Shekspir adabiy dahomi yoki buyuk plagiatchi?


Saqlash
14:49 / 27.02.2025 1249 0

Yomon shoirlar o‘zlashtirishadi, yaxshi shoirlar esa o‘g‘irlashadi.

T.S.Eliot1

Tarixdagi eng buyuk adabiy daho aslida adabiyotdagi eng buyuk plagiatchi bo‘lishi mumkinmi? Adabiyot dunyosida hech qanday nom Uilyam Shekspirning nomi qadar hurmat bilan tilga olinmaydi. Uning asarlari insoniyatning eng nozik tuyg‘ularini, jamiyatning eng chuqur ziddiyatlarini aks ettiradi. Ammo asrlar davomida adabiy tanqidchilar va olimlar orasida ikki savol doim muhokama qilinmoqda:

 

1. Shekspir o‘zining mashhur asarlarini yaratishda boshqalarning ijodidan foydalanganmi?

 

2. Shekspir firibgar bo‘lganmi, ya’ni asl shaxsiyati boshqa kishi bo‘lganmi?

 

Bu savollarga javob qidirish bizni nafaqat adabiyot tarixiga, balki ijodiy g‘oyalar qanday paydo bo‘lishi haqidagi fundamental savollarga ham yetaklaydi.

 

Shekspir paradoksi: Qo‘lqopchining o‘g‘li qanday qilib adabiy mo‘jizalar yaratdi?

 

Uilyam Shekspir (1564–1616) jahon adabiyotida o‘zining 37 ta pyesasi, 154 ta soneti va boshqa she’riy asarlari bilan o‘chmas iz qoldirgan. Uning asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunga qadar teatr sahnalarida namoyish etilmoqda.

 

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Stratford-on-Avondan chiqqan bu siymoning otasi oddiy qo‘lqopchi bo‘lgan, rasmiy ta’lim esa ularga mumkin emasdi. Qanday qilib bunday kelib chiqishi yuqori sinfdan bo‘lmagan odam dunyoning eng buyuk adabiy asarlarini yarata olgan? Bu savol esa ko‘plab fitna nazariyalari paydo bo‘lishiga olib kelgan.

 

Shekspir asarlari va ularning manbalari

 

Shekspir o‘z davrining ko‘pgina adabiy asarlaridan, tarixiy manbalardan va xalq og‘zaki ijodidan foydalangan. Ayniqsa, Plutarxning “Parallel hayotlar” asari, Xolinshidning “Angliya, Shotlandiya va Irlandiya xronikalari” va Choserning “Kenterberiy hikoyalari” kabi manbalardan keng foydalangan. Bu manbalardan foydalanish o‘sha davr uchun oddiy hol bo‘lib, hatto ma’qullanadigan amaliyot edi.

 

 

Adabiyotshunos Stiven Grinblat o‘sha davr haqida shunday deydi: “O‘n oltinchi asr oxiri va o‘n yettinchi asr boshlarida adabiy ijod tushunchasi bugungi kundan butunlay farq qilardi. Dramaturglar va shoirlar uchun mavjud materiallardan foydalanish va ularni qayta ishlash odatiy amaliyot edi. Ular ko‘proq “o‘g‘irlab” emas, balki “o‘zlashtirish” va “qayta yaratish” bilan shug‘ullanardilar”.2

 

Professor Harold Blum esa, “Shekspir asarlarining ajralib turadigan jihati ularning syujetida emas, balki ularning badiiy qimmatida, tilning o‘ziga xos go‘zalligida va inson tajribalarini aks etishidadir”, deya fikr yuritgandi.3

 

Shekspirnning “o‘g‘irliklari”: “Hamlet” va Skandinaviyadagi eski dostonlar

 

“Hamlet” Shekspirning eng mashhur va chuqur falsafiy asarlaridan biridir. Ammo bu asar to‘liq uning tasavvur mahsuli emas. Tragediyaning asosiy syujeti Sakson Grammatikusning “Daniya tarixiy xronikalari” (taxminan 1200-yillar) kitobidagi “Amleth” haqidagi afsonaga asoslangan.4

