Yevropaliklar kelishidan oldin bu odamlar baxtliroqmidi? Rossiya taftishchisi xotiralarida Turkiston hayoti


Saqlash
12:25 / 18.02.2025 151 0

XX asr boshidagi mustamlaka Turkiston tarixiga oid hujjatlar orasida Rossiya imperatori topshirigʻiga binoan Turkistonni taftish qilgan senator Konstantin Konstantinovich Palenning “Turkistondagi missiyasi” memuari mavjud boʻlib, u 1908–1909-yillarda safariga doir maʼlumotlarni yozib qoldirgan. Ushbu memuar qoʻlyozmasi qariyb 40-yil davomida Palenlar oilasida saqlangan. XX asrning 60-yillari boshlarida unga Londonning Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot markazi assotsiatsiyasi qiziqish bildirgan va nashr etishga qaror qilgan. Qoʻlyozma tayyorlash jarayonida K. K. Palenning tarjimai holi va xizmat faoliyatiga oid tafsilotlar aniqlashtirilgan, shuningdek, qoʻlyozma N. Kuriss tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan.

 

1964-yili memuar Londonda nashr etilgan. Unga Ontario shahridagi Qirollik universiteti professori Richard A. Pirs soʻzboshi yozgan. Qoʻlyozmani chop etish jarayonida K. K. Palenning farzandlari – grafinya Margaret Palen, Yelena Palen Vulli, Mariya fon-Kaull va Nikolay Palen katta yordam koʻrsatganlar.

 

Palenning ushbu memuari sodda tilda, lirik uslubda yozgan boʻlib, Turkiston tarixiga oid noyob manbalardan biridir. Ushbu asar oʻquvchilarga mintaqaning iqtisodiyoti, tarixi, madaniy hayoti, boshqaruv tizimi haqida, shuningdek, Buxoro amirligi va Xiva xonligi toʻgʻrisida ham qimmatli maʼlumotlarni taqdim etadi. Kitob Turkiston oʻlkasining tabiati haqida jonli va rang-barang tasvirlarni oʻz ichiga olgan. Turkiston aholisi va mustamlakachi maʼmuriyat amaldorlarining xulq-atvori boʻyicha kuzatuvlari bayon qilingan.

 

***

K. K. Palen safari davomida Turkiston hayotini kuzatarkan, Rossiyaning oʻlkadagi “sivilizatsion missiyasi” haqidagi qatʼiy fikrlariga qaramay, mahalliy aholi taqdirida yevropaliklarning haqiqiy roli haqida oʻylay boshlaydi. “Men oʻzimga tez-tez savol berardim, – deb yozadi u, – biz, yevropaliklar, bu yerga texnik taraqqiyotning bir necha vositalaridan boshqa nima olib keldik? Yevropaliklar kelishidan oldin bu odamlar baxtliroq edimi? Axloqiy va maʼnaviy meʼyorlarning buzilishiga kim aybdor – askarmi, yevropalik muhandismi yoki texnikmi? Taftish jarayonida men bu muammo haqida koʻp mulohaza yuritdim. Men shuni his qildimki, oʻz vazifalarimdan tashqari, mahalliy aholi dunyoqarashining asosiy tamoyillarini tushunishga, ularning hayotga boʻlgan qarashlarini anglashga va boshqa sivilizatsiya bilan toʻqnashuv natijasida yuzaga kelgan oʻzgarishlarni baholashga harakat qilishim kerak edi. Shuningdek, men islom masalasini ham oʻrganishim zarur edi”.

 

Shu sababli K.K. Palen Turkistonning etnografik xususiyatlariga alohida eʼtibor qaratdi – u aholi turmush tarzi, urf-odatlari, kiyim-kechaklari va xulq-atvorini kuzatdi. Koʻplab musulmon ruhoniylari bilan uchrashib, suhbatlashdi va bu kuzatuvlarini oʻz memuarlarida qayd etdi. Koʻp jihatlar uni hayratga soldi, baʼzilari esa ajablantirdi, chunki Turkiston ulamolarining dunyoqarashi yevropaliklarniki kabi mukammal shakllangan, oʻziga xos rivojlangan madaniyat edi.

 

Uni eng hayratga solgan jihat Turkistondagi uylarning arxitekturasi boʻlgan: “Toshkentga yaqinlashar ekanman, mahalliy aholi turar joylari meni hayratga soldi. Bir qarashda, Turkiston qishloqlari yevropaliklarnikidan ancha farq qilardi. Ularning uylari nishab tomsiz boʻlgani uchun, goʻyo yongʻin natijasida faqat devorlari saqlanib qolgandek taassurot uygʻotardi. Biroq, bu taassurot uzoq davom etmadi. Rang-barang libosdagi qiziquvchan ayollarni koʻrib, hayratim yanada ortdi. Ular bir-birini turtib, yassi tomli uylarga chiqib olgancha, yaqinlashib kelayotgan poyezdni kuzatishar edi”.

