Eng birinchi maktab ochgan va eng birinchi otilgan jadid – Munavvar qorining sharafli yo‘li


Saqlash
17:43 / 21.04.2025 37 0

Munavvar qori Abdurashidxonovning tug‘ilgan sanasi ma’lum emas. 1931-yil 23-aprel mash’um kun sifatida tarixda qolgan. Shu munosabat bilan bugun uning millatni ilm va ma’rifatga boshlash yo‘lidagi sharafli ishlarini yodga olmoqchimiz.

 

Munavvar qori Abdurashidxonov 1878-yili Toshkentning Shayx Hovandi Tahur dahasi Darxon mahallasida tug‘ilgan. Otasi Abdurashidxon (Abdulmajidxon) Sotiboldixon Olimxon o‘g‘li (1885 yili vafot etgan) zamonasining ma’rifatparvarlaridan bo‘lib, mahallasidagi Eshonquli dodxoh madrasasi va o‘z hovlisida maktab ochib, 40 o‘quvchiga dars bergan. Onasi – Toshkentning mashhur olimlaridan Xonxo‘ja Shorahimxo‘jayevning (1841–1941) qizi Xosiyat otin (1845–1931) ham o‘z hovlisida xotin-qizlarni o‘qitgan. Munavvar qorining A’zamxon, Muslimxon kabi akalari bor edi.

 

Munavvarxon ilk ta’limni onasidan olib, xat-savodi chiqqach, toshkentlik Usmon domla qo‘lida o‘qigan. Qur’oni karimni xatm qilib, “qori” unvoniga erishgach, hali ilmga yaxshi kirib borolmaganini fahmlab, Yunusxon podsho va Eshonqul dodxoh madrasalarida o‘qigan. Bir muddat Buxoro madrasalarida ham tahsil olgan.

 

1901-yili Buxorodan Toshkentga qaytgan Munavvar qori Abdurashidxonov do‘sti va maslakdoshi Abdusamiqori Ziyoboy o‘g‘li bilan birgalikda Shayx Hovandi Tahur dahasida Mirdadahojiboyning mehmonxonasida yangicha maktab ochgan. Oldiniga maktabda 15–20 bola tahsil olgan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni oshib borib, 1913-yilda o‘quvchilari soni 150 taga yetgan. Maktabda Istanbul, Qozon, Qirimdan olib kelingan diniy va dunyoviy risolalar, alifbo va o‘qish kitoblari asosida ta’lim berilgan.

 

Munavvar qori o‘zi tuzgan o‘quv dasturlariga tayanib ta’lim bergan va o‘quvchilardan imtihon olgan. Imtihonlarga o‘quvchilarning ota-onalari, din peshvolari, olimlar, shoirlar, boylarni taklif qilgan.

 

Alloma 1910-yili 1–4 sinflar uchun dastur tayyorlaydi hamda darsliklar yozishga kirishadi. 1912-yili dasturni takomillashtirib, maktab o‘quvchilari uchun husnixat, jug‘rofiya, islom tarixi, turk qavmlari tarixi fanlari o‘qitilishini yo‘lga qo‘ygan.

 

U maktab o‘quvchilari uchun yozilgan bir qator darsliklar muallifi hamdir. “Adibi avval” darsligi Toshkentda 1907–1917-yillari sakkiz marta nashr qilingan. Bu darslik yangicha maktablarning ikkinchi sinflari uchun yaratilgan bo‘lib, axloqiy va fanniy darslardan iborat bo‘lgan. Uning diniy fanlarga oid “Havoyiji diniya” (3 qism), “Tarixi anbiyo”, “Tarixi Islomiya” (“Musulmonchilikning tarqalishi va uning tarqatuvchilari”) darsliklari yozilgan bo‘lib, nafaqat o‘z maktabi, balki Qo‘qondagi yangicha maktabda foydalanilganini arxiv hujjatlari tasdiqlaydi.

 

Munavvar qori geografiya fanida foydalanish uchun “Yer yuzi” darsligini yozadi (1908-y.). 1928-yilgacha Turkiston maktablarida o‘qitilgan ushbu kitob 88 ta dars, ya’ni mavzudan iborat. Yer hamda geografiya o‘qishning millat ma’naviyati, madaniyatini yuksaltirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan birinchi mavzudayoq u geografiya ilmini o‘qigan millat dunyoning madaniy millatlari safidan o‘rin olishini alohida ta’kidlaydi.

