![](/storage/articles/February2025/PMzY7dnjWPYo6tA6VgEY.png)
No‘g‘aylar – turkiy xalq. Tili – turkiy tilning qipchoq lahjasi. Dini – islom, sunniy oqimning hanafiya mazhabida. No‘g‘aylar turkiy ellar tarqalgan hamma joyda bor. Ular asosan Kavkaz, Volgabo‘yi hududlari va Markaziy Osiyoning shimoli-g‘arbida yashaydi. Turkiyada yuz ming nafardan ortiq no‘g‘ay bor. Ularning ko‘pchiligi 1917-yilgi inqilobdan so‘ng va Ikkinchi jahon urushi davrida qochib borganlar avlodi. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ruminiya, Bolgariya davlatlarida ham no‘g‘ay diasporasi bor. Xususan, O‘zbekistonda 200 ta no‘g‘ay yashashi qayd etilgan. Hozirgi kunda dunyoda no‘g‘aylar soni 300 000 nafardan ko‘p. Qizig‘i, bu hisoblarda faqat pasportiga no‘g‘ay yozilgan odamlar qayd etilgan. Qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoqlar orasida ham no‘g‘ay urug‘lari mavjud, ularning kelib chiqishi No‘g‘ay o‘rdasi va no‘g‘ay millati bilan bog‘liq.
No‘g‘ay o‘rdasi tarixidan ayrim lavhalar
No‘g‘aylarning etnik shakllanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri No‘g‘ay o‘rdasi bilan bog‘liq. O‘rda tarixini o‘rganmasdan no‘g‘aylar haqida yozish noto‘g‘ri. No‘g‘ay millati Chingizxon avlodidan Tatarning o‘g‘li – Isu No‘g‘ayxondan tarqalgan. U XIII asrda Oltin O‘rdada beklarbegi bo‘lgan. Berkexon davrida Kavkaz, Eron, Vizantiya, Bolqon va Rusni bo‘ysundirishda faol qatnashgan. Vizantiya hukmdori Mixail VIII Paleologning qiziga uylangach, unga Dnestr va Dunay daryolari oralig‘idagi yerlar suyurg‘ol qilib beriladi. Shundan so‘ng bu yerlarning xalqi no‘g‘ay ulusi deb atala boshlaydi[1]. Ammo no‘g‘aylar yeri alohida davlat emas, Oltin O‘rdaning eng g‘arbiy mulki edi.
No‘g‘ayxon XIII asrning ikkinchi yarmida Oltin O‘rdada yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy tortishuvlar, ichki urushlarda faol qatnashadi. 1299-yilda esa To‘xtaxon tomonidan o‘ldiriladi. Shundan so‘ng uning ulusi tanazzulga yuz tutadi. Biroq no‘g‘ay nomi saqlanib qoladi.
Oradan yuz yil o‘tgach, ya’ni XIV asr oxiri va XV asrning boshlarida Oltin O‘rda ham tanazzulga yuz tutadi. Mamlakat bir nechta xonliklarga bo‘linib ketadi. O‘rdada tumanboshi bo‘lgan Edigey bundan unumli foydalanib, Edil (Volga) va Yoyiq (Ural) daryolari oralig‘ida Mang‘it yurt, ya’ni No‘g‘ay xonligini tuzadi.
Edigey bilan Amir Temurning o‘xshash tomoni ko‘p edi. Ikkisi ham botir, aqlli va omadli bo‘lsa-da, xon unvoniga ega bo‘lmagani uchun taxtga o‘tirish huquqi bo‘lmagan. Chingizxon avlodlariga uylangani bois ikkisi ham keyinchalik xon unvonini olsa bo‘lardi. Ammo ulardan biri Ko‘ragon unvoni bilan taxtga o‘tiradi va rutbasini amir deb belgilaydi. Edigey ham eng xavfli raqibi To‘xamishxonning o‘g‘illari Karimberdini 1413-yilda, Kepakxonni 1414-yilda mag‘lub etgach, o‘zini amir deb e’lon qiladi. Ammo taxtga o‘tirishga iloji yetmaydi.
Shu tariqa Oltin O‘rdada Edigey va mang‘it urug‘ining nufuzi oshib, ko‘plab turkiy urug‘lar No‘g‘ay o‘rdasi tarkibiga kira boshlaydi. Kavkaz, Qirim, Edil va Yoyiqning orasi, Kaspiy dengizining shimoliy qismi to‘liq Edigeyga ergashadi va ular o‘zlarini no‘g‘ay deb atay boshlaydi. Keyinchalik no‘g‘aylarning mulki kengayib, G‘arbiy Sibir pasttekisliklari sari kengayadi. 1419-yilda Edigey vafot etgach, Oltin O‘rda parchalanib ketadi. 1420-yilda Sibir xonligi ajralib chiqadi. 1428-yilda hozirgi shimoliy O‘zbekiston, Qozog‘iston hududlarida O‘zbek xonligi, 1938-yilda Bulg‘or ulusi hududida Qozon xonligi, 1441-yilda Qirim xonligi mustaqil bo‘ladi. Shular qatorida 1940-yilda No‘g‘ay xonligi ham mustaqil bo‘lib, dunyo xaritasida “no‘g‘ay el” nomi paydo bo‘ladi.
