
Dilda darding boʻlmasa, dardi sarimni kavlama...
Boborahim Mashrab
Sheʼri hikmatga, hikmati haqiqatga, haqiqati hayotiy tamoyiliga uygʻun boʻlgan bezavol qalam ahli orasida, shubhasiz, Jahonotin Uvaysiy alohida mavqe tutadi. Mazkur maqolada biz shoira sheʼriyatidagi “dard ahli” talqini xususida toʻxtalamiz. Mumtoz sheʼriyat, eng avval, dard sheʼriyati, qolaversa, sir, ishq, shavq va hayrat sheʼriyatidir. Bu sheʼriyatning irodasi ham, iqrori ham, izhori ham DARD. Shu maʼnoda, ulugʻ mutafakkir va shoir Alisher Navoiy
Har taraf azm etmaging koʻp dardlar darmonidur,
Kelki asru dardi dil izhor etarlar ahli dard,
– deya bejiz yozmagan edi. Uvaysiy ham “dard ahli”ning dilovari, bedor qalb sohibasi. Shoira sheʼriyatida “dard”, “alam”, “mehnat” soʻzlari juda koʻp uchraydi va lirik qahramon xarakterini ochib berishda oʻziga xos “ochqich” vazifasini bajaradi. Jumladan:
Aylasam fosid xayoli boʻlgʻali sahronishin,
Dard ila mehnat, alam, gʻam baytulahzonimdadur [1, 64]
Dard, aslida, gʻam, alam, iztirob demak. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da dard “1. Kasallik, ozor; jismoniy azob. 2. Koʻchma. Ruhiy azob, gʻam-gʻussa, alam-hasrat. 3. Koʻchma. Kishining borligʻini, butun fikr-yodini band etgan narsa, ish, tashvish, xayol...” [2, 767] deb ham izohlangan. Xoʻsh, unda mumtoz sheʼriyatdagi dardkashlik istagiyu dardmandlik umidining boisi nimada? Gap shundaki, irfoniy adabiyotda dard Haqdan yiroqlik gʻussasi; ilohiy ishqni tamsil qiladi. Qolaversa, “Maxdumi Aʼzamga koʻra, darddan murod ul figʻonu alamdurkim, yor visolidan ajralishdan paydo boʻladi... agar biror shaxs jami ilmu amallarining natijasi boʻlgan ibodat tufayli dard, yaʼni alam va mehnat chekmasa, uni ilmu amal sohibi deb boʻlmaydi” [3, 309]. Mana shunga koʻra, “ahli dard” – borligʻiyu borligi Haq yodi bilan uygʻun, bu foniy dunyoning oʻtkinchi hoyu havaslaridan butkul uzilib, qalb hurriyatiga erishgan, ruhoniyati olamida maʼrifat chechaklari ungan, maʼnaviy kamoloti yuksak zotlar. “Dard ahli” mumtoz adabiyotda bir qator, jumladan, “ahli dil”, “ahli ishq”, “ahli maʼrifat”, “ahli maʼni”, “ahli irfon”, “ahli haqiqat”, “ahli fazl”, “ahli botin” kabi sifatlashlar bilan ham ulugʻlangan. Irfoniy sheʼriyatda “ahli dard”ning koʻngil daftarini oʻqimoq, anglamoq uchun muayyan bir maʼnaviy maqom yoki darajaga yuksalish – hol ilmi sirlaridan voqif boʻlish ham, albatta, talab etilgan. Yoʻqsa, soʻfiy shoir Boborahim Mashrab “Dilda darding boʻlmasa, dardi sarimni kavlama” deb lutf etmas edi.
Alisher Navoiy bir qitʼasida maʼnaviy zavqdan, asl kechinmalar maʼnosini ilgʻash qobiliyatidan yiroq, tabiatida faqat zohirbinlik boʻy koʻrsatgan, haqiqiy ishq lazzatidan mosuvo kimsalarni – “ahli suvrat”, irodasini ishqqa taslim etgan Haq oshiqlari, siyrati goʻzal, fikrati teran maʼrifat egalarini – “ahli maʼni” deya bejizga tavsiflamagan:
Ahli maʼni guruhida zinhor
Hech or aylama gadoligʻdin
Kim, bularga gadoligʻ ortugʻdur
Ahli suvratqa podsholigʻdin.
