
Esse qanday janr va u qanday qilib falsafaga kirib qoldi? Nega ijtimoiy fanlar ifoda vositasi sifatida boshqa janrlardan emas, aynan essedan foydalangan? Esse falsafaning analogimi? Maqolada shu savollarga javob izlashga harakat qilamiz.
Garchi “esse” soʻzini hali aqlimiz qabul qilolmayotgan, tilimiz va tabiatimizga yot unsurdek tuyulayotgan boʻlsa-da, oxirgi paytlarda bu soʻz tez-tez qulogʻimizga chalinyapti. Janrning aniq, keskin taʼrifi, xususiyatlari, chegaralarining yoʻqligi ham bu janrdan tushunib-tushunmay foydalanish, uni ocherk, adabiy oʻy, maqola yoki firqalardan ajratolmay, duch kelgan yoziqni esse deb atayverishga sabab boʻlyapti. Ilmiy adabiyotlardagi taʼriflarning ham bir-biridan farq qilishi masalani yanada murakkablashtirmoqda. Xususan, Vebster lugʻatida essega “cheklangan, mavzuni shaxsiy nuqtayi nazardan koʻrib chiqib, tahlil yoki talqin etuvchi adabiy kompozitsiya” deb taʼrif berilsa, Oksford lugʻatida “nashr etishga moʻljallangan, maʼlum bir mavzu boʻyicha yoziluvchi kichik hajmli asar” deyiladi. Katta ensiklopedik lugʻatda esa: “Esse, bu – falsafiy, adabiy-tanqidiy, tarixiy-biografik, publitsistik janr boʻlib, muallifning alohida pozitsiyasini erkin, koʻpincha paradoksal nuqtayi nazardan soʻzlashuv uslubiga xos tarzda ifoda etishidir” degan mazmunda taʼrif berilgan. Adabiyot atamalarining qisqacha lugʻatida: “Esse, bu – ocherkning bir turi boʻlib, unda asosiy maqsad faktlarni keltirish emas, balki fikr va taassurotlarni tasvirlashdan iborat. Esse muallifi maʼlum hodisa-voqeani tahlil qilmaydi, balki subyektiv shaxsiy munosabatga urgʻu berib, fikr yuritish bilan cheklanadi”, deyiladi.
“Oʻzbek ensiklopedik lugʻati”da “esse” afsona, badia, latifa, masal, novella, ocherk, rivoyat, ertak, etyud, hikoya, hikoyat kabi kichik epik janrlar qatorida sanalsa, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da essega adabiy, falsafiy, ijtimoiy, publitsistik va boshqa mavzularda yozilgan, muammolar tizimli ilmiy tarzda emas, balki erkin shaklda talqin qilinadigan nasriy asar, deya taʼrif beriladi.
Rus olimasi Lyudmila Kayda: “IX asrda mumtoz rus adabiyotida “soʻz” degan janr boʻlgan. Fikrimcha, zamonaviy tilda “esse” deb atalayotgan janr oʻsha davrda “Soʻz” deb nomlangan”, degan farazni ilgari suradi. Olim essega juda toʻgʻri, ixcham va aniq taʼrif bergan: “... haqida soʻz”. Yaʼni maʼlum muammo, masala, vaziyat yoki kechinma haqida chuqur, falsafiy va faktlarga asoslangan holda keltirilgan mulohazani esse deyish mumkin.
Qator tadqiqotlar va esselarni oʻrganish natijasida janr xususida quyidagicha xulosaga keldik: “Esse, bu – “nimadir haqida”gi fikr, tajriba, taassurotni badiiy ifodalash usuli”. Barcha taʼriflarda essening asosiy xususiyatlari sifatida erkin shakl, shaxsiy yondashuv va subyektivlik saqlanib qolinadi.
