Zamonaviylikka ehtiyojmand qoʻgʻirchoq teatrlari


Saqlash
15:17 / 13.03.2025 283 0

Globallashuv, internetdagi kontentlar xilma-xilligi yosh avlodning axborot maydonini toʻldirishga yordam berish bilan birga, ularning dunyoni idrok etish uslubini ham tubdan oʻzgartiryapti. Masalan, yorqin tasviriy maʼlumotlarga toʻyinish bolalarni qoʻgʻirchoq teatriga boʻlgan qiziqishini pasayishiga sabab boʻlayotgani maʼlum haqiqat. Bu jarayonlar teatr ijodkorlaridan har doimgidan ham masʼuliyatliroq boʻlishni talab etadi. Chunki, jamiyatni ergashtira oladigan kuch bu – gʻoya ekan, yosh avlodni sahna sanʼatiga jalb qilish uchun, avvalo, gʻoyaviy teran sahna asarlarining koʻlamini kengaytirish, bolalar dramaturgiyasini jonlantirish zarur. 

 

Aytaylik, bir yilda qoʻgʻirchoq teatrlarida ellikka yaqin spektakl yaratiladi, afsuski, ularning aksariyatida olgʻa surilayotgan gʻoya davr talabiga javob berayotgani yoʻq. Qolaversa, qoʻgʻirchoq teatrlari repertuarini asosiy qismini jahon adabiyoti namunalari va nasriy asarlarning inssenirovkalari egallab kelmoqda. Xususan, 2024-yilda Respublika qoʻgʻirchoq teatrlarida sahnalashtirilgan 43 ta spektaklning 23 tasi jahon adabiyoti asosidagi spektakllar. Milliy dramaturgiya asosida tarixiy, afsonaviy mavzuda 7 ta, davlat buyurtmasi asosida 2 ta, xalq ertaklari va zamonaviy ertaklar asosida 11 ta spektakl sahnalashtirildi. Achinarlisi shundaki, bir necha yillardan buyon qoʻgʻirchoq teatri sahnalaridan tushmay kelayotgan “Quvnoq ayiqchalar” (G.Polivanova). “Sehrli olma” (J.Lada), “Nonni bosgan qiz” (G.X.Andersen), “Gʻaroyib musobaqa” (Y.Speranskiy), “Gʻozcha” (N.Garnet) “Etik kiygan mushuk” (Sh.Perro), “Zumrad va Qimmat”, “Ur toʻqmoq” , “Fotimaning sarguzashtlari” (N.Habibullayev), “Lazgi” (X.Stoychev) kabi afsona, xalq ertaklariga qayta-qayta murojaat etilishi aslida zamonaviy sahna asarlariga boʻlayotgan ehtiyojning tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

 

 

Soʻnggi yillarda qoʻgʻirchoq teatri dramaturgiyasida klassik adiblar ijodi asosida inssenirovka birmuncha yaxshi yoʻlga qoʻyildi. Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni asosida bir qancha sahna asarlari yaratildi. Ushbu spektakllarda rejissura, aktyorlik ijrosi, rassom ishi va boshqa komponentlarda oʻziga xos yondashuvlar koʻzga tashlandi. Sahna yechimlarida ramziylik, obrazlilik, shartlilikka boʻlgan eʼtiborning tobora ortayotgani namoyon boʻldi. 2024-yilda Xorazm viloyat qoʻgʻirchoq teatrida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shomurod Yusupov “Layli va Majnun” dostoni asosida spektakl sahnalashtirdi. Sahna asari oʻsmir yoshdagi bolalar va katta yoshdagi tomoshabinlar uchun moʻljallanganligi bois, inssenirovka muallifi Hayimat Rasul dostonning asl qiymatini, soʻz boyligi, mavzu va gʻoyasini saqlab qolib, qoʻgʻirchoq teatri spetsifikasiga moslashtirishga harakat qildi. Rejissyor sahna yechimlarida muhabbat, yoshlik, goʻzallik kabi koʻplab gʻoyaviy tushunchalarni ramziy tarzda ifoda etadi. Jumladan, rang-barang gullar bilan qoplangan arqonlar turli maʼnolarda qoʻllanilib, ikki yosh qarshisiga chodir tortadi. Bu chodir “husn osmonining mohi” Layli va “ishq elining shohi” Majnunning sevgi tarixi qoʻgʻirchoq sahnasida, qoʻgʻirchoqlar vositasida kuylanishiga ishora edi. Sahna makonining (rassom M.Roʻzimetova) nursiz qora ranglar siluetida boʻgʻiq davr va nobakor kimsalarning qilmishlari aks etsa, qorongʻilikdagi sham shuʼlasi ikki qalb muhabbati, ummon misol razolatning bagʻrida misli kurtak ochgan bir gul ekanligini tasvirlaydi. Spektakl xotimasida Layli va Majnuning ishq gʻunchasi jannat bogʻlarida chiroy sochib turganiga ishora bor. Bu ikki qalb muhabbatining abadiy ekanidan dalolat. Spektakl yoshlarimizni mumtoz adabiyotimizga yaqinlashtirib, muhabbat, vafo kabi azaliy mavzular orqali tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

