Jahonni sarosimaga solayotgan mafkura – radikalizm qurbonlari kim bo‘ladi?


Saqlash
16:33 / 17.04.2025 133 0

XXI asr insoniyat tarixida iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan va texnologiya jabhalarida ulkan yutuqlar davri sifatida muhrlanmoqda. Ayni vaqtda dunyo tinchligiga tahdidlar ko‘lami ham ortayotir. Ijtimoiy-siyosiy buhronlar, iqtisodiy inqirozlar, urushlar butun kurrai arzda aks sado berayotir. Ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan mafkuraviy tahdidlar qarshisida hatto mutaraqqiy davlatlar ham kalovlanib, sarosimaga tushib qolayotgani ayni haqiqat. Mafkura jabhasidagi ana shunday xatarlardan biri bu radikalizmdir.

 

“Radikalizm (lot. radix – ildiz) – siyosiy tuzum va ijtimoiy institutlarni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan g‘oya va harakatlarni ifodalovchi siyosiy, diniy oqim”, deyiladi ma’naviyatga doir tushunchalar lug‘atida (Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati. Toshkent, “O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati” nashriyoti, 2021. 497-bet). Bu ta’rif biz so‘z yuritayotgan fenomenning bir qirrasini ifodalaydi, xolos. Aslida, radikalizm – ko‘p ma’noli, keng qamrovli ijtimoiy hodisa. Jamoatchilik uni ko‘proq siyosiy, diniy fenomen deb biladi. Vaholanki, radikalizmning ijtimoiy, iqtisodiy, milliy, mafkuraviy ko‘rinishlari mavjud.

 

Radikalizm – global siyosiy voqelikka, davlat va jamiyat taraqqiyotiga, hukumatlar va xalqaro tuzilmalar faoliyatiga ta’sir etishga yo‘naltirilgan; ijtimoiy tuzilmalar, ma’naviy asoslarni o‘zgartirishga qaratilgan mafkura. U sport, ta’limdan to siyosatga qadar – jamiyatning deyarli barcha sohalarida uchraydi.

 

Radikalizm – psixologik terror usulidir. Radikal harakatlar insonlar ongi, ma’naviyati va dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatish orqali o‘z maqsadini ro‘yobga chiqarishga urinadi. Turli kayfiyatdagi insonlar, ayniqsa, yoshlarni og‘dirish, ular ongini zaharlash, dunyoqarashini o‘zgartirish, davlat va jamiyatga nisbatan norozilik uyg‘otish orqali barqarorlik izdan chiqariladi. Sof diniy e’tiqoddan adashtirish, firqabozlik, ayirmachilik, “ommaviy madaniyat” niqobi ostida azaliy qadriyatlarga yot g‘oyalarni singdirish, axborot tarmoqlari orqali g‘ayriaxloqiy odatlarni targ‘ib qilish ham psixologik terror xurujlari sirasiga kiradi.

 

Radikalizmga xos xususiyatlardan yana biri – ijtimoiy muammolarni hal qilishda zo‘ravonlik usulidan foydalanish; bosim, tazyiq va tahdidga moyillikdir. Bu toifaga mansub shaxslar, guruhlar jamiyatdagi muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish imkoni bo‘lgani holda zulm, zo‘ravonlikni afzal ko‘radi. Tarixning burilish nuqtalarida, siyosiy tanglik va taranglik kuchaygan, ma’naviy tanazzul, ziddiyatlar keskinlashgan vaziyatlarda u yanada avj oladi.

 

Arab tilida biror masalaga haddan ziyod berilish, mukkadan ketish, me’yor va chegarani buzish “g‘uluv” deb ataladi. Bizningcha, ushbu istiloh radikallashuvning mazmun-mohiyatini muxtasar tarzda ifodalaydi. Xoh diniy, xoh dunyoviy masalalarda bo‘lsin, g‘uluvga berilish yaxshilikka olib kelmaydi.

 

Radikalizmning legal va nolegal shakllari mavjud. Ba’zi radikal harakatlar rasman ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatadi, davlatning boshqaruv strategiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Hozirda Yevropa mamlakatlarida katta mavqe kasb etayotgan o‘ta o‘ng qanotga mansub partiyalar aynan qonuniy faliyat yuritayotgan radikal harakatlarga misol bo‘la oladi.

 

Radikalizmning nolegal shakli keng tarqalgan bo‘lib, u oxir-oqibat terrorizmga olib boradi. Noqonuniy guruhlar, jinoiy to‘dalar, ekstremistik tashkilotlarning aksari shu toifaga mansub.

