Avvalgi va hozirgi o‘zbek to‘ylari – yaponiyalik jadidshunos tahlili


Saqlash
18:22 / 21.02.2025 30 0

O‘zbek jadidlari hayoti va ijodini o‘rgangan xorijlik olimning tarixiy voqelikka, kundalik turmushdagi urf-odatimizga chetdan qarashi, tabiiyki, bizning mushtariylar uchun ham qiziq. Tahririyatimizda mehmon bo‘lgan yaponiyalik jadidshunos Hisao Kumatsuning biz bilan suhbatda bildirgan fikrlari ko‘pchiligimizga xush kelgandi. O‘shanda Hisao Kumatsu janoblari “Jadid” gazetasida o‘z maqolalari bilan qatnashib turish haqidagi taklifimizni ham bajonidil qabul qildi. “Va’daga vafo – mardning ishi”, deydilar. Mana, olimning ilk maqolasi qo‘limizga kelib yetdi. Bugungi sonda uning o‘zbek to‘ylari borasidagi muhim ijtimoiy-qiyosiy mulohazalarini muhtaram gazetxonlar e’tiboriga havola qilamiz.

Tahririyat

 

O‘rta Osiyo markazida joylashgan O‘zbekiston va uning atrofidagi uzoq o‘tmishga ega xalqlar yashagan hududlarda “to‘y” atalmish marosim necha asrlarki dabdabali o‘tkazilib kelinadi. Bu nikoh va sunnat to‘ylari omma nazarida juda muhim milliy marosimlardan biri sanaladi. Nikoh va sunnat to‘ylari har doim bazm orqali ommaga oshkor etiladi. Bunday to‘y marosimlari jamoat bilan nishonlanadigan juda muhim qadriyatdir...

 

O‘zbekistonda to‘yga taklif etilgan biz kabi chet ellik mehmonlarni doim o‘zbekona hashamat hayron qoldirgan. Biroq oxirgi paytlarda bunday dabdabalarga nisbatan tanqidiy qarashlar kuchayib boryapti.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Hidoyat” nashri ham to‘y masalasida o‘z xavotirlarini keskin tarzda bayon qilmoqda. To‘ylar atrofidagi bahslar Turkiston zaminida yangilik emas. Tarixga nazar tashlasak, chor Rossiyasi zamonida musulmon ziyolilari ham bu muammo bilan shug‘ullanganiga guvoh bo‘lamiz. Shu e’tibordan yuz yil oldingi bahslarga yuzlanish o‘rinli deb o‘ylayman.

 

To‘y – ijtimoiy masala

 

1867-yili Yaponiyada Meiji inqilobi boshlangan paytda chor Rossiyasi Toshkentda Turkiston general hokimligini ta’sis etib, mustamlakachilikning rasmiy asoslarini yaratishga kirishgan edi. Turkistonning Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilishi uning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalarida katta o‘zgarishlarni paydo qildi. Ayni paytda zamonaviy madaniyatga og‘ish jarayoni aholida yangi talab va ehtiyojlar eshigini ochdi. Ana shu murakkab vaziyatda, ya’ni XX asr arafasida Turkistonning musulmon ziyolilari orasida jadidlik harakati yuzaga keldi. Ular eng avval usuli jadid (yangi usul) maktablarini tashkil etish bilan band bo‘lganlari sababli umumiy ma’noda jadid deb nom qozonishdi. Mashhur islohotchi Ismoilbek Gʻasprali (1851–1914) taklifidan harakatlangan jadidlar ta’lim masalasining qanchalik muhim ekanini teran anglashgan. Misol tariqasida keltirish mumkinki, jadidlik harakati yo‘lboshchilaridan biri Munavvar qori shunday yozadi: “O‘zimizdan keyin keladigan avlodga foydali yo‘llar ochib, ularning boshqa xalqlarga qul va qaram bo‘lishlaridan xalos etaylik. Yevropalilar bizning bu g‘aflat va jaholatimizdan foydalanib qolib qo‘limizdan hukumatimizni olganlari singari san’at va tijoratimizni ham sekin-asta o‘zlashtiradilar. O‘zimiz, millatimiz va kelajak avlodimizni himoya qilish uchun darhol o‘z ahvolimizni o‘nglash uchun sa’y va g‘ayrat qilmasak, kelajagimiz nihoyatda qiyin bo‘ladi. Ahvolimizning islohi esa hozirgi zamonga muvofiq ilm va funun tahsiliga kirishmoq ila vujudga keladi. Zamonaviy ilm-fandan xabardor bo‘lish esa maktab va madrasalarimizning va usuli ta’lim va tadrislarimizning islohiga suyanishdir” (“Xurshid”, 1906, №4:1).

