Ikkinchi jahon urushi sovet imperiyasi tarkibida boʻlgan Oʻzbekiston SSR xalqini ham ogʻir sinovlarni boshdan kechirishga majbur qildi. Urush yillarida oʻzbeklar askar berishdan tashqari, front ehtiyojlarini qoplash uchun juda mashaqqatli va zahmatli mehnatga safarbar etildi. Sovet hokimiyati tomonidan Oʻzbekiston SSRni asosiy xomashyo manbaiga aylantirish siyosati respublikaning ijtimoiy va iqtisodiy hayotini tang ahvolga solib qoʻydi. Barcha imkoniyatlarning urush ehtiyoji uchun yoʻnaltirilishi ijtimoiy sohalarni juda ogʻir ahvolga tushirdi. Ayniqsa ta’lim sifatining keskin qulashiga va soha xodimlari ijtimoiy ta’minotining ogʻir holatiga olib keldi.
Ta’limga oid qonunlar qabul qilingan boʻlishiga qaramay, ularning ijrosi, hayotga tatbiq etilishida muammolar koʻp edi. Bunga quyidagi omillarni sabab qilib koʻrsatish mumkin:
− oʻqituvchilarning armiya saflariga jalb etilishi ta’lim tizimini izdan chiqardi. Shuningdek, oʻqituvchilar boshqa ishlar (paxta terimi, tashviqot ishlari)ga jalb qilindi;
− maktab binolari evakuatsiya qilingan harbiy qismlarga, bolalar uylariga berildi. Darslarning kuniga 3-4 smenada olib borilishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi;
− yuqori sinf oʻquvchilarning koʻp qismi zavod va korxonalarga mehnatga jalb etildi. Natijada oʻquvchilar soni yildan yilga kamayib bordi;
− armiya saflariga ketgan erkak oʻqituvchilarning oʻrnini bosish maqsadida kadrlar yetishtirishda qisqa oʻquv kurslar tashkil etildi. Qilingan bu chora-tadbirlar pedagogik kadrlarni ta’minlashga qaratilgan boʻlsa-da, biroq ta’lim tizimining sifatiga jiddiy ta’sir qildi;
− ta’lim tizimiga yetarlicha mablagʻ ajratilmadi, oʻqituvchilarning moddiy ta’minoti ogʻir ahvolda qoldi.
Urushning birinchi kunlaridayoq Oʻzbekistondan 6 mingga yaqin oʻqituvchilar armiya saflariga majburiy tarzda jalb etilgan. Natijada oʻqituvchilar orasida ayollarning ulushi sezilarli darajada oshgan. 1941-yilda Oʻzbekistonda 35296 nafar (shundan ayollar umumiy oʻqituvchilar sonining atigi 31,7 foizini tashkil qilgan), 1942-1943-oʻquv yilida esa oʻqituvchilar soni keskin kamayib, 30259 nafarga tushib qolgan. Urush yillaridagi oʻqituvchilar soni quyidagicha edi.
1-jadval
|
1941 |
1942 |
1943 |
1944 |
Jami oʻqituvchilar |
35296 |
33960 |
30259 |
37786 |
Shundan ayollar |
11215 |
9099 |
14052 |
19669 |
1942-yilda ayol o‘qituvchilarning soni kamaygan. Buni ularning kasalxonalar hamda boshqa ishlarga jalb etilgani bilan izohlash mumkin. Urushning dastlabki yillarida yaradorlar sonining oshishi hisobiga tibbiyot xodimlariga bo‘lgan talab ortib borgan. 1943-yildan boshlab esa o‘qituvchilar o‘z sohalariga qaytib, ta’lim berishni davom ettirganlar.
1941–1944-yillarda oʻqituvchilarning milliy tarkibi quyidagicha boʻlgan.
