
Nozim Hikmat “Inson manzaralari” dostonini 1941-yili Bursa qamoqxonasida yoza boshlagan. Doston obrazlarining yaratilish va tanlanish tarixi haqida shoir shunday deydi: “Bundan avval “Taniqli kishilar qomusi” ustida ishlayotgandim. Mening qomusimga mashhur generallar, sultonlar, sanʼatkorlar, bilimdonlar, husn qirolichalari, qotillar, milliarderlar emas, shuhrati fabrika va mahalla devorlari oshib chetga chiqmagan ishchilar, dehqonlar, hunarmandlar kirar edi. Shu vaqt nemis fashizmi Sovet ittifoqiga bostirib keldi. Men XX asr tarixini yozishga qaror qildim. Turli millat, turli tabaqa vakillari hayotini aks ettirish kerak deb oʻyladim”. Chindan asarda arman, yahudiy, turk, nemis, rus, ozarboyjon, fransuz, hind kabi koʻplab millat vakillari obraz sifatida tanlab olingan. Asarda har bir obrazning oʻrni bor. Bir martagina tilga olingan ism ortidagi odamga-da urush qay darajada taʼsir etganining guvohi boʻlamiz. Masalan, sakaryalik Shokir qornidan oʻn paqir suv olingan jigar sirrozi bilan ogʻrigan odam. Uning armoni nima, bilasizmi:
Naqadar dahshat erir bu hasrat –
Yumshoq kravatda oʻlmak armoni.
Afsuski, yumshoq kravat ungamas boshqalarga nasib etadi va bu shoir tilidan ijtimoiy muammolar aksi boʻlib jaranglab chiqadi:
Meni kasalxonada qoldir, doktor begim, dedim,
Davlat uchun necha jang-u jadallarda qon toʻkdim.
Yumshoq kravatda oʻlsam nima boʻpti, dedim.
Tinglamadi doktor.
Har holda yumshoq kravatga boshqani yotqizdilar – dunyodan umidin uzmaganlarni.
Ha, asarning har bir qahramoni zamonning umidsiz aksi edi.
- Usta, gʻaroyib oʻylarni oʻylaysanmi hali ham?
- Oʻylayman, bolam, oʻylayman hamon.
- Yashavor, ey usta, lekin yolgʻiz oʻylaring bilan
tuzata olmaysan dunyoni.
Bunda oʻy-xayollar bilan tuzatib boʻlmaydigan majruh dunyo qolgandi xolos. Turkiyada Ikkinchi jahon urushi tahlikasi. Ochlik hukmron asr. Qarang, Nozim Hikmat ochlikni qanday toʻydiradi:
Oʻlim xudoning amridir,
Ochlik boʻlmasa albat.
Mamadcha, Mamad
Mamadcha, Mamad.
Yiqqan arpalari bir hovuch faqat
Aygʻir tezagida yoʻqdir marhamat.
Asarda urushdan qochgan qahramon – Basrining butun hayotiga sherik boʻlgan qoʻrquv birorta yigitni ham chetlab oʻtmagandi. Boridan ayrilganlargina bu qoʻrquvni yenggan edi. Ular oʻlimni kutganlar edi. “Oʻlimni kutganlarning barchasi jasur”, — deydi Nozim Hikmat.
Shoirning bashariyat haqidagi ogʻriqlari har bir satrga joylanadi:
Baʼzan qalam dushmanligi jarohatlar
mauzer dushmanligidan ortiqroq.
“Inson manzaralari” – yelkalarga ortilgan XX asr edi. Turkiya yoinki butun musulmon oʻlkalarida din va dunyoviylik ustida tinimsiz masalalar chuvalashib yotardi. Diniy davlatchilik insonlarni jaholat botqogʻiga oʻz maqsadi yoʻlida botirib boʻlgan, jamiyat ikki toifa – qadimchilar va yangilar boʻlingandi. Butun dunyoni ana shu ikki kuch boshqarish bilan birga abgor qilayotgan ham edi.
