
Muhammad Yusuf ijodida Vatan tarixida yuz bergan turli hodisalar, shonli hamda zulmatli pallalarini, buyuk ajdodlarimiz siymosini tasvirlash alohida oʻrin tutadi. Xususan, bir qancha asarlarida chor mustamlakachiligi hamda mustabid tuzum davrining fojiali voqealari, siyosiy qatagʻonlar, millat oydinlari, halol, mehnatkash, ammo qadr-qimmatini himoya eta olmagan oʻzbek xalqi boshidan kechirgan jabr-zulmlar tasvirlanadi.
Tarixdan maʼlumki, XIX asrning oʻrtalariga kelib Rossiya imperiyasi mustamlakachiligini oʻrnatish maqsadida Qoʻqon xonligi, Buxoro amirligi va Xiva xonligiga qarshi harbiy yurishlar boshlaydi. Xalqning koʻrsatgan keskin qarshiliklariga qaramay, Qoʻqon xonligi hududida Turkiston general-gubernatorligi tuzilib, mustamlaka boshqaruvi joriy etiladi. 1898-yildagi Andijon qoʻzgʻoloni oʻzbek xalqining mustamlakachilik va milliy zulmga qarshi yirik ozodlik harakatlaridan biri boʻldi. Dukchi Eshon qoʻzgʻoloni nomi bilan ham mashhur ushbu isyonga Andijon uyezdining Mingtepa qishlogʻida tugʻilgan Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli rahbarlik qilgan. 2 ming kishilik qoʻzgʻolonchilar oʻsha yili 17-mayga oʻtar kechasi tunda Andijon shahrida joylashgan harbiy garnizonga hujum qildilar. Bundan xabar topgan Chor Rossiyasi hukmdori Nikolay II qoʻzgʻolonchilardan shafqatsiz oʻch olishni buyuradi.
Qoʻzgʻolon qisqa fursatda bostirildi va uning rahbarlari hamda ishtirokchilari, jami 388 kishi shafqatsiz jazolanadi. Qoʻzgʻolon markazi boʻlgan Mingtepa, Qashqar, Tojik qishloqlari uch kun toʻplardan oʻqqa tutilib, kultepaga aylantirildi. “Marhamat, agar bunday qoʻzgʻolon yana takrorlansa, holingiz shunday boʻladi”, degan maʼnoda Mingtepa qishlogʻining nomi Marhamat deb ataladigan boʻldi. Muhammad Yusuf 1994-yil yozgan “Mingtepa qoʻshigʻi” sheʼrida aynan mana shu tarixiy jarayonga munosabat bildiradi:
...Unutmi yo bu goʻshada oqqan qonlar,
Beshigida chirqillagan bolajonlar,
Qoʻzgʻolonlar nega boʻldi, qoʻzgʻolonlar?..
Mingtepani ataylik oʻz nomi bilan.
Har kim oʻzi qoʻysin ot oʻz neʼmatiga,
Mard yastanmas nomardlarning namatiga,
Hech boʻlmasa Dukchi eshon hurmatiga
Mingtepani ataylik oʻz nomi bilan.
1917-yilda Turkiston hududida bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng mahalliy xalqqa nisbatan zulm va zoʻravonlik kuchayib ketdi. Mol-mulki talangan, insoniy huquqlari toptalgan Turkiston xalqlari zulmga bosh egmay, 1918–1936-yillar davomida bolsheviklar hukmronligi va Qizil armiyaga qarshi qurolli kurash olib bordi. Bu harakatda obroʻli odamlar, yirik ulamolar, Turkiston Muxtoriyatining tirik qolgan hukumat aʼzolari va boshqalar qatnashdi. Milliy ozodlik yoʻlidagi bu harakat Sovet hokimiyati davrida “bosmachilik” sifatida notoʻgʻri baholandi. Mustabid tuzum tomonidan “Bosmachi” deb “bandit”, “qaroqchi” qilib koʻrsatilganlar aslida milliy ozodlik uchun kurashgan xalq qahramonlari edi. Ular milliy davlatni tuzish va Turkiston xalqlarining mustaqilligini taʼminlash uchun kurashdilar va jonlarini fido etdilar. Bu kurashga Shermuhammadbek, Katta Ergash, Kichik Ergash, Madaminbek, Ibrohimbek, Junaidxon, Omon Polvon singari millat qahramonlari boshchilik qildilar.
Shoirning “Bosmachilar” sheʼrini (1992-yil) oʻqir ekansiz, ong-u shuuringizda ana shu fidoiy, millatparvar, yurtparvar, jasoratli insonlarning siymosi gavdalanadi:
Bosmachimish ... Bunday demish qay bemaʼni,
Tutmaydimi bir kun uni beklar qoni ...
Hamma sizdek oʻz yurtini suysa qani!
Behuda qon toʻkmadingiz, “bosmachilar!”
***
Erkli elda sizni eslash naqadar xush,
Sizga haykal qoʻysa arzir maydonlar boʻsh,
Oq yaktakda, argʻumoqlar minib oqtoʻsh
Mundoq koʻkrak kermadingiz, “bosmachilar!”
Sheʼr “Unutmagan sizni hech kim Turkistonda, Xonlarga teng hurmatingiz, “bosmachilar!..”, “Ming yigitga arzirdingiz har biringiz, Ot oʻynatib yurmadingiz, “bosmachilar” misralari bilan yakunlanadi.
1937-1938-yillardagi “Katta qirgʻin” Oʻzbekiston tarixining eng fojiali sahifasidir. Ushbu qatagʻon siyosati minglab fuqarolarning qirib tashlanishi, turli azob-uqubatlarga giriftor etilishi, mamlakatda qoʻrquv, taʼqib va tazyiq muhitining qaror topishiga sabab boʻlgan davlat miqyosidagi jinoyat edi. Mazkur jarayonda, ming afsuski, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov, Xudoybergan Devonov, Sattor Jabbor, Sulton Matqul, Bahovuddin Amin, Turgʻunpoʻlot Qirgʻizov, Mirkomil Mirsharapov kabi fan, adabiyot, sanʼat dargʻalari, hukumat va jamoat arboblari boʻlgan minglab qahramonlarimiz mahv etiladi. Muhammad Yusufning “Qora quyosh” dostoni (1988-yil) ayni qatagʻonning oʻta dahshatli oqibatlarini ifodalagan:
Oʻttiz yettinchi yil kashfi sizga mana –
Erkaklarga alohida qamoqxona,
Ayollarga alohida qamoqxona,
Bolalarga alohida qamoqxona ...
Oʻttiz yettinchi yil kashfi bular bari –
Koʻrinmasmu dahshat solib sharpalari,
Kelsa – yaqin kelmay, ketsa – ketmay nari,
Izgʻib yurar Lavrentiy[1]ning laychalari.
Bu oʻlkada endi norgʻul yigitlar yoʻq,
Boyqushlar bor, kalxatlar bor – burgutlar yoʻq,
Ne-ne Sulaymonlar, Abdulhamidlar yoʻq,
Qaytarmikin? Qaytmogʻiga umidlar yoʻq...
“Andijon” sheʼridan ham shu fojea esga olinadi:
Qayinzor qaʼridan uzildi bir oʻq,
Yurakda dogʻ qoldi, yurakda bir choʻgʻ,
Choʻlponing bor edi, Choʻlpon endi yoʻq.
Nega yigʻlamaysan, ahli Andijon?..
Endilikda hech kim sir emaski, mustabid tuzumda faqatgina “nobop” shaxslar emas, balki, milliy, diniy qadriyatlarimiz, moddiy va nomoddiy madaniy merosimiz, jahon tamadduni taraqqiyotiga munosib hissasini qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz ham qatagʻonga uchradi. “Andijon” sheʼridagi, “Qirq yil chorla, goʻrdan chiqmaydi Bobur, Chiqsa ham bagʻringga sigʻmaydi Bobur.”, misralarida aynan shu voqelikka ishora qiladi, shoir. Ommaviy siyosiy qatagʻonning qattol domidan omon qolish uchun vijdonini sotganlar ham boʻlganini shoir bayon etishga jazm qiladi. 1988-yili, Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishishidan avval yozilgan “Laganbardorlar” sheʼrini oʻqiymiz:
Kazzob Stalindan zorlanmang hadeb,
U ham farzandidir bitta insonning.
Bilmoqchi boʻlsangiz, qabri qayda deb,
Laganbardorlardan soʻrang Choʻlponni...
***
Otabek Kumushni koʻzlarin yopib,
Oʻzi ham ortidan qilgach safarlar,
Qodiriy boboning qoʻllarin oʻpib,
Chohga itargan ham – laganbardorlar.
Avval Usmonlarni (Usmon Nosir nazarda tutilgan) sotib, keyin faryod koʻtargan, Abdulla Qahhorni qandkasal, Oybekni soqov, yaʼni insult boʻlib oyoq-qoʻli va tili ishlamay qolishiga sababchi boʻlganlar ham laganbardorlar boʻlganini kuyinchaklik bilan yozadi u. 1989-yili bitilgan boshqa bir sheʼrida yana shu mavzuga qaytadi:
Bagʻrim oʻrtar bir oʻy bahor ayyomlar,
Oy borgan yoqlarga termulib shomlar.
Aybin bilmay ketgan Akmal Ikromlar,
Fayzullodek mardi maydonlaring bor...