 

Ta’limni isloh etishga bel bog‘lagan jadidlar tabiiy ravishda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ham qo‘lga olishni boshlaydilar. Ayni shu holatda to‘y masalasi ular uchun juda muhim va ko‘zdan qochirib bo‘lmaydigan mavzu sanalgan. 1914-yil oxirlarida, ayni Birinchi jahon urushi bo‘layotgan bir mahalda Samarqand jadidlaridan Hoji Muin va Nusratulla Qudratulla “To‘y” nomli bir dramani sahnalashtirib, muvaffaqiyat qozonishdi. Dramaning qisqacha mazmuni bunday: juda boy bir odam o‘g‘lining sunnat to‘yi uchun haddan tashqari ko‘p pul sarflab, oxir-oqibat xonavayron bo‘ladi. Birinchi pardada ikki guruh qahramonlar sahnaga chiqadi. Mahalla oqsoqoli boshchiligidagi bir guruh odamlar dabdabali to‘y qilmasa xalq oldida obro‘si tushishini, Buxorodagi katta qozi ham bunga qarshi emasligini uqtiradi. Domulla boshchiligidagi ikkinchi guruhdagilar esa ichkilik va o‘yin-kulgi aralash to‘y shariatga ko‘ra harom sanalishini, to‘y uchun xarjlanishi maqsad qilingan pul maktablar va moddiyan muhtoj talabalarga sarflanishi to‘g‘riligini aytishadi. Ikkinchi guruhdan bo‘lgan 80 yashar Hoji bobo Haj safarida Istanbulda Usmonli valiahdining sunnat to‘yiga shohid bo‘lganini hikoya qiladi: “U marosimda na katta ziyofat, na ko‘pkari tashkil etildi, faqatgina bir piyola choy berildi”, deydi. Bu fikrga qo‘shilgan bir bankir shunday gaplarni aytadi:

 

“Bir sunnatni o‘tkazish uchun o‘n besh ming so‘m xarajat qilib to‘y bermoqlik lozim emas. Ya’ni, kishi xatna uchun to‘y bermagan ila gunohkor bo‘lmaydur. To‘y va azalarda pul isrof qilmoq odati faqat bizning Turkistonda rasm bo‘lib qolibdur. Boshqa mamlakat musulmonlari munday ahmoqlikni aslo qilmaydilar. Shuning uchun alar kundan kun boy bo‘lib, bizlar esa bu isrofkorlik sababidan mulk va molimizdan ayrilib, gadoy holig‘a tushmakdamiz. Boy bobo! “Do‘st achitib aytadur, dushman kuldurub”, derlar. Men sizga xolis do‘st bo‘lganim uchun aytarmanki, qancha mashaqqatlar ko‘rib topgan oqchangizni behuda yerg‘a isrof qilmang. Oxiri pushaymon bo‘lursiz. Shu o‘n besh ming oqchadan besh ming so‘mini sarf qilib, o‘g‘illaringizni o‘qitsangiz. Ham o‘g‘illaringiz odam bo‘ladur va ham qolgan o‘n ming so‘mi kissangizda qolur”.

 