 

Bu qadimgi rivoyatda ham otasining o‘limi uchun qasos olaman deya aqldan ozgan shahzoda haqida hikoya qilinadi. Ammo Shekspir bu oddiy qasos hikoyasini chuqur falsafiy asar darajasiga ko‘tardi. Asl manbadagi oddiy syujetga falsafiy muammolar, o‘lim va hayot ma’nosi haqidagi savollar va albatta, Hamletning mashhur “Bo‘lish yoki bo‘lmaslik” monologini qo‘shdi.

 

 

“Romeo va Julyeta” – originalmi?

 

“Romeo va Julyeta” sevgi haqidagi eng mashhur tragediyalardan biri hisoblanadi. Ammo bu asarning syujeti ham Shekspirning to‘liq o‘z g‘oyasi emas. Asar asosan Artur Brukning “Tragik tarix” (1562) va Uilyam Peynterning “Zavq saroyi” (1567) kitoblarida berilgan “Romeus va Juliet” hikoyasiga asoslangan.5 Bu hikoya o‘z navbatida italiyalik yozuvchi Matteo Bandeloning shu nomdagi qissasiga borib taqaladi.

 

Adabiyotshunos Robert Lomaxning ta’kidlashicha: “Shekspir syujetni ko‘chirgani yo‘q, balki uni qayta yaratadi. U obrazlarga yangi hayot berdi, munosabatlarni yanada chuqurlashtirdi va sevgi tushunchasiga yangicha ma’no kiritdi”.6 “Romeo va Julyeta” asari o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan sevgi qissasi hisoblangan bo‘lsa-da, Shekspir uni abadiy sevgi va tragediyaning timsoli darajasiga ko‘tardi.

 

Shekspirning boshqa asarlari ham turli manbalardan olingan. Masalan, “Otello” Jiovanni Jiraldining “Hekatommi” (1565) to‘plamidagi bir hikoyaga asoslangan.7 “Qirol Lir” esa Jofrey Monmoutning “Britaniya qirollari tarixi” va Edmond Spenserning “Peri qirolichasi” asarlaridan bir qancha elementlarni o‘z ichiga oladi.8

 

“Yozgi tunning orzusi” asari esa yunon mifologiyasi va ingliz xalq ertaklaridan ilhomlangan. “Mahbuslar bo‘roni” esa Mishel de Montenning “Tajribalar” asaridagi bir parchaga asoslangan bo‘lishi mumkin.9

 

Adabiyotshunos Emma Smitning so‘zlariga ko‘ra: “Shekspir adabiy materialni qayta ishlash bo‘yicha ustasi farang edi. U mavjud hikoyalarni olardi-da, ularni shunday qayta ishlar ediki, natijada yangi, noyob va abadiy asarlar yuzaga kelardi”.10

 

 

Shekspirning adabiy “o‘g‘irliklari” haqidagi bu tafsilotlar bizni yana bir muhim savolga yetaklaydi: bunday murakkab adabiy jarayonlarni, chuqur falsafiy g‘oyalarni va turli madaniyatlarga oid bilimlarni oddiy qo‘lqopchining farzandi qanday o‘zlashtira olgan? Stratford maktabida ta’lim olgan, universitetda o‘qimagan va yuqori tabaqali ziyolilar davrasiga kirmagan bir shaxs qanday qilib nafaqat mavjud hikoyalarni o‘zlashtirdi, balki ularni tarixdagi eng buyuk asarlar qatoriga qo‘shishga erishdi? Aynan mana shu savollar bizni Shekspir hodisasining yana bir jumboqli jihatiga – uning asl shaxsiyati masalasiga olib boradi.

