Assalom alaykum, dorning ogʻochi! Qodiriyning oʻlim yoqasidan toʻrt marta qaytishi


Saqlash
17:38 / 10.04.2025 402 0

Abdulla Qodiriy jadidchilik harakatining otashinlaridan boʻlmagan. Ijodini maʼrifatparvarlik mavzulari bilan sugʻorilgan didaktik gʻazallar yozishdan boshlagani rost. Umuman, bu gʻoya Qodiriyga begona emas edi. Faqat, uni siyosiy hodisalar markazida koʻrmaymiz. Avvalo, jadidchilik maʼrifatparvarlik sifatida boshlanib, hali toʻla pishib yetilmasidan zamona zayli bilan, yaʼni Oʻrusiyadagi toʻntarishlar taʼsirida toʻppa-toʻsatdan siyosiy harakatga aylanib ketgandi. Qodiriy kabi ogʻir-vazmin, davr dengizining koʻpigiga emas, toshu tarozisiga qarab ish koʻradigan odam uchun bunday shoshqaloqlik xush kelmasligi aniq edi (siyosiy faol jadidlarni ham qoralab boʻlmaydi, jahon ayvonidagi oʻzgarishlar ularni ikki oyoqni bir etikka tiqishga majbur qilgan, yotib qolguncha otib qol, degan xalq maqoli ham ayni qoʻl kelgan). Mana shu taraddudlanish Otabek obrazida bor boʻyicha koʻringan. Otabek – harakat odami emas, fikr odami. Fikrlari pishib-yetilib, egasini amalga oʻtishga majburlamagan hali. U xorijda koʻrgan ilgʻor gʻoyalarni oʻz yurtiga tatbiq etishni istaydi, biroq zamona beklari bilan nimagadir erishishga koʻzi yetmaydi. Bir-ikki xayrixoh ziyolilar bilan oʻtirib, gap sotishdan nariga oʻtmaydi. Oqibatda oʻris bostirib kelganida oʻzbek bir-birining goʻshtini yeb yotgan boʻladi. Otabek – milliy ozodlik kurashining, milliy yuksalish harakatining boshida turib qanchadan-qancha ishlar qilishga qodir odam koʻksini dushmanga shunchaki qalqon qilishga majbur boʻladi... va birgina oʻqqa uchib, oliyjanob gʻoyalari bilan birga shahid ketadi. Otabekdagi qarorsizlik, eskining odamlariga “Yoʻq!” deya qatʼiy ayta olmaslik faqat oilaviy fojeasiga emas, balki xalq fojeasiga ham sabab boʻldi. Yozuvchi romanni xalq dostonlari ustqurmasiga qurgan. Asar yakuni ham epik koʻlam kasb etgan. Otabek shahid ketadi. Uning bir oʻgʻli qizillar safiga, yana bir oʻgʻli istiqlolchilar sirasiga qoʻshilib ketadi. Otalarning – liderlarning qarorsizligi bolalarning – xalqning ana shunday sarsonini chiqaradi, ikkiga boʻlib tashlab, oʻzaro qirpichoq qiladi.

 

"Abdulla Qodiriy" hujjatli filmidan kadr

 

Abdulla Qodiriyning birinchi bor dor tagidan qaytishi Otabek bilan birga boʻlgan. Fikran yolgʻiz odamlarni, oʻziga oʻxshamay fikrlaydigan shaxslarni jamiyat dorga tortishini adib ich-ichdan sezgan. Millatdoshlari, hatto maslakdoshlari orasida ham yolgʻizlikni his etgan. Uni ilk marta osilishdan omon saqlagan sabab – otasi Yusufbek hojining maktubi edi. Toshkentda xonga qarshi hokim Azizbek isyon qilgan, unga qarshi esa Yusufbek hoji xalqni koʻtargan edi. Abdulla Qodiriy dastlabki bosqichda adolatli podsholardan umidini uzmagan koʻrinadi, aniqrogʻi, shunga koʻz tikkan koʻrinadi. Hamma gap pastdagi amaldorlarda, bu zulmlardan kattakonimiz bexabar, ajoyib kunlarning birida odil hukmdor bir silkinib gʻaflat uyqusidan uygʻonadi-da, barini joy-joyiga qoʻyadi, degan anoyilarcha oʻy-qarash biz sharqliklarning qonida asrlar boʻyi hamon yashab kelmoqda. Qodiriy Xudoyorxonga ham dastlab simpatiyasini bildiradi. Yoshligida Abdulla Qodiriyning Otabek bilan dor tagidan qaytishi tagzaminida, bizningcha, ana shunday qarash yotibdi. Roman qogʻozga tushayotganida tarqoq boʻlsa-da, milliy ozodlik harakati davom etayotgan edi. Goh Madaminbek, goh Shermuhammadbekning zafarli yurishlari quloqqa chalinar, hali Ibrohimbek, hali Anvar posho oʻktam harakatlari bilan xalqqa umid berib turardi. Diyonatli beklar elga najot boʻlishi mumkin edi hali.

