Netfliksdagi “Oʻsmir”ning shov-shuvi – Dunyo ota-onalarining muammosi haqidagi miniserial tahlili


Saqlash
12:53 / 08.04.2025 398 0

Mart oyi oxirlarida favqulodda shov-shuv boʻlgan “Oʻsmir” (“Oʻtish yoshi”) miniserialini oz fursatda 66 mlndan ortiq tomoshabin koʻrgan. Va, aynan shu serial Netfliks platformasiga nisbatan aksar negativ qarashlarni ham bir oz susaytirgandek boʻldi. Boisi, platformada namoyish etiladigan ayrim film va seriallarda koʻpincha vahshiylik yoki noanʼanaviy turmush tarzi ochiq namoyish etilishi goʻyo targʻibotdek tuyulardi. Lekin bu galgi ishda butun dunyo ota-onalari va bolalarining muammosi koʻtarilganini koʻp sonli tomoshabinlar ham, ekspertlar ham eʼtirof etishyapti. 

 

“Oʻsmir”ning har bir qismi masalaning yechimini birma-bir ochishga qaratilgan: 1. Qotilni qoʻlga olish. 2. Qotillik motivini aniqlash. 3. Qotilni aybiga iqror qilish. 4. Qotillikdan keyingi hayot.

 

 

1. Qotilni qoʻlga olish (Spoyler bor)

Soat tongi 6:00 da bir necha qurollangan maxsus otryad Millerlar xonadoniga bostirib kirganida sinfdosh qizni oʻldirishda gumonlangan Jeyms (Ouen Kuper) hali oʻrnidan turmagandi. Uning ota-onasi va opasi favqulodda boʻlgan toʻpolon va tintuvdan dovdirab qolishgandi. Jeyms esa qoʻrqib ketganidan faqat yigʻlar, toʻxtovsiz “men emas” derdi, xolos. Shundan soʻng politsiya uchastkasi, qon tahlili va boshqa “ish ochish” bilan bogʻliq jarayonlar, shaxsiy advokat va ota ishtirokida soʻroq qilinish... 13 yoshli ayblanuvchi bolaning nigohi, qoʻrquvi va koʻz yoshlari tomoshabinni unga xayrixoh boʻlish va “nahotki, u qotil boʻlsa yoki u emasmikin?”, degan ichki savollar bilan kurashish holatiga soladi. Kuchli hayajonini zoʻrgʻa bosib turgan ota – Eddi Miller (Stiven Grem) oʻgʻlidan soʻraydi:

- Birgina savol beraman, koʻzimga qara! Rostini ayt – seni ishingmi?

- Yoʻq.

- Toʻgʻrisini ayt.

- Toʻgʻrisi.

Oʻgʻlining javobidan yengil tortgan otaning yuzi yorishadi. U boshini koʻtarib tergovchilar xonasiga oʻgʻlini boshlaydi. Ammo... Hamma dalillar va videotasvir Jeyms sinfdoshi – Keti Leonardning qotili ekanini tasdiqlagach, bechora otaning ahvoliga boqing...

 

 

Serialning boshlangʻich epizodidanoq tomoshabin sirli voqea guvohiga aylanib qoladi. Yakka kamera bilan bitta dublda suratga olingan uzluksiz kadrlar bir zum ham diqqatingizni boʻlmaydi. Aniq dialog va maqsadli harakatlar zanjiri sabab siz ham xuddi voqea joyida ishtirok etayotgandek, gumondor bolaning yonida turib, savollarga qanday javob berishini kuchli hayajon bilan kutayotgandek boʻlasiz. Kameraning obyektivi tomoshabinga voqea joyida ishtirok etish effektini beradi. 

 

Oxirgi yillarda urf boʻlgan “ekshn”, “xorror” janrlarida suratga olingan seriallardan farqli tarzda bu serialda “qisqalik va loʻndalik” tamoyili ustun turadi. Umuman 4 qism – 4 soat atrofidagi vaqtga sigʻdirilgan mediahikoyada gunohkorni ayblash ruhi deyarli yoʻq. Balki, bu konservativ Angliya jamiyatiga xos xususiyatmi yoki rejissyorning ijodiy madaniyatimi, har holda oʻrganish uchun “kopilkamizga” solib qoʻyadigan bunday jihatlar bisyor. Jumladan, politsiya xodimlari Jeymsga qonun doirasida ayblanuvchi deb qarashlari, bolaning huquqlarini toʻla saqlashlari va muomala odobi qoidalaridan chiqmasliklari eʼtiborga molik.