Zamin notinchligi, inson hayotining hechligi, yashashdan ilinj qolmagani – barcha-barchasi oʻlimga olib boradi. Bu zamonda qolish uchunmas, oʻlish uchun sabablar koʻp. Nozim Hikmat ana shu ijtimoiy-maishiy sabablarning ildizini kovlashni istaydi. Dostonning birinchi qismi vagondan tushib ketgan yoki joniga qasd qilgan ellik yashar odamning oʻlimi bilan tugaydi. Soʻnggi kitob esa chaqaloq dunyoga kelishi bilan yakunlanadi. Shu tarzda bu talotumli dunyo urush davrida oʻlim quchogʻida boʻlsa-da, hali yangidan tugʻilishiga umid bogʻlanadi.
Asarning dastlabki ikki kitobida voqealar, obrazlar hayoti yangilangan sari undan bunga koʻchib oʻtaveradi. Ammo barchasini bogʻlab turgan joy bitta – poyezd. Barcha taqdirlar poyezdda toʻqnashadi. Barcha taqdirlar qismatini shu yerda eslaydi, yaralarini yangilaydi. Poyezd – davr timsoli. Urush davri esa odamlarni bir silkitib qoʻygan edi. Bunda kim nafs quli boʻlgan, kim halol, kim yetim, kim toʻkis. Jamiyat holati insonlarning koʻzlarida, koʻrganlarida aks etadi.
Asarda peyzaj yelkasiga ham anglamli yuklar ortilgan. Birgina oqshom taʼrifining oʻzida butun olam ruhiyati aks etadi. Oqshomda miltillashi kerak boʻlgan va yoqilmay qolgan chorasiz chiroq oʻz sohibining hurriyati ne chogʻliligini toʻlaqonli ifodalaydi:
Oqshom boʻldi, yoqolmadim chirogʻimni
Baland togʻlar qoraydi, kel,
Oqshom boʻldi kun botdi.
Oqshom boʻldi yana gʻarib boʻlganga.
Oqshom boʻldi, naylayin?
Oqshom boʻldi yana bosdi qarolar.
Asar chindan-da barcha mavzu va manzaralarni qamrab oladi. Musyo Dyuvalin obrazidagi fransuz savdogarining ishtiroki siyosiy aloqalarga ilashgan ipning bir uchi. Multmillioner Luar daryosi ustidagi saroyda joylashgan nemislarni sut mahsulotlari bilan taʼminlaydi. Bunday ishbilarmonlar uchun urushning ikki tomoni yoʻq. Faqat har ikkisidan-da foyda olishni koʻzlaydi. Masalan, ular haqida Nozim Hikmat baqqol Safar tilidan shunday deydi:
Pul bor – Alloh bor
Pul yoʻq– Alloh yoʻq...
Turkning paxta, sement va porox ishlab chiqarish sohasiga koʻz olaytirgan shirkat raisi Musyo Dyuval. Ayni urush davrida savdo sohasidagi bunday monopolistik tuzumlar oʻz xalqi oyogʻiga bolta urardilar. Endi savdo kemalari qochoqlarni tashiydi, askarlarni va qurollarni asraydi. Endi bu torpedolar minalar tashiydi. Ana shunday vaqtda ham vijdoni bilan qolganlar tasviri asarda kontrast hosil qiladi. Dushman kemalari va dolgʻalar taʼsirida kichik qayiq eshkagini eshgan Ismoil Anqaraga Kamol poshoning omonatini oʻziga topshirishni oʻylaydi, hech narsadan hayiqmaydi. Nozim Hikmat: “Omonat: ogʻir bir pulemyotdir” – deydi. Shamolga, dengiz xurujlariga qarshi borayotgan Ismoil jasoratini shoir urushda har narsadan ustun boʻlgan uchta predmet obrazga bogʻlab chizadi:
Faqat Ismoil
qoʻllariga inonar.
Bu qoʻllar
nonni
eshkakni
pulni
shunday ishonch bilan tutarlar.
Ammo dengiz Ismoilni yutdi. Shu bilan uning taqdiri ham qoʻlidagi omonati ham yoʻqlikka yuz tutdi. Ismoil voqeasi asar ichidagi doston. Dostonni oshpaz Mahmud Asherga garson Mustafo oʻqib berayotgan edi. Doston ichida oʻqilgan bunday kichik dostonlar orqali shoir oʻz qahramonlarining qanday tuygʻular ichida yashayotgani, fikrlashi va tanlagan asarlaridan kelib chiqib, qanday hayot tarzini bosib oʻtayotganini yanada kuchliroq ochib berishga harakat qiladi.
