Saylamoq va saylanmak haqina molikdur – Behbudiy xotin-qizlarning saylovda ishtirokini yoqlaganmi?


Saqlash
12:26 / 18.02.2025 180 0

Turkiston jadidlari dastlab din va maorif, keyinroq davlat va jamiyatning barcha jabhalarida islohotlar olib borishi bilan birga davriy matbuot sahifalarida xotin-qizlar masalasida ham o‘zlarining ilg‘or qarashlarini ilgari surdilar. Bulardan Turkiston jadidchilik harakati yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning fikrlari, ayniqsa, alohida e’tiborga molik. Millat oydinlari oila masalasida so‘z yuritar ekan, xotin-qizlarni jamiyatning teng va haqiqiy a’zosiga aylantirishning birdan bir yo‘li ularning ma’naviy va ma’rifiy ravnaq etishidadir, deb hisoblaganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy “Sayohat xotiralari”da: “O‘lkamizda bizning ayollarning ahvoli nihoyatda qattiq muhokamaga muhtoj”, deydi. Behbudiy “Turkiston viloyatining gazeti”, “Samarqand” gazetalari, “Oyina” jurnali va bir qator matbuot sahifalarida o‘zining xotin-qizlarga oid qarashlarini yoritib boradi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy qiz bolalarning, aqliy, axloqiy tarbiyalarida oilaning, maktabning rolini ko‘rsatar ekan, ularning jismoniy, gigiyenik tarbiyasiga ham e’tibor bermoq lozimligini uqtiradi. U qiz bolaning tug‘ilishidan boshlab birinchi navbatda salomatligi, badan pokligiga a’lohida e’tibor qaratish kerak, deydi.

 

Behbudiy balog‘at yoshidan boshlab volida va murabbiyalari qizlarning vaqtlarini nihoyat diqqat ila o‘tkazib, zohiriy va botiniy hol va tarbiyalarini tibbiyot va shariat bergan takliflarga muvofiq o‘tkazishlari kerakligini aytadi. Bu yoshdagi qizlar vujudini quvvatsiz qiladigan ish va taomlardan saqlanishi, issiq kiyimlar kiyishi zarurligini fikrida bayon etadi. “Qizlarning tabiiy harakati buzulmasligi uchun yana oshiqona kitob va hikoyalarni o‘qimoq va eshitmoqlariga vaqt qoldirmaslik, iffat va tarbiyati badaniyalariga tadbirlar joriy qilishlik” haqida tavsiya beradi. Xususan, yomon va beqayd ayollar bilan muomala qilinmasligi kerakligini aytadi.

 

Behbudiy zamonasining barcha muammolari ustida bosh qotirar ekan, undan qutulmoq yo‘llarini ham qidiradi. Davrning muhim muammolaridan biri xotin-qizlar savodi masalasi edi. Taraqqiyparvar ziyolilar bu vaziyatni “Turkiston kelajagi onalarimizning savodli bo‘lishi bilan bog‘liq hodisa” deb baholaganlar. Shu sababdan xotin-qizlar savodini oshirish, ularni maktablarga jalb qilish masalalari ko‘tarildi. “Turkiston viloyatining gazeti”da Fayzulla imzosi bilan e’lon qilingan “Xotunlarg‘a ilm lozimmi?” maqolasi shu mazmundagi maqolalardan biridir. Muallif unda onalarimiz savodsizligi, ular hatto “Tarbiyai atfol”ni bilmasliklari haqida fikr yuritadi. Buning uchun ayollarni o‘quv-o‘qituv ishlariga jalb qilish kerakligini aytadi va bu masalada Turkistonning mashhur ulamosi Mahmudxo‘ja afandidan o‘z fikrlarini bildirishini so‘raydi. “Xotunlarg‘a ilm lozimmi?” degan savolga javob berishni Behbudiy ushbu gazetaning 71-sonida Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan quyidagi hadis bilan boshlaydi: “Talabul ilm har muslim va muslimag‘a farzdur”. So‘zining davomida Qur’onda ayollarga xos hukmlardan tashqari barcha ishda ayol-u erkakka bir xil xitob qilingani, ular zimmasiga erkaklardan ko‘proq bir qancha farz, vojib, sunnat orttirilgani, shar’iy hukmlarni ijro etishda ilm va o‘quvdan boshqa bir vosita yo‘q ekani holda, xotinlarning o‘qimoqlari lozimligiga yolg‘iz ko‘r va munofiq mutaassib inkor yoki shubha etishini yozadi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy fiqh, islom, hadis va tafsirni yaxshi bilgan. Har bir fikrini shar’iy dalillar asosida isbotlagan. O‘z so‘ziga birinchi navbatda o‘zi amal qilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy qiz farzandi Parvinaxon (Surayyoxon ham deyishgan)ni 10 yoshgacha Abduqodir Shakuriyning “Usuli jadid” maktabida boshlang‘ich ilm olishini ta’minlagan. Keyinchalik u kishi asosan uyda o‘tirib muallimlardan rus hamda fransuz tillaridan saboq olgan. Behbudiyning nabirasi Nazirxon dadasi Ma’sudxon va ammasi Parvinaning hovlida o‘zaro fransuz, rus tillarida muloqot qilishlarini eslaydi. Ushbu so‘zlardan tushunish mumkinki, Behbudiy farzandlarining dunyo va oxirat ilmlarini birdek o‘zlashtirishiga muhit yaratgan. Qizining ham til o‘rganishi, o‘g‘li Ma’sudxonga o‘qimishli, xat-savodli qizni kelin qilib olib bergani-da Behbudiyning qizlar ta’limiga munosabatini ifodalaydi.