 

Qoʻgʻirchoq teatri ijodkorlari tarixiy shaxslar va ularning faoliyati haqida ham asarlar yaratishmoqda. Misol uchun, 2024-yilda tarixiy shaxslar toʻgʻrisida yaratilgan “Buyuk Beruniy” (Navoiy viloyati), “Alisherbek va Husayn” (Namangan viloyati), “Temurbekning bolaligi” (Qashqadaryo viloyati), “Ali Qushchi” (Samarqand viloyati) kabi spektakllarda ajdodlarimizning ilm va maʼrifat, davlat va jamiyat taraqqiyotidagi benazir jasoratlari tasvirlanadi. Mazkur tajribalarda tarixning shu vaqtga qadar qoʻgʻirchoq teatri dramaturgiyasida yoritilmagan davrlarni aniqlash va ularga ijodkorlar diqqatini tortish holatlari koʻzga tashlanadi. Xususan, tarixga ijodiy yondashuvning ajoyib namunasi boʻlgan “Ali qushchi” tarixiy dramasi ilk bor Mirzo Ulugʻbekning sevimli shogirdi, ilmiy faoliyatining davomchisi boʻlgan Alovuddin Ali Ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy (Ali Qushchi)ning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Tarixiy drama tomosha ichida tomosha usulida yozilgan boʻlib, asar voqealari Ali Qushchining nabirasi bilan suhbati asosida jonlanadi. Rejissyor (F.Mirzayev) va rassom (R.Toshboyev) vaqt, makon va zamonni dekorativ vositalar asosida tasvirlab, koʻplab ramziy gʻoyalarni ifodalab berishga intiladi. Maʼrifat va razolat, ikki oqim, ikki xil qarash oʻrtasidagi kurashga tolibi ilmlar va savodsiz askarlarning rasadxonadagi boʻlgan suhbati “xamirturush” vazifasini oʻtaydi. A.Qushchi (D.Pirmatov) va uning doʻsti (Oʻ.Zayniyev) rasadxonaga besoʻroq kirganlikda ayblanib, zindonband qilinadi. Buni eshitgan M.Ulugʻbek (B.Sanaqulov) sarkarda Abbosbek (A.Abdullayev) va uning askarlarini ogohlikka chaqirib, ularni ozod etadi. Rasadxona, madrasa, kitoblarini A.Qushchiga meros qilib, saqlash va koʻpaytirish, kelajak avlodga yetkazishi lozimligini vasiyat qilar ekan, “sen mening farzandimsan, farzandim-arjumandimsan, buni hech qachon unutma….” deya taʼkidlaydi. Ali Qushi bu vasiyatga sodiq qolib, M.Ulugʻbek yoqqan maʼrifat shamini oʻchirmaslikka intiladi. U savodsiz, xalq manfaatidan oʻzining xoyu havasini ustun qoʻyuvchi beklar va sarkarda Abbosbekka qarshi chiqib, barcha ilmiy adabiyotlar va madrasalar uchun jonini qalqon qiladi. Abbosbek va A.Qushchi oʻrtasidagi jang sahnasi spektaklning kulminatsiyasi hisoblanib, bu sahnada maʼrifat razolat ustidan gʻalaba qozonadi. A.Qushchining Abbosbekka qarata aytgan “siz ilm ahliga boʻlgan gʻazabingiz va johillikka toʻla qalbingizga magʻlub boʻldingiz” – degan soʻzlarida sahna asarining asosiy maqsadi namoyon boʻladi.

