
Ma’naviyat
Mo‘g‘ullar bosqinidan bir necha yil o‘tib, 1238-yili Turonda bosqinchilarga qarshi katta qo‘zg‘olon ko‘tarilib, unga Buxorodan chamasi 20 km (3 farsax) uzoqlikdagi Torob qishlog‘ilik Mahmud ismli hunarmand boshchilik qilgan. Bungacha bosqinchilarga qarshi Samarqand va boshqa yirik shaharlar atrofida vatanparvar guruhlarning kichik qarshilik harakatlari bo‘lib turgan edi. Mahmud Torobiy boshchilik qilgan ushbu qo‘zg‘olon esa yirik kurashga aylanib ketadi.
Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullarning yurishi natijasida Turonning aksariyat aholisi qirg‘in qilinadi hamda shahar-qishloqlar vayronaga aylantiriladi.
Mo‘g‘ullarning asoratli bosqini, kelgindilar va ularning xizmatiga o‘tgan hukmdorlarning bedodligi, soliq va majburiyatlarning haddan tashqari ko‘pligi natijasida Torob qishlog‘ida Mahmud Torobiy boshchiligidagi ozodlik harakati bo‘lib o‘tadi. Mahmud Torob qishlog‘idan yetishib chiqqan o‘zining aql-zakovati va jasorati bilan el-yurt orasida shuhrat qozongan g‘alvir yasovchi qo‘li gul usta bo‘lgan. U “Ey haqiqat mudofaachilari, hozir kutishning payti emas, zaminni nohaqliklardan tozalash lozim, vatanni sevgan har bir kishi o‘zida bor qurolni yoxud kaltak va mehnat anjomlarini olib kurashga otlansin” deya buxoroliklarni bosh ko‘tarishga chaqirgan. Bu ozodlik harakati birdaniga yuz bermagan, yirik yer egalari, ko‘chmanchi mo‘g‘ullarning zulmiga qarshi olib borilgan xalq kurashlari asta-sekin qo‘zg‘olonga zamin yaratadi.
Qo‘zg‘olongacha Torobda zulmlardan ezilgan xalq har kuni yig‘inlar o‘tkazardi. Bu yig‘inlarda odamlar odatda o‘zlarining ayanchli hayotlari, boshlariga tushgan musibatlar, mo‘g‘ullar va xiyonatkor amaldorlarga qarshi qanday kurashish kerakligi, ulardan tezroq qutilish, erkin hayot haqida gaplashishardi. Boshqa tomondan esa, bu maqsadga birlashish yo‘li bilangina erishish mumkinligini anglab yetadilar. Mahmud Torobiy bu yig‘inlarda nutq so‘zlab dastlab o‘ziga munosib o‘rin topadi va xalqning yovga qarshi g‘azabini qo‘zg‘ata oldi. U xalq boshiga tushgan barcha voqea, jarayonlarning guvohi edi.
Atomalik Juvayniy so‘zlariga ko‘ra, Torobiyning asosiy maqsadi chingiziylar hukumatini ag‘darib, Buxoro hamda Turonning boshqa yerlaridan bosqinchi mo‘g‘ullarni haydab yuborish bo‘lgan. Mahmud Torobiy islom qonunlariga zidligi yaqqol ko‘rinib turgan ko‘chmanchi xalqlar qonuni “Yaso”dan xabardor bo‘lgan hamda o‘sha “qonun”larga va ko‘chmanchi mo‘g‘ullarga qarshi chiqishga xalqni undagan – qo‘zg‘olondan bosh maqsad ham shu bo‘lgan. Shu g‘oya ostida birlashgan musulmonlar unga yordam beradilar.
Qo‘zg‘olonda Mahmud Torobiyning tarafdorlaridan biri uning singlisi edi. Mahmud Torobiyning yaqinlari va tarafdorlari orasida u mard, yangilikka intiluvchan, zukko va tafakkurli inson sifatida boshqalardan ajralib turardi. Qo‘zg‘olonda ayolning yordami va hamkorligi tarixchilar nazaridan uzoq bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning ismi tilga olinmagan. Shuningdek, qo‘zg‘olonda Torobiyga ukalari Ali va Muhammad ham yelkadoshlik qilgan, mo‘g‘ullarga qarshi qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatda ularning xizmati katta bo‘lgan.
