Turkiylarning “el-kun”i – yoʻqolib borayotgan bir soʻz tadqiqi


Saqlash
13:09 / 26.03.2025 420 0

Deyarli 3 ming yillik vaqt kesimida Yevroosiyo kengliklari va tutash oʻlkalarda 250 ga yaqin sulolalarga asos solgan turkiy el-uluslar oʻzlarining oʻzgachaliklari bilan dunyo tarixida ayricha fenomen – siyrak uchraydigan hodisa sanaladi. Oʻzak yurtlari boʻlmish Oʻrta Osiyo, Sharqiy Turkiston, Ordos oʻlkasi (Shimoliy Xitoy), Oltoy va Moʻgʻuliston, Kungay Sibir, Volga – Uralboʻyidan tashqari yana Yevropaning kunchiqari, Uzoq Sharq, Xuroson va Shimoliy Hindiston, Shimoliy Kavkaz va Qora dengiz boʻylari, Eron, Misr, Kichik Osiyo va Yaqin Sharqda oʻnlab sulolalar qurgan turkiylar dovrugʻi dunyoga yoyilishi oʻz-oʻzidan boʻlmay, buning negizida koʻplab omillar yotadi. Siyosiy jihatdan uyushuv, harbiy ishda epchillik, yoʻlboshchini saylash va unga sodiqlik, jamiyatda alplik va bilgalikning ardoqlanishi, el – davlat ishida jonkuyarlik va boshqa oʻziga xosliklar turkiylarning bu darajaga erishuvidagi bosh omillardir.

 

Yuqorida turkiy el-uluslar oʻzlarining oʻzak ona yurtlaridan boshqa yana oʻnlab oʻlkalarda koʻplab sulolalar tuzib, birgina qondoshlari emas, oʻzga el-uluslarning ham boshini biriktirganini aytib oʻtdik. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, birgina Hind oʻlkasida 1,5 yarim ming yildan koʻproq vaqt kesimida oʻnlab turkiy sulolalar boshqaruvi oʻrnatilgan boʻlib, boshqaruvchi elati old-turklar bilan tenglashtiriladigan Kushon saltanati (mil. I – III yuzy.), IV – VI yuzyilliklar oraligʻida Oʻrta Osiyoning oʻzak yerlari, Sharqiy Turkiston, Xuroson va Shimoliy Hindistonni birlashtirgan Xioniylar, Kidariylar va Eftaliylar (Abdallar – 440-565 yy.), keyinroq esa Turk xoqonligi (552-744) boshqaruvi chogʻida Hind oʻlkasida turkiylar salmogʻi orta bordi. Kidariylar va Eftaliylarning ayrim tarmoqlari Shimoliy Hindistonda oʻz sulolasini qurgan boʻlsalar, keyinchalik Kobul Teginshohlari (640-843), Gʻaznaviylar (977-1186), Dehli sultonligi (1206-1526), Temuriylar (1370-1507), Boburiylar (1526-1858) va yana bir necha yirik-kichik turkiy siyosiy uyushmalar bu oʻlkaning jilovini oʻz qoʻllarida tutib turdilar.

 

Turkiy el-uluslar tomonidan Yevropaning kunchiqarida, boshqacha aytganda Sharqiy Yevropada turkiy elatlar tomonidan qurilgan Xun saltanati (375-469), Xazar xoqonligi (650-969), Avar xoqonligi (565-835), Bulgʻor xonligi (681-1018), oʻn-oʻgʻur, qutrigʻur, sari-oʻgʻur boshqaruvlari, oʻrta asrlardagi quman va qipchoqlarning bir necha xonliklari, torki (uz), pecheneg (bijanak) siyosiy uyushmalari buning yorqin oʻrnaklaridir. Ular sirasiga Yevropaning kunchiqaridagi oʻlkalarini egallagan vengrlarning Arpad sulolasi (IX – XV yuzy.) va Oltin Oʻrda boshqaruvida turkiylarning oʻrni yuqori boʻlganidek, Usmonlilar (1299-1922) va Qrim xonligi (1441-1783) chogʻida ham Yevropaning sezilarli bir boʻlagida turkiylar boshqaruvi yetakchilik qildi.