M.Epshteyn “Essening asosiy vazifasi – erkin fikrni himoya qilish, jamiyat tomonidan insonga majburan yuklatilgan dogmalardan qochish va yangi ijtimoiy ongni shakllantirish”, deya essening janr sifatidagi xususiyatlari orasida “shaxsiyatning oʻz-oʻzini asoslashi”ni birinchi oʻringa qoʻyadi. Uning fikricha, esseda muallifning “men”i toʻgʻridan-toʻgʻri bayon qilingan predmet emas, balki qoʻzgʻatilgan muammolarga munosabati orqali bilvosita ochiladi. Olim fanga “fikr-obraz” yoki “essema” tushunchasini kiritdi, bu “konkret obraz va uni umumlashtiruvchi gʻoya uygʻunlashuvi”ni anglatadi. Gʻoya va obraz ularni shaxsiy tajriba vositasida birlashtiruvchi shaxs orqali birlashadi. M.Epshteynning soʻzlariga koʻra, essenavis mutaxassis emas, balki barcha narsada oʻzini sinab koʻruvchi shaxs sifatida namoyon boʻladi. Aniq mavzu shaxsiy mulohazalar va izlanishlar uchun sabab boʻlsa, koʻrib chiqilayotgan predmet fikrni rivojlantirish, makonda tayanch nuqtani topishga urinish uchun sabab boʻlib xizmat qiladi.
Bunday yondashuv koʻpchilikni tashvishga soladi, chunki ular buni falsafaga nisbatan oʻziga xos “tajovuz” sifatida koʻradi. Chunki essenavis oʻz qarashiga muvofiq voqelikni tasvirlab, xohlaydimi yoʻqmi, oʻz nuqtayi nazari yo pozitsiyasini unga yuklaydi.
Janr asoschisi fransuz yozuvchisi va faylasufi Mishel de Monten 1580-yilda chop etilgan “Tajribalar” asari muqaddimasiga: “Bu kitobda mening xulqim va fikrlarimdan baʼzi izlar bor”, “Kitobimning mazmuni – men oʻzim” degan soʻzlarni qayd etarkan, soʻzga oʻzini yuklaydi va mana shu soʻzlar bilan esse falsafaga kirib keladi. Montenning falsafaga kiritgan yangiligi shundan iboratki, u anʼanaviy falsafiy risolalarga nisbatan shaxsiy fikr ustuvorroq va erkinroq yozilgan yangi ifoda usulini yaratdi. Uning esselari shaxsiy mushohadalar, falsafiy va axloqiy mulohazalar bilan qorishiq holda taqdim etildi. “Tajribalar” asari muallifning qiziqishlari sof falsafiy mavzulardan ancha yiroqlashganini koʻrsatadi. Xususan, “Muvaffaqiyatning turli yoʻllari”, “Qamaldagi qalʼa zobitining huquqi”, “Qoʻrqoqlikni jazolash toʻgʻrisida”, “Odamxoʻrlar haqida”, “Taqdirning nooqilonaligi haqida”, “Uyqu haqida”, “Mastlik haqida”, “Mukofotlar toʻgʻrisida”gi qaydlari garchi “Tajribalar”ning umumiy mazmuni, uslub va tuzilishini boyitgan boʻlsa-da, sof falsafiy risola deb atashga imkon bermaydi. Umuman olganda, Monten oʻziga xos tarzda olamning asosiy savollari – universalizm, hayot va tabiatning barcha jabhalaridagi oʻzaro bogʻliqligi, evolyutsiyaning turli yoʻllari va oʻzaro uygʻunligi kabi masalalarga javob izlaydi.