 

 

Zamonaviy qoʻgʻirchoq teatri oʻzining milliy qiyofasini topishda urf-odat, qadriyatlar ifodasiga ham keng ahamiyat qaratmoqda. Buxoro viloyati qoʻgʻirchoq teatrining davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirilgan “Qari bilganni pari bilmas” spektakli sharqona odob-axloq, insoniy qadriyatlar ifodasiga asoslangani bilan ajralib turadi. Dramaturg Sh.Tursunovaning xalq rivoyati asosida yaratilgan sahna asari tarixiy-afsonaviy mavzuda yoritilsa-da bugungi kunda uchrab turgan ota-ona va farzand, mehr-oqibatning koʻtarilishi, oila va jamiyat taraqqiyotida yoshi ulugʻlarning oʻziga xos oʻrni kabi masalalarga asoslanadi. Asar voqealariga koʻra, mamlakatning moddiy tomondan tangligi, ocharchilikning raxna solayotgani Sulton va uning ayonlarini oʻylantirib qoʻyadi. Kaltabin vazirning maslahati bilan mamlakatdagi nuroniylar jamiyatning keraksiz vakillari sifatida surgun qilinadi. Bu kabi nodonlik, uquvsizlik sabab yurt jabr-zulmga giriftor etilayotgan bir pallada, yurtda qolgan birgina donishmand xalqni azob uqubatdan saqlab qoladi. Spektaklda mardlik, jasorat, rostgoʻylik kabi tuygʻular gʻalabasi aks ettiriladi.

 

Dramaturg K.Dilmonovning “Mehr ila sehrlangan joy” ertak pyesasi oliyjanob insoniy munosabatlarni majoziy obrazlar orqali koʻrsatib beradi. Sahna asari Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatrida davlat buyurtmasi asosida rejissyor Gʻ.Hamroyev tomonidan “Mehr qaydasan” nomi bilan sahnalashtirildi. Muallif kichkintoylarni poyabzallarning oʻziga xos olamiga yetaklaydi. Sodda, kamtarin Mukkijonning sayohati davomidagi sarguzashtlari talqinida oʻzaro insoniy munosabatlarning afzalligi borasida soʻz boradi. Mukkijonning sarguzashtlari bolalar ongida mehnatsevarlik, kamtarlik, mehr-oqibat tuygʻularini singdirishda muhim oʻrin tutadi. “Har narsa oʻz oʻrnida qadrlansa, ahamiyatlidir”. Ushbu xalqona gʻoya asarining asosiy mavzusi talqinida gavdalanadi.

 

 

