
Qo‘rquv insoniyatning shu kungacha yashab kelishida sabab bo‘lgan omillarning eng muhimi, desam, ishonasizmi? Tasavvur qiling, yarim tun, ikki tomonida daraxtlar o‘sgan yo‘lakdan ketyapsiz. Shunda yelkangizga sovuq, uzun nimadir tushdi. Bunday vaqtda miyangizga ilk kelgan javob nima bo‘ladi? Albatta, ILON! Kim ham shunday vaziyatda qo‘rqmaydi, deysiz…
Qo‘rquv nima? Biz nega qo‘rqamiz?
Qo‘rquv – xavf tug‘ilgan vaziyatda miyamizda ogohlantiruv tizimining ishga tushishidir.
Yuqorida “javob” deb bejiz keltirmadim. Chunki inson miyasi har qanday mavhum vaziyatga javob qaytaruvchi bir tizimdir. Agar u aniq javobni bilmasa, taxminiy javob taqdim etadi. Yana yuqoridagi vaziyatga qaytamiz. Yelkangizga tushgan narsa ilon ekani shunchaki miyangiz uzatgan taxmin xolos. Qiziquvchan insonlar uni ilon ekanini tekshirib ko‘radi. Bu omad – chikka yoki pukka. Qo‘rqoq insonlar esa bunday vaziyatda xavfsiz joyga qochib qoladi. Xo‘sh, endi ayyting-chi, kim tirik qoldi?!
Qo‘rquvlar ham tamaddunga uyg‘un ravishda zamondan zamonga turfa xillashib bormoqda. Bu maqolada esa qo‘rquvlarning biz bilgan qahramonlar nomi sharafiga atalganlarini ko‘rib chiqamiz.
Mifologik qahramonlar nomidan kelib chiqqan fobiyalar:
Herkulofobiya. Yunon mifologiyasidagi oliy xudo bo‘lmish Zevsning kuch-qudratda tengi yo‘q o‘g‘li – Herkules nomidan olingan. Herkules o‘zining o‘n ikki jasorati bilan mashhur. Bu fobiya odamning o‘zini kuchli va irodali his qilishdan qo‘rqishi yoki kuchli bo‘lishni orzu qilishga nisbatan qo‘rquvini anglatadi.
Odisseyafobiya – yunon mifologiyasiga oid doston qahramoni Odissey nomidan olingan bo‘lib, u Troyaga safar chog‘ida ko‘plab sinovlarda toblanadi. Bu fobiya uzoq safarlar, yangi sarguzashtlar va xavfli tajribalardan qo‘rqishni anglatadi.
Ikarus fobiyasi – yunon mifologiyasi qahramoni Dedalning o‘g‘li Ikarus nomidan olingan bo‘lib, ular Krit orolidagi labirint sohibi Minosdan qochish uchun mum bilan yopishtirilgan qanotlarda parvoz qiladilar. Quyoshga yaqin uchgan Ikar qanotlari erib halok bo‘ladi. Bu fobiya, haddan tashqari o‘zini ayblash yoki ortiqcha ishonchdan qo‘rqishni anglatadi.
Prometey fobiyasi. Yunon mifologiyasida Zevsning otashini o‘g‘irlab, insonlarga taqdim etgan holda ularni bir pog‘ona xudolarga yaqinlashtirgani uchun Olimp xudolari g‘azabiga uchrab, Zevsning jazosiga giriftor bo‘lgan isyonkor titan – Prometey nomidan olingan. Bu fobiya, xudolar yoki o‘zidan qudratli zotlar tomonidan jazolanishdan qo‘rqishni anglatadi.
Antigona fobiyasi. Yunon mifologiyasidagi o‘z otasini o‘ldirib, onasiga bilmay uylanish qismati bilan tug‘ilgan Edipning qizi – Antigona nomidan olingan bo‘lib, u oilaviy sadoqat ramziga aylanib ulgurgan qahramondir. Antigonaning jasorati quyidagicha, Edipning oilaviy fojeasidan so‘ng taxtni amakisi Kreon egallaydi. Kreon taxt uchun kurashda Edipning o‘g‘li Poliniksni o‘ldiradi va jasadni mazaxlash uchun uni dafn etishni man qiladi. Kimdakim uni dafn etadigan bo‘lsa, o‘ldirilishi bilan ogohlantiradi. Lekin Poliniksning opasi Antigona bu farmonga qarshi chiqqan holda o‘limni bo‘yniga olib, ukasini dafn etadi. Ushbu jasorati bilan u qarindoshlik rishtalari va oilaviy an’analarga sodiqligini isbotlaydi. Bu fobiya, ota-ona, jamiyat yoki qonunlarga qarshi chiqishdan qo‘rqishni anglatadi.