 

Tahliliy ong, tanqidiy tafakkurning zaifligi kishini mutaassiblikka yetaklaydi. Bunday shaxslar mafkuraviy ta’sirga tez beriladi, agressiv harakatlarga moyil keladi. Ularni psixologik beqarorlikka tushirish, manipulyatsiya qilish, g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona ergashtirish oson kechadi.

 

XXI asr boshlariga kelib radikalizmning mafkuraviy asoslari, ta’sir doirasi, maqsad va vazifalari yaqqolroq namoyon bo‘la boshladi. Uning millatlar, elatlar, madaniyatlar, sivilizatsiyalararo muloqot muvozanatini buzishi, insoniyatning erkin va farovon hayotiga raxna solishi aniq-ravshan ma’lum bo‘ldi.

 

Radikalizm dunyo davlatlarining barchasiga daxldor voqelik ekani sir emas. Yer kurrasi “ulkan yagona qishloq”qa aylangan globallashuv sharoitida mafkuraviy xurujlar xalqaro xavfsizlik tizimlariga bevosita ta’sir ko‘rsatib, o‘ta xatarli holatlarni yuzaga keltirmoqda.

 

* * *

Sog‘lom fikrli shaxs dabdurustdan mutaassibona g‘oyalar domiga tushib qolishi mumkinmi? Psixologlar kishining radikal g‘oyalarga berilishi daf’atan kechmasligi, bu hol bolalikdagi tarbiyadan to ijtimoiy muhitga qadar – ko‘plab sabab-omillarga bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.

 

Radikallashuvga sabab bo‘luvchi omillar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

 

bolalikdagi tarbiya usuli (avtoritar, zulmkor, “oila kumiri” fenomeni yoki farzandni butunlay nazoratsiz qoldirish, cheklovlarsiz o‘stirish);

 

shaxsning psixologik xususiyatlari (o‘ziga past baho berish, ishonchsizlik);

 

shaxs ongining buzilishi (tobelik, xavotir, qo‘rqoqlik, hasadgo‘ylik, takabburlik);

 

faqat o‘z manfaatlarini yuqori qo‘yish ortidan xudbinona xulqning shakllanishi.

 

Shuningdek, yoshlardagi hayotiy tajribasizlik va hissiyotga beriluvchanlik, ong va dunyoqarashning to‘liq shakllanmagani, ruhiy tushkunlik, yaqinlar e’tiboridan chetda qolish, ishonuvchanlik kabi jihatlar ham xatarnok yo‘lga kirish xavfini oshiradi.

 

Jamiyat miqyosida radikallashuvni kuchaytiradigan sabablar esa quyidagilardir:

 

mafkuraviy bo‘shliq, madaniy vakuumning yuzaga kelishi;

 

qashshoqlik, iqtisodiy nochor umr kechirayotgan toifa vakillarida norozilikning ortishi, yalpi tushkunlik, hokimiyatga ishonchsizlik kayfiyatining paydo bo‘lishi;

 

jaholat, chalasavodlik, ilmsizlik oqibatida aholi, ayniqsa, yoshlarning targ‘ibot to‘riga tushishi;

 

tashqi kuchlar tomonidan mahalliy qadriyatlarga yot bo‘lgan g‘oyalarning singdirilishi;

 

radikalizm targ‘iboti bilan shug‘ullanadigan harakatlarga qarshi tura oladigan infratuzilmaning mavjud emasligi.

 

Iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida o‘sgan, tahqirlarga nishon bo‘lgan bolada yoshlik davridanoq borliqqa, jamiyatga nisbatan nafrat, shafqatsizlik, isyon tuyg‘ulari shakllanib boradi. Keyinroq yara gazak olib, xastalik yanada xavfli tusga kirishi hech gap emas.

 

Terrorchilar, jangarilarning nasl-nasabi, hayot tarzi surishtirilganda, aksari qashshoq oilalardan chiqqani, nochorlikdan risoladagidek ta’lim olmagani, to‘yib ovqatlanmagani, kamsitishlarga uchragani aniqlangan. Lekin ularni bu yo‘lga boshlagan mafkuraviy yo‘lboshchilar ko‘pincha o‘ziga to‘q, o‘qimishli, siyosiy dunyoqarashi shakllangan, aniq maqsad, manfaatlarni ko‘zlagan shaxslar bo‘ladi.

