Avloniy asarlarida xalq og‘zaki ijodidan qanday foydalangan?


Saqlash
17:25 / 24.02.2025 258 0

O‘zbek ma’rifatparvarlik harakatining peshqadam vakillaridan biri Abdulla Avloniy 1878-yilning 12-iyulida Toshkentda mayda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Yetti yoshidan savodini chiqargan. O‘qchi va Shayxontohurdagi madrasalarda tahsil olgan. U 1904-yili Toshkentning Mirobod mahallasida jadid maktabini, 1909-yili “Jamiyati xayriya” uyushmasini tashkil etgan.

 

 

1905–1917-yillari matbuotda faoliyat ko‘rsatgan va ko‘plab maqolalari bilan ishtirok etgan. U birinchilardan bo‘lib Turkiston maktablarida geografiya, kimyo, handasa, fizika fanlari kiritilishiga ta’sir ko‘rsatgan. Ta’limni real turmush bilan bog‘lashga intilgan, bir dars bilan boshqasi o‘rtasida muayyan tanaffusni, bir sinfdan ikkinchisiga o‘tishdagi imtihonni joriy etib, ta’lim tizimining dunyoviy yo‘nalishini kuchaytirishga alohida e’tibor bergan.

 

Ma’lumki, bola tarbiyasi ko‘zda tutilgan qator ibratli hikoyatlardan iborat majmualarga egamiz. Bolalari tarbiyasi har tomonlama mukammal bo‘lishini istagan xalq boshqa millat asarlaridan ham foydalangan. Bu jihatdan hindlarning “Kalila va Dimna”si shuhrati ancha yuqori bo‘lganini e’tirof etmoq o‘rinlidir.

 

Axloq, odob haqidagi rivoyat va hikoyatlar o‘zbek ma’rifatparvarlari diqqatini tortgan, ulardan darsliklar yaratishda unumli foydalanganlar. Og‘zaki ijod namunalari bilan birga mumtoz adabiyot namoyondalari asarlarida tasvirlangan hikoyat, rivoyat, masallardan, jumladan, Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, “Navoiyning “Hayrat ul-abror”, Sa’diyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Poshshoxo‘janing “Gulzor” asarlaridan o‘rin olgan hikoyalarni XX asr boshlarida yaratilgan turli darsliklarda uchratish mumkin.

 

Xalqni ma’rifatli qilish orzusida sa’y-harakatlar qilgan ziyolilar safida shubhasiz, Abdulla Avloniyning ham alohida o‘rni bor. U o‘z tarjimai holida quyidagilarni bayon qiladi: “1900-yilda uylandim, otam o‘ldi, oila boshlig‘i bo‘lib qoldim. Shu paytlardan boshlab matbuot bilan tanisha bordim. Turli gazeta va jurnallar o‘qishga tushundim. 1904-yilda jadidlar to‘dasiga kirdim. Mirobodda “usuli jadid” maktabi ochib o‘qituvchilik qila boshladim”.

 

 

Uning Mirobodda ochgan “usuli savtiya” deb ta’riflangan maktabida o‘qitish bepul bo‘lishidan tashqari savod tez chiqarilgan. Yangi maktab haqidagi bunday iliq gaplar tarqalgach, eshitganlar kambag‘albop maktab ochilganidan xursand bo‘lib birin-ketin oqib kela boshlagan. Bu esa eski usuldagi maktabdorlar g‘azabini kuchaytirgan. Avloniy kamsitilgan, tahqirlangan, ta’qib ostiga olingan. Lekin fitnalar uning qalbidagi ma’rifatni so‘ndira olmagan, aksincha alangalantgan.

 

U yangi usuldagi maktablar uchun darslik yozgan muallif sifatida ham bir talay xayrli ishlarni amalga oshirgan. Avloniy bu boradagi ishlarini ro‘yobga chiqarishda Furqat va Sattorxon boshlab bergan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrasul Aziziy va Shakuriy tomonidan yangicha shakllarda davom ettirilgan jadidchilik oqimi tarafdorlarining maktab va maorif sohasidagi tajribalariga tayangan. Ular yaratgan darslik va qo‘llanmalarning ijobiy tomonlarini o‘rgangan. Ayniqsa, Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval”i unga ilhom bergan. Natijada uning ilk darsligi – “Birinchi muallim” dunyoga kelgan. Bu kitob o‘z davrida katta shuhrat qozongan. 1917-yilgacha to‘rt marta nashr etilib, bir qator yangi usuldagi maktablarda savod chiqaruvchi darslik sifatida keng qo‘llanilgan.