Ammo Montengacha Aflotunning “Suhbatlar”i ham fundamental essega misol boʻla oladi. Aflotun hayotga oshiq edi. Bu uning yuzlab esselari, badiiy obrazlari, falsafiy qarash va hayotiy tajribalarida koʻrinadi. Shu maʼnoda u har qanday zohidlikka begona boʻlgan. U falak, dengiz va daryolar, chinoru tollar, inson kamoloti goʻzalligiga, yoshlik jozibasiga doimo hayrat bilan qaragan. Oʻzining eng “asketik” maktubi “Fedon”da ham narigi dunyo haqdagi tasavvurlarini mavjud dunyoning yorqin ranglari bilan boʻyaydi. U esselarida tinimsiz bahslashadi, his-tuygʻularini jilovlolmaydi, nimanidir qidiradi, tadqiq etadi. Shu bois ham fikrlarining bunday dramatik va goʻzal tasvirini essedan boʻlak janrga sigʻdirolmasdi. Aflotun insoniyatga bilimga chanqoqlikni, zarradan borliqqa qadar oqilona muhabbatni, dialektika, falsafiy gʻoyalar va ilmdan zavqlanishni vasiyat qilib qoldirdi. Uning oʻttizdan ortiq esselari (“Suhbatlar”)da falsafiy mazmunning dastlabki asarlardan keyingilariga tomon doimiy oʻsib borishini kuzatish mumkin. Bu uning uzluksiz umuminsoniy uygʻunlikni targʻib qilishida namoyon boʻladi, garchi bu uygʻunlikning tuzilishi Aflotunning dastlabki ijodidan keyingi davrlarigacha tubdan oʻzgargan va hatto baʼzi tadqiqotchilarning fikricha, boshi berk koʻchaga kirib qolgan boʻlsa-da. U esselari orqali mifning shakllanish jarayonini tubdan oʻzgartirdi. Uning gʻoya-mifi, birinchi navbatda, mantiq predmeti, yaʼni u mifni ratsional omilga aylantirdi. Falsafa va sheʼriyat, ilm, nazariy bilimlar va yuksak badiiy dramaturgiya uygʻunlashgan “Suhbatlar” qatʼiy, sof falsafiy maqoladan koʻra insoniyat tafakkuriga katta taʼsir koʻrsatib kelmoqda.
Falsafa paydo boʻlishidan boshlab bahslar markazida boʻlgan. Gap shundaki, uning mavjudligi ontologik qonunlarga muvofiq ravishda qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi, ular keskinlikka aylanadi. Epistema (bilim) va doksa (fikr) oʻrtasidagi munosabat falsafada haqiqat va yolgʻon uchun kurashdek koʻrinadi. Qadimgi yunon falsafasida doksa yolgʻon fikr sifatida tushunilgan (haqiqiy bilimga qarshi). Masalan, yunon faylasufi Parmenid doksani “haddan tashqaridagi tushuncha” deb hisoblagan, Aflotunda esa doksa bilim va bilmaslik oʻrtasidagi nimadir sifatida tushuniladi. Bu ziddiyat oʻziga xos tarzda falsafani fanning organonasi (kanoni) deb eʼtirof etuvchilar va uni oʻz fikrini bildirish vositasi deb koʻrganlar oʻrtasidagi kurash sifatida namoyon boʻladi. Aflotun falsafani qattiq himoya qilganlarni faylasuflardan farqlab, filodokslar deb ataydi. Zamonaviy dunyoda filodoksiya esseistikada namoyon boʻladi, degan asosli qarash mavjud. Ularni birlashtiradigan jihat: esseistikada ham, oʻz vaqtida filodoksiyada boʻlganidek, oʻz pozitsiyasining qadr-qimmati va faqat uning yoqlanishi zarurligi haqidagi gʻoya ilgari suriladi. Boshqacha qilib aytganda, oʻz fikrini oxirgi haqiqat sifatida qabul qildirishga harakat seziladi.
Yigirmanchi asr madaniyatida koʻplab badiiy, falsafiy va ilmiy oqimlar paydo boʻldi: ekspressionizm, kubizm, ekzistensializm, strukturalizm, vitalizm, bixeviorizm... Ammo esseizmni bu “izmlar” qatoriga kiritib boʻlmaydi, chunki u madaniy tarmoqlarning bir yoʻnalishigina emas, balki butun boshli madaniyatning alohida bir sifatidir. Esseizm nafaqat badiiy, falsafiy, ilmiy, balki umumiy madaniy hodisa boʻlib, madaniyatning oʻzini oʻzi saqlash va oʻzini oʻzi rivojlantirish mexanizmidir.
Ijtimoiy fanlar, xususan, falsafa, tasavvuf, psixologiya, politologiya, publitsistika namoyandalari nima uchun ifoda shakli sifatida esse janrini tanladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Janr tahlili boʻyicha eng nufuzli tadqiqotchilardan biri Jon Sveylsga koʻra, esse turli ijtimoiy fanlarda kommunikatsiya va ritorika vazifasini bajaradi.