2-jadval
Yillar |
Jami o‘qituvchilar |
O‘zbeklar |
Boshqa xalqlar |
Rus va boshqa Yevropa vakillari |
|||
Jami |
Shu jumladan ayollar |
Jami |
Shu jumladan ayollar |
Jami |
Shu jumladan ayollar |
||
1941 |
35296 |
19869 |
5429 |
4138 |
717 |
11289 |
5069 |
Foizlarda |
56,3 % |
15,4 % |
11,7 % |
2 % |
32 % |
14,3 % |
|
1944 |
37786 |
14830 |
8422 |
5021 |
2581 |
17935 |
8666 |
Foizlarda |
39,2 % |
22,3 % |
13,3 % |
6.8 % |
47,4 % |
22,9 % |
Jadvalga ko‘ra, 1941–1944-yillar oralig‘ida o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan o‘qituvchilar 56,3 % dan 39,2 % ga kamaygan, boshqa xalqlar (tojik, qozoq, qirg‘iz va boshqalar) 1,6 % ga, rus va boshqa Yevropa vakillari esa (tatarlar ham kirgan) 15,4 % ga oshgan. 1944-yilda boshqa millatga mansub bo‘lgan o‘qituvchilar o‘zbek o‘qituvchilari sonidan 8,2 % ortiq edi. Bu respublikaga xalqlarning ko‘chirilgani hisobiga yuz berdi.
Ta’lim tizimining eng ogʻriqli muammosi – fan oʻqituvchilarining yetishmasligi edi. Bu davrda oʻqituvchi kadrlar tayyorlash jiddiy muammoga aylandi. Shu maqsadda qisqa oʻquv kurslari tashkil etildi, ba’zi fanlar (musiqa va rasm chizish) oʻquv dasturidan chiqarildi. Bundan tashqari, oʻqituvchilarning yetishmovchiligini qoplash uchun oliy va oʻrta pedagogika oʻquv yurtlarida qisqa tayyorlov kurslar orqali oʻqituvchilarni ommaviy tayyorlash boshlandi. Har bir viloyatda kunduzgi va kechki oʻquv kurslari ochilgan. Masalan, Andijon kunduzgi va kechki oʻqituvchilar instituti 1941-1942-oʻquv yilida 17 yoshdan 40 yoshgacha boʻlganlarni qabul qilgan. Qabul qilingan a’lochilar stipendiya, boshqa joydan keladiganlar turar-joy bilan ta’minlangan. Oʻqituvchi tayyorlash kurslari 10 oyga moʻljallangan boʻlishiga qaramay, kunlik dars soatlarini koʻpaytirish evaziga (mashgʻulot 6 soat oʻrniga 8–10-soatdan davom etgan) 10 oydan 6 oy-u 4 kunga tushirilgan. Buning oʻziga xos sabablari bor edi: birinchidan, oʻqituvchi kadrlarga boʻlgan zaruriyatning ortgani; ikkinchidan, mablagʻning kamligi; uchinchidan, oʻquvchilarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’min etilmasligi.
Ba’zi viloyatlarda esa oʻqituvchi kadrlarning yetishmasligi natijasida kolxozlarning tashabbusi bilan mablagʻ ajratilib, yoshlarni oʻquv kurslariga yuborish holatlari uchrab turgan. Misol uchun, Buxoro viloyat Otbozor qishloq soveti kolxozdagi maktabni oʻqituvchilar bilan ta’minlash uchun yosh kolxozchilardan Mustafoyev, Muharram Gʻofurova va boshqalarni Buxoro bilim yurtiga oʻqishga yuboradi. Har bir oʻquvchi uchun 1800 soʻmdan moddiy yordam ajratgan.
1941–1944-yillarda bunday kurslarda 16081 nafar (yillar kesimida 1941-yilda 3865 ta, 1942-yilda 7356 ta, 1943-yilda 4860 ta, 1944-yil umumiy hisobda esa 16081 nafar) pedagog kadrlar tayyorlangan. Shunga qaramay, respublika maktablari 1943-1944-oʻquv yilini 6700 nafar oʻqituvchi yetishmasligi bilan boshladi. Natijada oʻqituvchi tayyorlashga kirishgan maktablarning 8–10-sinflariga pedagogika fani kiritilgan, pedagogik tayyorgarlikdan oʻtgan 8-sinf oʻquvchilari boshlangʻich maktablarning 2-sinflariga, 9-10-sinf oʻquvchilari esa 3-sinflariga oʻqituvchilik qilishgan.