Juvayniy mo‘g‘ullar saroyida xizmat qilgani tufayli Torobiyning qo‘zg‘olon boshlaganini qoralaydi. Asl haqiqat esa Mahmud Torobiy va ukalari (Ali va Muhammad)ning hayotda mard va botir bo‘lganini ko‘rsatadi. Shunday qilib, qo‘zg‘olonchilarning asosiy shaxslari Mahmud Torobiy, uning singlisi va ikki ukasi bo‘lgan.
Qo‘zg‘olonning kengayishida samarali o‘rin tutgan nufuzli shaxslardan yana biri Buxoroda o‘zining bilimi, nasl-nasabi bilan obro‘ qozongan tasavvuf vakillaridan biri, islom huquqi bo‘yicha olim – faqih Shayx Shamsiddin Mahbubiydir. U otasi Mahmuddan “Torobdan xalq xaloskori chiqmoqda va u butun shaharni ozod qiladi” degan gapni eshitgan va ko‘maklashish uchun uning oldiga keladi. Mahbubiy din va musulmonlar homiysi ham edi. U islom dini vakili sifatida Mahmud Torobiyni nafaqat oqlab, uning qo‘zg‘olonini to‘g‘ri va harakatlarini xalq uchun manfaatli deb biladi. Shayx Shamsiddin Mahbubiyning xalq orasida hurmati, obro‘si katta edi. Uning Mahmud Torobiy bilan hamkorligi tasodifiy emas, balki bu do‘stlik va o‘zaro munosabatlarning vujudga kelishi, shayx nazarida, islom dinini himoya qilish uchun zarurat edi.
Shundan so‘ng qo‘zg‘olon boshlig‘ining xalq oldida obro‘-e’tibori va mavqei ortib, shayxning qo‘llab-quvvatlashidan so‘ng o‘z o‘ylaganlarini haqiqiy ozodlik kurashiga aylantira boshlaydi. Qo‘zg‘olon kundan kunga keng tarqalib, Mahmud Torobiy va boshqa rahbarlar kun sayin mashhur bo‘lib boraverdi.
Shaharning o‘sha davrdagi nazoratchisi – dorug‘alar, soliq yig‘uvchilari, ya’ni bosqoqlari Mahmud Torobiy qo‘zg‘olonini dastlab kuzatib borganlar. Keyinroq, Torob tomon harakat qilishdan oldin bir guruh askarlarini Saripuli yaqinida qoldirib, Mahmud Torobiyning yo‘lini to‘sgan.
Mahmud Torobiy Buxoro zodagonlarining harakatidan xabardor bo‘lgach, Saripulga boradi. U yerga yetib borgach, Buxoro dorug‘a (tamsho)si asli xitoylik Yuley Min Sugoga: “Yomon o‘ylardan qayt, bo‘lmasa, shu olamni ko‘rayotgan ko‘zlaringni odamizot qo‘lisiz sug‘urib olajakman!”, deydi. Qo‘zg‘olon boshlig‘ining bu so‘zlari mo‘g‘ul askarlari, dorug‘a hamda ulug‘ zotlarning qalbiga qo‘rquv soladi, Mahmud Torobiy va uning safdoshlariga hech qanday zarar yetkazmaydilar. Shundan so‘ng Torobiy Buxoroga kirib keladi, buxoroliklar uni shod kutib oladi. Mahmud Torobiy Sulton Muhammad Xorazmshoh saroyini emas, “Malik Sanjar” saroyini tanlab, o‘sha yerga o‘rnashadi. Aytish kerakki, Malik Sanjar ham xuddi Mahmud Torobiy kabi Turonni o‘tmishda bosib olgan qoraxitoylarga qarshi xalq ichidan chiqqan, hunarmad – qalqon yasovchi kishi bo‘lgan, u roppa-rossa o‘ttiz ikki yil avval nohaqlik va zulmga qarshi bosh ko‘targan edi.
Torobiyning Malik Sanjar saroyiga o‘rnashganidan shahar zodagonlari va rahnamolari go‘yoki xursand, lekin qulay fursat bo‘lganda uni o‘ldirish niyatida edi. Tarafdorlari Mahmud Torobiyning yakka o‘zini qoldirmagan. Bozordan o‘tar chog‘ida uni har tomondan olomon qurshab olgan ediki, Atomalik Juvayniyning aytishicha, u yerdagi holat “mushuk ham o‘ta olmaydigan darajada” edi. Shahar dorug‘a va zodagonlari Mahmud Torobiyning xalq orasida obro‘-e’tiboridan hadiksirab, uni yo‘q qilish maqsadida maxsus bir guruh tuzishga kelishib oladilar. Biroq bir josus bu xabarni Mahmud Torobiyga yetkazadi va shahar dorug‘asining niyatidan xabardor qiladi. Bu xabarni eshitgach u shahardan tashqariga chiqib cho‘lga Abu Hafz tepaligi tomonga yo‘l oladi. Buxoro ahli ham shu yerga, uning atrofiga to‘planishadi. Yollanma askarlar Mahmud Torobiyga zarar yetkaza olmaydi.
