

 

Quyidagi jadvalda asosan nimalarga va qancha miqdorda pul sarf qilinishini ko‘rishingiz mumkin.

 

N/A

Xarajat turi

Miqdori ($)

1

Ijara

$250 - $400

2

Oziq-ovqat

$80 - $150

3

Sug‘urta

$30 – $50

4

Jamoat transport

$10 – $20

5

Internet/aloqa

$10 – $20

6

Qo‘shimcha shaxsiy xarajatlar

$50 – $100

 

O‘zbekistonda tajribali mutaxassis edim, Vengriyada hammasini yana noldan boshladim

 

5 yil oldin chamadonimni olib, ilk bor Yevropaga kelayotganimda men uchun qadrli bo‘lgan suviner samalyotni o‘zim bilan olib kelganiman. Ammo qachondir o‘zim haqiqiy samalyotlar orasida ishlayman deb o‘ylamaganman. O‘zbekistonda bakalavrni tamomlagach, 1 yil menejment sohasida faoliyat olib bordim. O‘z mamlakatimda oliy ma’lumotli, ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan mutaxassis edim. Ammo xorijga kelgach, men barchasini qayta noldan boshlashimga to‘g‘ri kelgan.

 

Ayniqsa, o‘z sohangizda yaxshi ish topish uchun juda kuchli mutaxassis bo‘lish, yashab turgan davlat tilini bilish va ish tajribasi talab etiladi. Vengir tilini o‘rganish, yangi davlatga moslashish va bu yerdagi mutaxassislardek raqobatbardosh kadr bo‘lish uchun ancha mehnat qilishimga to‘g‘ri kelgan. Juda ko‘p joylarga ish bo‘yicha arizalar topshirganman, hatto sanog‘ini ham bilmayman. Vengriyadagi WIZZ Air aviakompaniyasida ishlash uchun hujjatlarimni topshirganimda ochig‘i meni intervyuga taklif qilishadi deb o‘ylamaganman.

 

 

WIZZ Air menga yangi imkoniyat eshiklarini ochdi

 

Wizz Air – Yevropaning eng yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, u 2003-yilda tashkil etilgan. Uning bosh ofisi Budapesht, Vengriyada joylashgan. Wizz Air 16 ta davlatda 32 ta bazaga ega, 200 ga yaqin manzilga parvozlarni amalga oshiradi.

 

Kompaniyadagi faoliyatim davomida soham bo‘yicha tajribasiga bilan birga, kuchli mutaxassislar bilan “networking” o‘rnatish imkoniyatiga ham ega bo‘ldim. Ish muhitidagi erkinlik, xodimlar uchun yaratilgan qulay ish grafigi va shaxsiy rivojlanish uchun imkoniyatlar menga juda yoqdi. Ish davomida ortiqcha stresslarni deyarli sezmayman, sababi barcha hodim bir-birini hurmat qiladi. Mendan biror yordam kerak bo‘lsa, garchi u mening vazifam bo‘lsa ham, buyruq bermaydi, aksincha iltimos qiladi.

 

Stereotiplardan voz kechish vaqti kelgan

 

Juda ko‘p qizlar bilan suhbatlashganimda, bir tomondan ularning ilmga chanqoq ekanligidan quvonaman, ikkinchi tomondan esa, stereotiplar sabab ularning orzulari qurbon bo‘layotganiga guvoh bo‘laman. “Qiz bola pishir-kuydirni o‘rgansin, chetda o‘qib nima bor”, degan gaplar tez-tez qulog‘imga chalinadi. Bu kabi stereotiplardan voz kechish vaqti allaqachon kelgan. “O‘g‘il bolaning ilm olishi – bir kishiga, qiz bolaning o‘qitilishi esa butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng”. Agar butun o‘zbek qizlari oldida gapirish imkonim bo‘lganida aytgan bo‘lardim, “aziz opa-singillarim, o‘zingizga ishonsangiz barchasini qila olasiz. Iltimos, boshqalarga quloq solib, maqsadlaringizdan kechmang!”

 

Onamni yo‘qotish eng katta zarba bo‘lgan

 

Inson hayotda bir narsaga erisharkan, boshqasidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Xorijda o‘qish uchun issiq joyim, onamni shirin taomlari va oilamni diydoridan uzoqda bo‘lishga majbur bo‘lganman. Ko‘p yig‘lagan, barchasini tashlab ortga, qadrdon uyimga qaytgim kelgan vaqtlar bo‘lgan. Shu paytlari onam doim menga dalda bo‘lardi.

 

Onamni yo‘qotish men uchun eng katta zarba bo‘lgan. Ularni so‘nggi so‘zlarini eshitolmaganman. Ammo har doim qalbimning ichida ularning so‘zlari va issiq yuzlarining siymosi turadi. Hammamiz aslida bir-birimizga omonat ekanligimizni angladim, shu sababdan ham yaqinlarimni yanada qadrlashni o‘rgandim. Onam doim mening orzu-istaklarimni qo‘llab-quvvatlardi. Ular bilan soatlab suhbatlashardim. Mening shijoatimni ko‘rgan dugonalarim “qayerdan buncha kuch olasan”, deb so‘rashardi. Onam mendan faxrlanishini istayman, ular xohlagandek, ilmli, o‘z fikriga ega inson bo‘lish uchun harakatdaman, derdim.

 

O‘chog‘imizda onam qiladigan oshni sog‘indim

 

“Musofir bo‘lmaguncha musilmon bo‘lmaysan”, deyishadi, chindan ham shunday ekan. Oilamni ko‘proq qadrlashni o’rgandim. Ha albatta, hamma uchun oila muhim va qadrli, lekin qadr tushunchasi musofir uchun umuman boshqacha. Uyimizdagi o‘choqda onam pishirib beradigan oshni ta’mini juda sog‘inganman. Inson qayerda bo‘lmasin va qanchalik yaxshi hayotda yashamasin vatanini, u yerdagi qadrdon chehralarni va o‘zi ulg‘aygan mahallani sog‘inchi bilan yashar ekan. 

 

 

Mashhura Rahmonova suhbatlashdi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 44
Hamzaning “maktublari”





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//