
XX asr boshlarida Turkiston general-gubernatorligining Samarqand viloyati ichki va tashqi isteʼmol uchun bugʻdoy va meva ishlab chiqaruvchi hudud hisoblangan. Viloyatning maʼmuriy markazi – Samarqand shahrida qariyb 90 ming kishi istiqomat qilgan.
“Meva, choy, paxta, manufaktura – bular mahalliy banklar eʼtibor qaratishi kerak boʻlgan mahsulotlardir”, deb yozgan edi Rus-Osiyo banki inspektori 1916-yilda. Bu vaqtda mahalliy vinochilik ham tez rivojlanadi. Samarqandda bir nechta vino ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishlagan: Filatov, Shmidt, Gladishev, Shustov, Agriyev, Alishoyev kabilar. Fargʻona vodiysidagi kabi Samarqandda ham paxta yetishtirish rivojlanmagandi. 1916-yil viloyatda paxta maydoniga ajratilgan yer atigi 70 ming gektarni tashkil etgan (viloyatning umumiy ekin maydonining 6,78 foizi). Bugʻdoy va javdar ekin maydonlarining 59,04 foizini, guruch 11,45, uzum esa 1,31 foizini tashkil qilgan. Sanoat sust rivojlangan. Samarqandda 8 ta paxta tozalash zavodi, 3 ta yogʻ-moy zavodi ishlagan.
Samarqand iqtisodiy tumanining agrar xususiyatiga qaramay, 1916-yilga kelib bu yerda Rossiya imperiyasining Davlat, Azov-Don, Volga-Kama, Moskva buxgalteriya hisobi, Sibir savdosi, Birlashgan va Rus-Osiyo banklari kabi yetakchi banklarining yettita filiali mavjud edi. Aktiv va passiv operatsiyalar boʻyicha Rus-Osiyo banki filiali birinchi oʻrinda turardi. “Passiv operatsiyalar nuqtayi nazaridan, Birlashgan Bank boshqalarga qaraganda muvaffaqiyatli ishlamoqda, chunki uning filiali bozorda joylashgan”, deya yozgandi Rus-Osiyo banki inspektori.
Davlat bankining Samarqand filiali faoliyati tarixi
Davlat bankining Samarqand filiali 1890-yilda ochilgan. Bank asosan kichik kreditlar bergan, yirik kreditlar choy, paxta, shakar va toʻqimachilik mahsulotlarini sotuvchi firmalar va savdo uylariga ajratilgan. 1897-1904-yillarda Davlat bankining Samarqand filiali har yili 22 -51 ming rublgacha sof foyda olgan. Veksellarni hisobga olish va kredit berish 8 kishidan iborat qoʻmitaning roziligi bilan amalga oshirilgan. 1909-yilda bank qoʻmitasida toʻrtta rus millati vakili: D. Filatov, P. Ignatiyev, S. Gladishev va I. Kuransev bor edi. Mahalliy aholi vakillari ikkita boʻlgan: Mavlonboy Toshmuhammadov va Xoʻja Latif usta Hasanov. Qolgan ikki aʼzo yahudiylar D. Kalantarov va Y. Mullakandov edi.
1905-yilda yirik kreditlar quyidagicha taqsimlangan: choy firmasi egasi Rizayevlarga 100 ming rubl, Mullaqandovlarga 80 ming rubl, Bauer savdo uyiga 60 ming rubl, Kalantarovlarga 60 ming rubl (shakar va manufaktura), Husaynbekovga 50 ming rubl (pudrat) va Vogau firmasiga 40 ming rubl (pivo zavodi) berilgan. Boshqa barcha kreditlar umumiy miqdori 40 ming rubldan kam edi. Davlat bankining Samarqand boʻlimi kreditlarining deyarli yarmi asosan mahalliy yahudiylariga tegishli boʻlgan.
Davlat bankining Samarqand filialining sof daromadlari (ming rublda):
Yillar |
Umumiy daromad |
Sof foyda |
1901 |
75 |
42 |
1902 |
75 |
36 |
1903 |
75 |
38 |
1904 |
85 |
24 |
1905 |
108 |
57 |
1906 |
161 |
115 |
1907 |
195 |
132 |
1908 |
202 |
33 |
1909 |
161 |
51 |
1910 |
150 |
20 |
1911 |
180 |
91 |
1912 |
231 |
170 |
1913 |
232 |
141 |
1914 |
291 |
144 |
1915 |
293 |
184 |
Rus-Osiyo bankining Samarqand filiali tarixi
Rus-Osiyo bankining Samarqand filiali 1895-yilda tashkil etilgan. 1900-yildan Turkistondagi taniqli tadbirkor L. N. Bauer uning rahbari etib tayinlangan. Rus-Osiyo bankining Samarqand filiali mijozlari asosan choy, paxta, manufaktura, meva va pilla bilan savdo qiluvchilar, shuningdek, vino ishlab chiqaruvchilar edi. Samarqand va butun Turkistonda yirik choy savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkor Rizayevlar savdo uyi hisoblangan. 1913-yilda ushbu oila bankrot boʻlgan.
