
Jamoalashtirish yoxud kolxozlashtirish – bu sovet hokimiyati tomonidan 1928-1937-yillarda mahalliy mulkdorlar tabaqasini to‘liq tugatish, kommunistik xo‘jalik tizim o‘rnatish yo‘lida amalga oshirilgan siyosatdir. Ushbu kampaniya doirasida avval boylarning, so‘ngra o‘rtahollarning yerlari va mol-mulklari tortib olingan. Ularning o‘zlari esa “quloq” deb atalib, surgun qilinadi yoki qamoqqa tashlanadi, yoxud o‘ldiriladi. Ushbu maqolada kolxozlashtirish davrida O‘zbekiston SSR’da aholining chorvasi qay tarzda tortib olingani, chorvachilik inqirozga yuz tutgani haqida to‘xtalib o‘tiladi.
O‘zbekiston SSRda chorva mollari soni 1927-yilga kelib, o‘n yil oldingi darajaga qaytayotgandi. Shunday bo‘lsa-da, 1928-yilda O‘zbekiston SSRda umumiy chorva soni 1916-yildagi ko‘rsatkichga qaraganda 96,6 foizni tashkil etib, SSSR va uning tarkibidagi boshqa respublikalarga qaraganda eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu vaqtda chorvaning katta qismi kambag‘al va o‘rtahol dehqon oilalari xo‘jaliklarida boqib kelinardi. Sovet hokimiyati mayda dehqon xo‘jaliklari chorvachilikni jadal ravishda rivojlantirishga qodir emas, qishloq xo‘jaligini “sotsialistik asosda qayta qurish yo‘li” bilangina tiklash mumkin, deya hisobladi va kollektivlashtirish kampaniyasini boshlab yubordi.
Sovetlar aholi qo‘lidagi chorvani davlat tasarrufiga o‘tkazish borasida puxta rejalar ishlab chiqdi. Avvalo jamoa chorvachiligida mukammal boshqaruv tizimini yaratish lozim edi. Bu amalga oshiriligach, aholining qo‘lidagi chorva har xil yo‘llar bilan tortib olina boshlanadi.
Misol uchun, 1932-yil Qashqadaryo viloyatining ko‘pgina tumanlarida aholi bir tayyorlov mavsumidagi qo‘ylar sonining qariyb yarmini davlatga topshirishi kerak bo‘lgan vaqtda, ular “ixtiyoriy” ravishda qo‘y-qo‘zilarni davlatga topshirishdan bosh tortadi. Natijada qishloq soveti xodimlari o‘ziga xos chora-tadbirlar o‘ylab topib, chorva mollarini go‘yoki “sotib olish” niqobi ostida zo‘rlik bilan tortib oladi. Manbalarning guvohlik berishicha, partiya va hukumatning yuqori organlari tomonidan ba’zan rejani har qanday usul bilan bajarish maqsadida chorvador xo‘jaliklardan “me’yordan ortiq” degan bahona bilan ham chorva mollari tortib olingan.
O‘ziga to‘q bo‘lgan chorvadorlar chorva mollarini yashirishga yoki so‘yishga majbur bo‘lgan. Aholining ko‘pchilik qismi chorvalarini so‘yib, sotib yubora boshlagan. Mollarning ommaviy so‘yilishi ortidan chorva soni keskin qisqarib, chorvachilik og‘ir ahvolga kelib qoladi. Bozorlarda “chorvangni sotmasang, baribir davlat tortib oladi, yaxshisi arzon bo‘lsa ham sotgan ma’qul” degan fikrlar har kuni eshitilib turgan.
Bunday harakatni tashviqot qilganlar hibsga olinib, javobgarlikka tortilgan holatlar ham kuzatilgan. Hududlarda yoppasiga sotish sabab chorva narxi keskin tushib ketgan. Qishloq xo‘jaligida foydalanadigan ish hayvonlarini ham ommaviy ravishda sotish avj olgan.
Bulardan tashqari, kolxozlar tuzilayotganda millionlab umumlashtirilgan chorva mollari uchun ozuqa zaxirasini yaratish muammosi ham paydo bo‘ladi. Kolxoz mulkiga aylangan chorva mollarining katta qismi ozuqasiz qolib ketib, nobud bo‘ladi.
Tashkil qilingan chorvachilik xo‘jaliklarida ham aniq bir boshqaruv tartibi mavjud emasdi. Chorvani parvarish qilishga e’tibor o‘rniga asosan miqdoriy ko‘rsatkichlar ustuvorlik kasb etgan. Natijada chorva mollari orasida kasalliklar va nobud bo‘lishlar soni keskin oshgan. Faqatgina 1930-yilning o‘zida O‘zbekiston SSR’da qoramollar soni 60 ming boshga qisqargan.
Jamoalashtirishning keyingi davrlarida ham O‘zbekiston SSRda chorvachilik sanoati butun SSSRdagiga nisbatan eng katta talafot ko‘rdi. Jumladan, 1928-yilda 1 million 718 mingni tashkil etgan qoramollar soni 1937-yilga kelib 1 million 9 mingga, qo‘ylar 6 million 2 ming boshdan 2 million 431,3 ming boshga, otlar 550,2 ming boshdan 358,7 ming boshga, tuyalar 140,6 ming boshdan 45,7 ming boshga kamaygan.
Xulosa qilib aytganda, sovetlarning kolxozlashtirish siyosati xususiy mulkni butunlay tugatib, uning mol-mulkini davlat uchun tortib olishga qaratilgan o‘ziga xos bir amaliyot edi. Bu kampaniya O‘zbekiston SSR chorvachiligi uchun qimmatga tushib, chorva mollari tuyog‘i keskin kamayib ketdi.
Bu esa respublika aholisi uchun zarur bo‘lgan go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirishni juda abgor ahvolga soldi. Sovet hokimiyati o‘zining balandparvoz shiorlarida xalq farovonligini oshirishga harakat qilayotganini ta’kidlasa-da, amalda xalqning oxirgi chorvasi va bir qarich yerini ham tortib oldi.
Qandaydir yo‘llar bilan chorvani o‘z qo‘lida saqlab qolganlar ham jazoga tortildi. Eng achinarlisi, bu siyosat aholida nafaqat iqtisodiy qiyinchiliklarga, balki shaxsiy erkinlik va mulkdorlik hissi yo‘qolishiga olib keldi.
Shaxzod Axmedov
O‘zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q