 

Avloniy darsligida bola harflar, ularning yozilish qoidalari bilan tanishtirilgach, sodda va ixcham qilib tuzilgan matnlarga o‘tilgan. Darslikdan o‘rin olgan matnlar har jihatdan bolalarbop qilib tuzilgan. Bolaning talaffuz qilish qobiliyati, hofizasi e’tiborga olingan bo‘lib, ularning axloqiy-ta’limiy tomonlari ham yoddan chiqmagan. Darslikdagi ko‘p matnlarda muallif savodli bo‘lishning ahamiyati haqidagi fikrlarga urg‘u bergan. Ularda millatparvarlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari bolqib turadiki, bu tomonlari milliy istiqlol armoni bilan yashagan jadid ma’rifatparvarlar dunyoqarashiga mos kelgan.

 

Muallif “Maktab” degan matnda maktabning fazilatlari haqida gapirib, shunday she’riy satrlarni keltirgan:

 

“Taraddud birla maktab o‘qing, o‘g‘lonlar, o‘g‘lonlar,

Bo‘lursiz bir kuni olamda zo‘r insonlar, o‘g‘lonlar”.

 

U o‘z vatandoshlarining kelajakda zo‘r insonlar bo‘lishini ich-ichidan xohlagan va bu yo‘lda tinimsiz mehnat qilgan. U jamiyatni ma’naviy poklaydigan qudrat – ma’rifat ekanini ta’kidlar ekan, unga kuch beradigan narsa zamon talablaridan kelib chiqib yozilgan darslik bo‘lajagini tushungan va bu yo‘lda o‘z iste’dodini baxsh etgan.

 

“Birinchi muallim” darsligiga kiritilgan ibratli hikoyalarda Sharq va G‘arb xalqlarining bola tarbiyasiga bag‘ishlangan maqolatlari ruhi yaqqol sezilib turgan. Undagi hikoyalarni taxminan uchga bo‘lish mumkin:

 

1.                 Abdulla Avloniy qalamiga mansub badiiy matnlar;

2.                 Sharq xalqlari og‘zaki va yozma adabiyotidan olingan hikoyalar;

3.                 Rus adabiyoti vakillari, jumladan, L.Tolstoy, I.Krilov qalamiga mansub asarlar.

 

Ikkinchi va uchinchi guruhga mansub matnlarning ayrimlari qayta ishlanib darslikka kiritilgan. Shu o‘rinda Avloniyning til bilishning afzalligi haqidagi qarashlarini eslash va bu borada o‘zi ibratli ishlar qilganini ta’kidlash joizdir.

 

Abdulla Avloniy jamiyatdagi odamlarni ikki toifaga – yaxshilar va yomonlarga ajratgan. Bu sifatlarga ta’rif berib, bolalarni yaxshi xulqli, odobli bo‘lishga chaqirgan. Ayniqsa, “Zar qadrini zargar bilur”, “To‘g‘rilik”, “Baxtli bola va baxtsiz bola” kabi matnlarni ahloqiy-ta’limiy hikoyalar deyish mumkin. Bu asarlarda dastlab nasriy yo‘l bilan hikoya bayon qilingan, so‘ng qissadan hissa chiqarilgan. Ko‘pincha voqea ustidan chiqarilgan xulosalar she’riy yo‘l bilan yozilgan. Boshqacha aytganda, Avloniy bu borada ko‘proq Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston” asarlaridan o‘rnak olgan. Bu, albatta, asarning badiiy hamda ta’limiy qimmatini yanada kuchaytirgan.

 

Kitobdan o‘rin olgan ayrim hikoyalar sodda tuzilgani ham e’tiborga loyiq. Muallif oddiydan murakkabga o‘tish qoidalariga amal qilib, avval savodli bo‘lishning foydasi va savodsizlikning zarari haqidagi oddiy, sodda voqealar asosidagi matnlarni, undan keyin esa shu haqdagi murakkabroq, bolani o‘ylashga majbur qiladigan hikoyalarni bergan. Oddiy voqealar asosiga qurilgan matnlardan biri “Baxtli bola va baxtsiz bola” bo‘lib, unda o‘qigan bola – baxtli, o‘qimagan bola – baxtsiz, degan fikrlar lo‘nda qilib berilgan.