 

Eron va Yaqin Sharqni egallagan Saljuqiylar (1038-1194), Elxoniylar (1256-1353), Jaloyiriylar (1336-1411), Oq-qoʻyunli va Qora-qoʻyunli, Safaviylar (1502-1736), Nodirshoh Afshar (1736-1747) va Kojorlar (1779-1925) kabi sulolalar bu yerlarda deyarli ming yil boʻyi turkiylar boshqaruvi yetakchilik qilishiga olib keldi. Hindiston, Sharqiy Yevropa va Erondagi turkiy sulolalar soni sanab chiqilsa, ularning salmogʻi 50 ga yetib qoladi. Turkiylarning oʻz ona yurtlarida va Misr, Xitoy kabi oʻlkalardagi sulolalarni qoʻshib sanalganda bu oʻlkalardagi turkiy sulolalar soni 200 dan oshib ketadi. Shu yoʻsinda yuqorida aytib oʻtilganidek turkiylar deyarli uch ming yillik oʻtmishida 250 ga yaqin sulola qurib, oʻz dovrugʻini yoyganlari yanada oydinlashadi.

 

Dunyo el-uluslari oʻtmishida oʻrnagi koʻrilmagan turkiy davlatchilikning bu darajaga yetishi oʻz-oʻzidan boʻlmay, buning negizida boshqaruv va harb ishida epchillik bosh omillardan biri boʻlgani yotadi deya urgʻular ekanmiz, “nega shunday, ular bu oʻzgachalikka qay yoʻsinda erishdilar, bunga nima turtki boʻldi” degan savolu soʻroqlarga yechim topish kerak boʻladi. Turkiy el-uluslar oʻtmishini yorituvchi turli tillardagi yozma manbalar va elshunoslik bilimlari bilan tanishib chiqar ekanmiz, buning negizida birinchi oʻrinda turkiylarning uyushuvi, jamiyatlashuvi bosh turtki boʻlganiga koʻzimiz tushadi. Chindan-da turkiy tilda ijtimoiy-siyosiy uyushqoqlik yuqori boʻlganini ular tilida saqlangan “el”, “ulus”, “el-yurt”, “qoʻsh” (siyosiy uyushma), “urugʻ”, “elat”, “aymoq” kabi oʻnlab soʻzlar koʻrsatib turibdi. Ular sirasiga yana “el-kun” soʻzini ham qoʻshadigan boʻlsak, turkiylarning oʻz tilida koʻplab soʻz va atamalar yaratib, bu sohada nechogʻlik yutuqlarga erishganiga taniq – guvoh boʻlamiz.

 

Bundan bir yarim ming yilcha oldin yaratilgan Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida ijtimoiy tushuncha oʻlaroq “boʻdun” soʻzi xalq anglamida ishlatilgan boʻlsa, “el” soʻzi esa ijtimoiy-siyosiy atama oʻlaroq “davlat, oʻlka, xalq” anglamlarini bildiruvchi keng tushuncha boʻlganini koʻramiz. Tunyuquq, Kul Tegin va Bilga xoqonlar oʻz bitiktoshlarida eldoshlariga yuzlanar ekan, “Turk eli” deb Turk xoqonligini, yaʼni davlatni koʻzda tutgan boʻlsalar, ushbu bitiktoshlarning boshqa satrlarida biror bir xalq yoki oʻlka toʻgʻrisida soʻz borganda ham bu soʻzni ishlatilganiga koʻzimiz tushadi. Shu bilan birga, “el” soʻzi koʻproq “davlat” anglamida qoʻllanilganini Bilga xoqon bitiktoshida “Tangri senga el berdi, oʻz elingni qoʻyib, Tabgʻach (Xitoy)ga qaram boʻlding!” deya urgʻu berib aytilgan soʻzlar, shuningdek, inoq boʻlsang “Mangu Elni tutib turajaksan” soʻzlari koʻrsatib turibdi. “El” soʻzi ming yillar oʻtib ham, turkiylar tilidan tushmagani, yuzyillar boʻyi ardoqli soʻz boʻlib qolaverganini buyuk bilgamiz Mahmud Qoshgʻariy “Devonu lugʻatit turk”da keltirib oʻtgan “el – davlat, oʻlka, el” ochiqlamasida ham kuzatsa boʻladi [Koshgʻariy 1960: 83; Koshgʻariy 1967: 42].

