
XIX asr oxiri XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidchilik Turkiston tarixida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu harakatning asl maqsadi Turkistonni mustamlaka zulmidan qutqarib mustaqillikka olib chiqish bo‘lib, mazkur maqsadni amalga oshirish uchun jadidlar turli, xususan, ta’lim, adabiyot, teatr, ijtimoiy jamiyatlar va boshqa sohalarda faoliyat olib bordilar. Va mazkur faoliyat moddiy jihatdan yaxshi ta’minotni taqozo etgan. Bu davrda esa jadidlar bilan birga Turkiston tadbirkorlari va ishbilarmonlari yelkama-yelka turib, ularni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaganlar.
Sovet Ittifoqi davrida qonli qatag‘ondan jabr ko‘rgan xalq qahramonlari talaygina. Shulardan biri o‘z davrining buyuk arbobi Isroiljon Ibrohimovdir. Uning uzoq yillar davomida jamoatchilik ongidan yashiringan hikoyasi, jamiyat oldidagi xizmatlariga to‘xtalmoqchimiz.
Isroiljon Ibrohimov o‘tgan asrning 20-yillarida mustaqillik uchun kurash olib borgan “Milliy istiqlol” uyushmasi rahbarlaridan biri edi[1]. U 1868-yili Toshkent shahrining Shayxovanditohur dahasi 2-Illa mahallasida yashovchi Ibrohimjon oilasida tug‘ilgan[2]. Otasi savdo-sotiq bilan shug‘ullanib, o‘z davrining mashhur tadbirkorlaridan biri hisoblangan. Isroiljon Ibrohimov zamonasining ma’rifatli va saxovatli boylaridan biri bo‘lgan, yoshligidan otasining izidan borib savdo-sotiq sir-sinoatini o‘rganadi. Asosan to‘qimachilik, mato va ipak savdosi bilan shug‘ullangan. Toshkent, Qo‘qon, O‘sh, O‘ratepa, shuningdek Rossiya imperiyasining boshqa shaharlarida, jumladan Qozon, Ufa, Olmaota, Moskva va Sankt-Peterburgdagi bir qancha savdo do‘konlari egasi bo‘lgan[3].
Ibrohimov Qoryog‘di mahallasida joylashgan “Karvonsaroy”da savdo karvonlari bilan ham yaqin aloqada bo‘lgan. U nafaqat oilasi va hamkasblarini ta’minlabgina qolmasdan, xorijga ham ko‘p sayohat qilgan, tijorat aloqalarini kengaytirgan. Xorijga sayohatlar orqali uning dunyoqarashi o‘zgardi, Turkistonning holatiga chetdan baho bera boshladi. Qahramonimiz ijtimoiy mas’uliyatni chuqur his qilgan, buni uning xayriya faoliyatida ko‘rish mumkin. U kam ta’minlangan va muhtojlarga, ayniqsa, ko‘p bolali oilalarga faol yordam bergan, shuningdek, ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratgan.
Isroiljon Ibrohimov hayotida xalq orasida “juma yirtish” nomi bilan mashhur bo‘lgan amaliyot – juma namozi oldidan mato bo‘laklarini (asosan ipak) tarqatish an’anasi alohida o‘rin tutgan va bu unga “Isroil-shoyifurush” laqabini bergan. U odamlarga qiyin paytlarda yordam bergan. To‘qimachilik mahsulotlarini tarqatish bo‘yicha ushbu faoliyat nafaqat xayriya, balki jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi va og‘ir hayot sharoitlarida qolganlarga yordam ko‘rsatish ramzi bo‘lgan muhim ijtimoiy ishora edi[4].
20-yillarda Isroiljon Ibrohimov shafqatsiz qatag‘on va bolsheviklar siyosati sharoitida o‘zbek xalqi manfaatlarini himoya qilishga intilgan siyosiy harakat faoliyatida faol ishtirok etadi. Bu harakat “Milliy ittifoq” nomi bilan mashhur bo‘lib, Turkistonda bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelganidan beri mahalliy ziyolilarning ko‘plab vakillari, tadbirkorlar va an’anaviy qadriyatlarni himoya qilishga intilgan faollar qatag‘on xavfi ostida qoldi.
