
Oʻrta asrlardagi musulmon Sharqida ayollar katta siyosat va harb ishida muhim oʻrin egallamagani haqida stereotiplar koʻp. Aslida bu davrda Sharqdan mamlakatini dushmanlardan himoya qilgan jasur sarkarda ayollar ham, davlatni oqila idora etgan malikalar ham ham yetishib chiqqan. Ana shunday ayollardan biri XVI asrda Indoneziyada joylashgan Achex sultonligining dengiz flotiga qoʻmondonlik qilgan Komila Hayotiydir. Hayotiy bugungi kunda Indoneziyaning milliy qahramoni boʻlib, uni indoneziyaliklar Keumala hayati yoki Malahayati nomlari bilan ataydi.
Indoneziyaliklar orasida mashhur boʻlgan Komila Hayotiy Sumatra orolining shimoliy qismida joylashgan Achex sultonligining mashhur admirali Mahmud Shohning qizi boʻlib, yoshligidan dengizda suzishni yoqtirgan. Otasi Komilani Maʼhad Baytul Maqdis harbiy akademiyasiga oʻqishga joylagan. Bu yerda yosh qiz harbiy sanʼat sirlarini oʻrgangan.
Komilaning dengizchi sifatidagi faoliyati Malakka boʻgʻozidagi strategik savdo yoʻllari uchun kurash avj olgan davrga toʻgʻri keladi. Bu vaqtda portugallar Malakkani egallab olgan, Achex sultonligi bunga javoban savdo yoʻllarini osiyolik savdogarlar uchun himoya qilishga kirishgandi. Komila portugallar va boshqa mahalliy sultonlarda qarshi janglarda oʻzini koʻrsatadi.
Sulton Alovuddin Mansur Shoh kuchli dengiz floti tuzib, unga aynan Komila Hayotiyni admiral etib tayinlaydi. U keyinchalik dengizchilar orasida Malahayati nomi bilan shuhrat qozonadi.
Malahayati shu vaqtga qadar bironta indoneziyalik ayolga berilmagan harbiy lavozimni egallab, oʻzining mahoratini namoyish etadi. U, nafaqat jang maydonlarida, balki diplomatik muzokaralarda ham oʻz qobiliyatini namoyish qiladi. Uning rahbarligida Achex dengiz floti mintaqadagi oʻz mavqeyini mustahkamlab, kuchli harbiy salohiyatga ega boʻladi.
1599-yil Achex sultonligining qirgʻoqlariga Gollandiya armadasi qoʻmondoni Kornelis de Xoutman yetib keladi. U, oʻz flotining harbiy qudrati va Yevropa imperiyasining vakili sifatidagi maqomiga ishonib, Achex sultonining saroyida oʻzini juda takabburona tutadi. U sultonning obroʻsini yerga urib, unga behurmatlik koʻrsatadi. Bu haqoratlar faqatgina sultonning emas, balki butun Achex xalqining gʻazabini keltiradi.
Saroydan chiqqandan soʻng Xoutman sultonlik janubiga yurib, Bantemga hujum uyushtiradi. Natijada Malahayati boshliq Achex sultonligi floti unga qarshi yurishga otlanadi. Bir necha shiddatli janglardan soʻng, Malahayati Xoutman flotini yoʻq qilib, uning oʻzini asir oladi va qatl qiladi.
1600-yil Gollandiya floti Achex sultonligining savdo kemasini talon-taroj etadi. Malahayati javob chorasi sifatida golland admirali Yakob van Nekni hibsga olishni buyuradi. Shundan soʻng, gollandlar Achex sultonligiga uzr xati bilan elchi yuborishga majbur boʻladi va tovon toʻlaydi. Bu Malahayatining obroʻsi nafaqat mamlakat ichida, balki tashqarida ham oshganini namoyish qiladi.
Malahayatining mashhurligi, shuningdek, Angliya qirolichasi Yelizaveta Iʼni ham Achex sultonligi bilan tinch aloqalar oʻrnatishga undagan. U Achexga Jeyms Lankaster boshliq delegatsiya joʻnatgan. Inglizlar bilan muzokaralarga ham aynan Komila Hayotiy rahbarlik qilgan.
Jasur musulmon admirali 1606-yilda portugallar bilan jangda halok boʻladi. U poytaxtdan 34 kilometr uzoqlikdagi qishloqqa dafn etiladi. Biroq hozirgi kunda Achexdagi Raya masjidida Komila Hayotiyning qabri joylashgan deb hisoblanadi.
Bugungi kunda Malahayatining nomi Sumatra orolidagi shaharlar, harbiy dengiz kemalari, universitetlar, shifoxonalar va yoʻllarga berilgan. U dafn etilgan joy yaqinidagi dengiz porti ham Malahayati Porti deb nomlangan. 2017-yilda Indoneziya prezidenti Joko Vidodo Komila Hayatini “Indoneziya milliy qahramoni” unvoni bilan taqdirladi.
Malahayati, nafaqat oʻz davri, balki barcha zamonlardagi musulmon ayollari uchun oʻrnak boʻlib qoladi. Malahayati – vatani shon-shuhratini himoya qilgan, xalqi uchun mardlarcha kurashgan buyuk sarkarda va mard ayoldir. Malahayati faoliyati ayollarning oʻz potensialiga ishonishi va jamiyatda oʻz oʻrinini topishi uchun bir qoʻllanma hamdir.
Ubaydulla Quvvataliyev
TerDU qoshidagi
Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
Tarix
Tarix
Falsafa
Tarix
Til
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q