Mahmud Torobiy xalqni bosh ko‘tarishga, g‘animni bu yerdan tezroq daf etishga undaydi. U urushni “jihod” va “g‘azo” deb ataydi. Ko‘rinib turibdiki, mo‘g‘ullarga qarshi jihod e’lon qilish Shayx Shamsiddin Mahbubiy fatvosisiz amalga oshirilmagan. Uning so‘zlari xalqning qalbi va ruhida shunday taassurot qoldirdiki, ular qo‘llarida bor narsa: tayoq, bolta va qilich bilan qo‘zg‘olon boshlig‘i va uning yordamchilari atrofida to‘plandi, tevarak-atrofdan kelgan barcha qurollangan odamlar Buxoro tomonga yuzlandilar. Olomon shaharga kirgach dorug‘a, lashkar, sadr hamda zodagonlarning ularga qarshi hujum qilishga kuchlari qolmagan edi. Xalq harakati namoyandalari katta kuch bilan mo‘g‘ul bosqinchilari va ular xizmatiga o‘tgan ma’murlarni o‘ldirib, mol-mulkini beva-bechoralarga taqsimlab berishgan.
Buxoro egallangandan so‘ng Mahmud boy va bilimli kishilarni huzuriga chaqiradi. Ular ichida “sadri jahoni Buxoro” unvonidagi shaxs ham bo‘lgan. Shayx Shamsiddin Mahbubiyga “sadri jahon” unvoni beriladi va shahar zodagonlarining bo‘ysunishdan boshqa ilojlari qolmaydi. Sadrlar boshlig‘i Burhoniddin jome’ masjidi va xalq oldida Mahmud Torobiy ismini xutbada o‘qiydi. Mo‘g‘ullar bir muddat shahardan quvib yuboriladi. Mahmud Torobiy Shayx Shamsiddin Mahbubiyning ko‘magida siyosiy hokimiyat bilan birga diniy hokimiyatdan ham foydalangan. Mahmud Torobiy Buxoroda o‘n to‘rt kun hukmronlik qiladi.
Mahmud Torobiy o‘ziga yarasha qo‘shin tuzadi. Qisqa vaqt ichida uning qo‘shinlari harbiy qurollar bilan ta’minlanadi. Boy hamda puldorlardan gilam, kigiz va boshqa zarur narsalarni olish, Buxoro shahri tashqarisida harbiy qarorgoh qurishni buyuradi. Sardorlar buyruqqa bo‘ysunadi. Hatto ozodlik kurashchilariga sherozlik savdogar to‘rt xarvor (1200 kg) shamshir yetkazib beradi. Shahar tashqarisida harbiy o‘rda paydo bo‘ladi.
Yuqorida aytilganidek, bir guruh buxorolik zodagonlar qo‘zg‘olonchilarning harakatini ko‘rib qochib ketishadi. Torobiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonni tezroq bostirish, uni hokimiyatdan tushirishga ahd qiladilar. Shu niyatda Torobiyning jazosidan qochib qutilgan yuqori tabaqa vakillari Karmanaga borib, mo‘g‘ullar bilan birgalikda harbiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar.
Mahmud Torobiy va uning atrofidagilar qo‘shin kelganidan xabar topadi, xalqni mo‘g‘ullarga qarshi jangga tayyorlaydi. Karmanada ular bir-biriga elchilar yuboradi. Mahmud Torobiy qo‘mondonligidagi buxoroliklarni ko‘rgan “no‘yonlar” boshchiligidagi mo‘g‘ul askarlari xalqning shijoatidan qo‘rqib, bir muddat hujum qilishga jazm eta olmaydilar.
Nihoyat, ikkala qo‘shin ham hujumga kirishadi. Kurash boshlangan paytda xalq harakati yetakchilari safning boshida turishadi. Mahmud Torobiy urush chog‘ida mo‘g‘ullar tomonidan otib o‘ldiriladi. Shayx Shamsiddin Mahbubiy ham jang maydonida halok bo‘ladi.
Qo‘zg‘olon ko‘targan dehqonlar bolta va xaskashlar bilan jangga kirib, amaldor va yuqori tabaqadagi kishilarni asir olib, ko‘plab mo‘g‘ul jangchilarini o‘ldirishgan.
