
Sarlavhani o‘qib, hayron bo‘ldingizmi? Eslab ko‘ring, bunday gapni avval ham eshitgansiz yoki bobo-buvilaringiz aytganda guvohi bo‘lgansiz, biroq ahamiyat bermagansiz.
Qishda qor yog‘masa…
Bugun 2025-yil 3-mart. Bahorning ilk kunlarida yana qor yog‘di, ammo havo iliq. Ochig‘i, qahraton deb sifatlanuvchi qish tugagan bo‘lsa-da, shu kungacha noyabrning oxiri va dekabrning boshidagina qor yog‘di. Shundan keyin ikki-uch marta oyoq izi tushgan qorni aytmasa, qishda qor yog‘madi, hisobi. Necha yildan beri yangi yil bayramida ham yuzlab Qorbobo bilan Qorqiz bor-u, qor yo‘q...
Nega bunday bo‘lyapti? Ba’zan “tabiat insoniyatdan qasos olyaptimikan”, deb ham o‘ylab qolamiz. Ammo xulosa qilishga shoshilmang. Gidrometerologiya mutaxassislari yoki hayotdan saboq olgan keksalar, tabiat ishoralarini yaxshi ilg‘aydigan “bilarmon” chorvador, dehqon kishilar bilan suhbatlashsangiz, bunday qish avvallar ham ko‘p kuzatilganini aytishadi. Chunki mutaxassislar texnik vositalar yordamida, dehqonchilik va chorvachilik bilan muntazam shug‘ullangan kishilar esa tabiat belgilariga qarab, hayotiy kuzatuvlariga asoslanib, yaqin kelajakni oldindan tasavvur eta oladilar. Bunday kuzatuvlar kecha yoki bugun paydo bo‘lmagan.
Tarix guvohlik beradiki, insoniyat azal-azaldan jonli va jonsiz tabiatni, nabotot va hayvonot dunyosi sir-asrorlarini bilishga qiziqqan. Hali ilm-fan rivojlanmagan davrlardayoq quyosh, oy va yulduzlarni, koinot va atmosfera hodisalarini sinchkovlik bilan kuzatib, ma’lum bir xulosalarga kelishgan. Bunday xulosalar esa aksariyat hollarda o‘z isbotini topgan. Yillar o‘tishi bilan bu kuzatuvlar takomillashib, avloddan avlodga o‘tib, siz-u bizgacha yetib kelmoqda.
Xo‘sh, qishda ko‘p qor yog‘mayotganini keksalar, ko‘pni ko‘rganlar qanday izohlaydi?
Ikki asrni ko‘rgan keksalarimizning aytishicha, birinchi qor yoqqanda momaqaldiroq guldurasa, “qish bola tashladi”, deyiladi. Bu esa qishning deyarli yog‘ingarchiliksiz o‘tishini, dehqon va chorvadorga og‘ir bo‘lishini anglatadi. 1968-yil yoki 2011-yilning qishidagidek yanvar oyida yigirma kunlab yerdagi qor erimagan holatlar kuzatilmaydi. Hojiboy Tojiboyev aytgandek, u tomdan bu tomga sakrayotgan yovvoyi mushuk ikki tom o‘rtasida qotib qolmaydi...
Yana o‘sha “bilarmon”larning aytishicha, bahordan tashqari yoz, kuz va qishda chaqin chaqnasa, dehqonlar “bir faslni urib ketdi” deyishadi. Bu o‘tayotgan faslning odatdagidek bo‘lmasligini bildiradi. Yana kuzda teraklarning barg to‘kishiga qarab ham qish qanday kelishi taxmin qilinadi. Agar teraklar kuzda tepadan boshlab barg to‘ksa, qish qattiq keladi, pastdan boshlab barg to‘ksa, qish yengil o‘tadi, deyiladi. 2024-yilning kuzida ham daraxtlar pastdan barg to‘kkan edi...
Endi bahorning kelishi haqida ikki og‘iz. Turnalar barvaqt uchib kelsa, bahor erta boshlanadi, deydi dehqonlar. Bu qushlar to‘p-to‘p bo‘lib o‘yin-raqsga tushsa, kun isiydi, ular qichqirsa yomg‘ir yog‘adi, deb ta’bir qilishadi. “Bilarmon” dehqonlar turnalarning ko‘klamgi uchib kelishigagina emas, balki kuzda issiq o‘lkalarga uchib ketishiga ham e’tibor berar ekan. Ularning ko‘p yillik kuzatuvlariga qaraganda, kuzda turnalar baland uchsa, kuz uzoq vaqt davom etadi. Ular barvaqt va pastlab uchib ketishsa, qish qattiq kelarmish…
Tabiat ishoralari nimalardan darak beradi?
El orasida hisobdon kishilar bo‘ladi. Bunday xislat ko‘proq cho‘ponlarda uchraydi. Chunki ular yilning asosiy qismini dalada va tabiat qo‘ynida o‘tkazishadi. Shu boisdan sal e’tiborlilari, ota-bobolaridan eshitgan va o‘zlari kuzatganlari asosida ko‘p o‘tmay “bilarmon”ga aylanishadi. Ular tabiatdagi o‘zgarishlarni kuzatib, faslga baho beradilar. Eng, qizig‘i, ularning aytganlari ko‘pincha to‘g‘ri chiqadi.
Keling, Samarqand viloyati, Nurobod tumanining G‘allakor qishlog‘ida yashovchi cho‘pon Shavkat Bobomurodovning ko‘pyillik kuzatuvlariga quloq tutaylik.
– Ertalab tuman bo‘lsa, havo ochiladi, kechqurun tushsa, yog‘ingarchilik bo‘ladi.
