Jadid Po‘lat Soliyevning Bobur shaxsini tiklash yoʻlidagi kurashi


Saqlash
15:38 / 26.03.2025 781 0

 

Jadid maʼrifatparvarlari yangi usul maktablarida tarix fanini oʻqitishga alohida eʼtibor qaratgan. Ular millat farzandlarini xolis oʻtmish bilan tanishtirish juda muhim deb hisoblagan. Jadidlar yaratgan tarix darsliklari tarixiy shaxslar, milliy qahramonlar haqidagi maʼlumotlarga boy boʻlib, bu yosh avlodni oʻz tarixini chuqur oʻrganishga, uni qadrlashga undagan. Jadidlar tarixni milliy oʻzlikni anglash, vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish va kelajak uchun saboq olish manbayi deb bilgan.

 

Ammo, sovet hokimiyati, aksincha, oʻzbek xalqini oʻz tarixidan uzib qoʻyish maqsadida tarix fanini soxtalashtirish, milliy qahramonlarni qoralash va oʻtmishga bepisandlik siyosatini olib borgan. Kommunistik mafkura jadidlarning tarixga oid qarashlarini rad etib, ularning darsliklarini taqiqlagan. Jadidlarning oʻzi qatagʻon qilingan.

 

SSSRda tarix fani sinfiy kurash, revolyutsion oʻzgarishlar va kommunistik gʻoyalar nuqtayi nazaridan yoritilgan. Oʻzbek xalqiga oʻz tarixini mustaqil oʻrganish va tadqiq qilish imkoniyati berilmagan. Oʻzbeklardan chiqqan buyuk insonlar faoliyati umuman yoritilmagan yoki qora boʻyoqlar bilan koʻrsatilgan.

 

Shunday siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur edi. Oʻzbekiston tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk shoir, olim, davlat arbobi va sarkarda hayoti va ijodi asrlar davomida tadqiqotchilar va mutafakkirlar tomonidan oʻrganilib, turlicha baholangan. Boburning shaxsiyati va merosi oʻzbek xalqi uchun milliy gʻurur va iftixor manbayi boʻlib kelgan.

 

Sovet davrida esa Bobur shaxsiyatiga boʻlgan munosabat bir xilda boʻlmagan, balki davrning mafkuraviy oʻzgarishlariga qarab oʻzgarib turgan. Dastlabki yillarda kommunistik mafkura amirlar, shohlar, sarkardalarni sinfiy dushmanlar sifatida talqin etib, ularning tarixiy rolini inkor etishga uringan. Bobur ham xuddi shunday salbiy baholangan tarixiy shaxslar qatoriga kiritilgan. Uning asarlari, ayniqsa, “Boburnoma”si feodalizmni maqtash, burjuaziyacha ruhni singdirishda ayblangan.

 

Biroq fidoyi oʻzbek tarixchilari ogʻir sharoitda boʻlsa ham buyuk ota-bobolari nomini himoya qilishda davom etgan. Ular Moskva bosimiga qaramay, milliy qadriyatlarni, tarixiy haqiqatni saqlab qolishga, xalq xotirasini unuttirmaslikka intilgan. Professor Poʻlat Soliyev ana shunday fidoyi tarixchilardan biri edi.

 

Poʻlat Soliyev tarixni xolisona yoritish, milliy manfaatlarni himoya qilish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratgan. U jadid maktablari uchun tarix darsliklari ishlab chiqqan.

 

Ammo, bolsheviklarning mafkuraviy qarshiligi tufayli Poʻlat Soliyevning koʻplab darslik loyihalari rad etilgan. Sovet hokimiyati milliy tarixning alohida yoritilishiga yoʻl qoʻymay, ushbu fanni kommunistik mafkura manfaatlariga moslashtirgan.

 

Shunga qaramay, 1929-yilda olimning “Oʻzbekiston tarixi” kitobini nashr etilgan. Ushbu asarda Soliyev Bobur faoliyatiga tarixiy xolislik nuqtayi nazaridan baho berishga harakat qiladi. U Boburni nafaqat sarkarda va davlat arbobi, balki buyuk shoir va olim sifatida ham koʻrsatib berishga intiladi. Uning bu ishi sovet mafkurasiga qarshi chiqish, milliy qadriyatlarni himoya qilish yoʻlidagi muhim qadam edi.

 

Bolsheviklar Boburni feodal hukmdor, istilochi va dindor sifatida tanqid qilgan. Boburning ijodi va asarlari toʻliq oʻrganilmagan, aksincha, uning “Boburnoma” asari feodal tuzumning ifodasi deb baholangan. Kommunistik mafkura Boburning maʼnaviy va madaniy merosini inkor etishga, uning xalq xotirasidagi ijobiy qiyofasini yoʻqotishga uringan.

