
Ma’naviyat
Barchamizga ma’lumki, hozirgi kundagi ko‘pgina iqtisodiy tushunchalar va g‘oyalar G‘arb olimlari, ayniqsa Adam Smit bilan bog‘lanadi. Ammo ilk Uyg‘onish davrida yashab o‘tgan ajdodlarimiz ham G‘arb olimlaridan qolishmagan holda, ba’zan ulardan o‘tib, o‘zlarining iqtisodiyotga oid fiklarini asarlarida bayon etib ketishgan. Ayniqsa Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino asarlarida iqtisod, oila iqtisodi va davlatning iqtisodiy rivojlanishiga oid ko‘plab bebaho qarashlar ilgari surilgan.
Abu Rayhon Beruniy
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Al-Beruniy islom olamining zabardast olimlaridan biri. Islom olimi Latifga ko‘ra, ko‘plab olimlar Beruniyning risolalarini o‘rganishgan, ular orasida Edvard Sashau, Artur Jeffri, Kamar Oniah Kamaruzzaman, Frans Rosenthal, Bryus Lourens, Jak Vardenburg va boshqalar bor. Husayniy o‘z maqolasida ta’kidlashicha, o‘rta asr musulmon mutafakkirlari ishlab chiqarish va uning samaradorligi, davlatning iqtisodiy funksiyasi va tartibga solish, yo‘qotishlarning oldini olish uchun aktivlarni diversifikatsiya (korxona (birlashma)larning faoliyati sohalari va ishlab chiqaradigan mahsulotlari turining kengayishi, yangilanib turish) qilish, iqtisodiy rivojlanish va boshqa ko‘plab masalalarni muhokama qilishgan. Beruniy hattoki, zamonaviy iqtisodiy tushunchalarni, jumladan, Maltusning aholining o‘sishi haqidagi nazariyasini undan oldin ilgari surgan.
Beruniy aholining me’yoriy o‘sishi kerakligini va bu orqali iqtisodiy tarraqqiyotga erishish mumkinligini o‘z asarlarida tavsiya qiladi. Uning ijodini tadqiq etgan g‘arb olimlarining fikricha, uning asarlarida pulning miqdoriy nazariyasi asoslari ham yoritilgan. Beruniy asarlarida aholining haddan tashqari ko‘payib ketishi ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini bayon etgan va har qanday o‘sish atrof-muhit tomonidan cheklanishini ta’kidlagan. U shuningdek, biror turning son jihatdan o‘sish imkoniyatlari cheksiz bo‘lsa-da, uning haqiqiy o‘sishi cheklovchi va go‘yoki, asosan tashqi omillar bilan chegaralanishini tan olgan. Beruniy bundan tashqari aholi sonining ortishi bosimi tabiiy saralash jarayoniga olib kelishi mumkinligi haqida aytib o‘tgan.
Beruniy oilaning iqtisodiy rivojlanishida boylik taqsimotining muhimligini ta’riflab bergan. U shunday degan: “Hech bir millat muntazam nikoh hayotisiz mavjud bo‘la olmaydi, chunki bu madaniyatli kishi nafratlanadigan ehtiroslar to‘polonining oldini oladi va har doim zarar keltiruvchi yovvoyilikka olib boruvchi sabablarni yo‘q qiladi”. Ya’ni, millat agar oila munosabatlarini to‘g‘ri tartiblasa, oila rivojlanadi va natijada mamlakat ham iqtisodiy jihatdan rivojlanishi mumkin.
Ibn Sino
Abu Ali al-Husain ibn Abdulloh ibn Sino ham islom olamidagi eng yetuk olimlardan biri hisoblanadi. Ibn Sinoning “al-Siyosat al-Manziliyya” asari “ilm tadbir al-manzil” bo‘yicha keyinchalik yozilgan asarlarning asosiy manbasi deb qaraladi. Ibn Sino insonni o‘z ehtiyojlari uchun yetarli darajada ta’minlanmagan mavjudot deb ta’riflaydi. U insonni hayvonlar bilan solishtiradi. Ibn Sinoning fikricha, inson nafaqat kundalik oziq-ovqat va suvga, balki kelajakdagi ehtiyojlarini ham ta’minlashga muhtojdir. Shu sababli, inson uyga va moddiy boylikka ehtiyoj sezadi.
Ibn Sinoning yana bir iqtisodiy g‘oyasi “Tadbir al-Manzil” nomli qisqa risolasida bayon qilingan bo‘lib, u yerda siyosiy hamjamiyat, ijtimoiy tashkilot va daromad-xarajat boshqaruvi elementlari ko‘rib chiqilgan. U jamiyatni ikkita asosiy sinfga ajratgan: dam olish sinfi (bo‘sh vaqtga ega tabaqa) va tijorat hamda sanoatda (ishlab chiqarish) ishlashi lozim bo‘lgan sinf. Ikkinchi sinf shaharning tirikchilik manbalarini ta’minlash uchun mehnat qilishi kerak deb hisoblagan.
Ushbu sinfiy bo‘linish o‘sha davrdagi aristokratik ijtimoiy tuzilishga yaqin edi. Ushbu bo‘linishda hukumat funksiyasi eng yuqori o‘rinda turadi, undan keyin intellektual kasblar, masalan, astrologiya va tibbiyot, eng quyi pog‘onada esa harbiy zodagonlar joylashgan edi. Xususan, imtiyozli mavqega ega bo‘lgan shaxslar o‘z daromadining bir qismini zakot uchun ajratishlari lozim edi. Zakot Islomning besh ustunidan biri bo‘lib, u kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan tozalovchi soliq hisoblanadi. Ibn Sino xarajatlar adolat mezonlariga mos bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, adolatli o‘rtacha yo‘l – iqtisod (iqtisodiy me’yorda yuritish) tamoyiliga asoslanishi kerak.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, biz tariximizni chuqurroq tadqiq etish orqali ajdodlarimizning nafaqat iqtisodiy bilimlarga oid fikr va qarashlarini, balki hozirgi kundagi bir qancha iqtisodiy muammolarimizga ham yechim topishimiz mumkin.
Shohruz SHARIPOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q