 

2. Qotillik motivini aniqlash

Detektiv Baskomb (Eshli Uoltrs) sherigi Misha Frenk (Fey Marsey) bilan Jeymsning maktabiga boradi. Ular qotillikning motivini topish maqsadida Jeyms va Ketining sinfdoshlari bilan suhbatlashadilar. Ularni eng hayratlantirgan narsa maktabdagi tajovuzkorlik, bouling, oʻqituvchilarga nisbatan hurmatsizlik muhiti edi. Marhumaning yaqin dugonasi bilan savol-javob jarayonida oʻsmir qizning tajovuzkor muomalasi gʻalati tuyuladi. Chunki, jinoyatning sababini juda yaxshi bilib turgan qiz izquvarlarga rost soʻzlamaydi. Ammo keyin u baribir oʻzini tutib turolmay, sinfdosh bola – Rayanni tepkilab qolganini koʻrgan izquvarlar Rayanni soʻroqqa tutishadi. Bundan ham bir ish chiqmagach, boshi qotgan organ xodimlariga inspektor Lyuk Baskomb (Eshli Uolters)ning oʻgʻli sirni ochgandek boʻladi – hammasiga “insta” sababchi.

 

Maʼlum boʻlishicha, marhuma qiz Keti Jeymsni instagram orqali “zaharlab” kelgan. Uni “insel” deb haqorat qilgan. “Insel” bu – ixiyorsiz saqlanish. Bu cheklov asosan ayollarga nisbatan qoʻllanilgan. Ana endi savol – ayollar 20 % erkaklarni jozibali deb hisoblashlari, qolgan 80 % erkaklarni esa jozibalilar toifasiga kiritmasliklari haqidagi bahs-munozaralar 13 yoshli oʻsmirlarni tashvishga solishi normal holatmi? Oʻgʻlining gaplarini zoʻrgʻa anglagandek boʻlgan inspektor Lyuk Baskomb soʻraydi:

-        Axir, 13 yoshda bokira boʻlishmaydimi? Bu yoshda “insel” – “ixtiyorsiz saqlanish”? Qanaqasiga?

-        Dada, Siz koʻp narsani tushunmayapsiz?

-        Unda tushuntir.

-        Mana bu emoji nima maʼno berishini bilasizmi? Bu dinamit. Bu qizil tabletkaning portlashi...

 

 

Inspektor nihoyat motivni topgandek boʻladi. Jeymsga nisbatan virtual tazyiq oqibatida u oʻziga boʻlgan ishonchni yoʻqotgan. Lekin, nega aynan qotillik roʻy berdi? Jinoyatning oldini olish mumkinmidi? Organ xodimlari maktabga kirishda ham, ketish vaqtida ham bitta gapni qaytaradilar:

-        Nima uchun bu maktab bunchalik badboʻy... Dahshat.

-        ...Bilsang, bu isqirtlikdan koʻnglim ayniyapti. Nima deb oʻylaysan, bu yerda kimnidir, nimagadir oʻrgatishadimi? Maktab emas, qanaqadir tashlandiq vagon... Hali aytding-ku, bu yer sassiq joy deb. Haqiqatda shunday.

-        Oʻzi, hamma maktablar shunaqa...

 

Bu mazmundagi savol-javob ikki bor qaytariladi. Bu bilan ssenariynavislar maktabni tashlandiq joyga qiyoslashgan. Jamiyat, ota-onalar, maktab maʼmuriyati va oʻqituvchilar tomonidan oʻz holiga tashlab qoʻyilgan oʻquvchilar real hayotdan koʻra virtual olamda koʻproq yashaydilar. Marhuma Ketining Jeymsni “insel” deganiga bosilgan koʻplab layklar va maktabdagi bouling jinoyatda gumonlanuvchi oʻsmirni sotsiopatga aylantirib qoʻygan. Kuchli ruhiy zoʻriqishdan dinamit portlagan.