Harbiy xizmatga yaroqli oʻqituvchilarning frontga, mehnat ishlariga jalb etilishi, maktablarda darslarning oʻtilmay qolishiga sabab boʻlgan. Rasm va chiroyli yozuv oʻqituvchisi Toshkanboyevning Farhod GESi qurilishiga jalb etilishi bilan koʻp darsi oʻtilmay kelingan. Shuningdek, аrxivlarda o‘qituvchilarning o‘z kasblari bilan shug‘ullanishlari uchun murojaatlari ham saqlanib qolgan. O‘qituvchi Hilol Karimov 1943-yilda Oʻzbekiston SSR XKS raisi – Abdurahmonovga quyidagi mazmunda ariza bilan murojaat qiladi: “1941-yil 25-iyulda fashist Germaniyasiga qarshi armiyaga yordam berish uchun Sverdlov shahridagi 680-qurilish jamoasida ishlamoqdaman, kelganimga 2 yil bo‘ldi. Sizdan talabim shuki, 1942-yil 30-iyulda 14088-sonli chiqarilgan qarorga asosan o‘qituvchilarni, ya’ni zavodda ishchi xizmatida bo‘lganlarni bo‘shatib, o‘z vazifalari bilan ta’minlansin deyilgan. Biz bu yerdagi o‘zbek o‘qituvchlari bir qancha qiyinchiliklar asosida olgan ilmimizga achinib, yer qazish ishida ishlab kelamiz. Talabim shuki, biz Hilol Karimov, Abduqodir Hayitmetov kabi o‘qituvchilarni o‘z ixtiyorlaringizga chaqirib olsalaringiz, biz O‘zbekistonda o‘z vazifamizda ishlasak”.
Yuqoridagi omillar natijasida bir sinfda ikki yil qolish holati ortib borgan. 1941-1942-oʻquv yilida bir sinfda ikki yil qolgan oʻquvchilar 7,3 % ni, 1944-1945-oʻquv yilida esa 14,4 % tashkil etgan.
Sovet oʻqituvchisidan faqat bolalar tarbiyachisigina boʻlib qolmasdan, qishloqlarda katta madaniy kuch, tashviqotchi, kolxozchilarni yanada yaxshiroq va samaraliroq ishlashga ilhomlantiruvchi, har bir ishda shaxsan na’muna koʻrsatuvchi, dalalarda maktab bolalarining samarali mehnatini tashkil eta oladigan shaxs sifatida namoyon boʻlshi talab etilgan. Ayol oʻqituvchilar maktab ishlaridan tashqari oʻz oʻquvchilari bilan birgalikda qishloq xoʻjalik ishlarida, mudofaa fondlariga mablagʻ toʻplash, shanbalik va yakshanbaliklarni uyushtirish, askarlar va leningradliklarning bolalari uchun sovgʻa-salomlar tayyorlash, rangli metall va temir-tersaklar toʻplash, gospitallarni otaliqqa olish va boshqa ishlarda faol qatnashishga majbur qilingan. Bu vaqtda ta’lim ikkinchi darajaga tushib, o‘qituvchilarning asosiy vazifasi mudofaa va xoʻjalik ishlarida faol ishtirok etishdan iborat boʻlgan.
Oʻzbekiston SSR Maorif xalq komissarligining 1941-yil 19-iyuldagi “Urush sharoitida shahar maktablari oʻquvchilari va oʻqituvchilarining ishi toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, barcha oʻqituvchilarning (birinchi navbatda, tarix, konstitutsiya, geografiya, til va adabiyot oʻqituvchilarini) aholi oʻrtasida targʻibot va tushuntirish ishlarini olib borishi belgilangan edi. Bundan koʻzlangan maqsad aholi orasida fashizmga nisbatan nafrat uygʻotish, Moskva tomonidan qabul qilingan qarorlarni yoyish va siyosiy voqealardan xabardor qilish bo‘lgan.