 

1950-yillarda tarixga boʻlgan yondashuvda biroz oʻzgarishlar sezilgan. Baʼzi tarixchilar Boburning ilmiy merosiga, uning tilshunoslik, adabiyotshunoslik va tarix sohalariga qoʻshgan hissasiga eʼtibor qarata boshlagan. Ammo bu ham rasmiy mafkura doirasidan chiqmagan. Boburning faoliyatiga bir tomonlama, cheklangan baho berilgan.

 

Poʻlat Soliyev oʻzining yuqorida nomi keltirilgan “Oʻzbekiston tarixi” asarida Zahiriddin Muhammad Boburni nafaqat mohir siyosatchi va sarkarda, balki noyob isteʼdod sohibi, betakror shoir sifatida tasvirlaydi. Bunday yondashuv oʻsha davr uchun oʻta jasur qadam edi.

 

Bu holat 1920-yillarning oxirida, aynan Stalin qatagʻon siyosati avj olayotgan, milliy qadriyatlar va tarixiy shaxslarning roli kamaytirilayotgan, mafkuraviy bosim kuchaygan bir davrda amalga oshirilgani bilan alohida diqqatga sazovor. Ushbu davrda milliy oʻzlikni anglashga intilish, tarixiy shaxslarni eʼzozlash, milliy gʻurur tuygʻusini ifoda etish oʻta xavfli boʻlgan. Har qanday mustaqil fikr, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan harakat sovet rejimi tomonidan qattiq jazolangan.

 

Poʻlat Soliyev esa ana shunday murakkab vaziyatda Boburning buyukligini taʼkidlashga, uning ilmiy va adabiy merosini qadrlashga jurʼat etadi.

 

Olim oʻzining mazkur asarida Boburning suratini joylashtirib, uning tagiga arab alifbosida “Ulugʻ adib va shoirimiz Zahiriddin Muhammad Bobur” deb yozib qoʻyishi uning oʻz tarixiga boʻlgan beqiyos hurmatini va sadoqatini yaqqol namoyon etadi.

 

Sovet hokimiyati arab yozuvini eskilik sarqiti deb bilib, uni lotin va kirill alifbolariga almashtirish siyosatini olib borayotgan bir paytda, Poʻlat Soliyev Boburning surati ostiga arab yozuvida yozuv qoʻyib, oʻz milliy qadriyatlariga sodiqligini namoyon etgandi.

 

Poʻlat Soliyevning bu ishi oʻzbek ziyolilari uchun oʻziga xos daʼvat boʻlib, ularni oʻz tarixini, milliy qadriyatlarini himoya qilishga chaqirgan.

 

Afsuski, ajdodlarimiz merosini haqqoniy oʻrganishga boʻlgan urinish sovetlar eʼtiboridan chetda qolmaydi. Olimning mazkur asariga mafkuraviy bosimlar orta boshlaydi, bu esa uning keyingi taqdiriga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatadi.

 

Abram Guravich kabi kommunistik tuzum yalovbardorlari olimning ushbu asarini “panturkistik va oʻtmishni ideallashtirishga urinish” sifatida qattiq tanqid qiladi. Bu oʻsha davrdagi kommunist mafkuraning milliy qadriyatlarga nisbatan koʻrsatgan nafratining yorqin namunasi edi.

 

1937-yil 8-fevralida A. Kartsev oʻzning “Qizil Oʻzbekiston” gazetasidagi maqolasida “Oʻzbekiston tarixini oʻrganish sohasida marksistik tanqidchilar qilishi lozim boʻlgan zarur va jangovar ishlar koʻp. Lekin bu sohada har qanday xatolarga qarshi, ayniqsa, trotskiychilik nazariyalarining sudralib kirishga qarshi kurashishi kerak boʻlgan kishilar indamay keladi”, deya yozadi.

 

Ushbu maqoladan soʻng, 1938-yilning boshidan tarix fanida yoppasiga “tozalash” kampaniyasi boshlanadi.

 

1937-yil 13-oktyabrda Poʻlat Soliyev hibsga olinadi va 1938-yil fevral oyida “maxsus uchlik” qarori bilan otib tashlanadi

 

Jadid tarixchisi Poʻlat Soliyevning Bobur shaxsiyatini oʻrganishga qaratilgan tadqiqotlari Sovet davrining mafkuraviy bosimi sharoitida oʻta muhim va jasoratli qadam edi. Uning ilmiy ishlari va qaynoq harakatlari oʻzbek tarixshunosligida oʻziga xos bir davr va maktab yaratdi.

 

Ubaydulla Quvvataliyev

TerDU qoshidagi

 Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//