 

Mutafakkir Turkiston general-gubernatoriga bir necha bor murojaat qilishlariga qaramay, rus hukumati zamonaviy dorilfunun ochishga ruxsat bermagan. 1917-yil bahorida muxtoriyat tuzish uchun boshlangan harakatlar negizida ilg‘or oliy o‘quv yurti tashkil qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan edi. 1917-yil 8–10-sentyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining II qurultoyida dorilfunun tashkil etish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.

 

Turkiston musulmon xalq dorilfunini 1918-yil 31-may kuni ochilgan. Munavvar qori Abdurashidxonov, Murodxo‘ja domla va Burhon Habib dorilfununning dasturini ishlab chiqqanlar. Unda musulmonlarning o‘zlari ushbu o‘quv yurti o‘lkada o‘qituvchilar yetishmasligi va ularga bo‘lgan talab juda ham yuqoriligi uchun ochilgani, o‘qish besh yilga mo‘ljallanib, shundan bir yili tayyorlov bosqichi, qolgan to‘rt yili asosiy bosqichlarga ajratilganini qayd qilganlar.

 

Dorilfununda turk, tatar, ozarboyjon ziyolilari ham dars berishgan, buni tantanali ochilish marosimida Abdulsami qori e’tirof etib, “turk va shimollik qardoshlariga minnatdorchilik” bildirgan. Bundan tashqari Abdurauf Fitrat va Munavvar qori Abdurashidxonov ona tili va adabiyot, Kamol Shamsiy arifmetika va geografiya, Haydar Shavqiy gigiyena, gimnastika va nemis tili, Abdulla Rahimboyev arifmetika, Abdurahmon Ismoilov san’at, Muhammadamin Afandizoda jo‘g‘rofiya va elshunoslik, Ibrohim Ismoilov didaktika va tabiatshunoslikdan dars berganlar.

 

1918-yil 31-maydan boshlab Turkiston musulmon xalq dorilfununining nashri sifatida va Muxtor Bakir muharrirligida Toshkentda “Xalq dorilfununi” gazetasi chop etila boshlagan. Muxtor Bakir, shuningdek, Turkiston musulmon xalq dorilfununining Samarqand bo‘limini ochish ishlariga boshchilik qilgan. Qisqa vaqt ichida dorilfununning Samarqand bo‘limi ochilib, Mahmudxo‘ja Behbudiy rais, Hoji Muin, Saidahmad Siddiqiy-Ajziy, Shokir Muxtor a’zo bo‘lganlar. Biroq sovet hukumati Turkiston musulmon xalq dorilfununi faoliyatiga yo‘l bermaydi. Besh yillik o‘quv dasturiga mo‘ljallangan dorilfunun oldiniga to‘rt oylik o‘quvga aylantiriladi, 1918-yilning sentyabr o‘rtalariga kelib esa butunlay tugatiladi. Oqibatda, dorilfununning Samarqand bo‘limi faoliyati ham to‘xtab qolgan.

 

Yangi maktablarning moddiy ta’minoti, iste’dodli yoshlarni xorijga yuborish uchun shirkatlar, xayriya jamiyatlari, matbaa-nashriyotlar tashkil qilish zarurati tug‘ilib, ushbu ishda ham Munavvar qori Abdurashidxonov birinchilardan bo‘lgandi. U toshkentlik boylar Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li, Komilbek Norbekov va Karimbek Norbekov kabilar homiyligida 1909-yil 15-iyulda maqsadi “o‘zbek xalqining bilim bilan oqartirish, yetim, yetima yoki ota-onasi yo‘qsil bo‘lg‘an bolalarni o‘qittirishdan iborat bo‘lgan” “Jamiyati imdodiya”ni (“Yordam”) tuzadi. Uning 41 banddan iborat nizomi ham tasdiqlanadi.

 

Jamiyatga Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li rais, Munavvar qori rais o‘rinbosari etib tayinlangan. Bashirullaxon Asadulloxo‘ja o‘g‘li, Abdulla Avloniy, Nizom qori mulla Husayn o‘g‘li va Toshxo‘ja hoji Tuyoqboy o‘g‘li jamiyat a’zolari bo‘lgan.

 

Ushbu jamiyat homiyligida Abdulhay Tojiy, Mirmuhsin Shermuhammedov, Lutfulla Olimiy, Fayzulla Usmonov Ufadagi Oliya madrasasida o‘qishni davom ettirgan bo‘lsalar, keyinchalik Kavkaz, Usmonlilar davlati, Misr dorilfununlariga yuborilgan.