 

Shekspir firibgar bo‘lganmi? – Bu savollar ko‘plab muhim faktlardan kelib chiqadi:

 

Shekspirning rasmiy ta’lim olganligi haqida ma’lumotlar juda cheklangan;

Shaxsiy qo‘lyozmalari saqlanib qolmagan;

Asarlarida huquq, tibbiyot, falsafa, astronomiya, dvoryanlar hayoti kabi sohalarda chuqur bilim namoyon bo‘ladi;

Vasiyatnomasi oddiy bir fuqarodan ko‘p ham farq qilmaydi – unda kitoblar yoki qo‘lyozmalar haqida hech narsa aytilmagan.

 

Adabiyotshunos Diana Prajs so‘zlariga ko‘ra: “Shekspir haqidagi ma’lumotlar shunchalik ozki, bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun turli nazariyalar paydo bo‘lishi tabiiy”.11

 

Eng mashhur nazariyalar

 

1. Oksford grafi nazariyasi: Eng mashhur nazariyalardan biri, XVII asrning Oksford grafi, Edvard de Ver (1550–1604) Shekspir asarlarining haqiqiy muallifi bo‘lgan degan g‘oyadir. De Ver Kembrij universitetida ta’lim olgan, Italiya va Fransiyani sayohat qilgan va bir necha tillarda so‘zlashgan. Bu faktlar uning Shekspir asarlaridagi chet ellar va saroy hayoti haqidagi bilimlarni tushuntirishi mumkin.12

 

 

2. Fransis Bekon nazariyasi: Boshqa bir mashhur nazariyaga ko‘ra, ingliz faylasufi Fransis Bekon (1561–1626) Shekspir asarlarining haqiqiy muallifi bo‘lgan. Bekon Kembrij va “Gray's Inn” huquq maktabida ta’lim olgan. Falsafa, aniq fanlar va adabiyot sohasida keng bilimga ega bo‘lgan. Ba’zi tadqiqotchilar Shekspir asarlarida Bekonning muallifligini ko‘rsatuvchi maxfiy ishoralar borligini ta’kidlashadi.13

 

 

3. Kristofer Marlo nazariyasi: Uchinchi mashhur nazariyaga ko‘ra, dramaturg Kristofer Marlo (15641593) o‘z o‘limini soxtalashtirgan va Shekspir nomi ostida asarlar yozishni davom ettirgan. Marlo va Shekspir tug‘ilgan yillar bir xil va Marlo Kembrij universiteti bitiruvchisi bo‘lgan. Bundan tashqari, Marloning o‘limi atrofida ba’zi shubhalar paydo bo‘lgan. Qiziqarli tarafi esa Marlo o‘limidan keyin Shekspir pyesalari paydo bo‘la boshlagan.14 

 

 

Xulosa: Plagiat va ilhomning farqi

 

Zamonaviy ko‘z bilan qaraganda, Shekspirning manbalardan foydalanishi plagiatdek bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo bu o‘sha davr adabiy normalarini tushunmaslikdan kelib chiqadi. Renessans davrida dramaturglar va shoirlar uchun mavjud hikoyalardan foydalanish odatiy hol edi. Asosiy etibor originallikka emas, balki materialni qanchalik mohirona qayta ishlashga qaratilgan.

 

Adabiyotshunos Harold Blumning “Ta’sirlanish xavfi” kitobida aytilganidek: “Har qanday buyuk asar o‘zidan oldingi asarlarni o‘qib chiqish va ularni noto‘g‘ri talqin qilishning mahsulidir”.15 Shekspir ham o‘z davrining eng mashhur hikoyalarini oldi va ularni o‘zining noyob ovozi, chuqur insoniy tushunchasi va badiiy mahorati bilan boyitdi. Shuning uchun ham, Shekspirning manbalardan foydalanishini plagiat deb emas, balki ilhom va ijodiy o‘zlashtirish deb baholash to‘g‘riroq bo‘ladi.