 

Behbudiy jamiyatdagi xotin-qizlarga aloqador nuqsonlarni ko‘rgan holda ularni tuzatish uchun maqolalari, asarlari orqali xalqning ongiga ta’sir qilishga harakat qilgan. Jumladan, oila qurish masalasidagi kamchiliklarga ham e’tibor qaratgan. Behbudiy “Hifzi sihhati oila” maqolasida tabib Komil afandining “Hifzi sihhati izdivoj” risolasini tahlil etib, uylanishga erkak uchun 2530, xotun uchun 2022 yoshlarni loyiq deb tayin qilinganini aytadi. Maqolada, jumladan, bu yoshgacha insonlar ilm olishi, kasb-hunarga harakat qilishlari kerakligi, erta oila qurish oqibatida noqis va salomatligi buzuq, zaif farzandlar dunyoga kelishi aytiladi. Behbudiy bir qiz 16 yoshidan va bir er bola 20 yoshidan erta oila qurishlari jismonan sog‘liq uchun zararli ekanini tabib Husayn Ramziy afandining gaplari bilan isbotlaydi.

 

Behbudiy oila quruvchi tomonlar hisoblanmish yigit va qiz bir-birlarini ko‘rmoqlari sunnati nabaviyadan bo‘lib, aqlan lozimligini ta’kidlaydi. Bu uchrashuvdan maqsad bir-birining go‘zalligini bilishda emas, balki ish hifzi sihhat nazarincha, er va qiz bolaning jism va gavdalari bir-birlariga mutanosibligi, bunya va a’zolarining quvvatini ko‘rish orqali to‘g‘ri qaror berish uchundir, deydi.

 

Behbudiy zamoni kelib, ammo uylanmay, oila qurmay vaqtini o‘tkazadigan er va qiz bolalar uchun bu hol ko‘b jismoniy va botiniy kasal va yomonliklarni paydo qilishini aytadi. U: “Dunyo mahkamalari va do‘xturlaridan ma’lum bo‘ladurki, korxonai olamg‘a paydo bo‘laturgan jinoyat, odam o‘ldurmoq va gunohlarni askari uylanmagan erlardan sodir bo‘lub, uylik kishilardan paydo bo‘lgan jinoyat va gunohlarning oldig‘a behoyat ozdur. Erlik xotunlardan paydo bo‘laturgan jinoyatlar ersiz xotunlardan paydo bo‘laturgan gunoh va jinoyatlar oldig‘a yo‘q hukmidadir. Shundayki ersiz xotunlardan paydo bo‘lgan jinoyatlar, xotunsiz erlardan paydo bo‘lgan jinoyatlardan ikki martaba ziyodadur”, deydi.

 

Behbudiy yana: “Har bir erkak va ayol bir-birini yordam va ionati va birga yashamog‘iga muhtojdur. Erkak ila ayol shar’iy nikoh ila er va xotun bo‘lub ro‘zg‘or tuzamasa, jamiyati bashariyani hozir va madaniyatni soyasig‘a raxna paydo bo‘lub, inqiroz va xarob bo‘lmoqg‘a yo‘l tutar”, deydi. Shu sababdan har bir o‘g‘il va qiz bola shar’iy va hifzi sihhat kitoblariga amal qilgan holda oila qurib, bir ro‘zg‘or egasi bo‘lmoqni doim o‘zining yagona murod va matlubi tutishi kerakligini uqtiradi. Shariat va hifz ul-sihhatga oid kitoblardan o‘z oilasining salomatligi borasida ilmlarga ega bo‘lishi lozimligini aytadi.