Ba’zi tuman partiya qoʻmitalari xalq maorifi muassasalarini qoʻllab-quvvatlash va ularga yordam berish oʻrniga oʻqituvchilarni qishloq sovetlariga hamda kolxozlarga doimiy ravishda bogʻlab qoʻyganlar. Shuningdek, maorif kadrlarining boshqa ishga jalb etilishi oqibatida qoʻnimsizlik koʻp boʻlgan. 1944-1945-oʻquv yili davomida viloyat, shahar va tuman maorif boʻlimlarining 179 mudiridan 49 kishi, 849 oʻrta maktab mudiridan 166 tasi almashtirilgan.
Maktab binolari respublikaga koʻchirib keltirilgan harbiy korxonalar, gospitallar, ishchilarga yotoqxona va urush bilan bogʻliq boʻlgan boshqa maqsadlar uchun foydalanishga topshirilgan. 1941-1942-yillarda urushdan oldin qurilgan 360 ta shahar (boshqa adabiyotda 200 dan ortiq deb koʻrsatilgan) maktab binolarining boshqa maqsadlarda foydalanilishi tufayli respublikada maktablar soni kamayib ketgan: (3–4-jadvalda yillar kesimida maktablar va sinflar soni berilgan).
3-jadval
Maktablar soni
Maktab bosqichlari |
1940/41 |
1941/42 |
1942/43 |
1943/44 |
Boshlangʻich |
2651 |
2470 |
2052 |
1873 |
Toʻliqsiz oʻrta |
1670 |
1679 |
1773 |
1827 |
Oʻrta |
474 |
496 |
545 |
733 |
Jami |
4795 |
4645 |
4374 |
4433 |
4-jadval
Sinflar miqdori
Oʻquv yili |
1–4-sinf |
5–7-sinf |
8–10-sinf |
Jami |
1940/41 |
288668 |
10279 |
1392 |
40339 |
1941/42 |
25979 |
11268 |
1385 |
38632 |
1942/43 |
23089 |
10966 |
1232 |
35287 |
1943/44 |
21355 |
12082 |
1671 |
35108 |
Yuqoridagi jadvallardan koʻrinib turibdiki, 1943-1944-oʻquv yilida maktablarning umumiy soni 1940-1941-oʻquv yiliga nisbatan mos ravishda 362 maktabga, sinflar soni esa 5231 taga kamaygan. Natijada koʻp smenali sinflar tizimi vujudga kelgan. Toshkent, Samarqand kabi shaharlardagi aksariyat maktablar 3, hatto 4 smenada ishlash tizimiga oʻtgan. Ta’lim tizimida ham oʻzgarishlar sodir boʻlib, darslar ertalab soat 8 dan kechki vaqtgacha davom etardi. Hattoki tanaffuslar oraligʻidagi vaqtlar ham qisqartirilgan. Bunday tartib maktab va oʻquvchilar hayotiga salbiy ta’sir koʻrsatgan. Har bir dars urushga bogʻlab olib borilgan. Bilim yurti va mahallalarda har oyda ikki marta urushdagi xalqaro ahvolga doir ma’ruza oʻtkazilgan.
