Umumiy ovqatlanish sohasida davlat tiliga oid talablar qanday? Tahlil


Saqlash
18:37 / 06.04.2025 165 0

Foto: “Tundagi kafe terrasasi” kartinasi, Vinsent Van Gog, 1888-y. Manba: Wordpress

 

Mijozlarning aksariyati oʻzbek tilida soʻzlashishiga qaramay, ayrim xizmat koʻrsatish tarmoqlari, jumladan, umumiy ovqatlanishda davlat tili talablariga toʻla rioya etilmayapti. Xususan, Raqobat qoʻmitasi tomonidan 75 foiz holatda taomnoma (menyu) davlat tilida emasligi aniqlangan. Ayrim hollarda ofitsiant va kassirlar davlat tilini yetarlicha bilmaydi.

 

Xoʻsh, umumiy ovqatlanish sohasida davlat tiliga oid talablar qanday? Oyina.uz kolumnisti Murodjon Najmiddinov maqolada masalaning huquqiy jihatlariga toʻxtaladi.

 

Kafe va restoranlar qaysi tilda xizmat koʻrsatishni mustaqil belgilay oladimi?

 

Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashab kelmoqda. Konstitutsiyaga asosan, davlat oʻz hududida yashovchi millat va elatlarning tillari hurmat qilinishini taʼminlaydi va ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

 

“Davlat tili haqida”gi qonunga koʻra, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi boshqa millat va elatlar oʻz ona tilida gapirishiga toʻsqinlik qilmaydi.

 

Shu jihatdan, qonunchilik ofitsiant, kassir va kafe-restoranlarning boshqa xodimlarini faqat davlat tilida gapirishga majburlamaydi: oʻz tilida gapirish – ularning Konstitutsiyaviy huquqi.

 

Shu bilan birga, Konstitutsiyaga asosan, kishilar oʻz huquqlaridan foydalanishda boshqa kishilar, jamiyat va davlatning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak.

 

Xoʻsh, ofitsiant mijoz bilan u tushunmaydigan tilda soʻzlashishi qanday huquqlarga taʼsir qilishi mumkin? Albatta, isteʼmolchi huquqlariga.

 

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga asosan tovar (xizmat), xizmat koʻrsatuvchi va xizmat koʻrsatish qoidalari haqida mijozga davlat tilida maʼlumot berilishi kerak. Bunga qoʻshimcha boshqa tilda ham axborot berilishi mumkin.

 

Aytaylik, kafe xodimlari davlat tilini bilmaydi, mijoz esa –ularning tilini. Mijoz taom tarkibi, tayyorlanish usuli yoki boshqa masalada maʼlumot olmoqchi. Shu holatda mijozga kerakli maʼlumot berilmasligi (til toʻsiqlari tufayli bera olinmasligi) isteʼmolchi huquqlarini buzmay qolmaydi.

 

Xuddi shuningdek, kafe-restoranlar boshqa tillarda soʻzlashuvchi mijozlar huquqlarini ham inobatga olishi kerak. Xususan, 2003-yil 13-fevraldagi 75-son Hukumat qaroriga koʻra, xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonalarida kamida bitta xorijiy tilni biladigan metrdotel, ofitsiantlar boʻlishi kerak.

 

Qonunchilikda, isteʼmolchi huquqlaridan tashqari, ish yuritish tiliga oid qoidalar ham bor. Masalan, “Davlat tili haqida”gi qonunga koʻra, tashkilotlarda ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda “qogʻozlar” davlat tili bilan bir qatorda boshqa tilda ham yuritilishi mumkin.

 

Taomnoma qaysi tilda boʻlishi lozim?

 

Taomnoma istalgan tilda – “qadimgi valeriyan” tilidan (Devid J. Peterson yaratgan toʻqima til) tortib, mandarin tilida ham yozilishi mumkin. Faqatgina bitta shart bilan – avvalo, davlat tilida boʻlishi kerak.

 

Taomnoma, yaʼni menyu istalgan tilga tarjima qilinishi mumkin, ammo ular dunyoning nechta tiliga tarjima qilinishidan qatʼi nazar davlat tilida boʻlishi shart:

 

birinchidan, “Davlat tili haqida”gi qonunga asosan lavha, eʼlon, narxnoma hamda boshqa koʻrgazmali va ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin;

ikkinchidan, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga asosan tovar (xizmat) haqidagi maʼlumot davlat tilida beriladi, zaruratga qarab boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin;

uchinchidan, 2003-yil 13-fevraldagi 75-son Hukumat qaroriga koʻra, umumiy ovqatlanish korxonalarida davlat tilida yozilgan taomnoma boʻlishi kerak.

 

Ammo koʻpgina kafe-restoranlarda hanuzgacha davlat tilidagi taomnoma yoʻq. Xususan, Raqobat qoʻmitasiga koʻra, tanlanma asosda oʻrganilgan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonasining 524 tasi yoki 75 foizida taomnoma davlat tilida emasligi aniqlangan. 449 ta yoki 65 foiz holatda narxnomalar yoʻq.

 

Buning sabablari turlicha boʻlishi mumkin. Masalan, biror tilni ustuvor koʻrish, qonun talablarini bilmaslik va boshqalar. Shu bilan birga, ayrim obyektiv sabablar ham mavjud – koʻplab ovqat, salat va shirinlik nomlarining oʻzbek tilidagi tarjimalar yoʻq, borlariga ham quloq oʻrganmagan (masalan, “Мужской каприз” – “Erkak injiqligi/nozi”).

 

Shu boisdan, taomnomalarning davlat tilida boʻlishi talab etilar ekan, ovqat, salat va shirinlik nomlarini tarjima qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilishi lozim.

 

Reklamalar qaysi tilda boʻlishi kerak?

 

Internetda, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda xizmat koʻrsatishning boshqa sohalari singari umumiy ovqatlanish korxonalarining reklamalari ham tez-tez koʻzga tushadi. Ularning baʼzilari davlat tilida boʻlsa, aksariyati boshqa tillarda. Xoʻsh, bu boradagi qonunchilik qanday?

 

“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga asosan respublikada reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama tarjimasi quyidagi talablarga binoan boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

 

tarjima uning davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzmasligi;

tashqi reklama tarjimasi davlat tilidagi reklama matnining pastida gorizontal joylashtirilishi va maydonning 40 foizidan oshmasligi;

tarjima matni harfining oʻlchami davlat tilidagi reklama matni harfining oʻlchamidan kichik boʻlishi;

tele- va radiokanallar, bosma nashrlardagi reklama tarjimasi kunlik umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi.

 

Xulosa qilamiz, umumiy ovqatlanish korxonalarida ish hujjatlari davlat tilida yuritilsa-da, uning xodimlari oʻzaro va mijozlar bilan ular oʻzlari tanlagan tilda muloqot qilishi mumkin, agarda isteʼmolchi huquqlari buzilmasa. Jumladan, tovar (xizmat) haqidagi maʼlumot davlat tilida berilishi shart.

 

Taomnoma (menyu), xizmat koʻrsatish qoidalari, boshqa koʻrgazmali materiallar hamda reklama materiallari davlat tilida boʻlishi lozim. Ularning boshqa tillarga tarjima qilish ham mumkin. Mijoz umumiy ovqatlanish korxonasi xodimlari gaplashayotgan tilni bilmasa-da, xizmatlardan toʻla hajmda foydalanish huquqiga ega va umumiy ovqatlanish korxonasi uning ushbu huquqini taʼminlashi shart.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:04 / 07.04.2025 0 308
To‘rt Qodiriy e’tirofi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//