 

Bugungi kunda turkiy tillarning deyarli barchasida shu koʻrinishda oʻzgarmasdan saqlanib qolgan, biroq ayrimlarda birmuncha oʻzgarishga uchragan “el” soʻzi Onadoʻli va Ozarbayjon turklarida torroq, Turon – Turkistonda esa anchagina keng anglamlarda ishlatilayotganini koʻramiz. Ayniqsa, oʻzbek, qoraqalpoq, qirgʻiz va qozoq tillarida “el”, “elchilik”, “elimiz”, “el-yurt”, “el-ulus” kabi ijtimoiy tushunchalar bilan birga bu soʻz bilan bogʻliq koʻplab atama va iboralarga duch kelinadi. Oʻrnak uchun oʻzbek tilidagi “el bilsa boʻldi”, “el nima deydi”, “oʻz eling”, “oʻz elingdan qoʻymasin”, “el narxi”, “elkuyovi”, “elboshi” va yana oʻnlab ulgilarni keltirish mumkin. Oʻzbek tilining ochiqlamali soʻzligida bu soʻzning 3 ta anglami keltiriladi: 1. El – bir joyning odamlari, aholisi, xalqi; umuman, koʻpchilik odam, xaloyiq, hamma; 2. Bir yurtga, qabilaga mansub odamlar; millat, xalq; 3. Yurt, diyor, mamlakat [OʻTIL 2008: 29]. Bundan koʻrinadiki, bu soʻz Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida qanday anglamlarda kelgan boʻlsa, oʻzbek tilida ham shu koʻrinishini saqlab qolgan. Qizigʻi shundaki, Mahmud Qoshgʻariy bu soʻzga yana “el – ikki shoh orasidagi kelishuv, yarashuv” deb urgʻu berar ekan, ikki beg birla el boʻldi – ikki bek bir-biri bilan yarashdi” degan ochiqlama keltirib oʻtgani koʻzga tashlanadi. Oʻzbek tilida ham bu soʻz shu anglamda keng tarqalganiga duch kelamiz. Ochiqlamali soʻzlikda “El boʻlmoq – kimsa bilan oʻz kishisidek yaqin, doʻst boʻlmoq; chiqishmoq” deb tushuntirilib, unga quyidagicha oʻrnaklar keltirilgan: “Asli dushman el boʻlmas. Etakni kessang, yeng boʻlmas” (otalar soʻzi); “Bekning toʻplagan odamlari allaqanday bir-biriga el boʻlmaydigan olchoq odamlar ekan”[OʻTIL 2008: 29].

 

“El” soʻzi bilan bogʻliq ushbu oʻrnaklar bugungi kunda turkiy el-uluslarning koʻpchiligida uchraydi. Biroq bu soʻz bilan birga keluvchi ayrim soʻzlar borki, ular allaqachon qoʻllanilishdan chiqib, eski soʻzga aylanib qolgan. Shulardan biri deyarli ming yil boʻyi turkiylar tilida keng qoʻllanilib, yaqin yuzyilliklarga kelgachgina unutilib ketgan “el-kun” (el-kün) qoʻshaloq soʻzidir. Bundan ming yilcha ilgari Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida koʻp bora tilga olinsa-da, “Devonu lugʻatit turk”da eslatilmagan bu soʻzga eski turk-uygʻur yozuvli “Oʻgʻuznoma”da (XV yuzy.), “Boburnoma” va Oʻtamish Hojining “Chingiznoma”sida (XVI yuzy.) duch kelinadi. Qizigʻi shundaki, Alisher Navoiy asarlarida yoki Abulgʻozi Bahodurxonning “Shajarayi turk”ida uchramagan “el-kun” soʻzi bugungi turkiy tillarning ayrimlaridagina eski anglamiga yaqinligini saqlab qolgani kuzatiladi.

 

Ushbu asarlar boʻyicha ilmiy ishlar olib borgan izlanuvchilardan ayrimlari bu qoʻshaloq soʻzni “el kun” koʻrinishida bersalar, ayrimlar esa “el-kun” koʻrinishida qoʻsh soʻz oʻlaroq berayotganlari kuzatiladi. Ilk bor “Qutadgʻu bilig”da “mungar mengzatur soʻz sinamish kishi. Sinamish kishi bildi el kun ishi – bunga mengzatur soʻz sinagan kishi. Sinovchan kishi bildi el kun (xalq) ishni”; “bu el kun ettigi bu beglar ishi. Toʻru ham toʻqu birla etti ishi – bu el kun etgani bu beklar ishi. Toʻru (qonun) ham toʻquv (qoida) bilan etdi bu ishni” kabi toʻrtliklarda uchragan bu qoʻshaloq soʻzni atoqli turkolog – turkiy til bilimchisi J. Kloson ochiqlashga urinadi. Unga koʻra, “el” bu “a political unit organized and ruled by an independent ruler (mustaqil bir boshqaruvchi tomonidan boshqarilgan va tuzilgan siyosiy birlik, uyushma)”dir. Uygʻurcha yozuvli “Oʻgʻuznoma”da uchraydigan “el-kun” soʻzining ikkinchi boʻlagi “kun” eski turkcha matnlarda shu anglamda yolgʻiz oʻzi uchramaydi [Clauson 1972: 121]. Shu bilan birga, u bu soʻzni “quyosh, kun, kunbotar tomon” anglamidagi “kun” soʻzi bilan bilan tenglashtirib boʻlmasligi, uning negizida eski turkchada koʻpchilik (jamoa) qoʻshimchasi boʻlgan -gun (gUn) yotishiga urgʻu beradi [Ağca 2019: 177]. Uning bu qarashiga qoʻshilmagan F. Agʻja turkiy tillarning oʻgʻuz tarmogʻida uchraydigan “elä gunä qarshi” (elga – kunga teskari) iborasiga tayanib, “kun” soʻzini eski turkchadagi -gun qoʻshimchasidan boshqa ekani, uni turkiy tillarning koʻpchiligida “quyosh” anglamida uchraydigan “kun” soʻzi bilan tenglashtirish toʻgʻriroq ekaniga urgʻu beradi. Unga koʻra, “el-kun” soʻzining yalpi anglami “xalq”dir [Ağca 2019: 177-178]. Bizningcha, har ikkala izlanuvchining bu qarashlariga birmuncha qoʻshilish mumkin, biroq quyidagi oʻrnaklardan kelib chiqilsa, har ikkala qarash oʻzini yetarlicha oqlamaydi.