Darhaqiqat, maʼni ahli kashf holi ila taftish etgan haqiqatlarni ahli suvrat mulohaza qilishga ojizdir. “Nasoyim ul-muhabbat”da yozilishicha, Abu Abdulloh Dinavariy (q.s.) bu borada shunday degan ekan: “ularning zohiriy liboslari seni taajjubga solmasin. Chunki botinni xarob qilganlaridan soʻng zohirni ziynatlaydilar” [4, 314].
Adabiyotda obraz umumlashtiruvchi xarakterga ega. Shuningdek, obrazning bosh tamoyili bu – hayotiylik, yaʼni obraz tashqi muhit taʼsiri natijasida ijodkor badiiy sintezi orqali yuzaga keladigan kechinmalar yigʻindisidir. Obraz ijodkorning borliqqa munosabatini u yoki bu darajada yaqqol aks ettirib turadi. Davr, zamon va ijtimoiy muhitga xos axloqiy, maʼnaviy tamoyillarning muayyan chizgilari adabiy matn mazmuniga uygʻunlikda obraz tabiatini belgilab beradi. Obrazlararo ziddiyat ijodkor ruhiy olamidagi qarama-qarshiliklar bilan ham bir qadar bogʻliq, albatta. Inson (badiiy adabiyotda obraz – M.A.)larning fitrati fitratiga, fikrati fikratiga, dunyoqarashi dunyoqarashiga mos kelmas ekan, zoʻrma-zoʻraki toqat bilan yasama munosabat qilib, jonni qiynashdan, oʻzni ming bir qiyofaga solishdan ne naf? Hayotda ham, adabiyotda ham, “ahli maʼni” va “ahli suvrat”ning, “dardmand” va “bedard”ning murosasizligiga bir sabab, aslida, mana shu! Uvaysiy yashagan zamonda ham tabiati chirkin, qilmishi noravo, nayrangbozligu firibgarlikda ustasi farang – buqalamunsifat kimsalar boʻlgan. Hasan baqqol kabi dunyoparast, nafsi domiga asir tushgan “nojins”lar – “bedard”lardan shoiraning koʻngli ozor topgani tarjimayi holiga oid tarixiy maʼlumotlar va hasbi hol mazmunidagi ayrim sheʼrlaridan maʼlum.
Shunisi ham borki, koʻngil koʻzgusida haqiqat oftobi jilolangan ruhiyat egalarida haqsizlikka qarshi isyon kayfiyati hamisha ustunlik qilgan, ular rost soʻzni aytishdan, toʻgʻri gapni gapirishdan sira ortga chekinishmagan. Uvaysiy ham haqnafas shoira: ijodiy qiyofasida biror kemtiklik, tabiatida zarracha nuqson, eʼtiqodida hech bir tiyralik sezilmaydi. Oqni oq, qorani qora deyishga jurʼati ham, jasorati ham yetadi uning. Shu oʻrinda, Shayx Saʼdiyning “Guliston” asaridan oʻrin olgan toʻti va qargʻa haqidagi hikoyat xotirimizga keladi. Bir kuni toʻti va qargʻani bir qafasga solishibdi. Toʻti qargʻaning koʻrinishi – xunuk qiyofasidan ozorlanib, “bu qanday yomon xulqli, jirkanch basharali, nazari sovuq” deya yozgʻirar, uning xatti-harakatlaridan dargʻazab boʻlib, uzoqroq turishga urinar edi. Qargʻa ham bu ayanchli qismatiga sira rozi emas: toʻti bilan yonma-yon turguncha, bogʻ devorida bir qargʻa bilan sakrab-sakrab oʻynash haqida xayol surardi [5, 193]. Alqissa, yaxshini yomon, dononi nodon bilan bir safga qoʻyish unisiga ham, bunisiga jazo berishdan xorij bir ish emasdir. Toʻti bilan qargʻaning sarguzashti Uvaysiy sheʼriyatidagi dard ahliyu bedardlar holini yanada teranroq tushunishimizga yordam beradi.