 

Munavvar qori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniy 1913-yili “Jamiyati imdodiya” negizida toshkentlik jadidlar va boylar bilan birgalikda “Turon” jamiyatiga asos soladi va 75 moddadan iborat nizomini qabul qiladilar. 1913-yil oxirlariga kelib a’zolari soni 44 kishiga yetgan jamiyatning “Turon” teatr guruhi, “Turon” kutubxonasi va qiroatxonasi, “Turon kutubxonasi” nashriyoti va “Turon” gazetasi bor edi.

 

1916-yil oxirlarida Munavvar qorining tashabbusi bilan iqtidorli yoshlarni chet el dorilfununlariga yuborish, Turkistonda kelgusida ochilajak doirlfunun uchun mutaxassislar tayyorlash maqsadidagi “Muallimlar jamiyati”iga asos solinadi. Yig‘ilganlarning 45 tasi jamiyat rivoji uchun pul yig‘ib, jamiyat tashabbuskoriga topshirganlar. Bu mablag‘ “Muallimlar jamiyati” ehtiyojlariga hamda iqtidorli yoshlarni chet el oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga sarf etilishi ta’kidlangan. Toshkent boylaridan Mulla Tohirjon Shokirjon o‘g‘li “oliy maktab” qurib berishni va’da qilgan.

 

1917-yil fevralida Rossiya imperiyasi markazida yuz bergan siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng Turkiston taraqqiyparvarlari milliy davlatchilikni tiklash uchun jiddiy harakat boshlab yuboradi. Munavvar qori 1917-yil 16–23-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlari qurultoyining o‘tkazilishiga bosh bo‘lgan. Aynan ushbu yig‘inda Turkistonga muxtoriyat berish masalasi ilk bor ko‘tarib chiqilgan edi. Qurultoy qarorini tayyorlashda Munavvar qori Abdurashidxonov yetakchiligida Ahmad Zaki Validiy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Shoislom Shoahmedov, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Ubaydulla Xo‘jayev qatnashadi.

 

1917-yil yozida Toshkent shahrida Munavvar qori boshchiligidagi taraqqiyparvarlar va turk zobitlari “Ittihodi taraqqiyparvar” tashkilotini tuzadi. Turk zobiti Usmonbek ushbu tashkilot raisi etib tayinlangan. “Ittihodi taraqqiyparvar” bolsheviklarning mustamlakachilik siyosatini tanqid qilish, yoshlarni siyosiy faollashtirish va maktab ishlarini isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Tashkilot tuzilgan paytda a’zolar soni 50 tadan oshmagan. Jamiyat mablag‘i uning a’zolari o‘z ixtiyori bilan beradigan badallardan iborat bo‘lib, har bir kishining moddiy imkoniyatiga qarab, 100 so‘mdan 250 so‘mgacha qilib belgilangan. Jamiyatga a’zo bo‘luvchilar taraqqiyparvarlik mafkurasiga ega bo‘lish, jamiyat markazining har qanday buyruqlariga itoat qilishga va’da berib, Qur’on va qurolni ushlab qasamyod qilishi shart edi. Jamiyatning oldida turgan asosiy vazifalar sifatida yoshlarni a’zolikka jalb qilish, mutaassib ruhoniylar bilan kurash olib borish, maktab ishlarini tartibga solish, turk zobitlariga yordam berish va ularni maktablarga ishga joylashtirish ko‘zlangan. “Ittihodi taraqqiyparvar” jamiyati raisi Usmonbek afandi Turkistonda mustahkamlanib olish va a’zolar sonini ko‘paytirish maqsadida Mahmudxo‘ja Behbudiyga Samarqandda, Mirzohidga Farg‘onada, qozoq gazetasining muharririga Yettisuvda uning bo‘limlarini ochishni topshirgan.

 

1920-yil 2-sentyabrda Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darilib, BXSR (Buxoro Xalq Sovet Respublikasi) hukumati o‘rnatilgandan so‘ng, Fayzulla Xo‘jayev Buxoro hukumati faoliyatini yaxshilash maqsadida Munavvar qori Abdurashidxonov, Said Ahroriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Mannon Uyg‘ur, Abdurahmon Ismoilzoda va G‘ulom Zafariy kabi ziyolilarni Buxoroga taklif qilib, ularga vaqf va milliy madaniyatni tiklash ishlarini yuklagan.