 

* * *

Radikalizm targ‘ibotchilari, avvalo, odamzodning eng hassos tuyg‘usi – diniy e’tiqod orqali unga hukm o‘tkazishga urinadi. Taraqqiyotning beshigi, jahon dinlari vatani hisoblangan, yirik imperiyalar manfaatlari to‘qnashgan Yaqin Sharq mintaqasida radikallashuv holatlari ko‘p uchramoqda. Olovli mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy beqarorliklar umumjahon taraqqiyotiga ham ta’sir ko‘rsatayotir (Rooney C. Creative Radicalism in the Middle East. London, SOAS University of London Press, 2021. P. 52).

 

Bugun jahon hamjamiyati Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatni, IShID, “Al-Qoida”, “Boko Haram” (Nigeriya), “Ansor Bayt al-Maqdis” (Misr), “An-Nusra” (Iroq) kabi radikal tashkilotlar faoliyatini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Chunki bu kabi harakatlar faoliyati mahalliy, mintaqaviy doiradan chiqib, allaqachon global xarakter kasb etgan.

 

Arab va islom dunyosidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, tabaqalashuv, birdamlikning yo‘qolishi, ishsizlik, tengsizlik, kambag‘allik darajasining ortib ketishi, savodsizlik kabi salbiy holatlar aholi noroziligini oshirib, radikal oqimlarning siyosat maydoniga kirib kelishiga zamin yaratdi.

 

Musulmon dunyosidagi radikal oqimlar sof islomga xos bag‘rikenglik, tinchliksevarlik tamoyillarini rad etadi, tanqid qilish huquqini tan olmaydi, ma’rifat ustuvorligini inkor qiladi, xatolarni tuzatish zaruriyatiga ishonmaydi.

 

Taassufki, jahon hamjamiyati islom siymosida ilm-ma’rifatga oshno ilohiy dinni emas, balki ko‘proq radikal harakatlarni ko‘rmoqda. Bu, o‘z navbatida, sivilizatsiyalararo muloqotga raxna solayotir. Arab tadqiqotchisi Ismoil Usmonning ushbu fikrlari e’tiborga molikdir: “Biz diniy ta’limotlar mohiyatini to‘g‘ri tushunishimiz, aqidaparastlarning tajovuzkor harakatlarini aslo din bilan bog‘lamasligimiz kerak. Shu bilan birga, bag‘rikenglik va totuv yashash madaniyatini tarqatish, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, xatolarni tan olish va boshqalarning tanqidini qabul qilish orqali diniy murosasizlikka qarshi kurashmog‘imiz lozim” (Usmon I. Ekstremizm va diniy murosasizlik, ularning sabablari va ularga olib keladigan omillar. Tripoli, “Ilm-fan va jamiyat” xalqaro jurnali, 2017).

 

Paradoks shundaki, radikallashuvga qarshi kurashning o‘zi murosasiz, radikal tusga kirmoqda. “O‘rmonga o‘t ketsa ho‘l-u quruq baravar yonadi” deganlaridek, radikallashuvga qarshi kurash islomni xalqaro miqyosda yomonotliq qilish kampaniyasiga aylanmoqda. Malayziya sobiq bosh vaziri Mahathir Muhammad “Bugungi kunda islomning ezgulik va bag‘rikenglik dini ekani unutilgandek. Uni radikalizm va ekstremizm manshai sifatida qoralash nafaqat musulmon bo‘lmagan, hatto liberal qarashli musulmon jamiyatlarda ham uchrab turibdiki, bu o‘ta achinarli holatdir”, deganida haq edi (Mohammad M. Islam and the Muslim Ummah. Selected Speeches. Putrajaya, Pelanduk Publications Press, 2000. P. 59).

 

Jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida “islomchilar”, “islomiy jangarilar”, “islom fundamentalizmi”, “islom ekstremizmi” kabi atamalar keng qo‘llanmoqda. Bizningcha, sof islomiy ta’limotga butkul zid yo‘lni tanlagan shaxslar, guruhlar va harakatlarga muqaddas dinimiz nomini nisbat berish to‘g‘ri emas. Musulmon olamidagi nufuzli ulamolar ham bunday yondashuv noravo ekanini ta’kidlamoqdalar. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham muqaddas dinimizni ekstremistik va terrorchi tashkilotlar bilan yonma-yon qo‘yishni keskin qoraladi. “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deb ta’kidlagan edi davlatimiz rahbari BMT minbarida (Mirziyoyev Sh. Xalqimiz roziligi – bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. Toshkent, “O‘zbekiston” nashriyoti, 2018. 253-bet).