Biroq boy ularni tinglamasdan, qarz-havola badaliga dang‘illama to‘y qilib, oqibatda kafangado bo‘ladi. Oxirgi pardada takror sahnaga chiqqan bankir shunday deydi: “Oh! Voy! Biz, Turkiston musulmonlari, bu nodonlik balosidan qachon qutular ekanmiz? Bizlarni ilmsizlik sharobxo‘r qildi, juvonboz qildi, ahmoq va isrofkor qildi. Mana, oxiri beobro‘ va xonavayron qildi. Boshqa millatlar topgan pullarini ilm va maorif, din va millat yo‘liga sarf qilub, kundan kun taraqqiy topsalar, bizlar jaholat va nodonligimiz sababli topgan molimizni, hatto bog‘ va hovlimizni sotub, to‘y va aza, bazm va ko‘pkari yo‘lig‘a xarojat qilub, o‘zgalarning bir parcha noniga muhtoj va xor-zor bo‘lmakdamiz. Agar biz, musulmonlar, ushbu fursatlarni g‘animat bilub, to‘y va azada urf va rasm bo‘lgan isroflarga barham bermasak, ozgina vaqtda hozirgi mulk-molimizdan ham ayrilub, o‘zimiz darbadar bo‘lurmiz. Alloh taolo jumla musulmon birodarlarimizga ibrat ko‘zi bersun”.

 

Bu drama haqiqatdan yiroq emas edi. 1911-yilda paxta yetishtirishning markazi bo‘lgan Andijonda dong taratgan Mirkomilboy o‘zining boyligini ko‘z-ko‘z qilish uchun yigirma besh kun to‘y qilib, pul sochgani el og‘zida doston bo‘lgan. Sarflangan pul miqdori yigirma besh ming so‘m deb taxmin qilinadi. Jadidlarning shuncha ogohlantirishlariga qaramay, dabdabali to‘ylar ham, xurofiy azalar ham barham topmagani g‘oyat achinarli holdir.

 

Dabdaba shariatga to‘g‘ri keladimi?

 

Yuqorida biz mulohaza yuritgan masalada o‘ziga xos bir mavzu mujassam edi, u ham bo‘lsa “To‘y shariatga to‘g‘ri keladimi?” degan savol. Bunga jadidlar asosan rad javobini berar edi. Quyidagi misol ham fikrimizni isbotlaydi: 1914-yil aprelida toshkentlik jadidlar nashr etgan “Sadoyi Turkiston” gazetasida “To‘y xususida savol” sarlavhali maqola bosiladi. Rahmatulloh Ahmad o‘g‘li bu maqolada o‘zining boshidan o‘tganlarini yozadi: “Men avvalroq Toshkentda yaxshi tanilgan savdogarlardan bo‘lib, doim 300-400 ming so‘m miqdoridagi pul va mollarga egalik qilar edim. Biroq vaqt o‘tishi bilan mendan yoshroq savdogarlar va ziyoli chet elliklar ila bo‘lgan ish raqobati oqibatida o‘z mavqeyimni yo‘qotdim. Ayni paytda uzoq yillar davomida yig‘gan pulimni bolalarim to‘ylariga sarf qilib bo‘ldim, ammo yana olti farzandimni to‘yi kutib turibdi. Shu sababli yaqin orada rejalashtirayotgan sunnat to‘yimizni sodda qilib o‘tkazishni imom bilan gaplashdik. Biroq imom shunday dedi:

 

“Sen odatlarimizni yo‘q qilmoqchimisan?”

“Hazratim! Qo‘limda biror nima yo‘q, pulni qaydan olay?”

 

Bu ishga bosh bo‘lgan ellikboshi masalani domladan so‘raganida u shunday dedi: “Agar qo‘lingda puling bo‘lmasa, uch-to‘rt joyda yering bor ekan. Ulardan birortasini sotib, topgan puling evaziga olim va fozillar duolaridan bahramand bo‘la olasan. Bir to‘p beva-bechoralar ham bundan bahramand bo‘lishadi. Agar bu ehsonni qilmasdan o‘zing bilganingcha ish ko‘rguday bo‘lsang, savobdan yuz o‘girgan va hatto gunohkor bo‘lasan. Bundan tashqari, xalq oldida obro‘sizlanasan va bu yerlardan bosh olib ketishingga to‘g‘ri keladi”.

 

Bu so‘zlarga javob bermasdan domlaning oldidan chiqishim bilan o‘y surib bozor tomonga ketdim. Ammo u yerda sotib olgan gazetdagi bir jumla e’tiborimni jalb qildi. “Tuprog‘imiz oltindir” nomli bir maqolada shunday yoziladi: “Yer sotib, to‘y berishni va janoza tashkil etishni shariatimiz buyurib turgani yo‘q”. Qiziq, domlaning so‘zi to‘g‘rimi yoki bu maqoladagi so‘zlar? Bu borada “Sadoyi Turkiston” muharriridan javob kutyapman”. (Rahmatulla Ahmad o‘g‘li 1914:№2: 3-4).

