Ruslarga o‘zbek tili o‘rgatish uchun kurs ochgan noshir – Saidrizo Alizoda


Saqlash
17:37 / 14.02.2025 234 0

Saidrizo Alizoda 1887-yil 15-fevralda Samarqand shahrining Bog‘ishamol guzarida ipakchi-gilamchi savdogar Mirmuhsin oilasida tavallud topgan. Maktab yoshiga yetgach otasi Saidrizoni o‘zlari yashab turgan guzarda ozarboyjonlik alloma Shayx Abulqosim asos solgan yangi usul maktabiga olib borgan. Qisqa vaqt ichida o‘qishni a’lo baholar bilan tamomlagan Saidrizoni Shayx Abulqosim maktabda muallimlik qilish uchun olib qoladi (Muallimlik davrida maktab kutubxonasidagi Ozarboyjon, Eron va Hindistonda chop etilgan gazeta va kitoblarni muntazam o‘qib borgan.).

 

Maktabda bir muddat ishlagach, oliy ta’lim olish uchun madrasaga o‘qishga kiradi va 6 yil tahsil oladi. Madrasani tamomlagach, Samarqand shahridagi Demurov nomidagi bosmaxonada harf teruvchi, so‘ngra rus va o‘zbek tilida chiqadigan Rossiyaning “Samarqand” jurnalida musahhih bo‘lib ishlagan. Nashriyotda ishlagan paytida rus tilini yaxshi o‘rgangan, rus adabiyoti bilan yaqindan tanishgan.

 

Saidrizo Alizoda musiqa, teatr, maorif sohalarini rivojlantirish uchun Ozarboyjon taraqqiyparvarlari bilan aloqalar o‘rnatishga harakat qilgan. Turkiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi adabiy hamkorlikda ozarboyjon adibi Mirzo Fathali Oxundov, shoirlar Abdullabek Asin, Ali Nazmiy  va Mirzo Aliakbar Sobir (1878–1946) yetakchilik qilgan. 1884-yili Buxoro va Samarqandda bo‘lgan Mirzo Aliakbar Turkiston taraqqiyparvarlari Saidrizo Alizoda, Muhammadsharif So‘fizoda, Abduqodir Shakuriy, Sayidahmad Siddiqiy Ajziy bilan uchrashadi. Keyinchalik Mirzo Aliakbar xastalanib qolganda, o‘zbek ma’rifatchilari Saidrizo Alizoda, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin, Ismoil Oxunov, Mulla Hakim Karimov va boshqalar Samarqandda pul yig‘ib, davolanishi uchun yuborganlar.

 

Saidrizo Alizoda 1913-yili ozarboyjonlik bastakor va dramaturg Uzeyir Hojibekovga (1885–1948) xat yozib, Ozarboyjon musiqali teatridan turkistonliklarni ham bahramand qilishini so‘ragan. Uzeyir Hojibekov uning iltimosini qondirib, ozarboyjon san’atkorlarini Samarqandga yuborgan va ular “U bo‘lmasa, bu bo‘lsin”, “Layli va Majnun”, “Arshin mol olon” dramalarini o‘zbek tilida namoyish etganlar.

 

Saidrizo Alizoda 1914-yili Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda  “Samarqand” gazetasi, keyinchalik “Oyina” jurnalini tashkil etgan va ularning sahifalarida Samarqanddagi maktab va madrasalardagi eskicha o‘qitish tizimini keskin tanqid qilib, ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha maqolalar e’lon qilib borgan. Shuningdek, gazeta va jurnal sahifalarida Afg‘onistonda chiqadigan “Siroj-ul axbor” gazetasida mashhur siyosiy arbob, taniqli adib Mahmud Tarziy tomonidan yozilgan afg‘on yangi usul maktablaridagi muammolarga bag‘ishlangan maqolalarini ko‘rsatish orqali Samarqand jadid maktablaridagi darsliklarning yetishmasligi, imtihon olish jarayonidagi chopon kiydirish kabi kamchiliklarni tanqid qilgan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bergan. “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalining “Telegraf xabarlar” sahifasini o‘z hisobidan chiqartirgan. 1917-yildan “Hurriyat” gazetasida tarjimon va muxbir bo‘lib ishlagan.

 

1919-yilda Turkiston hukumati huzurida respublikadagi tojiklar, eronliklar va afg‘onlarni birlashtirgan fors bo‘limi tashkil etilib, Saidrizo Alizoda boshliq etib tayinlangan. Bo‘lim haftalik “Sharq mash’ali” jurnaliga asos solgan va 1919-yil 7-martda Saidrizo Alizoda ushbu jurnalga muharrir etib tayinlangan. 4000 nusxada chop etilgan jurnal O‘rta Osiyo, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston va qator arab mamlakatlarida tarqalgan edi. Jurnal sahifalarida Saidrizo Alizodaning Turkiston aholisining erkin hayotga tashna orzu-umidlari o‘z ifodasini topgan maqola va she’rlari e’lon qilib borilgan.

 

Saidrizo Alizoda 1922-yildan boshlab “Zarafshon” gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Muharrirlik qilish bilan bir paytda “Turkis­ton xabarlari”, “Kambag‘allar o‘qi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Samarqand ovozi” gazetalari, “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” jurnallarida maqolalar chiqarib turgan. Tanqidiy maqolalari va felyetonlarini Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslari bilan berib borgan.

