
Mustaqillikning ilk yillaridayoq kommunistik tuzumdan voz kechilib, asta-sekin bozor iqtisodiyoti va xususiy mulkchilikka o‘tish boshlandi. Davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish va xususiy sektorning ulushini oshirish maqsadida jamoaviy mulklar davlat tasarrufidan chiqarildi. Davlat egaligidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayoni bir qancha bosqichlarda amalga oshirildi. Dastlabki, tayyorgarlik bosqichida, yaʼni 1990–1991-yillar davomida respublika sharoiti uchun mos boʻlgan xususiylashtirishning turli xildagi yondashuvlari, shakllari hamda usullari oʻrganildi. “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
Xususiylashtirishning ijobiy tomonlari 1992-yilning oʻzidayoq koʻrinish berdi. Oʻzbekistonning shu yilgi budjetining asosiy parametrlarida xususiylashtirishdan, shuningdek, qurib bitkazilmagan qurilish inshootlarini sotishdan tushgan foyda 3 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu bozor iqtisodiyoti tomon harakatlanayotgan yosh respublika uchun yaxshi natija edi.
Xususiylashtirish dasturiga davlat uy-joy fondi ham kiritildi. 1992-yilgacha 200 mingdan ortiq xonadon fuqarolarning maʼlum toifalariga (shifokor, oʻqituvchi) tekinga berildi. Aksariyat hollarda xonadonlar ularda yashab turgan fuqarolarga sotildi.
Xususiylashtirish jarayonida davlat mulkidan tezda qutulish emas, balki xususiy mulk egalari sonini koʻpaytirish va iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish asosiy maqsad qilib qoʻyilgandi.
Shu bois “Oʻzbekiston xususiylashtirish borasida sotsialistik lagerdagi sobiq tengdoshlari – Chexiya va Slovakiya respublikalari, Vengriya, Polsha, Estoniya va boshqalardan ortda qolmoqda”, deb yozgandi xalqaro mutaxassislar Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayoniga taʼrif berar ekan.
Ammo, ushbu sohada ham bir qancha koʻzboyamachiliklar qilingan. Masalan, “Sirdaryosavdo” konserniga tegishli boʻlgan savdo shoxobchalari va obyektlari xususiylashtirilgandan soʻng, ushbu obyektlarda savdo qilish uchun oziq-ovqat mahsulotlari qolmagan.
Hattoki, masʼullar tomonidan “bitta eski gazli suv sotadigan apparatni ham xususiylashtirdik” deb akt tuzilgan holatlar boʻlgan.
Garchi, koʻpgina korxonalar rasman ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilgan boʻlsa-da, biroq amalda ular davlat tasarrufidan chiqarilmagan. Bunday korxonalarning direktorlari “Aksionerlik kompaniyasi” yoki “Konsern” deb nomlanuvchi davlat tasarrufidagi boshqaruv organlari tomonidan tayinlangan.
Ikkiyuzlamachilikning yaqqol ifodasi oʻlaroq, statistik hisobotlarda ham ushbu korxonalar nodavlat korxonalari deb ko‘rsatilgan. Statistik manbalarga koʻra, 1995-yilda Andijon viloyatida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 87,5 foizi nodavlat korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgan. Vaholanki, haqiqiy vaziyat ushbu maʼlumotlarda koʻrsatilganidan keskin farq qilgan.
Maʼlumki, qimmatli qogʻozlar bozoridagi aksiyalar bahosi aksiyadorlik jamiyati qiymatini belgilovchi muhim indikator hisoblanadi. Biroq “soxta” aksiyadorlik jamiyatlari oʻz aksiyalarini bozorga chiqarmagan, binobarin, ularni sotadigan va sotib oladigan ikkilamchi qimmatli qogʻozlar bozorining oʻzi yoʻq edi. Masalan, Buxoro viloyatida 1994–1995-yillarda 1100 ta aksiyadorlik va 1300 ta xususiy korxona tashkil etilgan holda, Buxoro, Shofirkon, Qorakoʻl paxta zavodlari hamda Buxoro viloyati mexanika sexi, Buxoro paxta saqlash bazalarini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish ishlari oʻz natijasini koʻrsatmagan.
Bundan tashqari, aksiyadorlik jamiyatlari yetarlicha daromad koʻrmagani sababli aksiyadorlarga dividend toʻlay olmagan. Ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining aksariyat qismi keyinchalik “zarar koʻrib ishlaydigan, past rentabelli va quvvatlardan past darajada foydalanadigan” korxonalarga aylandi. Bunday korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida hukumat tomonidan turli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, biroq ularning hech biri samarali natija keltirmagan. Mulkni xususiylashtirish jarayonida siyosiy iroda yetishmagani, bozor tamoyillari mamlakat iqtisodiy rivojlanishining bosh maqsadi etib belgilanmagani, bu sohadagi ikkiyuzlamachilik siyosati buning asosiy sabablari boʻldi.