 

Hikoyaga o‘xshab ketadigan bu maqoladan ikki hafta o‘tib, “Sadoyi Turkiston”da javob bosilib chiqadi. Muharrir yozishicha, Toshkent ulamolaridan javob kelmagan, ammo Qo‘qon, Samarqand va Buxoro mufti va ulamolaridan qator javoblar olingan. Masalan, qo‘qonlik mudarrislardan biri shunday javob yozgan: “Katta madrasa mudarrisi bo‘lganim uchun menga shu to‘ylar sharofati bilan har yili besh so‘mdan ko‘p tushum keladi. To‘ylar cheklanishi oqibatida eng ko‘p zarar ko‘radiganlar toifasidanman. Ammo umuman olganda, o‘rtaga tashlangan bu masala yuzasidan javobim bo‘la turib sukut saqlashga vijdonim yo‘l qo‘ymadi.

 

Savol: “Yer sotib to‘y bermagan inson gunohkor bo‘ladimi?”

Javob: “Bir insonning bir parcha yeri bo‘lsa-yu, u bilan kuni o‘tib turgan bo‘lsa, agar bu yerni sotgan mahali o‘zi nochor ahvolda qoladigan bo‘lsa, bunday insonning yer sotib to‘y berishi gunoh hisoblanadi” (Iroda 1914:1).

 

Buxorolik mudarris esa to‘y shariatga to‘g‘ri keladimi degan savolga quyidagicha javob beradi: “Hanafiy mazhabiga ko‘ra to‘y na farz, na vojib, na sunnat va na mustahabdir. Bu mavhum javoblarning rasmiy doiralarda ta’siri bo‘lmas. Jadidlar esa shariatga ergashgan holda bu kabi katta dabdabali to‘y ixlosmandlari bilan bahsga kirishganlarini tushunish mumkin”.

 

Jadidlar faqatgina ta’lim islohoti bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy o‘zgarishlarga ham bosh bo‘lib, to‘yning jamiyat uchun salbiy oqibatlarini ham nazardan chetda qoldirmagan. Mashhur o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy 1915-yilda “Baxtsiz kuyov” dramasini yozadi. Uning qisqacha mazmuni quyidagicha: ota-onasiz yosh yigit amakisining qistovi ostida o‘z uyini garovga berib, katta qarz olib, dabdabali to‘y qiladi. Biroq to‘ydan keyin qarzini to‘lay olmaydi va natijada uyini qo‘ldan boy beradi. Bor umidini yo‘qotgan yosh oila o‘z joniga qasd etadi. Bu fojiaviy dramada kamxarj to‘yni tavsiya qilgan ellikboshi va shohona to‘y talab qilgan qaynota Fayziboy hamda imom o‘rtasida shunday bir bahs yuzaga keladi:

 

“Ellikboshi: Shari’ati mustafoda shundoqki, kuyov tarafidin qizg‘a mahr ta’inlamoq, so‘ngra bir kosa suv bilan nikohlamoq. Muhammad alayhissalom yigitdan pul olg‘il, palak, gulko‘rpa, dorpo‘sh, tumor, qo‘ltuqtumor qilg‘il, yigit qarzdor bo‘lub qolsa ham mayli, deydilarmu? Hozirda biz turkistonliklardin boshqa jumla musulmonlar, xususan Makka, Madina, Istambullilar yuqoridagi aytkanimdek qilib qizni erga beradurlar, kuyovdan oqcha so‘ramoqni nomusulmonlik deb biladurlar va bizlardek isrof qilmaydilar. (Domlaga qarab) Taqsir, siz ham tolibi ulumsiz, Xudo va rasulimizning buyruqlari shundoq emasmi? Va bu kishining so‘raganlari shariatdan tashqari emasmi?

 

Domla-imom: Har joyni musulmonlarining bir rasmi bo‘ladi, bizlarg‘a ham shundoq qilmoq rasmdur.

Ellikboshi: Har joyni musulmonlarining rasmlari emas. Boshqa viloyat musulmonlari shariatka muvofiq rasm bilan qiladurlar. Ammo bizlar shariatka teskari johiliyat zamonidan qolgan bid’at ila qilamiz.