 

3. Qotilni aybiga iqror qilish

“Ahloq tuzatishga tayyorlash markazi”da 7 oydan beri ushlab turilgan Jeyms oʻtgan vaqt ichida oʻz jinoyatini toʻliq tan olganicha yoʻq. Bu ishga jalb etilgan klinik psixolog Brayani Ariston esa (Erin Doerti) jinoyatga olib kelgan motiv boʻyicha oʻz xulosasini yakunlamagan. U Jeyms bilan 5-marta uchrashadi, bugun bu yerga oltinchi bor kelishi. Aktrisa Erin Doerti ichki hayajonini yashirishga urinayotgan psixolog obrazida bir oz sovuqqon koʻrinadi. Buning sababi suhbat davomida ochiqlana boradi. Ayblanuvchi oʻsmirning xavfli sotsiopat ekanini suhbat keskinlasha borgani sayin tushuna boshlaymiz.

 

Jeyms yosh boʻlishiga qaramay, psixologni chalgʻitish va ruhiy bosim oʻtkazish hadisini olgan. U oldiniga muloyim tabassum bilan “yaxshi bola” ekanini namoyish etgan boʻlsa-da, psixologning jiddiy savollaridan soʻng birdan jazavaga tushib ketadi. Oʻrnidan turib, unga ochiq savol berayotgan ayolning tepasiga oʻdagʻaylab keladi...

 

 

Senariynavislar va rejissor belgilangan har bir masala yechimida minimal lokatsiyadan foydalanishgan – Millerlarning uyi, politsiya uchastkasi, maktab va “Axloq tuzatishga tayyorlash markazi”. Agar boshqa qismlarda koʻplab aktyorlar ijrosida uzluksiz kadrlardan (kadr ichidagi montaj) foydalanilgan boʻlsa, 3-qismda bir xonada oʻtkazilgan qotil bilan psixologning suhbat jarayoni deyarli 40 daqiqa diqqatni oʻziga tortib turadi. Tomoshabin Jeymsning javoblarini psixolog bilan birga diqqat bilan tinglaydi. Bu javoblar, ayniqsa, ota-onalarni shokka tushirishi mumkin. Chunki 13 yoshli oʻsmirning xayoli yoshiga toʻgʻri kelmaydigan jinsiy qiziqishlardan iborat. Nihoyat, oʻsmirning nozik tomonini topgan psixolog undan kerakli javoblarni sugʻurib oladi va u beixtiyor voqea tafsilotlarini aytib beradi...

 

4. Qotillikdan keyingi hayot

4-qismda Jeymsning ota-onasi, opasi toʻgʻrisida batafsilroq maʼlumotga ega boʻlamiz. Oʻzaro inoq oila tasavvurini beruvchi bu xonadondan qotil chiqishi aqlga toʻgʻri kelmaydi. Ota-ona Jeymsning tarbiyasida oʻzlarini aybdor deb biladi. “U kimga tortgan?”, “Katta qizimiz boshqacha, axir ikkalasi ham bizning farzandimiz-ku...”, “Maktabdan kelib xonasiga kirib ketardi. Kechasi bilan kompyuter koʻrardi. Boʻldi, ertaga vaqtli maktabga borishing kerak, deganimdan keyin, indamay chiroqni oʻchirardi. Umuman gaplashmasdi”, deydi ona (Kristina Tremarko). Bu kabi oʻtmishni eslash ortidagi pushaymonlar ota-onani battar qiynoqqa soladi. Biroq, ularning oʻzaro dialogidan tomoshabin oʻziga kerakli xulosalarni oladi. Maʼlum boʻlishicha, Jeymsning bobosi otasini bolaligida rosa urar ekan. “Yoʻq joydan kaltak yeb qolardim... Oʻshanda bolalarimni hech qachon urmayman, deb oʻzimga soʻz berganman. Axir men unga qoʻl koʻtarmaganman, toʻgʻrimi?”, deydi ota. Lekin otaning qiziqqonligi, asabiylashsa hech kimni ayamasligi, oʻziga yarasha “feʼli” borligi filmda koʻrsatib boriladi. Yaʼni, Jeyms otasini norozi qilishdan, jahlini chiqarishdan qoʻrqqan doim. Dardini ichga yutgan bolaning ruhiyatida keskin buzilish roʻy bergani, maktabda kuchli boulingga yoʻliqqani dahshatli fojia roʻy berganidan keyin maʼlum boʻladi...

