Milliy qadriyatlar chamanida o‘zbek do‘ppilarining o‘rni baland


Saqlash
19:12 / 13.12.2021 1645 0

Oqqan daryolar... ha, qudratli, teran, hayotga chiroy va kuch-quvvat berguvchi daryolar oqaveradi. Ular o‘z yo‘lidagi har qanday to‘siq, g‘ovlarni oxir-oqibat yengib oqaveradi.

 

Barcha sohalarda yuksalish odimlari barqarorlashib borayotgan mamlakatimizning ma’naviy, madaniy hayotida ham ijobiy o‘zgarishlar behisob, ular silsilasida asrlar davomida xalqimiz turmushiga singib ketgan qadriyatlarning tiklanayotgani yuqoridagi hikmatni yodga solaveradi.

Yer yuzidagi millatu elatlarning tabiiy yashash sharoitlari, etnik jihatlari, tarixi va madaniyatining o‘ziga xosliklari bilan bog‘liq jihatlari, ularning qoni va ruhiyatiga singib ketgan chiroyli urf-odatlari, qadriyatlar bor. Bu – har bir millat o‘zligining o‘zagi, shu bilan birga, insoniyat madaniyat va ma’naviyatining bir-birini to‘ldirguvchi, boyitguvchi sahifalari. XX asr – globallashuv davrining shiddatli to‘lqinlari ajdodlardan avlodlarga qolgan mana shu muqaddas merosni bosib, yanchib, yo‘qotib borayotganini tabiiy hol deb qabul qilayotganlar, afsuski, oz emas. Ammo zamonaviy dunyomizning eng taraqqiy etgan davlatlari iqtisodiy yuksalishlariga o‘z xalqining asrlar silsilasida sinovdan o‘tgan urf-odatlari, turmush mazmun-mohiyatini boyitgan qadriyatlari qanot bo‘layotganini ko‘rib turibmiz.

 

Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning bebaho ma’naviy-madaniy meroslarimiz, qadriyatlarimizni tiklash, hayot tarziga aylantirish borasidagi tashabbuslari, g‘amxo‘rliklari, bu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar Yangi O‘zbekistonning har jihatdan salohiyatli bunyodkorlari kamol topishiga xizmat qiladi. Keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilayotgan maqom, baxshichilik san’atimiz; do‘ppi, atlas, adras kabi milliy hunarmandchiligimiz sohalarini rivojlantirish; qorabayir otlar naslini ko‘paytirish, yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aksariyat yurtdoshlarimiz dilidagi muddaolarning ayni ro‘yobi bo‘ldi.

 

 

Azaldan o‘zbekni bilganlar boshida do‘ppi bilan tasavvur qiladidar. Tabiiy iqlim sharoitimizda boshni issiq, sovuq, shamol, namgarchilikdan asraydigan, kiyganlarga ko‘rku chiroy bag‘ishlaydigan turli do‘ppilarni tikuvchi-tayyorlovchilar hududlarda hunarmandlar sulolasiga aylanib ketgan. Ming-minglab do‘ppido‘zlarning nina bilan bajargan zargarona mehnatlariga eng katta mukofot – do‘ppilarning kiyilishi, boshlarga ko‘tarilishidir. Keyingi yillarda, beadad shukrlar bo‘lsin, do‘ppilar ma’lum tadbirlar paytidagina emas, balki kundalik hayotda qizalog‘u bolakaylar, o‘smirlar, yigit-qizlar kiyib yuradigan kiyimlardan biriga aylanib qoldi. Chamanlar ramzi bo‘lgan iroqi, charx gumbazining shartli ifodasini topgan bodom gulli do‘ppilarni kiyib olgan yurtimiz sayyohlari yuzlarida boshqacha quvonch, hayajonni his etganmisiz?

 

Bundan bir necha yilgina muqaddam milliy urf-odatlar bilan bog‘liq tadbirlarning sanoqli ishtirokchilarigina boshda do‘ppi, egnida adras yoki atlas libos bilan atrofdagilarning diqqatini tortgan bo‘lsa, bugun diyorimizning uzoq-yaqin hududlarida o‘tkazilayotgan ma’naviyat festivallari, turli ko‘rik-tanlovlar, tadbirlarning tashkilotchilaru ishtirokchilarining aksariyati bu betakror kiyimlarimizni iftixor bilan kiymoqda, ular milliy madaniyatimizning ongli targ‘ibotchilaridir. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan ma’naviyat festivallari milliy liboslardan bamisoli muhtasham jonli chamanlarga aylanib ketdi. Sirdaryo viloyati hokimining hamkorligi, qo‘llab-quvvatlashida ziyolilar, ma’naviyat jonkuyarlari, ijodkorlarning tadbirlarda boshda do‘ppi bilan ishtirok etishlari qanchalar chiroyli, havas va ibratga loyiq bo‘ldi. Shuning uchun ham bu tashabbusga qo‘shilganlar safi ortib bormoqda.

 

 

Respublika Madaniyat vazirligi xodimlarining kundalik ish paytida do‘ppi bilan yurishni ma’qul ko‘rib, shunday tashabbus bilan chiqqanlari, o‘ylaymizki, “O‘zbek milliy liboslari” degan ko‘hna va salobatli bog‘(saroy)ning  “Do‘ppi” degan bog‘cha(ko‘shki)sini yanada yashnatib yubordi. Demokratik jamiyatning xolis nazaru muhitida bu tashabbus milliy liboslarimizni bajonu dil, iftixor bilan kundalik libosga aylantirayotgan ming-minglab yurtdoshlarimiz qalbi, istak-ixtiyorlariga hamohang bo‘lgan quvonchli hodisa, albatta. Zero, o‘zini hurmatlagan xalq otining tuyog‘iga qoqilgan taqaniyam qadrlab, balandga qo‘yar ekan.

 

Beixtiyor sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning dillarga naqsh bo‘lgan satrlari tilga ko‘chadi:

 

Qayga borsam, boshda do‘ppim,

Gʻoz yurarman, gerdayib,

Olam ichra nomi ketgan

O‘zbekiston, o‘zbegim.

 

Muhtarama ULUGʻOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining

ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19263
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16168
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi