Jahon avtosporti tarixida ayol poygachilar soni yuz nafardan oshmaydi. Ularning koʻpchiligi erkaklar bilan yelkama-yelka raqobatlasha olgani rost. “Formula-1”ga boʻlsa atigi 5 nafar ayol qabul qilingan. Ular ozchilikni tashkil qilsa-da, bu nafaqat ularning, balki xotin-qizlarni kamsituvchi stereotiplardan qutilishni istagan millionlab ayollarning gʻalabasi boʻlib tarixda qolgan.
Quyida avtosport olamidagi eng taniqli ayol-pilotlarning baʼzilarini sanab oʻtamiz.
Ilk ayol avtopoygachi – Kamilla dyu Gas
Fransuz avtomobil ixlosmandlari klubiga qabul qilingan yagona ayol.
1901-yil Parij – Berlin poygasi ishtirokchilari tarkibiga kirgan yashilkoʻz Kamilla gʻayrioddiy shaxsiyatga ega boʻlgan. U yoshligidanoq ayollar bilan bogʻliq stereotiplarni yengishga uringan va 1895-yilda havo sharida osmonga koʻtarilib jamoatchilik eʼtiborini oʻziga qaratgan.
Eng badavlat parijliklardan biri – Dufayel supermarketi egasi Jyulya Krespananing rafiqasi parashyutdan sakrash, toʻpponcha va miltiqdan oʻq uzish va qilichbozlikni ham maromiga yetkazgan. Oilasida avtomobil paydo boʻlishi bilan rul boshqaruviga oʻtirgan Kamilla undan bir yil oʻtib, Parij—Berlin poygasida qatnashish uchun ariza topshiradi va tarixdagi ilk ayol avtopoygachiga aylanadi. Kamilla avtomobilni tezroq emas, xavfsiz haydashga uringan xolda finishga 47 ta ishtirokchi orasidan 33-boʻlib yetib keladi.
1903-yil Kamillaning oʻsha vaqtda 30 ot kuchiga ega de Dietrich avtomobili Parij-Madrid poygasida ishtirokchilar uchun jiddiy raqobat xavfini tugʻdirgan.
Mazkur musobaqalarga aql bovar qilmaydigan darajada koʻp yuz bergan avariyalar ortidan chek qoʻyildi: unda 216 ta avtomobil va 59 nafar mototsiklning faqatgina yarimi finishga qadar yetib kelgan, kamida 8 kishi, jumladan, Renault Marsel Reno halok boʻlgan. Kamilla sakkizinchi oʻrinda borayotgan vaqtda Fil Stedning buzilgan de Dietrich avtomobilini koʻradi va shifokorlar kelgunicha avariyaga uchragan inglizning yonida boʻladi. Shundan keyin poygaga qayta kirib, 45-oʻrinni egalladi.
Ushbu musobaqadan keyin avtomobil sporti rahbariyati ayollarning poygalarda qatnashishini taqiqlashga qaror qiladi. Lekin bu Kamillaning qiziqishlariga cheklov boʻlmaydi – u qayiq poygalariga oʻtadi: 1905-yilgi musobaqada madam Krespaning qayigʻi finishga yetib borgan yagona qayiq boʻldi.
Keyinchalik hayotini bir maromda yoʻlga qoʻyib olgan Kamilla dyu Gas kambagʻallarni qoʻllab-quvvatladi, boshpanasiz itlarni qaramogʻiga oldi, pianinochi sifatida konsertlarda chiqishlar qildi va vafotidan soʻng uning ismi haqli ravishda Parij koʻchalaridan biriga berildi.
Fransiya va Germaniya Gran-pri sovrindori Elishka Yunkova
Chexiyaning Olomous shahrida tugʻilgan Elizabet Yunek oʻsha shahardagi bankka ishga kiradi. Ochiq chehrali bu qizning hayoti oʻzi ishlayotgan bank xodimiga turmushga chiqqach tubdan oʻzgaradi. Turmush oʻrtogʻi Vinsens Yunek harbiy xizmatda qoʻli jarohatlanganiga qaramay, avtomobil va poygalarda ishtirok etishga ishtiyoqmand boʻlgan.
22 yoshli Elishka avvaliga turmush oʻrtogʻi bilan mexanik sifatida yoʻlga chiqib, bora-bora avtomobil boshqaruvi oʻrindigʻini egallaydi. Oradan bir yil oʻtib, Vinsens yangi xarid qilingan Bugatti Type 30 avtomobilini Elishkaga beradi va ayol poygalarda faol ishtirok eta boshlaydi.
Oradan bir necha yil oʻtgach, butun Yevropa avtomobil sanoati Elizabet Yunekni tanib (Elishka ismini hurmatliroq ingliz ismiga oʻzgartirishga qaror qiladi), oʻsha davrning eng yaxshi poygachilari uni oʻzining kuchli raqobatchisi deb qabul qiladi. 1926-yil Elishkaning Bugattiʼsi Nyurburgring Gran-prisida marra chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtadi. Va shu tariqa, uning ismi nufuzli musobaqalarda gʻolib chiqqan birinchi ayol sifatida tarixda qoladi.
Ikki yil oʻtib turmush oʻrtogʻi uning oʻrniga rulga oʻtirib, trassadan “uchib” ketadi va baxtsiz avtohalokat oqibatida halok boʻladi. Elizabet Yunek oʻz davrining mashhur poygachilari Rene Dreyfus, Ernesto Mazerati va Tatsio Nuvolari kabilarni ortda qoldirishga qodir boʻlsa avtosportdan ketib, oilasiga tegishli barcha mashinalarni sotib yuboradi.
"Formula-1" poygasini zabt etgan birinchi ayol – aristokrat Mariya-Tereza de Filippis