 

Samarqandda tojik tilida faoliyat ko‘rsatuvchi maktab ochib, kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’lim bergan. O‘quvchilar uchun “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jug‘rofiya”, “Riyoziyot”, “Xandasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” nomli o‘n birta darslik yozgan. Bu darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan bo‘lib, o‘quvchilar darsliklar orqali savod chiqarishdan tortib, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha yetarlicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan. Saidrizo o‘zbek maktablari uchun  “Birinchi yil” nomli alifbo yozib, Samarqanddagi yangi usul maktablariga bepul tarqatgan. Maktabdorlik va darsliklar yozishdan tashqari shaharda yashovchi ruslar uchun kechki kurslar tashkil etgan hamda ularga o‘zbek va fors-tojik tillarini o‘rgatgan.

 

Saidrizo ozarboyjonlik mutafakkir Abdulla Shoyiq bilan “Yangi ozarboyjon alifbosi”ni tayyorlagan. Bu alifbodan Ozarboyjon maktablari uchun darslik sifatida foydalanilgan.

 

Saidrizo Alizoda lug‘at tuzish ishlari bilan shug‘ullangan hamda 1933-1934 yillarda 61 ming so‘zdan iborat 2 jildlik ruscha-tojikcha lug‘at nashr ettirgan. Bu lug‘atda ko‘plab kasbiy va ijodiy atamalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari nomlari, ilmiy va adabiy nomlar o‘rin olgan.

 

Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizodaning aytishicha, mutafakkir Afg‘oniston hukmdori Omonulloxon farmoni bilan fors tilida tarix va islom diniga oid “Asri saodat”, “Murosilot-maktubot”, “Odobi ikrom”, “Tarixi islom”, “Tarixi Turkiston”, “Qonuniyathoi diniy”, “Madaniyati islom”, “Zarurati islom”, “Fan dar borai koinot” kitoblarini yozgan va bu kitoblar 1923–1933-yillarda Pokistonning Lohur shahrida nashr etilgan.

 

Saidrizo muallimlik va noshirlik qilishdan tashqari tarjimonlik sohasida ham samarali mehnat qilgan. U rus ijodkorlari Aleksandr Pushkinning “Dubrovskiy” (1935), “Kapitan qizi” (1936) “Yevgeniy Onegin”, Fyodor Gladkovning “Sement” (1936), Nikolay Ostrovskiyning “Po‘lat qanday toblandi” (1938), amerikalik yozuvchi Sinkler Eptunning “Yuz foiz” (1938), o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Afg‘onistonning mashhur siyosiy arbobi va taniqli adib Mahmud Tarziy bilan birgalikda tarjima qilgan mashhur fransuz yozuvchisi Jyul Vernning “Yer yuzi bo‘ylab 80 kunlik sayohat” asarini fors tiliga o‘girgan.  Shuningdek, Abu Ali ibn Sino, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Alisher Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilgani tahsinga sazovordir. Saidrizo Alizoda Eron va Afg‘onistondan Turkistonga kelgan ziyolilar bilan samarali hamkorlik qilgan. Xususan, Eronning mashhur pedagogi Malik Bahor bilan yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yozishmalar olib borgani ma’lum.

 

Saidrizo Alizoda 1933–1937-yillarda Samarqand davlat universitetida arab va fors tillaridan dars bergan. 1937-yilda boshlangan repressiya Saidrizoni ham chetlab o‘tmadi. Shu yilning o‘zida Samarqand davlat universitetida dars o‘tib turgan jarayonida hibsga olingan. Josuslikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan. Dastlab Samarqandda, so‘ngra Toshkentda, keyinroq Tobolsk va Vladimirda 8 yil davomida qiynoqlar ostida qamoqda saqlangan. Saidrizo Alizoda 1945-yil 24-dekabrda Vladimir qamoqxonasida sil kasalidan vafot etgan. 1987-yilda nabirasi Farhod Alizodaning sa’y-harakati bilan uning xoki Vladimirdan o‘z vataniga olib kelingan hamda Samarqanddagi Panjob qabristonida dafn etilgan.

 

Saidrizo Alizoda umrini millatni ma’rifatli qilish uchun sarfladi. Dastlab maktabda yangi usulda bolalarning savodini chiqargan bo‘lsa, keyinchalik oliy o‘quv yurtida yoshlarga arab va fors tillarini o‘rgatishda jonbozlik ko‘rsatdi. Tarjimonlik bilan shug‘ullanib, Turkiston mintaqasida yashovchi tojik tilli xalqlarni  jahon adabiyoti durdonalari ro‘yxatidan o‘rin olgan o‘zbek, rus va ingliz tilidagi asarlardan bahramand etdi. Maslakdoshi Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan milliy noshirchilikka asos soldi. Samarqandlik noshir, muallim va tarjimon Saidrizo Alizodaga mustaqillik yillarida barcha jadid ziyolilari qatori munosib hurmat ko‘rsatildi. U yashagan uy muzeyga aylantirildi va hayot yo‘lini ochib beruvchi ko‘rgazmalar hamda ilmiy merosi bilan boyitildi. Samarqand shahri ko‘chalaridan biriga va shahardagi 14-maktabga Saidrizo Alizoda nomi berildi. Ammo shuni ham aytish joizki, Saidrizo Alizodaning o‘zbek va tojik tilidagi maqolalari, risolalari, darsliklari boshqa jadid namoyandalari ilmiy merosi kabi “Tanlangan asarlar” tarzida chop etilmagan. Bu esa tarixchi va tilshunos olimlar oldida muhim vazifalar qo‘yadi.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

FA Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari,

tarix fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

17:02 / 18.02.2025 0 116
Dunyoni mahv qilgan qullar raqsi – “Jazz” tarixi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24717
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//