Boshqa xato va kamchiliklar ham yetarlicha edi. Asosiy kamchilik – ta’lim rejasining bajarilmaganida boʻlgan. Yuqori sinf oʻquvchilarini korxona ishlariga jalb etish orqali frontga ketgan malakali ishchilar oʻrnini qoplash koʻzda tutilgan. Bolalarning oʻqishdan ajratib qishloq xoʻjaligi ishlariga safarbar qilinishiga qarshi hech qanday chora koʻrilmagan. Oʻquv yili boshidagi oʻquvchilar soni yil oxirida kamayib borgan. Umuman olganda 1942-1943-oʻquv yili oxirida bolalarni taʼlimga jalb qilish rejasi 23,4 foizga bajarilmagan. Sabablari esa:
birinchidan, koʻpgina oilalarda oʻsmir oʻquvchilar yetim qolgan kichik farzandlarning birdan-bir boquvchilari edi. Shuning uchun yuqori sinflarda oʻqiyotgan yigit va qizlarning bir qismi maktabni tashlab ketishga hamda ishlash uchun sanoat korxonalariga, kolxoz va sovxozlarga borishga majbur boʻldilar;
ikkinchidan, dars qoldirgan oʻquvchilarning koʻpchiligida kiyish uchun kiyim-kechakning yoʻqligi edi. Oʻquvchilar oyoq kiyimning yoʻqligi, ustki kiyimlarining yupqaligi, kasallanish va boshqa sabablarga ko‘ra dars qoldirganlar. Natijada maktablarda oʻquvchilar soni yildan yilga kamayib bordi. Quyidagi jadvalda sinflar kesimida oʻquvchilar sonining kamayib borishini ko‘rish mumkin:
5-jadval
Oʻquv yili boshidagi oʻquvchilar soni (minglab kishilar)
Sinflar kesimida |
1940/41 |
1941/42 |
1942/43 |
1943/44 |
1–4-sinf |
895,1 |
801,7 |
634,8 |
602,0 |
5–7-sinf |
318,3 |
342,3 |
306,9 |
298,4 |
8–10-sinf |
38,6 |
35,2 |
25,5 |
35,0 |
Jami |
1252,0 |
1179,2 |
967,2 |
935,4 |
Masalan, 1941-1942-yillarda Samarqand viloyati maktablarida 7–9-sinflarda 4300 kishi oʻqigan, ular 1944-yilda 10 yillik maktabni bitirib chiqishlari kerak edi, aslida esa oʻsha yilda maktabni faqat 388 kishi bitirdi. Chunki ularning bir qismi ishlab chiqarishga kolxoz va sovxozlarga ketib qolgan boʻlsa, bir qismi esa dars mashgʻulotlaridan ajratib dala ishlariga jalb etilgan.
Markazning topshirigʻi bilan Oʻzbekiston Maorif xalq komissarligi 1941-yil 8-sentyabrda 1852-sonli buyrugʻini qabul qilgan. Unga koʻra, respublikadagi barcha maktab oʻquvchilarining paxta yigʻim-terimiga keng ravishda qatnashishlari majburiy etib belgilangan. Hattoki, quyi sinf oʻquvchilari ham paxta terimidan chetda qolmagan. Oʻzbekiston Maorif xalq komissari – I.Razakov 1942-1943-oʻquv yilida boshlangʻich va oʻrta maktablarning 4–5-sinflar dars rejasini oʻzgartirishga majbur boʻldi. Oʻzbekiston SSRning ba’zi bir tumanlarida paxta yigʻim-terimining juda keskin ahvoldaligi munosabati bilan 5-sinfdagi oʻqish rejasini qisqartirib oʻquvchilarni qishloq xoʻjalik ishlariga safarbar qilishga toʻgʻri keldi. 4-sinf oʻquvchilariga kelgan vaqtda esa qoida boʻyicha ular paxta terimiga faqat qishloq maktablaridagina safarbar qilinishi belgilab berilgan. Biroq ayrim vaqtlarda paxta tayyorlash bilan bogʻliq keskin vaziyat 4-sinf oʻquvchilarning ham paxta terimiga majburiy jalb qilinishiga olib keldi.
SSSR XKS va Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi “Paxta yigʻim-terimida qishloq va shahar maktablarining oʻquvchilarini, oliy oʻquv yurtlarining talabalarini va muassasa hamda tashkilotlari xizmatchilarini safarbar qilish toʻgʻrisida”gi 1943-yil 9–11-oktyabrdagi 1455-sonli qaroriga koʻra, paxtani yigʻish uchun shahar maktablari oʻquvchilarini 6-sinfdan, qishloq maktablari oʻquvchilarini 5-sinfdan, oliy oʻquv yurti talabalari, shuningdek, muassasa va tashkilotlarning 20 % dan 30 % gacha xizmatchilari paxta terimiga jalb qilingan. Yuqoridagi holatlar natijasida, respublikada 1944-1945-oʻquv yilining boshida 162 ming bola maktabga tortilmay qolgan, 90 ming oʻquvchi oʻquv yili davomida mashgʻulotlarga qatnamay qoʻygan. Respublikada shunday viloyatlar borki, bu joylarda o‘rta maktabni tamomlagan 1 ta ham o‘zbek topilmasligi juda achinarli holat edi. Masalan, Surxondaryo viloyatida aholidan 10 yillik maktabni bitirgan birorta o‘zbek yigiti yoki qizi yo‘q edi. Qashqadaryo viloyatida esa bor yog‘i 15 ta, Andijon shahar maktabi ikki yildan (1944–1945-yillar) buyon 10-sinfni bitirgan birorta ham o‘zbek o‘quvchi chiqarmagan. Holbuki, Andijon urushdan avval oliy maktablarga kiruvchi o‘zbek yoshlari tayyorlashning eng katta markazlaridan biri edi.