Asarda oʻquvchi eʼtiborini tortadigan yana bir jihati bor. Unda ayollar mavzusiga va obrazlariga katta ahamiyat berilmaganday koʻrinadi, chunki ularning barchasi juda kichik oʻrinli epizodlar sifatida gavdalanadi. Ammo Nozim Hikmat ana shu kichik epizodlarga katta gʻoyalarni singdirib ketadi. Yoʻlda aravada ketayotgan xotinlar tasviri mana:
Va xotinlar,
bizning xotinlarimiz:
dagʻal va tabarruk qoʻllari,
nafis, moʻjaz iyaklari,
katta koʻzlari ila
onamiz, umr yoʻldoshimiz, yorimiz
va goʻyo hech yashamasdan oʻlgan
va dasturxonimizdagi oʻrniga
hoʻkizimizdan keyin kelgan
va togʻlarga olib qochib koʻyida qamalib yotganimiz
va ekinda, tamakizorda, oʻtin kesuvda, bozorda
va ogʻillarda
yerga sanchilgan pichoqlarning yaltirashida
dirkillagan ogʻir boʻksalari va qoʻngʻiroqlari bilan bizniki boʻlgan xotinlar...
Maʼlumki XX asr oxirigacha ham turkiy mamlakatlarda ayollar erkaklar hukmronligidan ozodliklariga erishib, jamiyatda mavqega erishib ulgurmagandi. Tanasi bilan birga har qanday istaklari ham zoʻravonlikka uchragan. Bir hayvonchalik qadri boʻlmagan ayolni Nozim Hikmat asarning juda koʻp qismida jismoniy ehtiyojlarni qondiruvchi sifatida tasvirlaydi. Bu jamiyatdagi ayollar tanazzuli edi. Chindan, dasturxon boshida hatto boshqalar qatori sanalmagan inson oʻrni, oilada bir hoʻkizchalik koʻrilmaslik qanday ayanchli holat! Butun dunyoda mamlakatlar ozodlik uchun urush olib borayotgan bir paytda ayollar ozodligiga ne chogʻlik ahamiyat ham berilardi, deysizmi?! Ammo bu urush davridagina yuzaga kelgan ijtimoiy holat emas, afsuski. Dunyo va oʻzbek adabiyotida ayolga jinsiy ehtiyoj va nafsni qondiruvchi sifatida qaralishiga doir misollar talaygina.
Freydga koʻra, inson shaxsiyati uchta muhim komponentning oʻzaro taʼsiridan iborat. Bunda Id(identifikator) “zavq tamoyili” boʻlib, shaxs psixologiyasidagi ochlik, tashnalik, jinsiy qoniqish kabilarda faol boʻladi va ongsiz istaklar shaxsni boshqaradi. Bu insonning qon-qoniga singib ketgan. Uch komponentning qolgan ikkitasi: ego va superego esa bu ongsiz istaklarni yaʼni, IDni tartibga solib, axloqiy jihatdan chegaralab turadi. Ammo har qancha urinmaylik, uchlikda ego va superego keyinchalik hayotiy jarayonda hosil boʻladi. ID esa inson yaratilishi kabi ibtidoiydir. Urush va uning inson psixologiyasiga taʼsiri esa ayni uch komponentda oʻzgarishlar hosil qiladi. Qadimdan ham urushlar davrida erkak gegemonligi uchun muhim boʻlgan sabablardan biri – yer-mulk, boylik boʻlsa, ikkinchisi ayollardir. Urush tufayli shu ikki narsa koʻproq zarar koʻradi va qoʻldan-qoʻlga oʻtadi. Urush parchalagan jamiyatda ayollar jinsiy zoʻravonlikka boshqa davrlardagidan koʻra koʻproq uchraydi. Patriarxal tuzum hukmron bir vaziyatda urush erkaklar hokimiyatini yanada mustahkamlaydi va ularning IDlarini kuchaytiradi. Oʻziga boʻlgan ishonchni oshirish bir sabab boʻlsa, qoʻrquv va hayotda qolish yoki qolmaslik kelajagining nomaʼlumligi, ongsiz ongda kechadigan bu hodisalar unga qisqa muddatda koʻproq zavq olish tuygʻularini taklif qiladi. “Sotsiologik jihatdan ilmiy tadqiqotlarga koʻra, masalan, 1995-yildan keyingi Bosniya urushi asoratlarida ham erkakka xos zoʻravonliklarning kuchayishiga urushdan keyingi iqtisodiy sabablar: ochlik, kambagʻallik va ishsizlik yetakchi omil boʻlgan”(Ayol va urush. Sotsiologik analiz. Professorlar Bahor Taner va Zaynab Goʻkalp. “Istanbul universiteti ayollar ilmiy jurnali”, 2019). Bunday tashqi sabablar tufayli ishsiz, baxtsiz erkaklarda atrofidagi ayollarga nisbatan hirs oshadi. Erkak instinktlaridagi tabiiy egalik qilish hissi kuchayadi. Chorasizlik uni hamma narsadan mahrum qilayotgan bir paytda hech boʻlmaganda ayolga egalik qilish uning gʻururini toʻyintiradi.