 

1917-yilda Turkiston jadidlarining xotin-qizlar muammosi borasidagi faoliyatlari ancha kengaydi. Butun dunyoda, shu jumladan, Turkistonda sodir bo‘layotgan siyosiy jarayonlar, xususan, saylov huquqining kun tartibiga qo‘yilishi natijasida ayollarning saylovga qatnashishi masalasi ham Behbudiyning nazaridan chetda qolmaydi. Muvaqqat hukumat dasturiga ko‘ra Turkistonda ham barcha aholiga ilk bor saylash, shahar dumasiga saylanish imkoniyati berildi. Shu munosabat bilan jadidlar vaqtli matbuot sahifalarida xotin-qizlarning saylov jarayonida faol ishtirok etishini targ‘ib etdilar. Turkistonda musulmon xotinlarining saylov ishlarida ishtiroklari juda og‘ir bo‘lgan. Bu haqida Ahmad Zakiy Validiy “Kengash” gazetasida bosilgan “Saylovda musulmon xotin-qizlarning ishtiroki” maqolasida: “Xotinlarning saylovga ishtiroklari Turkiston musulmoni uchun hayot-mamot masalasidir”, deydi. Xotin-qizlar saylovda qatnashishining ahamiyati haqida Behbudiy quyidagicha yozadi: “Toshkent shahrida 48 ming ruslar va askarlar bor, bunga nisbatan 44 ming musulmon erkaklar va 39 ming musulmon ayollar yashaydi. Agar saylovda ayollar ishtirok qilishmasa, albatta, ruslar saylovda muvaffaqiyatga erishishlari mumkin”. Behbudiy “Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi”da “millatning yigirma yoshig‘a yetub ahliyat paydo qilg‘on har bir fardi: er bo‘lsin, xotun bo‘lsun – sinf, din va mazhab ayirmasig‘a boqmasdan – saylamoq va saylanmak haqina molikdur” bandini kiritadi. Musulmon xotinlarining saylovda ishtiroklari shariat doirasida bo‘lishi ko‘rsatiladi. Maromnomada ishchilar masalasida firqa ishchi xotun va bolalarning huquqlarini muhofaza qilish va sog‘lig‘iga zararli ishlardan ozod etilishi masalasi ham kiritilgan.

 

Behbudiy meros masalasida “Faroiz” kitoblardan asoslar keltirgan holda ayollarning meros huquqi haqida ham gapiradi. “Oyina” jurnalining 1915-yil 13-sonida nashr etilgan “Bizni kemirguvchi illatlar” nomli maqolasida vafot etgan kishining molidan avvalan mayitga kerakli sunnat va isrofsiz kafan qilib, dafn qilmoqg‘a sarf qilinishi, so‘ngra qarzi ado etilishi, undan ortgan mollarni ayoliga, sag‘irlariga taqsim qilinishi kerakligi haqida aytadi. “Biz, bil’aks, kafandan so‘ngra qarzg‘a bermay va hatto, sag‘ir va benavo xotunlarni merosini yirtish, azoyi, sadaqa, hayrot, bilmayman, nimalar ujrasi deb qarzdan, varasadan ilgari taqsim qilib olarmiz. Ba’zi bir bechora sag‘ir va mushtipar ayollar merosdan va haqlaridan noqis olurlar”, deydi.

 

Xulosa qilib aytganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy jamiyatda islohotlarni amalga oshirish jarayonida xotin-qizlar masalasiga ham a’lohida e’tibor qaratdi. Qiz bola tug‘ilganidan to ona bo‘lguniga qadar bo‘lgan davr bo‘yicha o‘zining ilmiy xulosalarini taqdim etdi. Qiz tarbiyasi, uning voyaga yetishi, bilimli bo‘lishi Mahmudxo‘ja Behbudiyning diqqat markazida bo‘ldi. Behbudiyning xotin-qizlarga oid qarashlari yoritilgan maqolalarni o‘rganish jarayonida uning fikrlari bugungi kun uchun ham ahamiyatli ekanini ko‘rish mumkin. 

 

Mahmuda G‘OYIBNAZAROVA,

O‘z FА Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 65
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24744
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//