– Qaldirg‘och past uchsa, qora qarg‘a o‘ynasa, ot xirillasa – ob-havo ayniydi.
– Havoda chivin o‘ynasa, qumursqa qanotlansa, o‘rgimchak to‘r to‘qisa, chuvalchang yer yuziga chiqsa, qurbaqa qattiq qurillasa, ilon toblansa, qaldirg‘och cho‘milsa, qarg‘a pastlab uchsa, turna sayrasa, mushuk eshikni timdalasa, ot tepinsa, sigir sutini tortsa, ariq suvi ko‘piklanib oqsa, kunchiqar tarafdan shabada essa, havo qattiq isisa, shudring tushmasa, tutun yuqoriga o‘rlamasa – yomg‘ir yog‘adi.
– Kamalak paydo bo‘lsa – yomg‘ir tinadi.
– Qushlar chug‘urlashsa – havo ochilib ketadi.
– Parrandalar pastlab uchsa, qarg‘a qag‘illasa, tuya o‘yinga tushsa – qor yog‘adi.
– It qorda o‘ynoqlasa, ot yo‘lga yotsa – bo‘ron turadi.
– Chuvalchang yerga kirsa, qaldirg‘och baland uchsa, boyo‘g‘li sayrasa, o‘rdak cho‘milsa, g‘oz boshini yashirsa, tumshug‘ini taqillatsa, bir oyog‘i yoki tumshug‘ini qanoti orasiga tiqsa, it qorga ag‘anasa, sigir orqa oyog‘ini qaltiratsa, ertalab quyoshni tuman berkitsa, bulut siyrak bo‘lsa – sovuq bo‘ladi.
– Chigirtka chirillasa, g‘oz yuvinsa, o‘rdak qichqirsa, turna o‘yinga tushsa, it yo‘lga yotsa, ot pishqirsa, sigir yotsa – havo isiydi.
– Ertalab oftob qizarib chiqsa – havo bulutli bo‘ladi yoki yog‘ingarchilik bo‘ladi.
– Quyosh qizarib botsa yoki ufq alvon tusga kirsa – ertangi havo ochiq bo‘ladi.
Yana bir kuzatuvni aytishim mumkin.
Qor maydalab yoqqanda havo sovuq bo‘ladi. Agar qor o‘rtacha kattalikda yog‘sa, havo yaxshi bo‘ladi. Agar laylakqor yog‘sa, u uzoq vaqt yog‘maydi, havo ham yoqimli bo‘ladi.
El og‘zidagi gaplarni elab ko‘rsak…
Xalqimizda shunday gaplar, iboralar yuradiki, ularga e’tibor qilsangiz, bir elakdan o‘tkazsangiz, hech biri bekorga emas. Hammasida ulkan-ulkan ma’no mujassam. Ular shunday qiziqarli va jozibali ifoda etiladiki, bu xalqimizning nafaqat donishmandligi, balki shoirligidan ham bir nishona. Shu bilan birga, hali hammasi oldinda ekanini ham bildiradi. Mana, e’tibor qiling:
“Qishning bir kuni qolsa qo‘rq”, bu – hali “qor yog‘mayapti, qish bo‘lmayapti”, deb xulosa qilishga shoshilmaslikni bildiradi.
“Aziz momo olti kun,
Qaltirasa – qatti kun,
Sakransa – sakkiz kun,
To‘qransa – to‘qqiz kun,
O‘qransa – o‘n kun”, bu – qishning to‘qsoni tugab bahor oldidan Aziz momo kunlari qanday bo‘lishiga ishora.
“Ayamajuz olti kun,
Olti oy qishdan qattiq kun” – qishning oxirida keluvchi olti kunlik ayamajuz kunlari tabiat o‘zgarib, olti oylik qishdan ham qattiq bo‘lishi mumkinligidan belgi beradi.
“Yozning kuni – yuz turli, Qishning kuni – qirq turli” – barchasiga qodir tabiat tong otguncha siz-u bizga boshqa bir manzarani tuhfa eta oladi.
“Yoz – yozil, qish – qisil” – tejamkorlik kerakligiga ishora.
“Toqqa qalin qor tushgani – Yerning qonib suv ichgani” – baland tog‘larimizdagi qorlarni ko‘rib, ko‘ngilni biroz xotirjam qilish mumkin, degani.
“Qish qishligini qilmasa, Yoz yozligini qilmas” – qishda hammasi risoladagidek bo‘lmasa, yozda to‘kin-sochinlik bo‘lmasligiga ishora.
“Qishning qori – yozga dori” – qor yog‘sa, yerdagi zararli hasharotlar o‘lishini va natijada yer unumdor bo‘lishini bildiradi.
Demak, “qish tugab qo‘ydi, endi qor yog‘maydi, degan xulosa chiqarishga erta. Hali oldinda “To‘qson, bir kunimcha yo‘qsan”, deb Aziz momo shaylanib turibdi.
El og‘zidagi qiziqarli iboralar
– Yomg‘irdan so‘ng kamalak chiqib, momaqaldiroq bo‘lsa, “bo‘ri bolaladi”, deyishadi.
– Quyosh chiqib turganda yomg‘ir yog‘sa “bo‘ri tug‘ayapti”, deyishadi. Ba’zilar esa bu holatni “tulki qizini erga beryapti”, ham deydi.
– Iliq havoda osmondan qor emas, patga o‘xshash momiq tushsa “qantar yog‘yapti”, deyishadi.
– Kechqurun momaqaldiroq gumburlab, ertalab qor yoqsa, “Qish bola tashlab qo‘ydi”, deyishadi.
Xoliyor SAFAROV
Tarix
Tarix
Adabiyot
Til
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q