Bu orada mo‘g‘ul qo‘shini Karmana tomon chekina boshlaydi. Buxoro askarlari ularning qochayotganini ko‘rgach, ta’qib qiladi. Qo‘lga tushgan mo‘g‘ul askarlarini o‘ldiradilar. Bu ta’qib Karmana yaqiniga qadar davom etadi. Karmana jangida Mahmud Torobiyning singlisi ham bo‘lgan, u ham jangda akasi kabi halok bo‘lgan.
Bu jang Turon xalqlarining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi birinchi keng ko‘lamli qo‘zg‘oloni hisoblanadi. Mo‘g‘ul qo‘shini hech qachon turonliklardan bunday mardlik va matonatni kutmagan edi.
Buxoro askarlari bu jangda jasorat va shijoat, umuman olganda haqiqiy fidoyilik ko‘rsatib, o‘zlarining oddiy “jangovar” qurollari bilan urushga shay bo‘lib, yaxshi qurollangan mo‘g‘ullarga qarshi harbiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Buxoroliklar g‘alaba qozongan bo‘lsalar-da, o‘zlarining munosib sarkardalari va boshliqlari Mahmud Torobiy hamda Shayx Shamsiddin Mahbubiyning jasadlarini topa olishmagach, Buxoroga qaytdilar. Mahmud Torobiyning yaqinlari va do‘stlari uni yer yuzining avliyo va solihi deb atab, xalqqa murojaat qilib: “xojamiz g‘oyib bo‘ldilar” va bir kun o‘z do‘st-u birodarlari, el-yurti orasida paydo bo‘lib, duolari bilan odamlarni balo va baxtsizliklardan qutqaradi”, deb ishona boshladilar. G‘oyib bo‘lgan xoja paydo bo‘lgunga qadar xalq uning ukalari Muhammad va Alini o‘zlariga boshliq qilib tayinladi. Shunday qilib aka-uka Muhammad va Ali Mahmud Torobiy qo‘zg‘olonining boshchilari bo‘ladi.
Afsuski, xalqqa Xo‘janddan mo‘g‘ul qo‘shini yetib kelgani haqida xabar yetib keladi. Turonni boshqarayotgan mo‘g‘ullar xoni Chig‘atoy hamda Mahmud Yalavoch buyrug‘i bilan Mahmud Torobiy qo‘zg‘olonini bostirish uchun jangovar mo‘g‘ul amirlari – Eldiz no‘yon va Chaqin qo‘rchi katta qo‘shin bilan Buxoro tomon otlanadi.
Mo‘g‘ul qo‘shinining yo‘lga chiqqani to‘g‘risidagi xabar Buxoro ahliga yetib borgach, ular o‘z qo‘shinlari bilan cho‘l tomon yo‘l olib, mo‘g‘ullarni kutib olish harakatiga tushadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ikki qo‘shin o‘rtasida urush boshlanadi. Aka-uka Muhammad va Alilar bu jangning boshidayoq dushman o‘qidan halok bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, ozodlik kurashchilari mo‘g‘ul askarlari bilan ertasi kuni ham jang olib borishgan. Biroq oxir-oqibat mo‘g‘ullar g‘alaba qozonadi. Juvayniyning ta’kidlashicha, “kamida yigirma ming kishi halok bo‘lgan”.
Darhaqiqat, Mahmud Torobiy qo‘zg‘olonidan so‘ng Mo‘g‘ul davlatining siyosiy hayoti va tuzilishida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Bu qo‘zg‘olon o‘sha davrdagi mo‘g‘ullarning xoqoni Chingizxonning uchinchi o‘g‘li O‘qtoyning Turonga nisbatan siyosatini o‘zgartirishiga sabab bo‘ladi.
Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni mag‘lubiyatga uchrasa ham, u izsiz ketmagan. Mo‘g‘ul ma’murlari endilikda turonliklar bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lib, o‘lpon va soliqlarni kamaytirish, turli o‘zboshimchaliklarga chek qo‘yishga harakat qilgan. Chig‘atoy ulusini mo‘g‘ul xoqonlari nomidan boshqargan Mahmud Yalavoch va uning o‘g‘li Mas’ud Yalavoch bu paytda ham xoqonlar manfaatini ko‘zlaydigan, ham Turon xalqiga nisbatan ehtiyotkorona siyosat yuritgan.
Gulmira OCHILOVA,
Tarix instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q