 

Senator Konstantin Konstantinovich Palen

 

Palenga uylarda erkaklar va ayollar uchun alohida qismlar ajratilgani gʻayrioddiy tuyulgan. Bu esa K.K. Palenning musulmon jamiyatidagi ayollarning mavqeyiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirib, oʻtroq va koʻchmanchi aholining ayollarga boʻlgan munosabatidagi farqlarga eʼtibor qarata boshlagan. Uning fikricha, oʻtroq aholida koʻpxotinlik keng tarqalgan boʻlib, ayollar yopiq hayot tarzini kechirgan, oilada huquqsiz boʻlgan, mustaqil ravishda koʻchaga chiqishga haqli boʻlmagan, hatto yuzlarini ot yungidan qilingan parda bilan berkitib yurishi talab qilingan. Juda yoshligiga qaramay koʻpincha oʻzlaridan ancha katta yoshdagi erkaklarga zoʻrlab turmushga uzatilgan, tugʻruq paytida oʻlim darajasi yuqori boʻlgan.

 

Koʻchmanchilarning oilaviy hayoti butunlay boshqacha boʻlib, ular bitta xotinga uylangan: “Sartlar va qirgʻizlarning oilaviy hayoti orasidagi tafovut alohida eʼtiborga loyiq. Qirgʻizlar odatda bir xotinga uylanadi, ayol oilada xonadon bekasi va farzandlar tarbiyachisi sifatida hurmat qilinadi. Uning tashqi qiyofasi ham sart ayollaridan keskin farq qiladi va jamiyatdagi mavqeyini koʻrsatadi. U yuzini yopmaydi, begonalar bilan erkin suhbatlashadi, oʻz fikrini ochiq bildirish huquqiga ega. Hatto baʼzida unga majburan uzatilgan erning ortidan borishdan bosh tortishi ham mumkin, chunki u avval otasi yoki akasi tomonidan “sotilgan” boʻlishi mumkin”.

 

K. K. Palen mahalliy aholi xonadonlariga tez-tez tashrif buyurgan va bir muhim jihatga eʼtibor qaratgan – ular hashamatga oʻrganmagan, balki patriarxal va kamtarona hayot kechirishga odatlangan: “Mintaqada boy va kambagʻal mahalliy aholi turmush tarzi oʻrtasida unchalik katta farq yoʻq. Eng boy odam ham, eng yaxshi holatda, katta saroyga ega boʻlishi mumkin edi, biroq bu juda qimmatga tushardi. Tez-tez yuz berib turadigan zilzilalar boy va kambagʻal aholining bir xil turdagi uylar qurishiga sabab boʻlgan. Shu bois, koʻp qavatli binolar barpo etish imkoniyati deyarli yoʻq edi”.

 

K. K. Palen turkistonliklarning liboslari, undan ham koʻproq ularning qaddi-qomatidagi orastalik va odob-axloqidagi benuqsonlik lol qoldirgan: “Shahar mullalari yoki beklari ham, yosh choʻpon bolalar ham bir xil sharaf va kamtarlik bilan oʻzlarini tutishardi. Kichiklarning kattalarga hurmati va ehtiromi har bir harakatlarida yaqqol sezilardi”. K. K. Palenning fikricha, bunday tarbiya faqat bolalikdan boshlab berilgan qatʼiy odob-axloq saboqlari natijasida shakllanishi mumkin boʻlib, bunda musulmon maktablari – maktablar muhim rol oʻynagan, deb hisoblagan.

 

Viloyatlarga safarlari davomida senator maktablarga bir necha bor tashrif buyurib, u yerdagi oʻquv jarayoni tashkil etilishi bilan qiziqqan. U taʼlim usullarining bir xilligi – asosan duolar va Paygʻambar (s.a.v) hadislarini yod olishga asoslanganidan hayratlangan. Bu usulni “universallik” tamoyiliga asoslangan akademik yondashuv deb atagan: “Oʻquvchining yod olgan bilimlari umr boʻyi xotirasida saqlanib qoladi”. Oʻquvchilar bir necha yil davomida ushbu qoidalarni yod olishar va natijada ularning xulq-atvori tushunarsiz ravishda aynan shu qoidalarga muvofiq shakllangan: “Shu bois, Sharq va Gʻarb odob-axloq meʼyorlari oʻrtasida keskin farq bor. Sharqda tarbiya kattalarga hurmat va ehtiromga asoslangan boʻlsa, Gʻarbda bu tushuncha umuman nomaʼlum. Sharq odob qoidalari odamni bosiq va sabrli boʻlishga oʻrgatadi, bu esa har qanday jamiyatda qadrli xislatdir”.