Shoir ijodiga mansub “Elim” sheʼrida ijodkor qaygʻusi, dardining ulkanligi, mustabidlikka qarshi isyoni oʻquvchini larzaga soladi, xalqining tutqun, ezilgan va bechora holidan gʻamdiyda va koʻngli notinch ekani ifodalanadi:
Koʻzing ochgan kundan ketmonni tanib,
Umring uvatlarda oʻtdi kuymanib,
Yer tinsa tindiki tegrang aylanib,
Sening savil joning tinmadi, elim…
…Xirmoning osmonga yetdi yuksalib,
Paxtangga yulduzlar oldi yuz chayib,
Oʻzing zoʻrgʻa tursang beling bukchayib,
Yelkangga ne zotlar minmadi, elim.
XX asrning 80-yillarda sobiq ommaviy qatagʻonlarning yangi bosqichi boshlandi. “Paxta ishi” siyosiy kampaniyasi davomida oʻzbek xalqiga tuhmat qilinib, ming-minglab begunoh insonlar jazoga tortildi. Respublika boʻyicha 25 ming kishi ustidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgani, faqat sobiq Markazning koʻrsatmasi bilan ish olib boradigan sudlar tomonidan 4,5 ming kishi jinoiy javobgarlikka tortilgani, 3,600 nafar yurtdoshimizga nisbatan esa turli jazo choralari qoʻllangani fikrimizni tasdiqlaydi.
Paxta yakkahokimligining xalqimiz qadr-qimmatini qanchalar poymol etgani Muhammad Yusufning “Gdlyan” (1991-yil) sheʼrida aks etadi.
Alpomish Chambilda,
Goʻroʻgʻli goʻrda,
Xaqiqat beshikda uxlardi qotib.
Bir jom oltin soʻrab,
Qilich oʻynatib,
Kirib keldi qashshoq oʻzbek yeriga –
Telman Xoreonovich ... Beriya!..
Oqibatini shunday ifodalaydi shoir:
Uying kuydi oʻzbek,
Shoʻring quridi.
Poygaging quridi,
Toʻring quridi.
Dehqoning,
Choʻponing –
Paxta choponing,
Ortingdagi hamma zoʻring quridi.
Elim deb kim kuysa –
Bari qamaldi.
Kimki yerin suysa –
Bari qamaldi.
Jallodning gʻaznasi toʻlguncha zarga,
Sening boʻz koʻylaging ming bor yamaldi.
Alpomish ertakda,
Goʻroʻgʻli goʻrda,
Toʻmaris beshikda uxlardi qotib.
Bir qop olting soʻrab qilich oʻynatib
Kirib keldi moʻmin oʻzbek yeriga –
Telman Xoreonovich ... Beriya.
Yuqoridagi “Andijon” (1989-yil) sheʼrida paxta yakkahokimligi fojialari ham ifodalanadi:
Nahoringda paxta, shomingda paxta,
Ayvoningda paxta, tomingda paxta.
Oqar ogʻu boʻlib qoningda paxta,
Nega yigʻlamaysan, ahli Andijon?
Ushbu sheʼrdagi Andijon ahliga qilingan xitob, aslida butun oʻzbek xalqiga qilingan, desak zinhor mubolagʻa boʻlmaydi. 1991-yilda bitilgan “Turgʻunlik” sheʼrida ham paxta yakkahokimligining yana bir ayanchli oqibati yoziladi:
Sovuq deysizmi?
Ha, qahraton!
Qoʻlchalar qoʻynida qotgan non,
Ammo nima qilsin, paxta – shon,
Birinchi sinf bolalari.
Muhammad Yusuf oʻzbek sheʼriyatiga 80-yillarda kirib keldi. 70-yillar avlodi ijodida bir qadar boʻy koʻrsatgan erkka tashnalik, mustabid tuzumga boʻlgan norozilik ifodasi keyingi oʻn yillikda sheʼriyatga qadam qoʻygan ijodkorlar asarlarida oʻzining yanada ochiqroq ifodasini topdiki, bundan shoir sheʼriyati ham mustasno emas. Serqirra ijod sohibining ushbu yoʻnalishdagi sheʼrlarini voqelik tasvirida xronologik izchillikni tashkil etishiga koʻra hatto bir turkum deb olsa ham boʻladi. Yana aytish kerakki, shoir butun sheʼriyatida bu mavzuni shunchaki yozmadi, aksincha, xalqning oʻziligini unutmaslik, dushmanni yaxshi tanib olish va tarix xatolarini takrorlamaslik uchun oʻchmas choʻgʻ – soʻz qoldirib ketdi.
Murod ZIKRILLAYEV,
Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat
muzeyi direktorining ilmiy ishlar
boʻyicha oʻrinbosari
[1] Lavrentiy Pavlovich Beriya – SSSR NKVD Davlat xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari.
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q