Uvaysiyning lirik qahramoni – ishq kishisi, tabiatida jununi bor oshiq: maqsadidan sira chekinmaydi, irodasi mustahkam, qatʼiyati kuchli, jurʼati oʻktam. Oshiq uchun ishq – hayot, ishq – najot, ishq – qudrat. Tiriklik zavqi ham, yetuklik asosi ham, odamlik saodati ham ishqdadir. Junun esa “ishqdan holga, holdan qalb va ruhga, ruhdan Haqqa yoʻnaltiruvchi hurriyat yoʻli” [6, 52]. Oshiq bu yoʻlning sinoatlarini koʻp koʻrgan, zahmatlariga dosh bergan. Uni foniy dunyoning gʻam-anduhi, alamu hasrati aslo yenga olmaydi. Hatto “falak” “zulmi” chumoli toʻdasidek toptab tashlasa ham, tubsiz zulmatdan nur, soʻngsiz gʻurbatdan farogʻat topa biladi – “dard ahliga sardor”likka intiladi:
Ey falak, poymol qilsa moʻrdek zulming meni,
Dard ahligʻa gar oʻlsam, ushbu kun sardor, kosh [1, 79].
Bu DARD oʻzni chin insonlik rutbasi uchun fidoyilik ummoni toʻlqinlariga otgan bezovta ruh kechinmalari, toleʼini haqiqiy ishqda, vasl umididagi ranju mashaqqatlarda topgan ahdiga sodiq oshiqning nola-yu figʻonlari ifodasidir. Uvaysiy sheʼriyatida “salomat ahli”, “salomatlar”, “tabib” kabi ishqda kamolot kasb eta olmagan, zohirparast, dard neligini anglashdan mosuvo – “bedard”lar obrazi ham uchraydi. Masalan:
Salomat ahli, mendin istama rasmi rusumungni,
Qachon chiqqayki obod ahligʻa vayronadin behbud [1, 62].
Uvaysiy Sharq adabiyoti adabiy anʼanalarini juda yaxshi bilgan. U Saʼdiy, Navoiy, Fuzuliy kabi yetuk soʻz sanʼatkorlarining munosib izdoshidir. Shoira sheʼriyatida irfoniy adabiyotda tez-tez koʻzga tashlanadigan timsol, ramz va tushunchalarning mavjudligi, sheʼrlarining ulugʻ salaflari ijodi bilan maʼno va ifodadagi oʻzaro yaqinligi ham bu mulohazalarimizni quvvatlaydi. Biroq Uvaysiy ijodi boshqa shoirlarga koʻr-koʻrona taqlid, obraz va fikrda aynan takroridangina iborat emas, albatta. Shoira soʻzni qalb tafti bilan jonlantiradi, unga yangicha ruh, yangi zavq bagʻishlaydi: obrazlar yanada hayotiylik, haqqoniylik va aniqlik kasb etadi, oʻquvchining muayyan timsol xususida tasavvuri yorqinlashadi, sheʼrga boʻlgan qiziqishi ortadi. Jumladan, “salomat ahli” badiiy vazifasi jihatidan mumtoz adabiyotdagi zohid, qol ahli, muhtasib singari obrazlarga oʻxshasa-da, maʼno va poetik tasviriga koʻra ulardan farqlanadi. Yuqoridagi bayt mazmunida qatʼiy hukm yoʻq, yaʼni unda “salomat ahli” va “obod ahli”ni keskin inkor aylash yoki oshkor tanqid qilish kayfiyati sezilmaydi. Bu toifa bilan lirik qahramonning maslagidagi tafovut, dunyoqarashidagi ayrichalik shoiraning maqsad-muddaosini toʻgʻri tushunishimizga, maʼnaviy dunyosini yaqqolroq kashf etishimizga koʻmak beradi. Baytdagi “salomat ahli” – “behbud”, “obod ahli” – “vayrona” tazodlari ham fikrning yorqin ifodasi uchun xizmat qilgan.