Odatda yuqori sinf o‘quvchilarining asosiy qismi yoki 8-sinfga o‘tkazilgan o‘quvchilarning 80–85 % i turli sabablar bilan maktabni bitirmay chiqib ketadilar. Ayniqsa qishloq maktablarida katta yoshdagi oʻquvchilarni maktabga yubormay, ulardan mehnat kuchi sifatida foydalanish keng tus olgan. Oqibatda ular ta’lim jarayonidan uzilib qolgan. Qishloq maktablarining koʻpchiligida oʻquvchilarning 40–50 % i darslarga qatnagan, ba’zi tumanlardagi maktablarda esa mashgʻulotlar butunlay toʻxtab qolgan. Oʻquvchilarni mashgʻulot vaqtida maktabdan olib qolmaslik toʻgʻrisida maxsus qaror chiqarilgan boʻlsa-da, Moskva tomonidan koʻrsatilgan qattiq talablarni bajarish maqsadida kolxoz rahbarlari ham oʻquvchilarni haftalab, oylab maktabdan olib qolib, dalada ishlatgan. Nukus qishloq sovetidagi “Mehnat guli”, “Oʻzgarish”, “Qizil qurilish” kolxozlarining raislari – Nurmatov, Normatov va Polvonovlar 5–7-sinflardan har kuni 45–50 bolani majburiy ravishda maktabdan olib qolib, dalada ishlatganlar. Shu paytda 6-sinfda 29 boladan 3 tasi darsda qatnashgan. Ta’til vaqtlari ham oʻquvchilar mehnat ishlariga jalb qilingan. Maktab yoshidagilarni majburiy ravishda dala ishlariga jalb etish, birinchidan, ularning jismoniy va ruhiy holatiga ta’sir oʻtkazmasdan qolmagan; ikkinchidan, darslarni yaxshi oʻzlashtirmasliklariga sabab boʻlgan.
Urushdan keyingi yillarda ham ta’lim rejasi bajarilmaganini koʻrish mumkin. 1946-yil Toshkent shahar partiya komitetida shahardagi maktab, maorif xodimlari va otaliq tashkilotlarning kengashida oʻquv yoshdagi 5-6 minglab bolalar maktabdan chetda qolib ketgani ta’kidlangan. Buxoro viloyatidagi maktablarda 1945-1946-oʻquv yilida oʻquvchilarning 78 foizigina maktablarga jalb qilingan. Maktab binolari yomon ahvolda ekani, yoqilgʻi bilan yetarli ta’minlanmagani qattiq sovuqlarda va yogʻingarchilikda oʻquvchilarning muntazam dars qoldirishlariga sabab boʻlgan. Tarbiyaviy ishlar olib borilmasligi natijasida maktab mulkiga zarar yetqizish, oʻquvchilar oʻqituvchilar bilan odobli munosabatda boʻlmaslik holatlari ham aniqlangan. Bunga oʻqituvchi va oʻquvchilarning ommaviy qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb etilish natijasida oʻqituvchilarning nufuzini pasayishi, koʻp holatda maktablarda oʻquv mashgʻulotlari olib borilmasligi sabab bo‘lgan
Mirshod SIDDIQOV,
O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti
Tarix
Tarix
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q