Falsafa nuqtayi nazaridan masalaga javob izlasak, birinchidan, essening falsafaga kirib kelishiga fikrlarni maʼlum shaklga solish, chegarasiz xayolot mahsulini chegaralash va tinglovchiga fikrni tushunarli shaklda yetkazish kabi omillar sabab boʻlgan. Ikkinchidan, essening qatʼiy qoliplarga amal qilmasligi, rasmiyatchilikdan xoli, erkin ifoda uslubida ekani ushbu soha egalarining auditoriya bilan muloqotini oson va samarali qilibgina qolmay, boshqa janrlardan farqli shaxsiy fikr va tajriba bilan oʻrtoqlashish imkonini bergan. Uchinchidan, interaktivlik va dialogni yoʻlga qoʻyish, ijodiy tajribalarni sinab koʻrish, gʻoyalarni ommalashtirish, mavhum tushunchalarni muhokama qilishda essedan qulayroq, jozibadorroq vosita boʻlmagan. Shuningdek, tarixiy sharoit va inson tafakkurining oʻsib borishi falsafada oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Jumladan, Monten yashagan Uygʻonish davrida bilimga va oʻzini namoyon qilishga nisbatan yondashuvlarda inqilob yuz berib, oʻsha davr adabiyoti va falsafasida oʻz aksini topgan individuallik va inson tajribasiga qiziqish kuchaydi.
Falsafani esseistikaga aylantirishga boʻlgan urinishlar esa falsafaning mohiyatini tushunishdagi turli anʼanalar bilan bogʻliq. Birinchi (Arastuga xos) anʼanaga koʻra, falsafa isbotlar tizimi boʻlgani bois u fan hisoblanadi. Ikkinchi (Suqrotga xos) anʼanaga koʻra, falsafa insonning oʻzini anglash usuli, refleksiya jarayoni va uning natijasidir. Esseistika oʻzining asosiy xususiyatlari bilan ikkinchi anʼanaga koʻproq mos keladi. Shu bilan birga, klassik ilmiy ratsionallikda falsafa dunyoqarash sifatida tushuniladi, u metodologiyani shakllantiradi va metodologiya dunyoqarashga asoslanadi. Shu sababli, oʻz vaqtida, falsafaning paydo boʻlish davrida Aflotun epistemani doksadan, falsafani filodoksiyadan ajratishni taklif qildi. Noklassik ilmiy ratsionallikda esa, bilish subyektining obyektda mavjudligini nazarda tutgan holda, tadqiqotchi obyektni oʻziga qanday koʻrinishda boʻlsa, shunday oʻrganadi. Boshqacha aytganda, tadqiqotchi obyekt haqidagi bilimni emas, balki u haqidagi shaxsiy fikrini shakllantiradi. M.Epshteyn “Faylasuflar dunyoni yaratadilar” deganidek, esse – ijodiy tafakkurni shakllantirishning samarali vositasidir.
Tadqiqotchi Mixail Teslenko taʼkidlaganidek: “Esse bu – muallifning alohida shakli, shaxsning maʼnaviy tajribasi, hayotni anglash va his qilish yoʻli, uning soʻzda ifoda qilinishi. Shu sababli u avvalo falsafiy, keyin esa badiiy jarayondir”.
Essening yana bir xususiyati – shaxs maʼnaviy tajribasi ustidagi refleksiya. Jamiyat ongidagi antropologik burilish sharoitida esse shaxsni ifoda qilishning eng samarali shakli sifatida ommalashmoqda. Falsafa esseistikada oʻzining haqiqiy mavjudligini topadi. Shuning uchun esse ijtimoiy hayot hodisalari va jarayonlarini individning maʼnaviy tajribasi bilan bogʻlaydi, bu insonni ijodkor shaxsga aylantiradi.
Janr evolyutsiyasi uning tur va mazmun chegaralarining oʻzgaruvchanligini koʻrsatadi: esse ilk bor falsafiy fikr shakli sifatida yuzaga kelgan boʻlsa, XX asrning 10-yillarida psixoanaliz (Z.Freyd va K.Yung asarlari), fenomenologiya (E.Gusserl), ekzistensializm (J.P.Sartr, A.Kamyu, S.Kyerkegor, G.Marsel, M.Xaydegger, M.de Unamuno, K.Yaspers) kabi taʼlimotlarda esseistik unsurlar muhim oʻrin tutadi. Taʼlimotlar insonning ichki qadriyatlariga qaytishini aks ettiradi. Tomas Mann, Frans Kafka, Akutagava Ryunoske, Yasunari Kavabata, Kobo Abe, Jeyms Joys, Xorxe Luis Borxes asarlaridagi obrazlar ham esse unsurlari bilan boyitilgan.