 

Tanganing orqa tomoni

Qisqa muddatda katta shov-shuvga sabab boʻlgan mazkur serial siri nimada? Yaxshi asarda gʻoyalar dunyosi bilan odamlar dunyosi oʻrtasidagi sirlar maxsus sanʼat shifrlari – kodlari bilan ifodalanadi. Kodning kalitini topish uchun maktab koʻrish shart emas. Ong ostimizda bu shifrlarning kaliti mavjud. Bu serialda 13 yoshli bolaning qotilligiga sabab boʻlgan bosh sabab – kodlangan. Ular: “matritsa”, “insta”, “emoji”, “insal”, “Endryu Ted”, “80/20” va hk.z. kabi kodlardir. 40 yoshdan yuqori zamondoshlarimiz buni tushunishlari murakkabroq. Ayrim oʻsmirlar hatto, kattalarning “hech narsani bilmasligi”, “tushunmasligi”dan kulishi (filmda psixolog instagram bilan feysbukni adashtirib yuborganidan Jeyms istehzo qilgani kabi) yoki achinishi ham mumkin (inspektorning oʻgʻli otasi “hech narsani tushunmayotganidan” achingani kabi).

 

 

Senariy mualliflaridan biri Stiven Grem jurnalistlarga bergan intervyusida serialga asos boʻlgan aniq faktni keltirmaydi. Biroq, u oxirgi paytlarda Britaniyada yosh qizchalarga nisbatan tajovuzkorlik holati kuchayib ketganidan qattiq tashvishlangani va Angliya OAVda tez-tez berilayotgan oʻsmir qizlarning joniga qasd qilish holatlarining sababini aniqlashga intilishi natijasida mazkur serial gʻoyasi tugʻilganini qayd etgan.

 

Yodingizda boʻlsa, serialning 2-qismida maktab goʻyo tashlandiq chiqindixonaga qiyoslangan edi. Bu bilan ijodkorlar maktab yoshidagilar bilan hech kim qiziqmasligi, taʼlim-tarbiya tizimi anʼanaviy shablon asosida olib borilishi, hatto ruhiy zoʻriqish holatidagilar bilan ham yaqindan “suhbatlashish”, shunchaki navbatdagi “maʼnaviyat darsi”dan narigi oʻtmasligiga urgʻu berib oʻtishgan. Keyingi qismlarda bizning til bilan aytganda “uyushmagan yoshlarga” hukumat miqyosida ham befarqlik ustunligi, hatto “Axloq tuzatishga tayyorlash markazida” oʻsmirlar qiynoqqa solinishiga ruxsat berilgani shunchaki gap orasida qistirib oʻtiladi. Shu tariqa jinoyatning sodir boʻlishiga sababchi aslida maktab muhiti, oʻqituvchilar, ota-onalarning befarqligi ekani yetarli darajada yoritilgan.

 

Serialda Endryu Teyt ismi bir-ikki keltiriladi. Mazkur serial sabab oʻzim ham bu ismni gugldan qidirdim. Maʼlumotlarga koʻra, britan-amerika inflyuyenseri Endryu Teyt va uning akasi ayollarga nisbatan zoʻravonlarcha muomala qilish sirlarini oʻrgatadigan, anʼanaviy oila qurishni qoralaydigan, oʻz tavsiyalari bilan koʻplab oʻsmirlar, yoshlar va umuman erkaklarga goʻyo “toʻgʻri yoʻl” koʻrsatadigan bloger ekan. Hozirda ularning ustidan jinoyat ishi ochilgan boʻlib, ayollarga nisbatan zoʻravonlik, odam savdosi kabi jiddiy ayblovlar qoʻyilgan. Achinarlisi, aynan aka-uka Teytlarning antifeministik targʻiboti oqibatida oxirgi vaqtlarda Britaniyada ayollarga nafratomuz ruhdagi oʻsmirlar ham, erkaklar ham koʻpaygan.

 

Premyerasi 13-martda boʻlib oʻtgan serial qisqa muddat ichida 80 dan ortiq mamlakatda yuqori reytingga chiqqan. Angliya hukumati tomonidan barcha oʻrta maktablarda mazkur serialni yoshlarga koʻrsatish va muhokama qilish taklifi berilgani aytilmoqda. Serial senariysi, rejissorlik ishi, aktyorlik, operatorlik mahorati, musiqasi kabi barcha komponentlarining yuqori darajada ekanini taʼkidlash shart emas. Xulosa oʻrnida qayd etamizki, serialda bunday jinoyatlarning oldini olish mumkinmi, degan ritorik savolga kerakli javob berilgan. Buni har bir tomoshabin oʻzi tushunib olishi mumkin. Diqqat qilsalar, albatta.

 

Shohida ESHONBOBOYEVA,

kinoshunos

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 06.05.2025 0 125
Dunyoga taʼsir oʻtkazgan siyosiy esselar

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 672
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//