Xususiylashtirish va xususiylashtirishdan keyingi iqtisodiy rivojlanish MDHda, shu jumladan Oʻzbekistonda quyidagi sabablarga koʻra, Sharqiy Yevropa mamlakatlari bilan solishtirganda qulay iqtisodiy sharoit yarata olmadi:
– MDHda kapitalizm tarixi ancha zaif edi, u ham vaqt oʻtishi bilan yoʻq qilingan
– SSSRda iqtisodiyot chuqur harbiylashtirilgandi. Maishiy va yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati korxonalari Oʻzbekistonda kam qurilgandi. Borlari ham mustaqillikning ilk yillaridagi iqtisodiy tanglik davrida talab darajasida mahsulot yetishib bera olmadi
– SSSR tarqalishi bilan unda mavjud boʻlgan yagona bozorning parchalanishi korxonalarning deyarli barcha gorizontal va vertikal iqtisodiy aloqalari buzilishiga olib keldi
– 1989–1991-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi SSSR’dagi siyosiy inqiloblarga toʻgʻri keldi
– O‘zbekiston jozibador Gʻarb bozorlaridan geografik uzoq edi. SSSR davrida neft, gaz, metallar va boshqa foydali qazilmalar eksportiga tayanish yangi mustaqil davlatlarda muvozanatsiz iqtisodiyotlarning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Yuqoridagi omillar O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayonini qiyin vaziyatga solib qoʻydi. Mamlakatda sanoat ishlab chiqarish hajmi mutlaq va aholi jon boshiga nisbatan juda pastligi holatni yanada og‘irlashtirdi. Oʻzbekiston hukumati ishsizlik va bankrotlikdan qoʻrqib, keng koʻlamli xususiylashtirishni davom ettirishga siyosiy tayyor emasligi uchun tez-tez tanqid qilindi.
Oʻzbekiston hukumati ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti va mamlakatning demografik tuzilmasini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilishini eʼlon qilar ekan, yirik korxonalarga egalik qilishdan voz kechishni istamadi. Ularni nomiga sotish orqali xususiylashtirishdan tushadigan daromadlarni oshirishga qaror qildi.
Bunday holatlar koʻpincha aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirilgan davlat korxonalarida koʻzga tashlanadi. 1996-yilda Oʻzbekistonda 700 mingdan ortiq aksiyador bor edi. Ammo ular haqiqiy maʼnoda hissador emasdi. Chunki, ular korxona faoliyatida, umuman uning boshqaruvida ishtirok etmasdi. Aksiyadorligini faqat yilning oxirida tushadigan 13-oylikdan bilishi mumkin edi. Ushbu hissadorlar korxonaning ishlab chiqarayotgan mahsuloti bozorda oʻz oʻrnini topishi uchun qilinadigan ishlarga umuman jalb qilinmagan, chunki korxonalar aslida davlat mulki bo‘lib qolavergan.
Oʻzbekiston hukumati korxonalar ustidan nazoratni saqlab qolish orqali ishsizlik koʻpayishining oldini olish mumkin deb hisoblagan. Kompaniyalarga aksiyadorlarni jalb qilish ishlari juda sust olib borilgan. Masalan, 1998-yilgi maʼlumotlarga koʻra, aksiyadorlik jamiyatlari eʼlon qilgan 39 mlrdlik aksiyalar sotilmagan. Barchaga maʼlumki, aksiyalarni sotish nafaqat aksiyadorlarni jalb qilish uchun, balki korxonaning keyingi faoliyati uchun ham zarur boʻlgan mablagʻni jalb qilishga yordam beradi. Korxonalar ushbu foydadan quruq qolgan.
1997-yilda xususiylashtirish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 480 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan, 44 ta ish boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Bundan tashqari, hukumat tomonidan bu boradagi jinoyatlarni keskin kamaytirish niyatida, maʼmuriy javobgarlik va jinoyat kodekslariga tegishlicha oʻzgartirishlar kiritilgan. Masalan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 61-moddasida “mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini oʻgʻirlash, oʻzlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiisteʼmol qilish yoki firibgarlik yoʻli bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik” uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksining 167-moddasida ham ushbu jinoyat sodir etilgan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanashi belgilab qoʻyilgan.
Baʼzi hududlarda xususiylashtirilayotgan obyektlar qiymati sunʼiy ravishda arzonlashtirilgan. Masalan, Navoiy viloyatida 1992–1994-yillarda auksion orqali 150 dan ortiq savdo, ijtimoiy xizmat koʻrsatish obʼyektlari sotilgan. Viloyatda 1994–1995-yillarda xususiylashtirilgan korxonalarning soni 398 tani, 1996–1998-yillarda 126 tani tashkil etgan. Kooperativlar, aksiyadorlik jamiyatlari, kichik, xususiy va boshqa nodavlat korxonalarining Navoiy viloyati korxonalari umumiy sonidagi ulushi atigi 1 foizni tashkil etgan boʻlsa, Toshkent shahrida 32 foiz, Samarqand viloyatida 18 foiz, Buxoro viloyatida esa 12 foizni tashkil qilgan. Tadbirkorlik tuzilmalarining rivojlanishiga Navoiy viloyatda faoliyat koʻrsatadigan, 10 mingdan 50 minggacha ishchilar mehnat qiluvchi yirik va oʻrta sanoat korxonalarining mavjudligi taʼsir koʻrsatadi. Ushbu viloyatda, ayniqsa, yengil va qurilish sanoatida xususiylashtirish jarayonlari juda qiyin kechadi.
SHARIPOV Shohruz
Tarix instituti kichik ilmiy xodim
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q