 

Ushbu qoʻshaloq soʻz ayrim oʻrinlarda bir-biridan ayri kelganini Onadoʻli turk adabiyotida uchraydigan “Buni eltajagiz belli Fagʻfur shoh. Banga el-u gun verur-u bargoh. Eli guni beklamak oʻlur bila. Odidur gado garchi ul shoh oʻla” (Buni eltamiz belgili Fagʻfur shoh. Menga el va kun berur u bargoh (chodir). Eli, kuni kutmoq boʻladi. Otidur gado, garchi u shoh boʻlsa-da) toʻrtligi koʻrsatib turibdi [qar. Ağca 2019: 177]. Bundan koʻrinadiki, “el-kun”ga “el” (xalq) va “kun” (quyosh) soʻzlari qoʻshilishidan yasalgan soʻz, yo boʻlmasa, “el” soʻzi bilan eski turkchadagi -gun koʻplik qoʻshimchasining birikuvidan yasalgan, soʻz deb qarab boʻlmaydi.

 

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, VII – XII yuzyilliklarda yaratilgan turkiy yozma asarlar negizida yozilgan “Eski turkcha soʻzlik”ning tuzuvchilari – V. M. Nadelyayeva, D. M. Nasilova, E. R. Tenisheva, A. M. Shyerbaklar “Qutadgʻu bilig”da yonma-yon kelgan “el kun boʻdun”ni qoʻshaloq soʻz deb qarab, uning anglamini “xalq” (narod) deb ochiqlash bilan birga, “el kun” koʻrinishidagi soʻzni ham “xalq” deb tushuntiradilar [DTS 1969: 169-170]. Shu bilan birga, ular “Oʻgʻuznoma”dagi “yilqilarni, el kunlarni yer erdi” soʻzlarini “yilqilarini, odamlarni yeyar edi” deb oʻgirishgan boʻlib, bundan “el kun” deganda eski turklarda “xalq”, “odamlar” tushunilgan ekan degan anglam kelib chiqadi. Shu oʻrinda “Eski turkcha soʻzlik”da turli yozma manbalardagi bilgilarga tayanilib “el – 1. Qabila ittifoqi, qabilaviy uyushma; 2. Xalq; 3. Davlat, maʼmuriy birlik” deb tushuntirilganini aytib oʻtish kerak [DTS 1969: 168-169].

 

Eski turkcha (uygʻurcha) yozuvli “Oʻgʻuznoma”da “el-kun” soʻz koʻp oʻrinlarda uchrab, asarni oʻzbekchaga oʻgirgan B. Isabek bu qoʻshaloq soʻzni “kishilar”, “insonlar”, “elu yurt”, “el-yurt”deb ochiqlangani kuzatiladi. “Oʻgʻuznoma”da bu soʻzga quyidagi oʻrnaklarda duch kelinadi:

 

1) Oʻshul oʻrman ichinda beduk bir qiat bar erdi. Yilqilarni, el-kunlarni yer erdi. Beduk yaman bir kik erdi. Berka emgak birla el-kunni basip erdi – “Oʻsha oʻrmon ichida katta bir qiat (karkidon) bor edi. Yilqilarni, kishilarni yer edi. Juda katta yomon bir mahluq edi. Qiynoq va mashaqqatlar keltirib elu yurtni azob-uqubatga botirgan edi”;