Irfoniy adabiyotda vayrona yoki xarobot – “inson jismining xarob boʻlishi – qanoat, faqir yoʻliga kirib, hayvoniy nafslar, keraksiz, yomon xulq-odatlardan qutilib, oʻzni xokisorlik, kamtarinlik rutbasiga solishdir” [7, 153]. Chinakam kamolot yoʻlida maʼnaviy hurlik lazzatini totgan solik uchun “vayrona” har qanday “obod” manzildan ustun. Chunki mumtoz sheʼriyatda vayronadan koʻzlangan asosiy niyat “yomon axloqdan ajralish, tuban ishlardan voz kechish, qalbni jilolantirib, ruhni huzur va farogʻatga yetishtirish” [8, 24] sanaladi. Behbudlik – sogʻlomlik esa ishq shavqidan, oshiqlik zavqidan begona, soxtakorlik va yuzakilik timsoli.
Uvaysiy ijodida ana shunday mazmun tashigan obrazlardan yana biri “tabib”dir: oshiq uchun ishq dardidan boshqa davo yoʻqligiga fahmu idroki ojizlik qiladi uning:
Tabibo, sen shifo etmakni taklifin xayol etma,
Tani bemorim ishqi dardini jonona tutmishlar [1, 67].
Tasavvufga oid lugʻatlarda qurbdan mukoshafa holigacha yetti maqom borligi aytiladi [9, 7]. Bu maqomlarni Haqqa boʻlgan cheksiz muhabbat bir-biri bilan uzviy bogʻlab turadi. Uvaysiyning lirik qahramoni esa muhabbat holining sir-asrorini bilgan, oʻzligini ishqda tanigan begʻubor oshiqdir. Masalan:
Kel, ey, dard ahli boʻlsang, ishq sirrigʻa qulogʻing tut,
Labim birla zabonim ushbu dam afsona tutmishlar. [1, 67]
“Mahbub ul-qulub” asaridagi ishq tavsifiga oid mana bu parchaga eʼtibor qaratsak, lirik qahramon – oshiq soʻzlayotgan “afsona”ning maʼnosi koʻproq ravshanlashadi: “Shuʼlayedur soʻzanda (yondiruvchi – M.A), xoshoki koʻp jonu koʻngul boʻlgʻon va barqedur furoʻzanda (shuʼlalanuvchi – M.A), koʻp jonu koʻngul ashiʼasida kul qilgʻon. Ajdahoyedur xunxor, olamni dami bila tortmoq anga kom, poshshohedur qahhor, komi hardam olam ahligʻa qatli om. Va har nechakim zulm qilgʻon sayi anga usonmoq yoʻq. Va har necha qon yutgan sayi anga qonmoq yoʻq. Soiqayedur (yashin, chaqmoq – M.A), aqlu din xirmanin kuydurguchi va sarsaredur (boʻron, dovul – M.A) alarning kulin koʻkka sovurguchi… Oshiq koʻngliga maʼshuq havosin solgʻuvchi ham ul va bir jilvasi bila naqdi hayotin olgʻuvchi ham ul…” [10, 496]
Darhaqiqat, Haq yoʻliga kirgan soliklar turli manzillarda turfa holu kayfiyatni his qiladilar. Shayx Abdulla Ansoriy bu manzillarni “abvob”, yaʼni eshiklar degandi. Irfoniy adabiyotda har bir holning oʻz eshigi boʻlib, undan ichkariga kirgan solik muayyan feʼl-atvorini namoyon etadi. Bu hollarning soni oʻnta: 1. Ibtido. 2. Bob. 3. Muomala 4. Hamida axloq 5. Usul 6. Avdiya (vodiylar) 7. Ahvol 8. Valoyat (valilik) 9. Haqoyiq (haqiqatlar) 10. Intiho yoki vasl. “Dard ahli” ibtidodan oʻtib, bob – ishq eshigi ostonasini manzil tutgan oshiqlardir. Ularning axloqiy qiyofasi Qurʼoni karimda Ibrohim alayhissalom sifati keltirilgan quyidagi oyat mazmuni bilan uygʻun: “Ibrohim halim, serqaygʻu va sertavbadir” (Anbiyo:71). Dard ahli, eng avvalo, tavba ahli. Tavba – dil sofligi bilan Haqqa qaytish demak. “Tavbat ul-avbob”ni esa eshiklar eshigi ham deydilar. Chunki tariqatga qadam qoʻygan solikning niyati va mohiyati avvalo shu tavbasida ayonlashadi [7, 27]. Uvaysiyning quyidagi misralarida mana shu xususida bahs yuritilgan:
Dard ahli meni toji sar etsa ajab ermas,
Jismim necha kun erdiki, to xoki dar oʻlgʻon [1, 106].