Yangi davr va ekzistensializm gullab-yashnagan davrda yaratilgan esselar insonning ichki dunyosi hamda tashqi hayot oʻrtasidagi asosiy falsafiy ziddiyatni ochishga, uning oʻz “Men”ini izlash va topishga boʻlgan ehtiyojini aks ettiradi. S.Kyerkegor Yangi davr falsafasi oldiga qoʻygan vazifalar haqida gapirar ekan, inson hayoti va uning iztiroblariga razm solish kerakligini taʼkidlaydi. Bunday “hamdardlik”ning samimiyligi va refleksiv falsafiy tafakkur oqimi esse janrida yozilgan asarlarda, xususan, Jeyms Joysning “Uliss”, Frans Kafkaning “Jarayon”, Alber Kamyuning “Vabo”, Genrix Byollning “Masxaraboz koʻzida”, Herman Hessening “Choʻl boʻrisi” kabi asarlarida namoyon boʻladi. Shuningdek, Marsel Prust, Edgar Allan Po, Xorxe Luis Borxes, Andre Jid, Somerset Moem, Xulio Kortasar, Kurt Tuxolskiy, Gor Vidal, Milorad Pavich va Umberto Eko ijodida ham esse janri yetakchilik qiladi.
XXI asr essenavislari esa inson va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar, insonning dunyodagi oʻrni, hayot va oʻlim, yaxshilik va yomonlik, inson hayotining maʼnosi, maʼnaviy qadriyatlarning roli kabi abadiy falsafiy savollarni koʻtarmoqda. Ular esselarining katta qismini falsafiy refleksiya egallagan va bu refleksiya oʻz-oʻzini tahlil qilish, oʻzini anglash va oʻzini belgilash ehtiyojini aks ettiradi. Refleksiya (lotincha reflexio – ortga qaytish) – tafakkurni inʼikos qilish va oʻrganish, oʻziga eʼtibor qaratish demakdir.
Falsafiy refleksiyaga xos boʻlganidek, essenavis oʻz mulohazalarida muammolar mohiyatiga kirishga harakat qiladi, ammo barcha dalillarni keltirmay, subyektiv tanlov bilan cheklanadi. Janr jihatdan shaklan erkin boʻlib, unda xronologik yoki mavzuli izchillik, va yo argumentlar iyerarxiyasi mavjud emas. Bundan tashqari, esse shaxsiy nuqtayi nazarni erkin ifodalashga imkon beradi, va bu nuqtayi nazar oxirgi haqiqatga daʼvo qilmaydi.
Esse, shuningdek, didaktik metod sifatida oʻqituvchiga talabaning umumiy madaniy kompetensiyalari darajasini aniqlash imkonini beradi: shakl va uslub bilim va koʻnikmalar sifatiga taʼsir qiladi; nutq savodxonligi va yozuv uslubi madaniyatni ifoda etadi; materialni original shaklda taqdim etish kreativlikni koʻrsatadi; aniq tuzilgan bayon intellekt va mantiqni namoyon etadi; tanqidiy yondashuv esa “badiiy tafakkur indikatori” oʻlaroq maydonga chiqadi.
Dunyo va inson oʻrtasidagi oʻzaro aloqani tushunishda falsafa va ijtimoiy-gumanitar fanlarning barchasi umumiy maqsadni bajaradi, ular esseni janr sifatida birdek qoʻllaydi, esse falsafa yoki adabiyotni asl koʻrinishidan oʻquvchini chalgʻitmaydi. Shu maʼnoda, esselashuv jarayoni nafaqat gumanitar sohalar, balki ilm-fan, texnika, hayotning barcha jabhalariga kirib boradi. Uning insoniyatga foydasi – tafakkur va hisni uygʻunlashtirish, ilmning ijodga, ijodning ilmga qorishuvi, insonning fikrga ijodkorona yondashuvini taʼminlashdadir. Hayot – falsafa, inson – essedir.
Sevara ALIJONOVA,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti
tayanch doktoranti
Tarix
Adabiyot
Tarix
Til
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q