 

1912-yili Abdulla Avloniyning “Ikkinchi muallim” deb nomlangan darsligi bosilgan. Bu kitob “Birinchi muallim”ning mantiqiy davomi bo‘lib, undagi matnlar o‘zining badiiyligi, hayotiyligi, tilining puxta, ravonligi, sodda va shiradorligi bilan ajralib turadi. Unda ham ta’lim va tarbiya masalalari yetakchilik qiladi. Muallif xalq og‘zaki ijodi namunalaridan ustalik bilan foydalangan.

 

Bu kitob ham xuddi birinchi kitob kabi yangi usuldagi maktab madhiga bag‘ishlangan she’rlar bilan boshlangan:

 

“Maktab siz(n)i inson qilur,

Maktab hayot ehson qilur,

Maktab g‘am(n)i vayron qilur,

G‘ayrat qilub o‘qing, o‘g‘lon”.

 

“Ikkinchi muallim”ga kiritilgan hikoya va masallarda ma’rifatparvarlikning g‘oyaviy-estetik qarashlari o‘z ifodasini topgan.

 

To‘plamdan o‘rin olgan hikoyalarda Avloniy o‘z qarashlariga sodiq qolib, insonga xos yaxshi fazilatlarni ulug‘lagan, yomon odatlar ustidan achchiq kulgan. Yomon odatlardan qutulishning birdan bir yo‘li ilm olish, ma’rifatli bo‘lishdir, deb aytgan. “Ilmsizlik balosi” asari bu jihatdan ancha ibratlidir.

 

Avloniyning 1913-yili yozilgan “Maktab gulistoni” kitobi avvalgi darsliklarning mantiqiy davomi bo‘lib, asosan yuqori sinf o‘quvchilariga mo‘ljallab yozilgan. Kitobdan o‘rin olgan asarlarning ko‘p qismini I.Krilovning tarjima qilingan asarlari tashkil qiladi. Rus masalchisining asarlari avvalgi har ikkala darslikdan ham o‘rin olgan edi. Ularning ko‘pchiligi qayta ishlanib ixchamlashtirilgan, ko‘plarining nasriy bayoni berilgan. Uchinchi kitobda esa haqiqiy tarjimalar o‘rin olgan bo‘lib, ular Avloniyning yetuk tarjimon sifatidagi faoliyatini namoyon etuvchi namunalar sifatida ham qimmatlidir. “G‘ayrijinsiy ittifoq”, “Tulki ila serka”, “Maymun bilan ko‘zoynak” masallari o‘sha davr saviyasida mahorat bilan tarjima qilingan.

 

Muallifning darslik sifatida 1913-yili yaratilgan asarlari ichida, shubhasiz, “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobi alohida ahamiyatga ega. Bu kitob ham “Maktab gulistoni” kabi asosan yuqori bosqich o‘quvchilariga mo‘ljallab yozilgan bo‘lib, odobnoma ruhidagi asardir. Axloq, xulq majmuasi bo‘lgan bu kitob 61 bobdan iborat, unda insondagi bir qator fazilatlar va qusurlar sharhlab berilgan. Bu kitobda ham muallif dastavval insonni ikki toifaga bo‘lib, ular yaxshi xulqli hamda yomon xulqlilardir. Ularning yaxshi fazilatli bo‘lishlariga sabab – ilm-u urfon o‘rganganliklari, yomon xulqli kishilar bo‘lib qolishlariga sabab – johillik botqog‘iga botganliklari deya uqtirgan.

 

Kitob “Axloq” degan bob bilan boshlangan bo‘lib, ushbu bobda muallif axloqiy bilimga “insonlarning yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilmdir” deb ta’rif bergan. Axloqning bir ko‘zgu ekani, har bir inson unga yuzlanib, o‘zining kim ekanini his qilishi haqida fikrlar bayon qilingan va “O‘z aybini bilur, iqror qilub, tuzatmakka sa’y va qo‘shni qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur...”, degan qat’iy xulosa bilan yakunlangan.

 

“Xulq” bobida inson jasad va nafsdan murakkab bo‘lganligini aytish bilan jasad suratining ko‘zga tashlanib turishini (tashqi ko‘rinish), nafs surati ko‘zga ko‘rinmasligi (ichki olam)ni ta’kidlagan.

 

Bundan keyingi boblar tarbiya bilan bog‘liq bo‘lib, “Tarbiyaning zamoni”, “Badan tarbiyasi”, “Fikr tarbiyasi”, “Axloq tarbiyasi” boblariga bo‘lingan. Bularning o‘xshash va farqli tomonlari haqida batafsil fikr-mulohazalar bildirilgan.