Soʻnggi yillarda qoʻgʻirchoq teatri dramaturgiyasida ijod qilayotgan dramaturglarning safi bir muncha ortdi. M.Ashurova, T.Mirzo, I.Mirzo, N.Abbosxon, N.Toʻlaxoʻjayev, K.Dilmonov, G.Qoʻldoshova hamda yosh ijodkorlardan U.Oʻsarov, M.Roʻziyev, A.Hurramov, D.Rahmatullayev kabi dramaturglar ijodida zamonaviy davr masalalari va muammolari koʻtarilayotgani ahamiyatga molik. “Men uchuvchi boʻlaman” (U.Oʻsarov), “Janob metall” (N.Abbosxon), “Vegitarian boʻri” (A.Hurramov) kabi ertak pyesalar zamonaviy davr bolalar psixologiyasiga xos gʻoya va mavzuga asoslangani bilan ajralib turadi. Jumladan, Namangan viloyati qoʻgʻirchoq teatrida sahnalashtirilgan “Ona tabiat va Janob metall” (N.Abbosxon) zamonaviy fantastik ertak spektaklida ekologiya muammolari koʻtarilgan. Rejissyor R.Utaganov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda texnika-texnologiyaning ijobiy tomonlari qatorida salbiy oqibatlarga olib kelayotgani, bolalarning uyali aloqalarga mukkasidan ketib, ona tabiat inʼomlariga bepisand boʻlib borayotgani kabi masalalar toʻgʻrisida soʻz boradi. Ona tabiat yer sharida insonlarning baxtli yashashi uchun kurashsa, Janob metall texnikani tobora rivojlanishi natijasida oʻzga sayyoraga uchib ketib yerdagi hayotni tugatish uchun kurashadi.

 

Surxondaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatrining “Antiqa boʻri” (A.Hurramov) nomli spektakli qiziqarli va gʻayrioddiy voqealari bilan kichik tomoshabinlar koʻngliga yoʻl topa oladi. Sahna asari oilada ota va onaning oʻrni, farzand tarbiyasidagi roli, doʻstlik, birodarlikni har narsadan ustunligi haqida soʻzlaydi. Dramaturg birgina Boʻrivoy misolida koʻplab masalalarga mohironalik bilan oydinlik kiritishga intiladi. Muallifning yana bir yutugʻi, qoʻgʻirchoq teatri spetsifikasini inobatga olib, asosiy eʼtiborni soʻzga emas, balki xatti-harakatga qarata olgan.

 

 

Soʻnggi yillarda sahna asarlarida maʼnaviy axloqiy masalalarning turli rakurslarda talqin etilayotgani, bugungi davr muammolariga eʼtibor ortayotgani, tarix va zamonaviylikni uygʻunlashtirishga qaratilgan tajribalarning safi kengayib borayotgani eʼtiborga molik. Ammo, zamonaviy mavzudagi sahna asarlarning taqchilligi zamon bilan hamnafas yosh dramaturglarni tarbiyalash zaruratini koʻrsatmoqda. Kelgusida oʻzbek qoʻgʻirchoq teatri sanʼati istiqbolini belgilash, jamiyat hayotidagi ishtirokini oshirish boʻyicha quyidagi taklif-mulohazalarni bildirishni lozim topdik:

 

  • qoʻgʻirchoq teatri dramaturgiyasiga oid oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqish, tarixini chuqurroq tadqiq etish, alohida fan sifatida kiritish;
  • pyesalar toʻplamlari hamda dramaturglar faoliyatini yorituvchi monografiyalar yaratish;
  • sahnalashtirish koʻzda tutilgan asarlarni teatrshunos, mutaxassislar nazaridan oʻtkazish jarayonlarini yoʻlga qoʻyish;
  • spektakl muhokamalarida qoʻgʻirchoq teatri boʻyicha maxsus shugʻullanuvchi teatrshunoslar ishtirokini taʼminlash;
  • rejissyor va teatrshunos oʻrtasidagi ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
  • viloyat teatrlarida malakali rejissyor va aktyorlarning yetishmasligiga jiddiy eʼtibor qaratish, har bir viloyat teatrlari uchun alohida kadrlar tayyorlash jarayonlarini tashkil etish;
  • Malakali adabiy emakdoshlarni jalb qilish masalalariga jiddiy qarash, buning uchun ularning oylik maoshlarini oshirish;
  • Ijodiy raqobatni taʼminlash maqsadida, xususiy qoʻgʻirchoq teatrlarini safini kengaytirish, aholiga qulay boʻlishi uchun har bir tuman markazida qoʻgʻirchoq teatrlarini tashkil etish.

 

Malohat TUROBOVA

Oʻz RFA Sanʼatshunoslik

instituti doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//