 

Fayziboy: Agarda bizlar shariatka muvofiq qizimizni erga bersak, xalq bizni ayb qilub kuladilar, munga nima deysiz, bizni xalqg‘a kulgi bo‘lganimiz yaxshimi?

 

Ellikboshi: Xalq! Xalq shariatni masxara qiladilarmi? Siz meni aytkanimni qilabering, xalq sizdan kulsa, shari’at buyrug‘ini qildim desangiz, hech kim hech nima deyolmaydur, agar ayb qilsa, gunohkor bo‘ladur” (Rizayev, “Jadid dramasi”, 1997: 183-184).

 

Abdulla Qodiriyning isrofgarchiliklarga to‘la to‘ylarga nisbatan tanqidiy munosabati “johiliyatdan qolgan bid’at” jumlasidan tushuniladi. Bu munozarada e’tiborimizni tortgan yana bir nuqta bunday to‘ylarni oqlash uchun Turkistonda keng tarqalgan urf-odatni muhim deb bilgan imom va islomning umumiy qoidasini ilgari surgan ellikboshi o‘rtasidagi qarama-qarshilikdir. Aslida, bu ziddiyat o‘zlariga urf-odatlarni qalqon qilgan dabdabali to‘y ixlosmandlari bilan Islom qonun-qoidasiga asosan ijtimoiy islohot tarafdorlari bo‘lgan jadidlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ko‘rsatib beradi. Kamchilikni tashkil etgan jadidlar qarshi tomon bilan kurashda shariatga murojaat qiladilar. Zotan, umuminsoniy va mahalliy qarashlar orasidagi ziddiyatlar hozir ham mavjud.

 

Sovet va undan keyingi davr to‘ylari

 

1917-yil fevral oyida Chor hukumati yakun topgach, jadidlar yangi Rossiya hukumati tarkibida avtonom Turkistonni tashkil etishga kirishadi. Bu borada yo‘lboshchilik qilgan “Sho‘royi islomiya” tomonidan tashkil etilgan qo‘mita to‘y uchun sarf-xarajatlarning kamaytirilishi va u bilan bog‘liq marosimlarning ixchamlashtirilishi xususida taklif bilan chiqadi. 1919-yilda to‘y borasidagi islohotlar xususida Hoji Muin shunday deydi: “Nikoh to‘yinda ikki turli yomon odatimiz borkim, alardan bir qismining axloqiy jihatdan, ikkinchi qismining moliy jihatdan ko‘b zarari bordir. Mana shul urf-u rusumlarning ba’zisini butun barham bermak va ba’zisini isloh etmak lozimdir. Nikoh to‘yi zohiran bizning ko‘zimizga bir to‘y kabi ko‘runsa ham, lekin haqiqatda o‘zi besh to‘ydir. Chunki “Non shikanon” (sindirish), “Fotiha”, “Nikoh”, “Ro‘yi binon” (yuz ochdi) va “Domod talabon” (kuyovchaqirdi)ning har qayusi bir to‘ydirkim, bularg‘a minglarcha so‘m isrof bo‘ladir. Bu to‘ylardan “nikoh” va “ro‘y binon”dan boshqalari ortuqdir. “Non shikanon”ga 3-4 kishidan ziyoda odam yubormak hojat emas. O‘shandoq “nikoh” va “ro‘yi binon” to‘ylarig‘a yor-u do‘st va qarindoshlardan 30-20 dan ortuq kishilarni chaqirmasliq kerakdir” (Hoji Muin, “Tanlangan asarlar”, 2005: 91).

 

1917-yildagi inqilobdan so‘ng boshlangan ichki kurashlar natijasida Turkistonda aholining ijtimoiy holati yomonlashgan edi. Bu o‘rinda Hoji Muinning xalqni ogohlikka chorlashi e’tiborimizni o‘ziga jalb qiladi. Yana shuni ta’kidlash joizki, XX asr boshlarida nikoh to‘ylari zamonaviy ko‘rinish ola boshlagan edi.