Rus-Osiyo bankining Samarqand filialining daromadlari (rublda):
Yillar |
Sof foyda/zarar |
1910 |
+10.976 |
1911 |
+44.616 |
1912 |
+5.083 |
1913 |
-36.904 |
1914 |
-92.842 |
1915 |
+39.233 |
1916 |
+147.206 |
Rus-Osiyo bankining Samarqand filiali butun davr mobaynida atigi 8,826 rubl yoki yiliga oʻrtacha 1,308 rubl sof foyda koʻrgan. “Boshqacha qilib aytganda, biz tikkan har bir rubldan 2 tiyin ham sof foyda ololmadik”, deb yozgan edi 1916-yilda ushbu bank auditori.
1916-yilda bank foydasining keskin oʻsishi bankning bozordagi shakar bilan spekulyatsiyasi, mijozlar tomonidan bankka eski qarzlar toʻlanishi hamda depozitlarning koʻpayishi bilan izohlanadi. Bankning kelajagini auditorlar 1916-yilda unchalik yorqin koʻrmagan. Taftishchilar, bankning Samarqand filiali kelajakda oʻz operatsiyalarini faqat Samarqand viloyati sanoatlashgan taqdirdagina rivojlantirishi mumkin deb hisoblagan.
Azov-Don bankining Samarqand boʻlimi tarixidan
Azov-Don bankining Samarqand boʻlimi 1911-yilda tashkil etilgan. U asosan paxta firmalari va mahalliy savdogarlarni moliyalashtirgan. Bankning eng yirik mijozlari yahudiy aka-uka Boruxovlar savdo uyi va Issaxarovlar savdo uyi boʻlib, ular 1911-1913-yillarda Turkistonni qamrab olgan ogʻir iqtisodiy inqirozdan soʻng 1913-yilda bankrot boʻlgan.
Buxoroda 55 ming rubllik Issaxarovlarning mulki Azov-don bankining Samarqand filialida garovda edi. 1915-yilda Issaxarovlarning Buxorodagi mol-mulki 37.100 rublga sotildi va banklar oʻrtasida taqsimlandi. Boruxovlar ham 1913-yilda Turkiston boʻylab 199.437 rubl qiymatidagi mol-mulkini Azov-don bankiga garovga qoʻygan.
Bank 1914-yilni 88.937 rubl zarar bilan yopadi. Zararning asosiy sababi 40.926 rubl miqdoridagi veksellar qaytarilmaganligi va 63.441 rublli ishonchsiz qarzlar edi. 1915-yilda bank oʻzini oʻnglaydi va filial 11.468 rubl miqdorida sof foyda oladi.
Volga-Kama bankining Samarqand boʻlimi
Volga-Kama bankining Samarqand boʻlimi 1910-yil avgustida ochiladi. Filial asosan veksel operatsiyalar va pul oʻtkazmalari bilan shugʻullangan. Samarqand filialining mijozlari asosan paxta, meva eksportchilari, shakar va manufaktura importchilari boʻlgan. Bankning yirik mijozlari quyidagi savdo uylari edi: Xoshmagometboyev, aka-uka Boruxov va Isaxarovlar, Fuzaylovlar, aka-uka Kalontarovlar, Mulloqandovlar va Tagiyevlar.
Volga-Kama bankining Samarqand boʻlimining daromadlari (rublda)
Yillar |
Umumiy daromad |
Sof foyda/zarar |
1911 |
129.240 r. 92 k. |
+3.800 |
1912 |
305.035 r. 16 k. |
+55.998 |
1913 |
310.026 r. 07 k. |
+69.681 |
1914 |
161. 591 r. 23 k. |
–193.707 |
1915 |
107.831 r. 11 k. |
–15.022 |
1916 |
174.430 r. 35 k. |
+56.519 |
1911-1913-yillardagi iqtisodiy inqiroz va Birinchi jahon urushi Volga-Kama bankining Samarqand filiali faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. 1913-yilda aka-uka Boruxovlar va Isaxarovlar savdo uyi bankrot boʻlishi oqibatida bank katta miqdordagi pulni yoʻqotadi. Birinchi jahon urushi davridagi spekulyatsiya ham boʻlim faoliyatiga salbiy taʼsir qiladi.
1917-yilga kelib, Oktyabr toʻntarishdan soʻng Samarqanddagi barcha tijorat banklari davlat foydasiga musodara qilinadi.
Aytib oʻtish lozimki, hozirgi kunda Samarqandda muhtasham Rus-Osiyo banki tarixiy binosi saqlanib qolgan va bugun unda Samarqand Davlat universiteti rektorati joylashgan. Bu va boshqa banklar tarixiy binolarini maxsus tarixiy fondga kiritish va turistik marshrutlarga qoʻshish maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Baxtiyor Alimjanov
Tarix fanlari nomzodi
Tarix
Tarix
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q