Maʼlumki, hol “oʻziga xos qisqa muddatli kayfiyat. Qalbning porlashi, chaqmoq chaqilganday yarqiragan charogʻon nurni tuyish lazzati. Hol – ilohiy marhamat va barakotning nuzul boʻlishi, quyilib kelishi” [7, 33]ni tamsil qiladi. Hol, birinchi navbatda, vaqt bilan bogʻliq, yaʼni hol sohibi Ibn ul-Vaqtdir. Baytdagi “necha kun” kalimasi orqali ana shunga ishorani ilgʻash qiyin emas. Tasavvufda Bob manzili huzn (hazinlik), xavf, shafqat, xushuʼ (taslim), ixbot (sirlilik), zuhd, varaʼ (parhezkorlik), tabattal (goʻshanishinlik), umid va ragʻbat [7,34] holatlariga sohiblikni bildiradi.
“Dard ahli” muhabbat va shavq maqomida qoyim turgan dil egalaridir: ishqqa tashna, hamisha vasl yodi bilan mashgʻul. Ularning maslagi – faqr, maqsadi – Haq rizoligi. Ulugʻ avliyo Ahmad Yassaviy “Boshim tufroq, yuzum tufroq, jismim tufroq, Haq vasliga yetarman deb ruhim mushtoq” deganida “ahli dard”ning ahvolu ruhiyasini ifoda etadi. Yuqoridagi baytda “xoki dar” – eshik, yaʼni ostona tuprogʻi boʻlgan faqiru gʻuraboni “dard ahli” “toji sar” – boshiga toj qilib koʻtarishida ham mana shunday teran maʼnolar yoritilgan.
Xullas, Uvaysiy sheʼriyatida “ahli dard” timsolini tadqiq etish mumtoz adabiyotdagi bir qator: adabiy taʼsir, anʼana va oʻziga xoslik masalalariga xolis baho berish bilan birga, shoira ijodining maʼnaviy, maʼrifiy ahamiyati xususida ham atroflicha fikr yuritishga keng imkon ochadi. Sheʼrxonni sheʼriyat, shaxsiyat, irfon, idrok borasida mushohadakorlikka chorlab, zamon, davr va makonga xos tamoyillarning badiiy matn mazmuni bilan bogʻliqlik jihatlariga diqqat qaratishga oʻrgatadi.
Maqsud ASADOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali, 2024-yil, 6-soni
“Uvaysiy shye’riyatida dard ahli talqini” maqolasi
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. Turkiy adabiyot durdonalari. 100 jildlik. 10-jild. Uvaysiy. Nodira. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2022. – 714 b.
2. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 6 jildli. 1-jild. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, 2023. – 842 b.
3. Alisher Navoiy ensiklopediyasi. 4 jildli. 1-jild. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2024. – 516 b.
4. Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. Nasoyim ul-muhabbat. 10 jildli. 10-jild. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, 2011. – 786 b.
5. Saʼdiy Sheroziy. Guliston (Mullo Murodxoʻja tarjimasi). – Toshkent: Munir, 2023. – 466 b.
6. Haqqul I. Navoiyga qaytish. – Toshkent: Fan, 2007. – 228 b.
7. Komilov N. Tasavvuf. – Toshkent: Movarounnahr – Oʻzbekiston, 2009. – 402 b.
8. Haqqul I. Hayot, adabiyot va abadiyat. – Toshkent: Tafakkur, 2019. 314 b.
9. Uludağ S. Tasavvuf terımlerı sözlüğü. − Istanbul, 1995. – 500 b.
10. Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. Mahbub ul-qulub. 10 jildli. 9-jild. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, 2011. – 842 b.
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q