2) Andagʻ koʻrukluk erdikim, yerning el-kuni ani koʻrsa “Shunchalik chiroyli edikim: uni koʻrgan yer insonlari”;

3) El-kunlarning koʻngullarida koʻp telim boʻldi qaygʻu. Tutulunch, urushunch andagʻ yaman boʻldikim “El-yurtning koʻnglini qattiq va chuqur qaygʻu qopladi. Jang-jadal juda yomon boʻldi”;

4) Oʻgʻuz qagʻan Urum qagʻannung qagʻanluqin aldi, elin, kunin aldi “Oʻgʻuz qogʻon Urum qogʻonning qogʻonligʻini oldi, elini, yurtini oldi”;

5) Koʻk yallugʻ erkak boʻri keldi. Ushbu koʻk boʻri Oʻgʻuz qagʻanga ayttikim “emdi cherig birla mundun atla. Oʻgʻuz atlap el-kunlarni, beglarni keldurgil. Men senga bashlap yoʻlni koʻrgururman” tep tedi “Koʻk yolli erkak boʻri keldi. Ushbu koʻk boʻri Oʻgʻuz qogʻonga aytdikim: “Endi lashkaring bilan bu yerdan otlan, Oʻgʻuz! Otlanib el-yurtlarni, beklarni boʻysundir. Men senga yoʻlboshlovchilik qilaman” — dedi”.

 

Oʻrnaklardan anglashiladiki, “Oʻgʻuznoma”dagi “el-kun”ni izlanuvchilar koʻproq “el-yurt” anglamida ochiqlashga intilishgan. Biroq bu soʻzni joʻngina bu yoʻsinda tushuntirib boʻlmasligini “Boburnoma” va “Chingiznoma”dagi bilgilar koʻrsatib turibdi. Bobur keltirgan quyidagi bilgilarga tayanilsa bu holat yanada oydindashadi: “Xisravshohkim, Qunduzdin el-kuniga boqmay, Kobul azimati bila chiqar, anga taalluq el va ulus besh-olti boʻlak boʻlurlar. Badaxshondagilar bir boʻlak...” [Bobir 1960: 183]. Ushbu bilgilar “Boburnoma”ning yaqinda bugungi oʻzbek tiliga uygʻunlashtirilgan nashrida “Xisravshoh, Qunduzdan el-urugʻiga boqmay, Kobulga yoʻl olganida unga taalluqli el va ulus besh-olti boʻlakka ajraladi. Badaxshondagilar bir boʻlak ...” [Boburnoma 136]. Bu yerda “el-kun” “oʻzbekchalashtirilar” ekan, “el-urugʻ” koʻrinishida berilgani koʻzga tashlanadi.

 

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, bugungi kunda boʻlgani kabi Zahiriddin Muhammad Bobur yashagan kezlarda ham “yurt” soʻzi “xalq” emas, “biror yer, oʻlka” anglamida qoʻllanilgan. “El”, “el-kun”, “ulus”, “yurt” soʻzlarini bir necha bor tilga olgan Bobur ularning har birini ayri-ayri tushunchalar oʻlaroq ishlatgan boʻlib, yuqorida Xisravshoh bilan bogʻliq ochiqlamasida Xisravshohning “el-kuni”ga qaramasdan Kobulga ketgani, uning qoʻl ostidagi “el va ulus” 5-6 boʻlakka boʻlingani urgʻu berib oʻtadi, boshqa oʻrinlarda esa unga Tepa degan yer “yurt” oʻlaroq ajratilganini yozadi [Bobirnoma 1960: 136, 185].

 

“Boburnoma”da keltirilgan quyidagi bilgilar “el-kun” soʻzining anglami “xalq”dan koʻra koʻproq biror boshqaruvchi, hukmdor yoki shahzoda, yo boʻlmasa, qoʻmondonga tegishli kishilar guruhi boʻlgani anglashiladi: “Ibrohimning shikastidin burunroq Mustafo oʻldi. Shayx Boyazid inisi edi. Chun Ibrohim muhimmi ustida edi, filhol ogʻasining el-kunini ul bosh koʻz qildi” [Bobirnoma 1960: 366]. “Bobirnoma”ning oʻzbekchalashtiruvchilar bu bilgini quyidagicha oʻgirishgan: “Ibrohimning magʻlubiyatidan biroz ilgari Mustafo oʻldi. Shayx Boyazid uning ukasi edi. Ibrohim muhim ishlar bilan band edi, darhol uni akasining odamlari va ishiga bosh qilib qoʻydi” [Boburnoma 2019: 329].

