![](/storage/articles/February2025/PMzY7dnjWPYo6tA6VgEY.png)
VIII asr boshlarida Arab xalifaligi qo‘shinlari Turonning asosiy shaharlarini egalladi. Xalifalik harbiy yurishlar davomida Turon xalqlarining harbiy mahorati va jang san’ati yuksak ekaniga guvoh bo‘lishdi. Turonliklarning harbiy mahoratiga arablar quyidagicha baho bergan: “Xorijiy bir o‘qni otguncha, turonlik o‘nta o‘qni nishoniga uradi”, “Turonlikning orqaga chekinishi o‘ldurguchi zahar kabidir, chunki oldinga qanday aniq mahorat bilan o‘q otsa, orqaga ham xuddi shunday o‘q ota oladi”. Shu sababli ham Arab xalifaligi Turonni bosib olish jarayonida bu yerdagi xalqlardan harbiy ishlarga va xalifalarni qo‘riqlash xizmatiga jalb qilishgan. VII asrning 80-yillarida Ubaydulloh ibn Ziyod tomonidan ikki ming kamonchini Buxorodan o‘zi bilan Basraga olib ketishidan boshlangan bu jarayon keyinchalik abbosiy sulolasi xalifalari Mamun (813–833) va Mutasim (833–842) davrida eng yuqori darajaga ko‘tarildi.
Arab xalifaligida harbiy xizmatga yollangan turonliklar Bag‘dodning markaziga, xalifa saroyi yaqiniga joylashitirilgan. Harbiy mahorati yuksak bo‘lgan turonlik jangchilar oddiy askarlikdan tortib qo‘mondon va vazir darajasigacha ko‘tarilgan. VIII–IX asrlarda Arab xalifaligida Muborak Turkiy, Afshin, Xoqon Urtuch, Vosif Bo‘g‘alar lashkarboshi, Xolid ibn Barmak, Fath ibn Xoqon Farg‘oniylar vazir darajasiga erishgan turonliklar bo‘lib, xalifalikda muhim mavqega ega bo‘lishgan.
Turon xalqlarining harbiy salohiyati va mahoratini ko‘rgan arablar bu haqda o‘zining asarlarida ham yozib qoldirgan. Hozircha, Turon xalqlarining harbiy mahorati bo‘yicha arab tilida yozilgan ilk asar Abu Usmon Amr ibn Bahr Johiz qalamiga mansub hisoblanadi. Johiz 777-yili tug‘ilgan. U xalifalik saroyiga 816-yilda xalifa Mamunning da’vati bilan kelgan. Johiz xalifalik saroyida Turondan kelgan askarlar va lashkarboshilar bilan yaqindan tanishadi, ularning harbiy mahoratiga shaxsan guvoh bo‘ladi. Johiz xalifa Mutasim davrida o‘zining turonlik harbiylarning mahoratiga oid “Fazoil al-atrok” (“Turkiy xalqlarning fazilatlari”) nomli risolasini yozgan. Shuningdek, Johiz tomonidan Turon xoqonlari avlodidan bo‘lgan Fath ibn Xoqonga atab “Manoqib jund al-xilafa” (“Xalifalik askarlarining maqtovga loyiq sifatlari”) risolasi ham yozilgan. Johizning mazkur ikki risolasi ham vazir Fath ibn Xoqonga taqdim etilgan.
Johizning “Fazoil al-atrok” (“Turkiy xalqlarning fazilatlari”) nomli asarida Turon xalqlarining harbiy mahoratiga doir quyidagi jihatlar tilga olinadi:
harbiy boshqaruv usuli;
qurol-yarog‘lari;
urush mahorati.
Kitobning avvalida muallif hech kimni ortiqcha maqtamaganini yoki hech bir xalqni yomonlash niyati bo‘lmaganini ochiq aytib, o‘zi guvohi bo‘lgan, davlat amaldorlaridan eshitgan ma’lumotlarni asarida keltirganini ta’kidlaydi.
“Fazoil al-atrok” risolasi xalifa Mamunning lashkarboshisi Humayd ibn Abdullohning turkiylar va xorijiylar borasida berilgan savolga javobi bilan boshlangan. Humaydning turkiylar haqida bildirgan fikrlari bizga VIII–IX asrlardagi Turon xalqlarining harbiy salohiyatini yaqqol namoyon etadi:
“Xorijiy bir o‘qni otguncha, turonlik o‘nta o‘qni nishoniga uradi”, – darhaqiqat Turkiston xalqlarining kamonchilik (nushshob) borasida mahoratlari ming yillar davomida boshqa xaqlarni hayron qoldirib kelgani ma’lum. Buning guvohi bo‘lgan arablar shu sababli ham o‘z qo‘shinlariga ikki ming buxorolik kamonchini qo‘shib olishgani manbalarda keltiriladi.
“Turonlikning orqaga chekinishi o‘ldurguchi zahar kabidir, chunki oldinga qanday aniq mahorat bilan o‘q otsa, orqaga ham xuddi shunday o‘q ota oladi”, – ko‘rinib turibdiki arablar Turkiston xalqlarining o‘qchilikda mohir ekanining bot-bot guvohi bo‘lishgan. Shu sababdan ham o‘sha davrda arablar orasida turonlikning to‘rtta ko‘zi bor, ikkisi boshining oldida, qolgan ikkitasi esa bo‘ynining oraqasida, degan gaplar bo‘lgan va buni Johiz risolasida keltirib o‘tadi.
Risolada turonlik harbiylarning qurol-yaroqlaridan nayza haqida shunday ma’lumot uchraydi: “Xorijiyning nayzasi uzun va ichi to‘ladir, turonlikning nayzasi esa qisqa va ichi bo‘sh bo‘lib, ichi bo‘sh va qisqa bo‘yli nayzalar juda qulay va jangda samarliroqdir”. Bundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Turonda VIII–IX asrlarda janglarda asosan qisqa bo‘yli, ichi bo‘sh nayzalardan foydalanilgan, bu askar uchun ancha qulay bo‘lgan, – Bag‘dod va Samarro kabi poytaxt shaharlarda ham shu turdagi nayzalardan foydalanilgan.
Johiz asarida Turkiston elatlarining botirligini bir jumla orqali madh etadi: “Arab qo‘shinlarining qalblarini turonliklar kabi qo‘rqitgan hech bir xalq yo‘q”. Darhaqiqat, xalifalik qo‘shinlari Turon hududini egallash uchun juda ko‘p qiyinchilikga uchragan: egallangan shaharlar qayta qo‘ldan chiqarilgan; ularga qarshi har bir shaharda qo‘zg‘alonlar alanga olgan.
Vatanni sevish harbiylar uchun eng kerakli xislat ekanini yozgan muallif ajam elatlardan vatanini eng ko‘p sevgan va sog‘ingan elat bu turkiylar ekanini qayd etadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hozircha Turon xalqlarining harbiy mahoratiga doir arab tilida yozilgan ilk asar “Fazoil al-atrok” (“Turkiy elatlarning fazilatlari”)da harbiy tariximizga oid bir qator muhim ma’lumotlar o‘rin olgan. Ularni o‘rganish bizga o‘rta asrlarda Turonda harbiy ish qanday yo‘lga qo‘yilagani va Turon xaqlarining harbiy mahorati, botirligi haqida tasavvur beradi.
Javohir AZIMQULOV,
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Tarix
Mafkura
San’at
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q