“Begiga eʼtiqodi kuchli navkar ulkim, uning ogʻir-qattiq eʼtirozli soʻzlaridan ranjib, koʻnglida kek saqlamaydi”. Amir Temurning harbiy qarashlari


Saqlash
10:46 / 09.04.2025 321 0

 

“Temur tuzuklari” asari ikki qismdan iborat boʻlib, bular “Tuzuki Temur” va “Tuzukoti Temur” boʻlimlaridir. Asarning birinchi qismida sohibqiron hayoti, markazlashgan davlat barpo etishi va yirik janglari bayon etilgan.

 

Asarning ikkinchi, asosiy qismida esa davlatni qanday idora etish, armiya tuzish, “ustoz – shogird” anʼanasi haqida soʻz yuritilgan. Mazkur asardagi Amir Temur qalami bilan yozilgan “Saltanat ishlarining toʻqqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirish zarur” iborasi hozirgi zamon uchun ham aktual.

 

“Toʻra va tuzukka tayanib saltanatda oʻz martaba va maqomimni mustahkam saqlab turdim”, deydi Temur oʻz tuzuklarida. Fransiyalik olim Alfons de Lamartin “Yevropa na Iskandarda, na Attilada va na Moskoviya zafarini quchgan yangi fotih Napoleonda adolatli qonunlar asosiga qurilgan bunday boshqaruvni bunyod etgan emas” deb taʼkidlaydi.

 

Siyosiy hayotni yanada mustahkamlash maqsadida Amir Temur qoʻshni davlatlar bilan doimiy aloqalar oʻrnatgan. Bosib olingan yangi yerlarni obod qilish, shaharlar barpo etish ishlariga alohida eʼtibor qaratgan. Va bu ishlarda jonkuyarlik koʻrsatgan xalq vakillariga imtiyozlar berib borgan.

 

“Kimki biron sahroni obod qilsa, yoki yer osti suvlarini tortib oladigan inshoot qursa, yo, biron bogʻ koʻkartirsa, yoxud biron tashlandiq yerni obod qilsa, faqat yerni oʻzlashtirganning uchinchi yili (dastlabki ikki yil toʻlamagan) qonun doirasida xiroj soligʻi olinsin” deb yozilgan ushbu tuzuklarda.

 

Tarixiy manbalarda Amir Temur nafaqat kuchli hukmdor va sarkarda, balki ustoziga mos shogird sifatida ham eʼtirof etiladi. Sohibqironning uch shayxga nisbatan ixlosi juda baland boʻlib, ularni oʻziga pir (ustoz) sifatida koʻrgan. Bular – shayx Shamsiddin Kulol, Mir Sayyid Baraka va Zayniddin Tayobodiylardir.

 

Amir Temur ustozlariga saltanat ishlarida, davlat boshqaruvida, din masalalarida maktub yoʻllab, toʻgʻri yoʻlni tanlashda maslahat soʻragan. Masalan, Chingizxon avlodlaridan boʻlgan Tugʻluq Temur Turonga yurish qilganda, koʻplab hukmdorlar Xuroson tomonga chekinadi. Sohibqiron piridan maslahat olish maqsadida unga maktub yoʻllaydi. Temurga quyidagi mazmunda javob xati keladi: “Tugʻluq Temurxonning oldiga borgil va qoʻlidagi oʻq-yoyini tortib olgʻil”.

 

Amir Temurning Davlat boshqaruvi tizimida doimo toʻrtta narsaga amal qilishi ham bevosita uning ustozi bilan bogʻliq edi. Amir Temur “Pirim, Zayniddin Abubakr Tayobodiy menga yozmishlarkim: Abulmansur (lugʻaviy maʼnosi: “zafar, gʻalaba qozonuvchi”, ulamo va mashoyixlar tomonidan Amir Temurga berilgan faxrli nom) Temur, saltanat ishlarida toʻrt narsaga amal qilgin: oʻzing bilan kengash; boshqalar bilan mashvarat-u maslahat ayla; 3 hushyorlig-u mulohazakorlik bilan qatʼiy qaror chiqar; 4 hamisha ehtiyotkor boʻl!”.

 

“Pirimning ushbu maktubi menga yetgach, unda buyurilgan har bir narsani bajo keltirdim. Saltanatim ishlarini tartib-intizomga solib, saltanatim martabasiga toʻra va tuzuk bilan zeb-u ziynat berdim. Saltanatimni oʻn ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamladim. Saltanatim martabasi boʻlmish toʻra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu oʻn ikki toifaga bogʻlab tuzdim. Bu oʻn ikki toifani saltanatim falagining oʻn ikki burji va davlatim korxonasining oʻn ikki oyi deb hisobladim”, deydi Temur oʻz asarida.

