
Inson hayoti davomida millionlab ranglarga duch keladi. Ha, aslida ranglar biz oʻylagandek bir nechtagina tusda emas. Shunchaki hayotimizga tasavvurga sigʻmas darajada singib ketganidan ularni umumiy nomlar bilan atashga oʻrganib qolganmiz, xolos. Soʻz lugʻatimizda ham yetti-sakkizta atrofida rang nomlari bor. Shuning uchun doʻkonga kirganimizda istayotgan rangimizdagi buyumni oʻz tilimizda emas, oʻzga tillarda soʻrashga majbur boʻlamiz. His-tuygʻularimizni cheklangan ranglar orqaligina ifodalay olamiz, farzandlarimizga ham barmoq bilan sanarlik tuslar nomini oʻrgatamiz.
Yaponiyada oʻquvchi 24 ta rangni bilishi hamda ularni bir-biridan ajrata olishi kerakligi haqida maxsus talab borligi haqida oʻqigandim. Bu bolalarni qiynash uchun emas, balki ularning novatorlik qobiliyati shakllanishi uchun qabul qilingan muhim qaror boʻlgan. Shu kabi sabablarni oʻylab, tilimizdagi rang nomlariga oid kemtiklikni toʻldirishga harakat qildik. Buning uchun sof birlik sifatida ona tilimiz hamda qardosh xalqlardan oʻtib kelayotgan, xalqimiz tiliga singishga ulgurgan nomlardan foydalandik. Yangi ranglarimizning biz taklif qilayotgan roʻyxatini esa rangnoma deb atadik.
Rangnomaga kiritilgan koʻk, yashil, qizil, sariq, oq, qora va qoʻngʻir ranglar nomi sof turkiycha. Ajdodlarimiz koʻk va yashil ranglarini ayni bir maʼnoda qoʻllashgan. Ular Koʻk Tangri deganda samoga murojaat etishgan boʻlsa, koʻklam deb bahorning ilk kunlarida zaminni yashillik qoplashini aytishgan. Bu singari bir nomning ikki rang uchun qoʻllanilishi hamon uchraydi. Masalan, asli yashil rangdagi choy turini xalqimiz “koʻk choy” deydi.
Qizil va sariq ranglarida ham ayrim chalkashliklar bor. Mahmud Qoshgʻariy “Devon”ida orat soʻziga “toʻq qizil va sariq rang orasidagi ot turi” deb izoh beradi. Yana ol rangini qizil deb taʼriflab, undan olxoʻri, qaroli, shaftoli va zardoli singari meva turlarining nomi yasalganini aytib oʻtadi. Bugungi kunimizda esa ol rangi pushti va qirmizi orasidagi rangni ifodalaydi, adabiy asarlarda ham shu maʼnoda qoʻllaniladi. Boshqa bir oʻrinda esa Qoshgʻariy al soʻzini keltirib, u toʻq sariq rangni ifodalashini aytadi yaʼni olovrang(apelsin rang)ni. Rangnomani tuzishda apelsin rang yoki alrangdan koʻra, apelsin rangini ifodalovchi norinj va poʻrtaxol soʻzlari qoʻllanildi. Soddalashtirilgan rangnomada esa tilimizga yaqinroq boʻlgani uchun asli arabchadan oʻtgan, lekin ispancha talaffuzga ega norinj emas, poʻrtaxol soʻzi tanlandi.
Yana qadimda qizil tuproqqa nisbatan ashu lafzi ishlatilgan. Lekin bugunga kelib bu soʻz tilimizda ancha eskirgani uchun undan foydalanilmadi. Amshuy soʻzi ham shu kabi sariq rangni ifodalagan, bu soʻz oʻrniga esa tilimizda mavjud boʻlgan oltin, zarhal, novvot, safro, zaʼfaron, sabzi, poʻrtaxol, shamsiy, zargʻaldoq, lolaroʻy soʻzlari orqali sariq rangning oʻnta turini nomladik. Shu bilan birga nomlarni tanlashda ranglarning maxsus kodlari bilan aloqadorligiga ham eʼtibor qaratdik.
Masalan, kulrangning olti turi boʻlgan koʻlanka, simobi, kumush, qoʻrgʻoshin va gʻuboriy ranglar aynan tuskodlari bilan mutanosib. Koʻk rangning oʻndan ortiq turi esa turli manbalardan olindi: sengur “Alpomish” dostonidan, nilgun, nilobi va niliy ranglar ilk mumtoz davr adabiyot namunalaridan, lojuvard, firuza va moviy ranglar esa Navoiy asarlarida qoʻllagan nomlardan tanlandi. Shuningdek, qimmatbaho toshlar hisoblanmish zumrad, nefrit va zabarjad yashil rangning turli xil tuslarini ifodalash, yoqut esa qizil rangning muqobili uchun ishlatildi.
Binafsha rangining asosiy turlarini tanlashda gul nomlaridan foydalanildi: gulxayri (Goʻroʻgʻlining tugʻilishi dostonida kelgan), hamda safsar (lavanda). Siyoh rang borasida esa kichik chalkashlik mavjud. Qardosh turk xalqi bu rangni qora rang maʼnosida ishlatishadi. Biroq, bizda bu toʻq binafsha rangni ifodalaydi. Bunga sabab ikki xalq qoʻllagan siyohlar turi va siyoh olingan oʻsimliklarning ayri-ayri ekanidir. Qizil rang turlari boʻlgan alvon va qonolud soʻzlari ham bir necha bor xalq ogʻzaki ijodimizda qoʻllanilgan. Dastavval, arab tilidan kirib kelgan alvon soʻzi ranglar maʼnosini anglatgan boʻlsa ham, keyinchalik yorqin qizil ranglar uchun ishlatila boshlangan.
Rangnoma
Tilimiz imkoniyatlaridan kelib chiqib tuskodga ega boʻlgan oltmishga yaqin ranglardan iborat “rangnoma” shu tarzda tuzildi. Shuningdek, kelgusida kengaytirilgan rangnomaga quyosh ranglarining boshqa turlari – siroj va mehr, shuningdek, pistoqi, olcharang, sopol, mosh, nos, qahrabo, boʻz kabilarni kiritish rejalashtirilgan. Bu ish oʻzbek tilining rang nomlariga oid boʻshliqni biroz boʻlsa ham toʻldirishiga umid qilamiz.
Nurali QAHRAMON
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q