 

Jadidchilik oqimining faol vakili sifatida Avloniy ham vatan, millat, til haqidagi fikrlarga alohida urg‘u bergan. Bu bilan yerlik xalq vakillarining ko‘zini ochish zarurligi ta’kidlangan. U Vatan tushunchasining noyob va ezguligini isbotlash maqsadida, “...vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor”, degan fikrni keltirgan. Demak, inson o‘zining aql-idroki, muhabbati bilan jonzotlarning eng oliysi ekan, unda Vatanga muhabbat tuyg‘ulari ham ana shunday yuksak bo‘lmog‘i lozim.

 

“Hifzi lison” bobida har bir millat vakilining o‘z ona tilini bilishi ham farz-u qarz ekanini uqtirish bilan birga, til millatni dunyoga ko‘z-ko‘z qiladigan oynaligini dalillagan. Avloniy “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir”, degan aqidani qat’iy turib himoya qilgan va o‘z xalqini tilni qadrlash hamda e’zozlash ruhida tarbiyalashni bosh maqsad qilib olgan. U o‘z ona tiliga xitoban:

 

“Menga ilm-u adab sen o‘rgatding,

Chin adib, muallimim, shonim.

Millatning ruhini ko‘targuvchi sen,

Eng muqaddas karamli sultonim”,

 

deydi. Bu tilning qadri-qimmatini, jozibasini saqlamoq har bir kishining burchi ekanligini alohida ta’kidlash bilan “...og‘iz orasidagi tilni ham saqlamoq” lozimligini unutmagan. “Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o‘lchab ko‘rsatadurgon tarozisidir”.

 

Abdulla Avloniy “go‘zallik yuzda emas, tilda”, degan dono fikrlarni rivojlantira borib, quyidagi didaktik xulosaga kelgan:

 

“Ko‘paygan so‘zning bo‘lg‘ay to‘g‘risi oz,

Shakarning ko‘pidan ozi bulur soz”.

 

Muallif jahlning yaramas asoratlari haqida atroflicha gapirib, odamzotni undan olis bo‘lishga chaqirgan. U xalqning madaniy jihatdan orqada qolib ketishiga sabab jaholat illatlaridan tamoman qutila olmaganida deb bilgan. U o‘z xalqining mana shunday kunlarga tushib qolganidan achingan, undan xalos bo‘lish yo‘llarini qidirgan. Uning birdan bir armoni o‘z xalqini ma’rifatli ko‘rish ekanini, bu yo‘lda to‘g‘anoq bo‘luvchi kuchlarga esa beshafqat bo‘lib, ularni tag-tomirlari bilan quritish kerakligini oshkora aytgan.

 

Umuman olganda, Abdulla Avloniy o‘zining har bir asarida, darslik va maqolalarida xalq og‘zaki ijodi namunalaridan ustalik bilan foydalangan. Bu orqali axloq va odob masalalariga o‘z davri nuqtai nazaridan yondashib, o‘z zamondoshlarini, yoshlarni ilmli, elparvar va vatanparvar, komil inson maqomida ko‘rishni istagan. Undagi ushbu istak harakatsiz orzu bo‘lib qolmagan. U o‘zi ochgan maktablarda ta’lim olayotgan bolalarni ana shu dunyoqarash ruhida tarbiyalagan. Uning maktab, maorif, o‘qitish sohasidagi sa’y-harakatlari bekorga ketmadi. Keyingi avlod uchun katta ibrat vazifasini o‘tadi.

 

Mashhuraxon DARMONOVA,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Abdulla Avloniy. Toshkent tongi. Toshkent: G‘ofur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1979.

2. Abdulla Avloniy (Tanlangan asarlar 2 jildlik) 1-jild. / tuzuvchi: Begali Qosimov/ Toshkent: Ma’naviyat, 1998.

3. Abdulla Avloniy (Tanlangan asarlar 2 jildlik) 2-jild. / tuzuvchi: Begali Qosimov/ Toshkent: Ma’naviyat, 2009.

4. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq (Matn). Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2018.

5. Begali Qosimov. Abdulla Avloniy (18781934). (https://ziyouz.uz/ilm-va-fan/tarix/manaviyat-yulduzlari/abdulla-avloniy-1878-1934/).

6. B.Qosimov, U.Dolimov. Ma’rifat darg‘alari. Toshkent: O‘qituvchi, 1990.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 26127
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//