 

Radikalizm atalmish baloi azim insoniyat boshiga musibatlar yog‘dirayotgan bir vaqtda islom beshigi hisoblangan arab diyorlarini jahon hamjamiyatidan uzib qo‘yishga urinishlar ham kuzatilmoqda. Bunday yondashuv muammoni hal etishga emas, bil’aks, millatlararo, dinlararo, madaniyatlararo muloqotning izdan chiqishiga olib keladi. Aslida, radikal kuchlarning maqsad-muddaosi ham shu.

 

* * *

G‘arb siyosiy doiralarida radikalizm va diniy fundamentalizm faqatgina islom diniga xos degan stereotip tarqalgan. Mazkur biryoqlama nuqtai nazar ba’zi islomofob davlatlar, siyosiy tashkilotlar, guruhlar tomonidan xalqaro doirada shunchalik ko‘p targ‘ib qilindiki, afkor omma ongida yanglish tasavvur shakllanib qoldi. Holbuki, radikalizm nainki din, balki millat, madaniyat va chegara bilmas xatardir.

 

O‘rta asrlarda masihiylikni himoya qilish maqsadida olib borilgan salib yurishlari zamirida diniy motiv qobig‘iga yashiringan siyosiy maqsadlar yotar edi. Keyingi davrlarda ham dunyoning turli burchaklarida radikal harakatlar tomonidan bosqinchilik urushlari amalga oshirildi. Yaponiyada samuraylar, Kambojada qizil kxmerlar, Hindistonda sikhlar kabi toifa, guruhlar faoliyatida radikalizm alomatlarini ko‘rish mumkin.

 

ETA (Ispaniyadagi milliy ayirmachilar tashkiloti), “Qizil brigada” (Italiyadagi inqilobiy-proletar guruh), “Tupamaros G‘arbiy Berlin” (Germaniyadagi siyosiy-milliy radikal tashkilot), Irlandiya respublikachilar armiyasi, Kurdiston ishchi partiyasi, Xunta (Lotin Amerikasidagi milliy-radikal tashkilot) kabi tuzilmalar ham radikalizmning jug‘rofiyasi biz o‘ylagandan ko‘ra keng ekanini ko‘rsatadi.

 

1995-yili Tokio metrosida gaz vositasida uyushtirilgan hujum boshida “Aum Sinrikyo” ibodatxonasi vakili, harakat rahnamosi, neobuddist Shoko Asahara turgan edi. Terror harakati deb tasniflangan bu hodisa buddaviylik singari tinchliksevar e’tiqod ham radikalizmdan xoli emasligini ko‘rsatadi.

 

Xristian cherkovi o‘tmishda ilm-fan ravnaqiga qarshi ayovsiz kurashgani, bu borada shafqatsiz jazo usullaridan foydalangani ma’lum. Hozir ham nasroniylikning ayrim adashgan oqimlari davlat va jamiyat qurish nazariyasi, inson hayoti, turmush tarzi, asrlar davomida shakllangan diniy qarashlarni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan radikal nazariyalarni ilgari surmoqda.

 

E’tiqodiy qarashlarning zamonaviy transformatsiyasi sokin kechmaydi, albatta. Yahudiylik dinida ham jiddiy munoqashalar yuz berayotganini kuzatish mumkin. Tavrotga muvofiq hayot kechirishni da’vat etuvchi yahudiylar bilan islohot tarafdorlari o‘rtasida ziddiyat mavjud. Jumladan, o‘ta ortodoksal toifaga mansub yahudiylar Tavrotdan uzoqlashib borayotgan islohotchilarga qarshi keskin kurash e’lon qilgan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Isroilda “neokaraizm” radikal oqimi vujudga keldi. Ushbu aqidaparast oqim “davlatning dindan uzoqlashib borayotgani”, “jamiyatda dinsizlik ortib borayotgani”ni tanqid qiladi. Harakat asoschisi Shabtay Ben Dov Isroil davlatining arab va musulmon mamlakatlari bilan har qanday munosabatlariga qarshi chiqadi. Ushbu radikal guruh vakillari Falastin yerlari tarixan yahudiylarga tegishli ekanini da’vo qilib, Aqso va Qubbat as-Sahro masjidlarini arablardan tortib olish, ularni yahudiylarning muqaddas dargohiga aylantirishga chaqiradi. Biroq Isroildagi mo‘tadil fikrli ravvinlar arablar bilan iliq munosabatlarni saqlab qolish, beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslik, tinchlik o‘rnatish afzalligini ta’kidlaydi.