Orfey fobiyasi. U Yunon mifologiyasidagi mohir musiqachi va shoir bo‘lib, bu fobiya uning sevgi fojeasi sharafiga nomlangan. Unda bayon qilinishicha, Erudika shilqim Satirning ta’qibidan qochayotgan vaqt bexosdan ilonlar uyasini bosib oladi. Shunda tovonini ilon chaqadi va u vafot etadi. Orfey suyuklisini hayotga qaytarish uchun marhumlar mamlakatiga borib uning hukumdori Aid va uning rafiqasi Persefonaga dardini bayon etib yolvoradi. Aid va Persefonaning rahmi kelib bir shart bilan Erudikani hayotga qaytarishga rozi bo‘ladilar. Shart shunday edi: Orfey oldinda ketishi, ortidan Erudika ergashishi va tiriklar dunyosiga chiqmagunga qadar Orfey ortiga o‘girilmasligi kerak edi. Manzilga yetar chog‘da Orfey ortimdan Erudika kelmayotgan bo‘lsa-chi, Aid va Persefona meni aldagandir, degan shubha bilan ortiga o‘giriladi. Shunda Erudikaning ruhi yana marhumlar makoniga uchib ketadi. Bu fobiya, sevgan odamini yo‘qotishdan yoki o‘z sevgisi uchun oxirigacha kurashishdan qo‘rqishni anglatadi.
Kirka fobiyasi. Yunon mifologiyasidagi quyosh xudosi Heliosning sehrgar qizi – Kirka nomidan olingan bo‘lib, u jazo tariqasida orolga surgun etilgan va u yerda yolg‘iz va baxtsiz yashashga mahkum edi. U oroliga kutilmaganda tashrif buyurgan sayohatchilarni hayvonlarga aylantirgan. Bu fobiya, sirli yoki sehrli kuchlarga ishonish, boshqalarga ta’sir o‘tkaza olish qobiliyati orqali insoniyatni o‘zgartirishdan qo‘rqishni anglatadi.
Badiiy asar qahramonlari nomidan kelib chiqqan fobiyalar:
Sherlokfobiya – Artur Konan Doylning mashhur detektiv “Sherlok Xolms” nomli asarining bosh qahramoni sharafiga atalgan bu fobiya atrofida kechayotgan voqea-hodisalarni ipidan ignasigacha haddan tashqari ko‘p o‘ylab, tahlil qilish va muammolarga yechim izlashdan qo‘rquvni anglatadi.
Hamletfobiya – Shekspirning mashhur tragediyasi “Hamlet”ning bosh qahramoni nomidan olingan bo‘lib, bu fobiya hayotiy tanlovlar qarshisiga chiqqan chog‘ qaror qabul qilishda noaniqliklardan qo‘rqishni anglatadi.
Ofeliya fobiyasi. Bu nom ham Shekspirning “Hamlet” asaridan olingan bo‘lib, u Hamletning sevgilisi edi. Bu fobiya ichki hissiyotlarning noaniqligi, ruhiy iztiroblar va muhabbati arishidan qo‘rqishni anglatadi. Ofelia fobiyasi ko‘pincha hissiy injiqlik, tushkunlik yoki sevgi uchun o‘zligini yo‘qotishdan qo‘rqishni bildiradi.
Robinsonafobiya – Daniel Defoning eng mashhur asari “Robinzon Kruzo” bosh qahramoni nomidan olingan bo‘lib, bu fobiya jamiyatdan ajralib qolishdan yoki uzoq vaqt davomida yolg‘iz qolishdan qo‘rqishni anglatadi.
Raskolnikov fobiyasi. Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asaridagi qahramon – Raskolnikov nomidan olingan bo‘lib, bu fobiya o‘z aybini tan olish, jinoyat qilishdan va jazosiz qolishdan qo‘rqishni anglatadi.
Don Kixot fobiyasi. Migel de Servantesning “Don Kixot” asaridagi asosiy qahramon, buyuk ritsar bo‘lishni orzu qilgan va o‘z tasavvur olamida yashаgan Don Kixot nomidan olingan. Bu fobiya haqiqiy hayotga to‘g‘ri baho bera olmaslik, muhim masalalarga yengil qarash yoki xayol va haqiqatni chalkashtirishdan qo‘rqishni anglatadi.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q