 

1920-yillar o‘rtalariga qadar jadidlar ta’lim, madaniyat va ijtimoiy islohotlarda Sovet hukumati bilan hamkorlikda ish olib borgan. Ayniqsa, boshlang‘ich maktablar sonini ko‘paytirish va bu orqali oliy ta’limga yo‘l ochish ularning ustuvor maqsadlaridan biri edi. Biroq Sovet hukumati islomga qarshi siyosat yuritish bilan birgalikda “millatchilar”ga qarshi kurash boshlagach, jadidlar harakati ham cheklandi. Oxir-oqibat, 1930-yillarda Munavvar qori, Hoji Muin, Abdulla Qodiriy va boshqa jadidlar Stalinning qurboniga aylandi. Ularning o‘rniga kelganlar esa sovet ta’limini ko‘rgan, “sindirilgan” avloddan iborat yangi qatlam edi.

 

Sovet davrida dinga qarshi harakatlar olib borilgan bir paytda O‘rta Osiyo xalqlari orasida avvalgidek dabdabali bo‘lmasa ham, to‘y marosimlari bo‘lgani ayon. 1949-yilda tayyorlangan rasmiy hisobotga ko‘ra musulmonlar namozdan ham ko‘ra ko‘proq nikoh to‘yi, sunnat to‘yi, janoza marosimlarida ishtirok etishar edi. Bu “chuqur ildiz otgan” marosimlarga qarshi kurashish kommunistlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan. 1960-yillarning ikkinchi yarmida ham sovet usulida nikoh marosimini o‘tkazishni ma’qul ko‘ruvchilar soni oz emas edi. Ularning fikricha, nikoh aslida diniy emas, milliy marosim sanalgan. Yosh juftliklar orasida oila a’zolari va qavmi-qarindoshlar ra’yiga qarshi bora olmay milliy va diniy marosimga rozi bo‘luvchilari ham uchrab turgan. 1991-yilga kelib Toshkentdek shahri azimda “to‘yxona”lar ham topilar edi...

 

Qayta qurish davrida sovet hukumatining dinga qarshi siyosatiga barham berilgach, O‘rta Osiyoda islom qaytadan jonlana boshladi va bu bilan birga to‘ylarga ham qaytadan jon kirdi. Buning ortida bozor iqtisodiyotining ta’siri borligiga hech shubha yo‘q. Biz birinchi qismda tahlil etganimizdek, to‘ylar qancha sarf-xarajatli bo‘lsa, aholining ham shunchalik vasvasasi kuchaya borar edi.

 

Umuman olganda, to‘y har bir davrning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatib beradi. To‘y har qanday tanqidlarga uchrasa ham, sobit tura olishga muvaffaq bo‘lganini kuzatish mumkin. Oxirgi yillarda Turkiston zaminida dinga qaytish bilan birga ichkiliksiz, ayol va erkaklar alohida ajratilgan “islomiy to‘ylar” ham maydonga keldi. Buning sabablarini tahlil etish uchun biz ham vaqti-vaqti bilan to‘ylarda ishtirok etishimizga to‘g‘ri keladi.

 

Fikrimizni o‘zbekning buyuk shoiri Erkin Vohidovning “Nega yapon yuz yil yashar?” she’ri bilan xulosalashni ma’qul topdik:

 

Nega yapon yuz yil yashar-u,

O‘zbek buncha yoshga bormaydi?

Chunki yapon bizdek qorong‘u

Sahar turib oshga bormaydi.

 

Ta’ziyada el ko‘zi uchun

Ming kishilik ziyofat qurmas.

Hayiti yo‘q, bel bog‘lab uch kun

Shamday qotib ko‘chada turmas.

 

Garchi bizdan yuz bor farovon,

Garchi bizdan yuz karra to‘qdir.

To‘y xarjida yuzta boy yapon

Bir kambag‘al o‘zbekcha yo‘qdir.

 

Bu so‘zimni yaponga aytsam

Dedi battar qisib ko‘zini:

 – Yapon bundoq yasholmas hech ham,

Xarakiri qilar o‘zini!

 

Maqolani Munira KARIMOVA tayyorladi.

 

Jadid gazetasi, 2025-yil 21-fevral, 8-son.

O‘zbek to‘ylari: o‘tmishda va hozir” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:02 / 21.02.2025 0 26
Qayta yaralayotgan qadim hunar

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 175
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24815
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//