
Umar Rajabovning kartinalarini birinchi bor ko‘rganimda O‘zbekistonda ham impressionist rassomlar bor ekan, deb hayron bo‘lgandim. Aslida rassomni O‘zbekistondan ko‘ra ko‘proq Rossiyada tanishadi. Sababi ijodkor asosiy ko‘rgazmalarini ushbu mamlakatda o‘tkazgan. 1985-yili Xorazmning Hazorasp tumanida tug‘ilgan Umar Rajabov bolaligidanoq rasm chizishga qiziqar, lekin ota-onasi farzandi hayotini ijod bilan bog‘lashiga qarshi edi. Birinchidan, bu yuqori haq to‘lanadigan faoliyat emas, ikkinchidan, san’atni hamma ham tushunavermaydi, deb hisoblashardi ular.
Biroq rassom umidini so‘ndirmadi va rasm chizishda davom etdi. 16 yoshli Umarning suratlari 2001-yili Chexiyada o‘tkazilgan “Yosh iste’dodlar” tanlovida oltin, oradan bir yil o‘tib, Hindistonda o‘tkazilgan xuddi shu tadbirda kumush medalga sazovor bo‘ladi. Kamoliddin Behzod nomidagi Toshkent rassomlik va dizayn institutini tamomlagan Umar Rajabov ayni vaqtda shu yerda talabalarga dars beradi.
“Avvaliga Ilya Repindan meros qolgan realizmni yaxshi ko‘rardim. Lekin asta-sekin bu janrdan zerikib ketdim. Tabiatimda sabrsizlik bor, har doim hamma narsani tez bajarishni xohlayman. Realizmda esa siz uzoq vaqt yolg‘iz o‘tirishingiz kerak. Va men impressionizm bilan tanishdim. Mane va Dega kabi shu uslubda ishlashga ahd qildim”, deydi u o‘z uslubi haqida gapirarkan. Rassomning qo‘shimcha qilishicha, 10 yildan keyin uning uslubi yana o‘zgarishi va boshqa yo‘lda rasm chizishni boshlashi mumkin. Ammo hozircha Umar Rajabov impressionizm tarafdori. Uning fikricha, hozir san’at mafkurasi juda o‘zgargan. Ilgari rassomlar ko‘rganlarini tasvirlashardi. Hozir esa rassom tafakkur, g‘oya, tushunchani ifodalaydi.
"Oila banki"
Umar Rajabov jamiyatda rassomlar haqida noto‘g‘ri fikr shakllangani, shuning uchun aksar ota-onalar farzandini bu yo‘ldan ketishiga qarshilik qilishlari mumkinligini aytadi:
– Odatda rejissyorlar ham, yozuvchilar ham asarlarida rassomlarni kambag‘al, kartinalarini sota olmaydigan nochor insonlar sifatida tasvirlashadi. Aslida har doim ham unday emas. Masalan, Pablo Pikasso oyda bir necha marta ochiq eshiklar kuni o‘tkazib turgan. Unga kirish uchun yuzaga kelgan navbat qatori juda uzun bo‘lgan. Bir kuni Pikasso sheriklari bilan o‘tirgan ziyofat yakunida girgitton hisobni olib keladi. Shunda rassom qog‘oz sochiqqa rasm chizib, “Mana bu hisobning puli” deydi. Buni ko‘rgan restoran xo‘jayini "Janob Pikasso, rasmga imzo qo‘ymabsiz" desa, buyuk ijodkor “Men restoraningni sotib olmoqchi emasman, bu faqat yegan-ichganimiz hisobi" – deb javob beradi. Bugun ham bunday mashhur va puldor rassomlar dunyo bo‘ylab yetarlicha topiladi”.
Rassomning "Ozod qalblar" nomli suratiga tomoshabinlar "G‘azo bolalari" deb nom bergan. Rassomning o‘zi esa kartinani dunyoning barcha notinch hududlaridagi bolalarga bag‘ishlagan.
"Ozod qalblar"
"Yo‘qotilgan bolalik" nomli surat haqida gapirarkan, u “Bu dunyoda har bir bolaning baxtli yashashga haqqi bor. Farzandlarimizning bolaligi suratning o‘ng tomonidagidek yorqin ranglarda bo‘lishini xohlaymiz, ammo aksariyat davlatlarda beg‘ubor bolalik yo‘qolgan”, deydi.
"Yo‘qotilgan bolalik"
Ijodkorning milliylik ruhi yo‘g‘rilgan "Meros" nomli kartinaning asosiy markazida keksa inson va uning nabirasi turadi. Orqa fonda milliy an’analarimiz aks etgan bosh kiyimlarimiz. Ular turli mintaqalarimiz uslubi bo‘yicha tikilgani sabab ayricha ma’no yuklaydi suratga.
"Meros"
"Sharq go‘zallari"
"O‘zbek otaxonlari"
Ushbu kartinalar seriyasida asosiy mavzu – o‘y. Inson ulg‘aygani sari ko‘p o‘ylaydigan, sukunatni yoqtiradigan bo‘lib qoladi. Rassom ana shu lahzalarni suratlarga muhrlagan.
"Tinchlik"
"O‘tkinchi dunyo"
"Yo‘qolayotgan tarix"
Cheshir mushugi haqida eshitgansiz. U sekin-asta ruhi yo‘qolib boruvchi mavjudot. “Tariximizning bir bo‘lagi hisoblangan ushbu obida ham go‘yo Cheshir mushugi kabi yo‘qolib bormoqda. Tariximiz yozuvlari o‘chib bormoqda”, demoqchidek rassom bu asarida. Suratlarini tomosha qilarkansiz, rassomning kartinalari sizni birmuncha vaqtga bolalikka qaytaradi, o‘ylashga majbur qiladi, estetik zavq beradi va san'atning beqiyos kuchini his qilishga yordam beradi.
Jo‘rabek MEHMONOV
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
San’at
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q