 

Bu oʻrinda “ogʻasining el-kuni” soʻzlari “akasining odamlari va ishi” deb birmuncha tushunarsizroq oʻgirilgan. Bobur boshqa bir oʻrinda “Jahongir mirzoni va Nosir mirzoni va ulugʻ beklarni va ichkilarni tayin qildukkim, Muqimni va Muqimgʻa taalluq el-kunni mol va jihotlari bila Kobuldin chiqargʻaylar. Muqimgʻa yurt Tebani tayin qilduk” deb yozadi [Bobirnoma 1960: 185]. Oʻzbekchalashtirilgan nashrida bu bilgi quyidagicha oʻgirilgan: “Muqimni va Muqimga taalluqli kishilarni mol-hollari bilan Kobuldan daxlsiz chiqarsinlar, deb Jahongir mirzo, Nosir mirzo va ulugʻ beklarni hamda ichki yaqinlarni tayinladik. Muqimga Tepani yurt tayin qildik” [Boburnoma 2019: 138]. “Muqimni va Muqimgʻa taalluq el-kunni” soʻzlarini M. Salye “samogo Mukima i zavisyaщix ot Mukima lyudey» (Muqimning oʻzi va Muqimga qaram odamlar) deb oʻgirgan boʻlsa [Baburname 1958: 151], R. R. Arat nashrida bu bilgi “Bundan dolayı Mukimʼi ve Mukimʼe mensûp adamları” (Shuning uchun Muqimni va Muqimga mansub odamlarni”) oʻlaroq oʻgirilgani koʻzga tashlanadi [Baburname 1970: 197].

 

Qisqasi, “Boburnoma”da “el-kun” koʻrinishida keltirilgan bu soʻzga asarni turli tillarga oʻgiruvchilar “(kimgadir) tegishli kishilar”, “(kimgadir) qaram odamlar” deb tushunganliklari anglashiladi.

 

“El-kun” soʻzi Oltin Oʻrda oʻrtamida ham yaxshi bilingan boʻlib, “Bobirnoma” bilan deyarli bir davrda yozilgan Oʻtamish Hojining “Chingiznoma” asarida (XVI yuzyillikning ilk yarmi) bu soʻzga quyidagicha bilgilar oʻrnagida duch kelinadi: Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxon boshqaruvi bilan bogʻliq voqeliklarni yoritar ekan, Oʻtamish Hoji “Oʻng qoʻlni qiyot Mamay olip el-kun Qrimgʻa ketti. Soʻl qoʻlni qiyot Jer Qutli Tengiz Bugʻa Sir daryosi boʻyiga olib ketti. Xon oʻzi ichkisi Saroyda boʻlur edi. ... Ul mahaldaki Oʻzbekxon alayhirahma gʻazab qilib Yuchi xonning oʻzga zaifasidin boʻlgʻan nabiralarin el-kunlari bilan qiyot Astaygʻa qoʻshin berdi; Astay mazkur oʻlgandin soʻng oʻgʻli Jer Qutligʻa qolib erdi” deb yozadi [Kafalı 2009: 128]. “Chingiznoma”ning OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasini oʻzbekcha tabdil qilgan Gʻ. Karim nashrida ushbu bilgilar birmuncha boshqacharoq keltirilganiga duch kelinadi: 1) “Oʻng qoʻlni Qiyot Mamay olib, el-kun birla Qirimgʻa ketdi. Soʻl qoʻlni Qiyot Jir Qutli oʻgʻli Tengizboʻgʻo Sir daryosi boʻynigʻa olib ketdi”; 2) “Oʻzbekxon qahr qilib, Qiyot Isatoygʻa oʻrum chetib (inoyat koʻrsatib), barcha oʻgʻlonlarini el-kunlari bila qoʻshun berdi” [Oʻtamish Hoji 2009: 10, 31].

 

Anglashilicha, chingiziy shahzodalarning qilmishidan, inoq emasligidan achchigʻlangan Oʻzbekxon Joʻchi xonning boshqa xotinidan boʻlgan nevaralarini “el-kunlari” bilan qiyot urugʻidan boʻlgan Astay (Isatoy)ning qoʻshiniga askar oʻlaroq berib yuboradi. Yana bir qiyot urugʻidan boʻlgan Mamay esa Oltin Oʻrdaning oʻng qoʻli (oʻng qoʻl boshqaruvi)ni oʻzi bilan olib, “el-kun”i bilan birga Qrimga ketadi. Demak, chingiziy shahzodalardan har biri oʻziga biriktirilgan maxsus “kishilar guruhi”ga ega boʻlgan, “el-kun” deganda shular tushunilgan.