 

Adabiyotshunos James Shapiro shunday xulosa qiladi: “Shekspir haqidagi fitna nazariyalari ko‘pincha tarixga bugungi dunyoqarashimiz orqali baho berishimiz natijasida paydo bo‘ladi. Biz buyuk adibning oddiy sharoitlardan chiqqanligini tasavvur qilolmaymiz, chunki bu bizning daholar haqidagi tushunchamizga to‘g‘ri kelmaydi”.16

 

Balki, Shekspir fenomenining eng katta siri shundadir – u oddiy inson bo‘lgani holda, insoniyat uchun eng universal va abadiy asarlar yarata olganidir. Bu fenomen bizga dahoning tabiatini tushunishda muhim saboq beradi: chin daholar har qanday sharoitda, har qanday to‘siqlarni yengib o‘tib, o‘z asarlarini yarata oladilar.

 

Bularning hammasi bizga nimani tushuntiryapti: Hozirgi zamonda biz ko‘pincha originallikka va intellektual mulkka haddan tashqari e’tibor qaratamiz. Ammo Shekspir shuni ko‘rsatadiki, haqiqiy daholik butunlay yangi narsani o‘ylab topishda emas, balki eski g‘oyalarni mohirlik bilan o‘zgartirib, ularga yangi ma’no bera olishda. Ehtimol, biz “Shekspir boshqalarning hikoyalarini o‘g‘irlab olganmi?” deb emas, “Biz Shekspir kabi oddiy g‘oyalarni sehrli hikoyalarga aylantira olish qobiliyatini yo‘qotmadikmi?” deb so‘rashimiz kerakdir.

 

Samandar ERKINJONOV

 

Manbalar:

1.                 T.S.Eliot, “Philip Massinger”, in “The Sacred Wood, (London: Methuen & Co., 1920), p. 123

2.                 Stephen Greenblatt, “Will in the World: How Shakespeare Became Shakespeare”, (New York: W.W. Norton & Company, 2004), p. 223

3.                 Harold Bloom, “Shakespeare: The Invention of the Human”, (New York: Riverhead Books, 1998), p. 47

4.                 Saxo Grammaticus, “Gesta Danorum” or “The History of the Danes”, circa 1200, translated by Oliver Elton (London: D. Nutt, 1894)

5.                 Arthur Brooke, “The Tragical History of Romeus and Juliet”, (London: Richard Tottill, 1562); William Painter, “Palace of Pleasure”, (London: Henry Denham & Richard Tottill, 1567)

6.                 Robert Lomax, “Shakespeare's Development of Earlier Narratives”, (Cambridge: Cambridge University Press, 1996), p. 143

7.                 Giraldi Cinthio, “Gli HecatommithI”, (Venice: Girolamo Scotto, 1565)

8.                 Geoffrey of Monmouth, “Historia Regum Britanniae”, circa 1136; Edmund Spenser, “The Faerie Queene”, (London: William Ponsonbie, 1596)

9.                 Michel de Montaigne, “Les Essais”, translated by John Florio as “Essays”, (London: Valentine Sims, 1603)

10.            Emma Smith, “Shakespeare's First Folio: Four Centuries of an Iconic Book”, (Oxford: Oxford University Press, 2016)

11.            Diana Price, “Shakespeare's Unorthodox Biography”, (Westport: Greenwood Press, 2001), p. 312

12.            J.Thomas Looney, “Shakespeare Identified in Edward de Vere, the Seventeenth Earl of Oxford”, (London: C. Palmer, 1920)

13.            Delia Bacon, “The Philosophy of the Plays of Shakespeare Unfolded”, (London: Groombridge & Sons, 1857)

14.            Calvin Hoffman, “The Murder of the Man Who Was Shakespeare”, (New York: Julian Messner, 1955)

15.            Harold Bloom, “The Anxiety of Influence: A Theory of Poetry”, (New York: Oxford University Press, 1973)

16.            James Shapiro, “Contested Will: Who Wrote Shakespeare?”, (New York: Simon & Schuster, 2010)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:11 / 03.11.2025 0 24
“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar

Adabiyot

16:10 / 29.10.2025 0 187
Dostonlarimizda harbiy hayot qanday tasvirlangan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//