 

Shu bilan bir qatorda, Amir Temurni oʻz pirlarining davomchisi sifatida talabchan, yetuk saviyaga ega mehribon ustoz sifatida ham ta’kidlash joiz. Manbalarda, Amir Temurning 313 nafar shogirdlari boʻlganligi haqidagi maʼlumotlar keltirilgan. Xususan, Temur har bir nabirasi bilan alohida shugʻullangan, ularni janglarda oʻzi bilan birga olib yurgan. Har bir nevara va chevarasida suyurgʻol mulk ajratib, ularda boshqaruv koʻnikmasini shakllantirishga uringan. Uning oʻziga merosxoʻr etib, oʻgʻillarini emas, nevarasi Pirmuhammad sultonni tanlashi ham, sohibqiron oʻzi tarbiya bergan avlodlariga ishonishi bilan bogʻliq edi.

 

Bundan tashqari, Temur va temuriylar saltanatining sadoqatli jangchisi amir Shohmalikni ham aynan Amir Temur oʻzi tarbiyalagan.

 

“Har kimning aqli va shijoatini sinov tarozusida tortib koʻrib, boshqalarnikidan ortiqroqligini koʻrsam, uni tarbiyamga olib, amirlik darajasiga koʻtarar edim. Soʻngra koʻrsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim”, deya qayd etadi buyuk hukmdor.

 

“Temur tuzuklari” da keltirilgan shogird va lashkar tarbiyasiga oid Amir Temurning quyidagi fikrlarini alohida eʼtiborga loyiq: “Begiga eʼtiqodi kuchli navkar ulkim, uning ogʻir-qattiq eʼtirozli soʻzlaridan ranjib, koʻnglida kek saqlamaydi. Begidan tanbeh eshitsa, oʻzini aybdor deb biladi. Bunday navkar taʼminu tarbiyaga loyiqdir”.

 

“Sipohiylarim bilan qanday muomala qilishim toʻgʻrisida fikr yurgizib, qaysi birini qanday tarbiyat qilishim kerak, qaysi ishni qay biriga topshirsam, xato qilmagan boʻlaman deb, har ishning oldi-ketini oʻylar edim” deya Temur, har kimga oʻzi yaxshi qila oladigan ishni topshirish borasidagi zukkoligini namoyish etgan.

 

Amir Temur oʻz faoliyatidagi eng yirik jang — Anqara muhorabasida gʻalaba qozonishida ham uning askarlariga juda saxiy boʻlishi faktori muhim rol oʻynagan. Temur bilan jang arafasida usmonli sultoni Boyazid Yildirim lashkari bir necha oydan beri maosh olmayotgan koʻp sonli turkman va yollanma jangchilardan iborat edi. Temur oʻrdusi esa, aksincha, yaqindagini tugagan Shom yurishida katta oʻljalar qoʻlga kiritgan va sohibqiron uning bir qismini navkarlarga tarqatgandi. Kayfiyatdagi ushbu ustunlik Turkiston qoʻshini koʻtarinkilik bilan jangga kirishiga, usmonli lashkari esa jang yarmida qarshi tomonga oʻtib ketishiga sabab boʻladi.

 

Terek jangidagi Xoʻja Sayfiddin otryadining qahramonligi Temur askarlari hukmdoriga oxirigacha ishonishi va sodiqligiga yaqqol dalil. Oltin Oʻrdaning mohir chavandozlari qurshoviga tushib qolganiga qaramay, Sayfiddin qoʻshini ularga qatʼiyat bilan qarshilik koʻrsatadi va dushman chap qanoti markaz tomon yurishiga yoʻl qoʻymaydi. Ular Umarshayx mirzo va Jahonshoh bahodir boshliq madad kuchlari kelgunga qadar matonat bilan kurashadi. Terek jangi taqdirini hal qilgan ushbu botirlarga Temur jangdan soʻng katta sovgʻa-salomlar ulashadi va koʻpchiligiga “tarxon” unvonini beradi.

 

Amir Temur – haqiqiy sarkarda edi. U urush olib borishning sabogʻini yaxshi bilgan, gʻalabaning birinchi sharti: askarlar va qoʻmondon orasidagi iliq munosabat ekanligini taʼkidlagan. Sohibqiron ana shu qoida asosida armiyani boshqardi va ulkan zafarlarga erishdi.

 

Zavqibek Mahmudov

Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//