 

Oʻtamish Hojining chingiziylardan boʻlmish Toʻxtamishxonning boshqa chingiziy xonlar bilan Oltin Oʻrda taxtiga talashib, ularning “el-kun”ini qoʻlga kiritganiga urgʻu bergan quyidagi soʻzlaridan ham ushbu qoʻshaloq soʻz yuzasidan birmuncha aniqroq tushunchalarga ega boʻlamiz: “Mamayning lashkari bosildi, oʻzi ham qoʻlgʻa tushdi, oʻlturdilar. El-kunin koʻchurib, Edil daryosining boʻynigʻa kelturdilar ... Jonibekxondin qolgʻon navkar-ellarning koʻpi Mamayda erdi. Mamayni oʻlturub el-kunin va navkar-savdarin olib Saroy viloyatingʻani keldi, Dasht viloyatindaqi har qayda sarkash boʻlub, bosh koʻtarib yurgan kishilar chorasiz boʻlub, oʻzlari kelib muteʼ boʻlub, navkar boʻldilar” [Oʻtamish Hoji 2009: 45].

 

Yuqorida toʻxtalib oʻtilganidek, J. Kloson “el” bu “mustaqil bir boshqaruvchi tomonidan boshqarilgan va tuzilgan siyosiy birlik, uyushma” deb ochiqlaganidek oʻrta asrlarga kelgach, bu soʻz bir necha bosqichlarni bosib oʻtib, “jamoa, xoqonlikka bogʻli xalq” anglamida qoʻllanila boshlagan. Shu bilan birga, bu soʻz Oʻrta Osiyo turkiylarida “elimiz” deganda “xalqimiz, oʻlkamiz, davlatimiz” degan anglamlardan tashqari yana oʻrta asrlarda boʻlgani kabi “urugʻ” oʻrnida ham ishlatilishi kuzatiladi: “qoʻngʻirot eli”, “nayman eli” va boshqalar.

 

“Qutadgʻu bilig”, “Oʻgʻuznoma”, Usmonli oʻrtamidagi oʻgʻuzcha matnlar, “Bobirnoma” asarlaridagi “el-kun” qoʻshaloq soʻzining boshlangʻich anglami esa chamasi “xalq, el” boʻlib, “el” tushunchasining anglamini kuchaytirgani, biroq bir necha yuzyilliklar oʻtib – Chingiziylar va Temuriylar boshqaruvi chogʻida birmuncha torayib, biror “oʻgʻlon” (shahzoda) yoki boshqaruvchi (hukmdor, qoʻmondon)ning yaqin kishilari guruhi anglamida qoʻllanila boshlaganini koʻrsatadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Dashti Qipchoqdagi turkiy davlatchilik, ayniqsa, qozoq xonligi oʻtmishi boʻyicha teran izlanishlar olib borayotgan tarixchi – sharqshunos Baqit Ejenxon “Chingiznoma”da uchraydigan “el-kun” soʻzi bugungi turkiy tillarda deyarli saqlanmaganiga urgʻu berib, bu soʻzni qalmiqcha “bovur (jigar)” anglamidagi “elgn” soʻzi bilan tenglashtirishi diqqatni oʻziga tortdi. Unga koʻra, qozoqchada keng qoʻllaniladigan va ardoqli soʻz boʻlgan “bavыr“ (bagʻir, bovur) atamasi yaqin qarindosh-urugʻlarga, tugʻishganlarga qarata ishlatilib, oʻrta asrlardagi “el-kun” soʻzi ham oʻz anglami – maʼnosiga koʻra unga yaqin keladi (B. Ejenxon bilan ogʻzaki suhbat – Gʻ.B.). Uning bu qarashiga qoʻshilgan holda, aytib oʻtish kerak, qalmiqchada “elkn – jigar; ayrim oʻrinlarda “oshqozon”, “qorin” soʻzlari koʻproq inson tanasidagi aʼzolar bilan bogʻliq soʻzlar ekani anglashiladi [Todayeva 2009: 369]. Ayniqsa, bu soʻz “elkn”, yo boʻlmasa, “elkun” koʻrinishidagi yolgʻiz soʻz emas, yozma manbalarda koʻpincha “el” va “kun” koʻrinishlarida ayri-ayri yozilgani bilinadi. Oʻrta asr yozma manbalarida “el kun” yoki “el-kun” koʻrinishida yozilganidek, “eli kuni” koʻrinishlarida ham yozilgani, qolaversa, Onadoʻli turklarida “elä gunä” (elga, kunga) deb ishlatilishi ham bu soʻzning kelib chiqishini teranroq oʻrganishga chorlaydi.