 

Fayzulla Xo‘jayevning Munavvar qori Abdurashidxonovga aynan vaqf masalalari bilan shug‘ullanishni ishongani bejiz emasdi. Negaki u Buxoroga kelgunga qadar Toshkentning Maorif xalq komissarligi qoshidagi Vaqf ishlari bo‘limi mudiri vazifasida ishlagan, demak, bu borada katta tajribaga ega edi.

 

Buxoro hukumatida ish boshlagan Munavvar qori “Milliy ittihod” tashkilotining markazini ham Buxoroga ko‘chirgan edi. Buxoro bo‘limidan Toshkentga yuborilgan Orif Karimiy, Yusufbek Qurbonov va Rustam Niyozbekovlar uning chet davlatlar bilan aloqa o‘rnatish maqsadida yozilgan maxfiy xatini olib, Koshg‘arga jo‘naydilar. U yerda Angliya va Yaponiya vakillariga Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalari hamda Turkiston ASSR hukumatlari nomidan yozilgan xatni topshirish tayinlangan edi. Ammo Olmaotaga yaqin joyda ular qo‘lga olinadi va Orif Karimiy maxfiy xatni BSB xodimlariga berib, “Milliy ittihod” tashkilotining xorijiy davlatlar bilan aloqa o‘rnatmoqchiligini aytgan. Toshkentda o‘tkazilgan sudda Orif Karimiy otuvga, Yusufbek Qurbonov va Niyozbekov Rustam turli muddat bilan qamoq jazosiga hukm etiladi. Bu jarayonga aloqadorlikda gumon qilingan, 1921-yil fevralida Buxorodan Toshkentga qaytgan Munavvar qori Abdurashidxonov ham shu yilning 30-martidan 1-dekabrigacha hibsda saqlangan.

 

Alloma ozodlikka chiqqach, uzoq muddat iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Bir muddat paypoq va qo‘lqoplar to‘qib sotib, ro‘zg‘or tebratgach, Nazir To‘raqulov va Turor Risqulov yordami bilan Moskvadagi bilim yurtida o‘qituvchilik qilishni boshlagan. Biroq noma’lum sababga ko‘ra tez orada Toshkentga qaytgan.

 

U Toshkentdagi afg‘on elchisi G‘olibbek Jaylonxonga iqtisodiy sharoitini tushuntirib, Afg‘onistonga yuborsa, u yerda yangicha maktab ochib, bolalarga yangi usulda ta’lim berishini aytadi. Elchi Afg‘onistonda bunday maktablarga ehtiyoj yuqoriligini tasdiqlab, taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan. Ammo Bachayi Saqo boshchiligida Afg‘onistonda sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng mutafakkir u yerga borish fikridan qaytgan.

 

Munavvar qori Abdurashidxonov matbuotchilik bilan shug‘ullangan bo‘lib, bu sohasidagi ilk faoliyati 1906-yili I.Geyer muharrirligidagi “Taraqqiy O‘rta Osiyo umrguzorligi” gazetasida boshlangan. Uning “Nikoh to‘g‘risida” va boshqa maqolalari chop etilgan ushbu gazeta Turkiston general-gubernatorligi buyurtmasi asosida chiqqan bo‘lib, 17 ta soni chiqqach to‘xtab qolgan. Shundan so‘ng, Munavvar qori milliy matbuotga asos solishga qaror qiladi. Gazeta ta’sischisining talablaridan biri rus tilini bilish bo‘lgani uchun yangi tashkil etayotgan “Taraqqiy” gazetasiga rus tilini yaxshi egallagan Ismoil Obidiyni muharrirlikka taklif qiladi.

 

Birinchi soni 1906-yil 27-iyunda Toshkentda dunyo yuzini ko‘rgan “Taraqqiy” ilmiy, adabiy, siyosiy, faniy, tijoriy gazeta bo‘lib, shiori: “Najot: maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat” edi. Unda milliy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy masalalar ko‘tarilib, obunachilarni “mamlakat xabarlari”, “xorijiy xabarlar”, “telegraf xabarlari”, “Toshkent axbori” ruknlari ostida yangiliklardan xabardor qilib borgan.