 

Yoki hinduiylik diniga mansub sikhlar o‘zini Hindistonning asl egalari deb da’vo qiladi, boshqa diniy e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsizligini yashirmaydi. Ushbu toifaning mutaassibona qarashlarini davlat xavfsizligiga tahdid deb bilgan mamlakat bosh vaziri Indira Gandi 1984-yilda ularga qarshi keskin choralarni qo‘llashga majbur bo‘lgan edi. Oxir-oqibat suiqasd qurboni bo‘lgan I.Gandi diniy bag‘rikenglik davlat va jamiyat barqarorligining muhim kafolati ekanini isbotlay oldi.

 

Radikal g‘oya davlat mafkurasiga aylansa, u xatarli kuchga do‘nib, butun boshli jamiyatni rohi rostdan adashtirishi mumkin. 1930-yillarda Germaniyada Adolf Hitler boshchiligidagi natsional sotsialistlar partiyasining hokimiyatga kelishi nafaqat olmon davlati, butun insoniyat boshiga ulkan fojialar soldi. Millatni birlashtirish, xalq farovonligini ta’minlash kabi balandparvoz shiorlar bilan maydonga chiqqan mazkur partiya shovinizm, ekstremizm, irqchilik, antisemitizm, aksildemokratizm, irqiy gigiyena kabi vayronkor mafkuralarni ilgari surdi. Pirovardida jahon muhorabasini boshlab millionlab odamlarning umriga zomin bo‘ldi. 

 

* * *

Radikalizm, diniy fundamentalizm, ekstremizm kabi illatlarga qarshi kurashda omma noroziligiga sabab bo‘ladigan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish birlamchi vazifa bo‘lmog‘i lozim. Shuningdek, ta’lim, madaniyat, tibbiyotni rivojlantirish, diniy muassasalar, ommaviy axborot vositalari va fuqaro shaxsini shakllantirishga hissa qo‘shadigan boshqa institutlarning birgalikdagi sa’y-harakati muhim o‘rin tutadi. Jamiyatda radikal g‘oyalar tarqalishining oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarga ham e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir:

 

 ushbu xatarga qarshi samarali kurashish mexanizmlari aniq belgilanadigan, davlat va jamiyatning turli bo‘g‘inlari faoliyati muvofiqlashtiriladigan konsepsiyalar ishlab chiqish;

 

     mutaassibona g‘oyalarga berilgan shaxslarning yanglish yo‘lga kirish motivlarini ilmiy asosda aniqlash va unga javoban oqilona choralar ko‘rish;

 

“jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida diniy mavzularda muloqot, suhbatlar doirasini kengaytirish, sof diniy ta’limotga asoslangan ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda e’tiqodiy munosabatlar tadrijini monitoring qilib borish;

 

barcha bosqichlardagi ta’lim dargohlarida umuminsoniy tuyg‘ular, tarbiya, vatanparvarlik, ma’rifatparvarlik, diniy bag‘rikenglikka oid o‘quv darslarini joriy etish;

 

   ehtiyojmand oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy himoyalash tizimini yanada yaxshilash; yoshlarning o‘qishi, ishlashi, umuman, munosib hayot qurishida ko‘mak tizimini takomillashtirish.

 

Huquqiy, ma’muriy islohotlarning muntazamligi, qonun ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish ham jamiyat a’zolarini radikal g‘oyalar ta’siridan muhofaza etish shartlari sirasiga kiradi.

 

Maqola muqaddimasida ta’kidlaganimizdek, radikalizm sarhad bilmas xatarga aylandi. Binobarin, unga qarshi kurash O‘zbekiston uchun ham dolzarb vazifa hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 8-may kuni mamlakatimiz Bosh qomusida O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekani mustahkam belgilab qo‘yilayotgani, jamiyatda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan edi. Ushbu mafkuraviy xatarga qarshi kurashda nafaqat mutasaddi idoralar vakillari, balki ziyolilar, ijod, fikr va san’at ahli ham jonbozlik ko‘rsatishi muhimdir.

 

Sarvarjon G‘AFUROV

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“G‘uluv halokatga yetaklar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:04 / 16.04.2025 0 248
Bobur nega Navoiyga e’tiroz qilgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//