Isroiljon Ibrohimov Toshkentning “Egachi” va “Qashqar” mahallalarida yaqin do‘sti va safdoshi Munavvarqori Abdurashidxonovga ichki va tashqi hovlili maktab qurib bergan. Bundan tashqari, millatimiz ziyolilariga Turkiya davlatidan keltirgan kitoblarni tez-tez ulashgan. Katta yer va mol-mulkidan tushgan foyda evaziga ularning moddiy ta’minotini muntazam ta’minlagan. Rus, nemis, fransuz tillarini yaxshi bilgan. Fransiya davlatining faxriy fuqarosi sifatida katta e’tiborga loyiq ko‘rilgan. Parijda o‘sha davrdayoq O‘zbekiston nomidan savdo yarmarkalarini tashkil qilgan[5].
“Yo‘qolsin boylar, yashasin kambag‘allar”, degan munofiqona shiorni bayroq qilib olgan tuzum iymon-e’tiqodi, saxovati bilan ajralib turgan ajdodlarimiz tamoyiliga zid ish ko‘rdi. Aldovlar asosiga qurila boshlagan yangi jamiyat oqibatda nafaqat moddiy, balki ma’naviy boy insonlar boshiga ne-ne balolar yog‘dirdi. Boshqa alifboni targ‘ib etish bilan xalqimizni umuman savodsiz, omiga aylantirdi. So‘ng balandparvoz shiorlar bilan “Savodsizlikka qarshi kurashamiz”, deya bong urdi. Boshdan oxirigacha shum niyatga asoslangan hayot qurishga kirishildi. Odamlarga yolg‘on gapirish o‘rgatila boshlandi. Eshik va darvozalarda qulf paydo bo‘ldi. Odamlar orasida shubha va gumon bolalagandan bolaladi. Millatimizning asl farzandlarini birlashtirgan “Milliy istiqlol” tashkilotining shiori “Gullasin Vatan, yashasin ilm-u urfon” bir chetga uloqtirildi[6].
1929-yil 6-noyabrda “Milliy istiqlol” uyushmasi a’zolari qatorida Isroiljon Ibrohimov ham josus sifatida hibsga olindi. SSSR OGPU kollegiyasi tomonidan RSFSR jinoyat kodeksining 58-modda 2-bandi (qurolli qo‘zg‘olon) bilan ayblanib, 1931-yilning 29-aprelida xalq dushmani nomi bilan otishga hukm qilindi. Sud hujjatlarida uning dafn etilgan joyi haqida ma’lumot yo‘q, bu esa Ibrohimov kabi shaxslar haqidagi ma’lumotlar rasmiylar tomonidan qanday yashirilganining muhim dalili bo‘lib qolmoqda.
Ko‘p yillar davomida Isroiljon Ibrohimov nomi unutildi, shaxsi rasmiy tarixdan o‘chirildi, jamiyat va xalq oldidagi xizmatlari barham topdi. Faqat 1980–1990-yillarda, Stalin vafotidan keyin va oshkoralik davrida tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi dastlabki qadamlar qo‘yildi. U oradan qariyb 60 yil o‘tib, 1989-yil 21-aprelda O‘zbekiston SSR prokuraturasi SSSR oliy sovet prezidiumining 1989-yil 16-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining qatag‘on qurbonlariga nisbatan odil sudlovni tiklash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qaroriga asosan oqlandi.
Dalerjon MIRZAYEV,
O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti
[1] Hibsga olinib, otilgan “josus”. “Yangi O‘zbekiston” gazetasi. 2021-yil 31-avgust.
[2] Мухаббат Исраилова. Не забыт ваши имена. “Правда востока”. 2000 г. 13 май.
[3] Мухаббат Исраилова. Не забыт ваши имена. “Правда востока”. 2000 г. 13 май.
[4] Мухаббат Исраилова. Не забыт ваши имена. “Правда востока”. 2000 г. 13 май.
[5] Hibsga olinib, otilgan “josus”. “Yangi O‘zbekiston” gazetasi. 2021-yil 31-avgust.
[6] Hibsga olinib, otilgan “josus”. “Yangi O‘zbekiston” gazetasi. 2021-yil 31-avgust.
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Til
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q