 

Abdulla Qodiriy ikkinchi marta dor tagiga bir oʻzi bordi. Toʻgʻridan-toʻgʻri maʼnoda. Julqunboy boʻlib. Kalvak maxsum, Toshpoʻlat tajang obrazlari niqobini kiyib (xuddi yurtga qaytgan Alpomish choʻpon Qultoy qiyofasiga kirganday), achchiq-tiziq gaplarni xalqning qulogʻiga quya boshladi. Adibning satirik “men”ini aniq topib olish qiyin edi. “Tentak rost gapiradi” qabilida ish tutib, tarsaki qoʻyib-qoʻyvoraverdi. Milliy ozodlik harakati kuchdan keta boshlagan, bolsheviklarning qoʻli tobora baland kelayotgan edi. Otabek oʻzini yashirib, Kalvak maxsum qiyofasida yura turishi kerak boʻldi. Lekin Ultontozning yugurdaklari puxta chiqdi – Alpomishni tanib qoldi. Julqunboy yuragida yigʻilib yotgan dardlarini toʻkib solgach, 1926-yili “Mushtum” jaridasida “Yigʻindi gaplar”ini eʼlon qilgach, yurt dargʻalarining bugungi til bilan aytganda, ishchanlik obroʻsini toʻkish, maʼnaviy zarar undirish vajidan hibs etildi. Bugun matnni sinchiklab oʻqisak, Akmalcha va Yoʻldosh aravakash kabi haqoratlardan muhimroq gaplarga – minalashtirilgan satrlarga koʻzimiz tushadi. Turkiston elining orzusi – Qoʻqonda eʼlon qilingan muxtoriyatning atigi 72 kun yashagani sabablaridan biri armiyasining yoʻqligi edi. Oliyjanob jadidlarimiz chuchvarani xom sanagan edi. Tarixiy pallada yoʻl qoʻyilgan bu xatolik ziyolilarning koʻzini moshday ochib, yuragini tirnab yotgan edi. Mana shu gap lop etib Julqunboyning ogʻzidan chiqib ketadi-da. “Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa ogʻrigʻi yoʻq yigitlarimizni basharti muvofiq koʻrilsa va gazarmalaringiz boʻsh boʻlib, koʻngillariga gap kelmasa, qoʻllarigʻa miltiq topilmagʻanda ham bitta-bitta ketmandasta berib, qoʻruqchilikka qabul qilish chakki boʻlmas, deb xayol qilurmiz. Yana raʼyi oʻzlarinikidir”, deya tashlab qoldi bosqinchilarga. “Iya, tili chiqib qolibdimi buning, hali senga lak-lak lashkar ham kerakdir?! Bir esini kiritib qoʻyinglar, qani!”

 

"Abdulla Qodiriy" hujjatli filmidan kadr

 

Adib suddan maqolada haqorat qilingan Akmalcha (Ikromov) va Yoʻldosh aravakash (Oxunboboyev) aralashuvi bilan ozod qilindi. Otabek adashmagan edi. Osilishdan qutqargan el ogʻalari boʻldi. (Ammo oradan ikki-uch yil oʻtar-oʻtmay, qatagʻonning birinchi toʻlqini Munavvar qoriday millat oydinlarini olib ketdi.) Abdulla Qodiriy “sal oʻpkasini bosvolib”, katta ishga oʻtirdi. Adabiy mezonlar bilan oʻlchaganda “Oʻtkan kunlar”dan baland, kitobxonlarga suyimliligi jihatidan esa keyingi pogʻonada turadigan “Mehrobdan chayon” romanini yozdi. Yuzaki qaraganda muqaddas goʻshada in qurgan dumi gajaklar Abdurahmon singari mullalar edi. Aslida-chi? Aslida esa sovet hokimiyati kuchaygan sayin mehrobdan chiqayotgan chayonlar yon-yogʻimizda urchib borayotgan edi. Maslakdoshlar bir-birini chaqayotgan, bir-birini sota boshlagan edi. Mehrobning muqaddasligiga putur yetgan edi. Yozuvchi goʻyoki oʻtmishdagi progressiv kuchlar, ishchi-dehqonlar sinfining kurashini qalamga olgandek tuyuldi. Bir jihatdan ijodkorga inqilob gʻoyalari ham taʼsir oʻtkazganidan koʻz yumib boʻlmaydi – u xalqning qudratiga ishonib, Choʻlpon kabi “xalq toʻlqindir” degan oʻyda sobit turayotgan edi. Shuning uchun ham Abdulla Qodiriyni Anvar siymosida dor tagidan xalq qutqaradi. Qanchalar umidbaxsh sahna. Ijodkor bu sahnani, ehtimol, 1926-yili qamoqxonada oʻtirib toʻqigan yo xayolda pishitgan boʻlsa. Qodiriy orqaga yoʻl yoʻqligini bilgan, “Assalom alaykum, dorning ogʻochi!” deya roʻpara kelaverishini ich-ichdan his etgan va shunda ona xalqining madadiga umid bogʻlagan koʻrinadi. Afsus!..