 

Bizningcha, bu soʻz eski turkcha “el” (xalq, el, oʻlka, davlat) anglamidagi soʻz bilan uning maʼnodoshi, biroq birmuncha ayrichalikka ega “kun” (kün) (xalq) soʻzlari bilan tenglashtirish mumkin. Turkiylarning ilk davlati boʻlmish Xun (Syunnu) saltanatining tuzuvchilari boʻlmish “xun” atamasini ayrim izlanuvchilar oltoy tillariga xos *xun ~ *kun (kün) soʻzi bilan bogʻlab, uning soʻzlik anglami – lugʻaviy maʼnosi “xalq, inson” ekaniga urgʻu beradilar. Bu esa “el-kun” koʻrinishidagi qoʻshaloq soʻzning ikkinchi boʻlagi – “kun”ni ham shu soʻz bilan bogʻlash toʻgʻriroq emasmi? degan oʻyga chorlaydi. Bizningcha, boshlangʻichda bir-biridan birmuncha farqlangan ushbu tushunchalar oʻzaro yondosh soʻzlarga birikib, sinonim (esh anglamli) qaytariq soʻzlarga aylanishiga olib kelgan. Oʻrta asrlarda esa turkiylar “el-kun” deganda keng anglamli “el” soʻzidan farqlanuvchi “biror boshqaruvchiga yoki shahzodaga tegishli kishilar guruhi”, “harbiy jamoa”, “biror harbiyga biriktirilgan, uning yaqin kishilariga aylangan kishilar jamoasi” anglamlarini beruvchi atamani koʻzda tutishgan.

 

Qisqasi, turkiy el-uluslar ming yillar boʻyi bir necha oʻnlab yirik siyosiy uyushmalar qurishlari ularning tili davlatchilik bilan bogʻliq koʻplab ijtimoiy-siyosiy va harbiy atamalar bilan boyishiga olib keldi. Demak, yozma asarlarda uchraydigan bunga oʻxshash yana koʻplab soʻzlarni chuqur oʻrganish orqali turkiy davlatchilikning bunchalik kuch-qudratga erishuvining negizidan nimalar yotganini anglab yetish mumkin boʻladi.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

Tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar:

Babur-name. Zapiski Babura. Perevod M. Salye. Tashkent, 1958.

Drevnetyurkskiy slovar / Pod red. V. M. Nadelyayeva, D. M. Nasilova, E. R. Tenisheva, A. M. Щyerbaka. L.: Nauka, 1969.

Zahiriddin Muhammad Bobir. Bobirnoma. Nashrga tayyorlovchilar P. Shamsiyev, S. Mirzayev – Toshkent, 1960.

Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma (Hozirgi oʻzbek tilidagi tabdili). “Boburnoma”ni hozirgi oʻzbek tiliga tabdil qilganlar: V. Rahmon, K. Mullaxoʻjayeva. M. Saʼdiy tahriri ostida. – Toshkent: 2019.

Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. P. Shamsiyev S. Mirzayev va E. Mano nashrlari asosida qayta nashrga tayyorlovchi: S. Hasanov. Masʼul muharrir: V. Rahmonov. Toshkent: Sharq, 2002.

Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu lugʻotit turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S. M. Mutallibov. 1- tom. Toshkent: Fan, 1960.

Koshgʻariy, Mahmud. Devonu lugʻotit turk. Indeks-lugʻat. Gʻ. Abdurahmonov va S. Mutallibovlar ishtiroki va tahriri ostida. Toshkent: Fan, 1967.

Todayeva B. X. Ya izuchayu “Djangar”. Kalmыsko-russkiy slovar. Elesta: Gerel, 2009.

Oʻtamish Hoji ibn Muhammad Doʻstiy. Oʻtamish Hoji tarixi. Nashrga tayyorlovchi va soʻzboshi muallifi Gʻ. Karim. Toshkent: Oʻzbekiston NMIU, 2009.

Oʻgʻuznoma. Nashrga tayyorlovchi B. Isabek. Toshkent: Oʻzbekiston, 2007.

Ağca F. Uygur Harfli Oğuz Kağan Destanı. Metin-Aktarma-Notlar-Dizin-Tıpkıbasım. Ankara: TKAE, 2019.

Arat R. R. Baburnâme (Baburʼun Hatirâtı). Cilt I – II. Ankara: Milli Eğitim Bakanlığı, 1970.

Clauson S. G. An Etymological Dictionary of Pre-Thirteenth Century Turkish. Oxford, 1972.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//