Ijtimoiy jarayonni va inson psixologiyasini hisobga olgan holda Nozim Hikmatdagi ayol bilan bogʻliq realistik tasvirlar jamiyat yuziga oyna tutib, davrni bizga koʻrsatib beradi. Ogʻriqli hayot kechinmalari har obrazga jon baxshida etadi. Zotan barchasi yashalgan qismatlar. Zahro qiz yelkasiga orqalagan koʻzasi kabi katta maʼnoni tortib ketadi:
Bir qizcha chiqdi yerning ostidan,
Oʻzi chuvrindi, lekin kattakon koʻzani orqalab olgandi.
Qarab qoldi poyezdning ortidan.
Yumaloq burni-la iskadi havoni.
Kuldi.
Kuldirgichlar paydo boʻldi yonoqlarida.
Otasi yoʻq edi Zahro qizning
Ne uchun yoʻq edi?
Balki bir yoqlarga ketib kelmagandi qaytib.
Qaytib kelar ehtimol,
balki bugun peshin chogʻi chiqib kelar choʻlning qaʼridan.
Onasi ichkarida hanuz uyquda edi Zahro qizning.
Ammo “balki”si , “kim biladi”si yoʻq,
muhaqqaq
U qayta uygʻonmas ortiq.
Choyshabsiz, qora koʻrpa ostida
yotar yalangʻoch
u qayta uygʻonmas ortiq,
yayrab sakrayotgan burgalarning ichida,
tarashadek qotib,
uzundan-uzun.
Sahro uzra kulardi besh yashar Zahro qiz,
Oʻlikning qoʻynidan chiqqani holda
nima boʻlganini farqlay olmaydigan darajada
dunyodan bexabar
va dunyodan oʻta xabardor:
boʻyidan katta koʻzani koʻtaradigan,
poyezdning ortidan baxtiyor boqib
sahro havosini shimadigan va kuladigan darajada.
Bexabar qizcha dunyo timsoli. Bu dunyo oʻz koʻz oldida kechganlardan shunchalar xabarsiz va shunchalar xabardor. Zamon poyezd kabi parvosiz yelib ketaverdi, insoniyat esa Zahro kabi xabarsiz yetim.
Dostonning uchinchi kitobi kasalxonada bir chaqaloqning tugʻilishi bilan tugaydi:
Va Xalil eshitdi shu payt
dunyodagi eng yoqimli ovozni,
yangi tugʻilgan goʻdakning ilk zafar qoʻshigʻini...
Bu insoniyatning urushlar ustidan gʻalabasi va hayot yangi shakl bilan davom etishiga umid edi. Nozim Hikmat ayni shu manzaralarini ajoyib uslub va teran fikrlar, badiiy jihatdan mukammal til vositasida oʻquvchilariga yetkaza olgan. Kitob shoirning rafiqasi Xadichaga bagʻishlangan. Shoir uslubining shakllanishida asar yozilish vaqtida u oʻqib yurgan Yelizaveta davri ingliz shoirlari va Gogolning “Oʻlik jonlar” asarlarining taʼsiri katta boʻlgan. Tarixiy doston 1908-yildan 1941-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Obrazlarning prototiplari mavjud ekani esa asarga yana-da jon bagʻishlagan.
Ruxsora IMOMOVA,
BuxDU tayanch doktoranti
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q