 

"Abdulla Qodiriy" hujjatli filmidan kadr

 

Anvar ham salafi Otabekka oʻxshab boʻshang, sust obraz. Har tugul, arzachilarga yordamlashib, qoʻli yetgan joyga dovur adolat qilib turadi. Ammo Raʼno jurʼat bermaguncha talmovsirab yuraveradi. Qodiriy ikkinchi romanini ham epik koʻlam bilan tugatadi. Anvar qismati misolida elga qayishadigan millat oydinlarining hayoti xor-zorlikda oʻtayotganiga ishora qilinadi. Kolxoz-polxozga aʼzo boʻlib, Obid ketmonga aylanadi Alpomishimiz. (Davlatning adabiyotga huda-behuda aralashaverishi, yaratib berilayotgan sharoitlarga darrov hozirjavoblik bilan maddohlik kutishi, adibning qalbiga qoʻrquv solib, ijtimoiy buyurtmalarni qalashtirib tashlashi oqibatida “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”day romanlar oʻrniga “Obid ketmon” kabi asarlar yaraldi. Natija yomon emas. Bu tajribadan hozir ham foydalansa boʻladi, asqotadi.) Tinchgina qora qozonini qaynatib yurganida, anchayin sovetlashib ham qolganida toʻrtinchi bor dorga salom berishga majbur boʻladi Qodiriy, 1937-yili “Xalq dushmani” degan tamgʻa urilib. Qamoqxona tuynugidan zulmat qoʻynidagi oyga termilib oʻtiradi. Toʻgʻri-da, Otabek ham, Anvar ham xalq dushmani edi. Aybi – boshqacha fikrlardi. Qornidan kallasi katta edi. Mana shunaqa bedavo edi. “Stalinning oʻrnida boʻlganimda bunaqalarni shashlik qilib xalqiga yedirvorardim. Kolbasaga qoʻshibmi... tavba kardam”.

 

Abdulla Qodiriy asarlarini qahramonlarining qismati yo unday boʻldi, yo bunday boʻldi, deb tugatadi istisnosiz. Yozuvchining oʻz taqdirida ham shu takrorlandi. Birov qamoqxonada soqchilar miltiqning qoʻndogʻi bilan urib oʻldirib qoʻydi, deydi. Yana bittasi ichkarida krematoriyda kuydirvorilgan, deydi. Shuni eshitganim beri dimogʻimga kuyuk et hidi uriladi. Rasmiy qogʻozlarda yozilishicha, ajina koʻprik tomondami, otib tashlashgan. Eng qizigʻi, vaqti-vaqti bilan allaqanday kimsalar oila aʼzolariga Qodiriyni goh Toshkent atrofida namoz oʻqiyotganida, goh sovuq oʻrmonlarda daraxt kesayotganida uchratganini yetkazib turgan. Unli qodiriyshunos Nabijon Boqiy bu KGBning maqsadli rejasi boʻlganiga ishonadi. Shunday qutqular hatto bir qizining esdan ogʻish darajasiga olib kelgan ekan.

 

"Abdulla Qodiriy" hujjatli filmidan kadr

 

Men folklorchi oʻlaroq boshqa bir qonuniyatni ham koʻraman. Xalq oʻz sevgan qahramonlarining oʻlimini hecham xohlamaydi. Shu uchun Goʻroʻgʻli oʻlmaydi, Alpomish oʻlmaydi... Abdulla Qodiriy ham hozir gazetbinoda korrektura oʻqib oʻtirgandir koʻzi teshilib. Yoki azamat oʻlkada choʻchqa boqib yurganmikan Shayx Sanʼonga oʻxshab. Yo qadim Koguriyoning zamonaviy zavodlarini gurillatib ishlatayotganmikan. Yoki haliyam qamoqxonalarimizda oʻtirgandir Konstitutsiya bayramidagi avfni kutib... Ha, toshturmalarni buzib tashlamaslik kerak (edi). Boʻlmalarga qancha haqiqatlar, ohu figʻonlar qamalib qolganiykan. Vaqti zamoni kelib devorlar qatidagi faryodlarni oʻqiydigan uskunalar oʻylab topilgusi. Oʻshangacha haqiqatlar makonsiz, vatansiz qolmasin, deymiz. Oʻshanda Abdulla Qodiriylarning soʻnggi kunlarini kino tasmasidek tomosha qilish imkoniga ham ega chiqar avlodlar. Ega chiqsin! Homidlarning, Abdurahmonlarning boʻynini ega-buka chiqsin ega...

 

Farrux JABBORBEK

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:05 / 02.05.2025 0 53
Uch yarim ming yil oldingi “sms”lar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//