 

Turkiston aholisining urf-odatlari va turmush tarzini chuqur tahlil qilib, ularning diniy meʼyorlarga qatʼiy asoslanganini kuzatgan K. K. Palen oʻzining haqiqatga yaqin xulosasini ochiq tan olgan: “Biz, yevropaliklar, musulmonlarning diniy amrlarini maʼnosiz qoidalar toʻplami deb hisoblashga moyilmiz. Biroq, ularni biroz chuqurroq oʻrganib, tafakkur qilinsa, har bir qoida muayyan asosga ega ekani yaqqol koʻrinadi. Ularning har biri fundamental musulmon tushunchalari va axloqiy qadriyatlariga tayanadi”.

 

K. K. Palen memuarida “ajoyib, nihoyatda isteʼdodli mulla” bilan uchrashganini eslaydi. U yaxshi taʼlim olgan, rus tilini mukammal bilgan, shuningdek, Parij, Jazoir, Marokash va Istanbul kabi shaharlarda boʻlgan. Garchi senator uning ismini keltirmagan boʻlsa-da, katta ehtimol bilan bu shaxs mashhur jadid Mahmudxoʻja Behbudiy edi. Chunki bu uchrashuv haqida “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida maqola chop etilgan boʻlib, ismi keltirilmagan shaxs Behbudiy ekani oydinlashadi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston oʻlkasidagi dastlabki jadid maktablaridan birini ochgan edi. K. K. Palen esa milliy maktablardagi bu yangi islohotlarga eʼtibor bergan birinchi rus amaldorlaridan biri boʻlgan. Uning fikricha, jadid maktablaridagi taʼlim jarayoni quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilgan edi: “Oʻquvchilarning ongida Islomning buyukligi va qudrati haqidagi fikrlarni mustahkamlash, ularni musulmon dunyosining birligi va tiklanishi yoʻlida xizmat qilishga undash”. Senator yangi usuldagi maktablarda kelajakda Sharqni birlashtirish va nizolarga barham berish salohiyatini koʻra olgan. U bu islohotni oʻsha davrning ilgʻor kishilarini maʼrifat sari birlashtiradigan kuch deb hisoblagan.

 

Oʻz safarlari davomida K. K. Palen oʻlkaning, ayniqsa, shaharlarining tarixi bilan qiziqqan. Toshkent shahri tarixiga alohida eʼtibor qaratgan. Asrlar davomida urushlar, tartibsizliklar va behuda vayronagarchiliklar girdobida qolgan bu shahar qanday qilib omon qolganini tushunishga harakat qilgan: “Ehtimol, buni faqat yerlarining tabiiy boyliklari va aholining mehnatsevarligi bilan izohlash mumkin”. Palen safari davomida unga hamrohlik qilgan daniyalik muhandis shunday deganini eslaydi: “Men shaharni suv bilan taʼminlovchi asosiy kanallarni oʻrganib chiqdim. Tadqiqot natijalariga koʻra, Toshkent kamida uch ming yillik tarixga ega, buni xitoy yilnomalari ham tasdiqlaydi”. Bu fikrlar Palen uchun kutilmagan maʼlumot boʻlib, memuarlariga alohida qayd etib qoʻygan.

 

K. K. Palen buyuk sarkarda Amir Temur shaxsiga katta qiziqish bilan yondashgan. U memuarlarida shunday yozadi: “Temurning ulkan gʻalabalari Gʻarbni hayratda qoldirgan. Dushmanlari uni shafqatsiz va rahmsiz zolim sifatida tasvirlagan boʻlsa, yaqinlari gʻoyat isteʼdodli sarkarda va dono hukmdor deb bilishgan. Haqiqatga yaqinroq boʻlgan nuqtai nazar ham aynan shu boʻlsa kerak, chunki uning davlat boshqarish mahorati, meʼmoriy obidalari va madaniy merosi bunga yaqqol dalildir. Masalan, uning davrida Samarqandga suv yetkazib bergan qudratli akveduk qoldiqlari hanuzgacha saqlanib qolgan”.

 

Amir Temur maqbarasiga tashrifini eslar ekan, Palen shunday yozadi: “Buyuk fathkorning qabri – oltin bezaklardan butunlay holi, xuddi uning shaxsiy hayoti kabi oddiy va kamtarona. ...Uning xususiyatlari va shaxsiy fazilatlari haqida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelgan rivoyatlar bugungi kunga qadar Markaziy Osiyoda uning buyuk ishlari haqidagi xotiralar saqlanib qolishining asosiy sababidir”.

 

K. K. Palen memuarlarida Toshkent vohasi tabiati, Samarqand atrofidagi manzaralar, Fargʻona vodiysi, Yettisuv kengliklari va Issiqkoʻlning betakror goʻzalligini shu tarzda batafsil va yorqin tasvirlangan. Senatorning memuarlarida yana Turkiston oʻlkasining XX asr boshlariga oid eng muhim muammolar va masalalari ham yoritilgan boʻlib, zamonaviy tadqiqotchilar uchun kam oʻrganilgan va yangilik boʻla oladigan faktlar juda koʻpligi bilan ahamiyatli.

 

Nigora MAXMUDOVA,

Buxoro davlat universiteti professori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 65
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24744
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//