 

“Taraqqiy” gazetasining bosh g‘oyasi mustamlakachilikdan ozod bo‘lish, bosh maqsadi millatni taraqqiy ettirish edi. Bu esa, o‘z navbatida, Rossiya imperiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga zid bo‘lib, tez orada uning faoliyatiga chek qo‘yilgan. Munavvar qori Abdurashidxonov bosqinchi hukumatning qarshiligi oldida taslim bo‘lmagan. Qisqa muddatdan so‘ng “Xurshid” gazetasiga asos solgan. Abdulla Avloniy so‘zlari bilan aytganda, “Xurshid” gazetasi 1906-yili “Taraqqiy” to‘xtolg‘ondan keyin o‘sha vaqtning yoshlari tomonidan tuzilgan bir shirkatning moddiy ko‘magi, Munavvar qori Abdurashidxonovning mas’ul muharrirligi orqasida tosh bosma usul bilan chiqa boshladi”.

 

“Xurshid” haftada bir marta nashr etilgan. Bu gazeta ham ta’qib ostida bo‘lgani uchun atiga ikki oy davomidagina faoliyat olib borgan. Rossiya imperiyasi hukumati maxsus yollagan ayg‘oqchilari orqali 1906-yili Abdulla Avloniy muharrirligida chiqqan “Shuhrat” va 1907-yili Saidkarimboy Saidazimboy muharrirligida chiqqan “Tujjor” gazetalariga ham Munavvar qori zimdan rahbarlik qilgan, degan xulosaga kelgan.

 

1917-yil fevral voqealaridan keyin siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan Munavvar qori Abdurashidxonov “Najot” gazetasiga asos soladi. Gazetaning shiori: “Musovot, Hurriyat, Adolat” bo‘lib, haftada ikki marta chop etilgan. Turkiston muxtoriyatini tayyorlashda muhim vazifani bajargan “Kengash” gazetasi 1917-yil 25-iyundan chiqa boshlagan. Uning dastlabki 7 ta soniga Ahmad Zaki Validiy, so‘ngra Munavvar qori muharrirlik qilgan.

 

1906–1917-yillari turli gazetalarga asos solib, ularning faoliyatini ta’minlashga harakat qilgan, mustamlakachilikka qarshi kurash g‘oyalarini targ‘ib qilgan Munavvar qori doimo ta’qibga uchragan va uning muharrirligida chiqqan gazetalar taqiqlangan. Keyingi yillari matbuotchilik bilan shug‘ullanmasa-da, “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Turkiston”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalari va “Haqiqat” jurnalida chiqishlar qilib turgan.

 

1929-yil 6-noyabrda Munavvar qori Abdurashidxonov boshchiligida 38 kishi “Milliy Ittihod” va “Milliy Istiqlol” tashkilotlarining a’zolari sifatida qamoqqa olinadi. Oradan ko‘p o‘tmay, qamoqqa olinganlar miqdori 87 kishiga yetgan. Tergov jarayoni keyinchalik Moskvaga ko‘chirilgan. Bu holat sovet rejimining o‘zbek ziyolilari “millatchiligi”ni fosh qilishga jon-jahdi bilan kirishganidan dalolat beradi, albatta. 1931-yil 23-aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan sud majlisida “Milliy Istiqlol” a’zolaridan Munavvar qori va uning 14 safdoshi otishga, yana 70 kishi uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan. O‘lim jazosi o‘sha kuni Moskvada ijro etilgan.

 

Munavvar qori Abdurashidxonov 23 yoshidayoq Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga shahdam kirib borib, tez orada o‘z atrofida taraqqiyparvarlarni jipslashtira olgan, maktablar, xayriya jamiyatlari ochib, siyosiy tashkilotlar tuzgan, milliy matbuotga asos solgan, Turkiston Muxtoriyati asoschilaridan bo‘lgan. O‘zining mustamlakachilik siyosatini mustahkamlash, uni qo‘ldan chiqarmaslik uchun har qanday jinoyat va jirkanchlikka qo‘l urgan Rossiya imperiyasi bunday bilimli, botir, aqlli, yorqin shaxslardan doimo qo‘rqib kelgan hamda mutafakkirni ruhan va jismonan yo‘q qilishga kirishgan. “Buyuk turonchilik” g‘oyasini ilgari surgan, millat taraqqiyoti va ozodligi yo‘lida tinimsiz harakat qilgan, imperiya bosqinchi-bosmachilarining turli tazyiqlari, bosimlari va ta’qiblaridan qo‘rqmagan, Vatan ozodligi yo‘lidagi o‘z maslagidan voz kechmagan, endigina 51 yoshni qarshilagan Munavvar qori Abdurashidxonov shu tariqa yo‘q qilingan.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari doktori,

Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//