No‘g‘ay etnosining shakllanishi
tr |
No‘g‘ay urug‘lari |
O‘zbek urug‘lari |
t/r |
No‘g‘ay urug‘lari |
O‘zbek urug‘lari |
1. |
As |
- |
2. |
Qiyat |
Qiyot |
3. |
Aksyuryut |
- |
4. |
Kula-Ayan |
Gulegen |
5. |
Alchin |
Olchin |
6. |
Qung‘rat |
Qo‘ng‘irot |
7. |
Ashamayli |
Achamayli |
8. |
Majar |
Major |
9. |
Altayaq |
- |
10. |
Mang‘it |
Mang‘it |
11. |
Baday |
Baday[2] |
12. |
Mashqir |
|
13. |
Bayis |
- |
14. |
Merkit |
Merkit |
15. |
Bayuli |
- |
16. |
Mesit |
Mechet |
17. |
Batar |
- |
18. |
Ming |
Ming |
19. |
Bayaut |
Boyovut |
20. |
Nayman |
Nayman |
21. |
Bodrak |
Bo‘yrak |
22. |
Nukus |
Nukus |
23. |
Borlak |
Bo‘rloq |
24. |
Ongut |
O‘nggut |
25. |
Bulachi |
Bo‘zaji |
26. |
Saray |
Saroy |
27. |
Burkut |
Burqut |
28. |
Sidjiut |
Saljovut |
29. |
Butas |
Batash |
30. |
Solut |
- |
31. |
Jalair |
Jaloyir |
32. |
Tama |
Tomo |
33. |
Juyut |
Juyut |
34. |
Temir-Xodja |
- |
35. |
Duvan |
- |
36. |
Tog‘ay |
- |
37. |
Durmen |
Do‘rmon |
38. |
Tog‘unchi |
- |
39. |
Qazaq |
Qozoq |
40. |
Toytyube |
- |
41. |
Qangli |
Qang‘li |
42. |
Turksen, Turchak |
Turkman |
43. |
Qara-Qitay |
Qoraxitoy |
44. |
O‘zbek |
- |
45. |
Kat |
- |
46. |
O‘ymaut |
O‘ymavut |
47. |
Qatag‘an |
Qatag‘on |
48. |
Uysun |
Uysun |
49. |
Kelechi |
Kilechi |
50. |
Chaldjiut |
- |
51. |
Keneges |
Kenagas |
52. |
Chat |
- |
53. |
Kenegey |
- |
54. |
Chubalachi |
Chuvalachi |
55. |
Keneterk |
- |
56. |
Chumishli |
Cho‘michli |
57. |
Kereit |
Kerayit |
58. |
Shakmanchi |
- |
59. |
Kigit |
- |
60. |
Shemerden |
- |
61. |
Qipchaq |
Qipchoq |
62. |
Yuz |
Yuz |
63. |
Qirg‘iz |
Qirg‘iz |
64. |
Qulachi |
- |
65. |
Qirg‘in |
- |
66. |
Teleu |
Tilov |
67. |
Qirq |
Qirq |
68. |
Uygur |
- |
69. |
Qitay |
Qatay (Xitoy) |
70. |
Chimbay[3] |
Chimboy |
71. |
Qishliq |
Qishliq |
72. |
|
No‘g‘ay[4] |
Hozirgi no‘g‘ay xalqi Edigeyxon davridagi No‘g‘ay o‘rdasi davrida shakllanadi. 1440-yilda Saroychiq shahri boshkenti bo‘lgan o‘rda tarkibiga yetmish bitta urug‘ kirgan. Bundan ko‘rnadiki, no‘g‘aylar ham xuddi o‘zbeklar kabi konglomerat sifatida shakllangan. Bu urug‘larning aksariyati o‘zbek urug‘lari bilan mos keladi.
XIV asrdan boshlab o‘rdadagi madaniy muhit doirasida no‘g‘aylar millat sifatida ko‘zga tashlana boshlaydi. Boshqa turkiy tillardan biroz farqlanuvchi tili, adabiyoti, san’ati va madaniyati shakllanadi.
Xuddi o‘zbeklar kabi “no‘g‘ay el”ning shakllanishida ham juda ko‘p etnoslar ishtirok etgan. Aniqroq aytsak, no‘g‘aylar – qurama el. Shu bois ularni yuz qiyofasiga qarab ajratib olish qiyin. Yevropoid irqining kavkaz tipiga oidlari shimoli g‘arbda, osiyoliklarga o‘xshashi sharqiy hududlarda, Stavropol o‘lkasi va Kavkazning cho‘l va tog‘larida istiqomat qiladi.
XIV asrdan to‘liq shakllangan no‘g‘aylar keyinchalik rus, venger, o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq va Kavkazdagi turkiylarning qayta shakllanishida ishtirok etgan. Jumladan, Rus knyazlari orasida katta nufuzga ega bo‘lgan Yusupovlar, Urusovlar, Bayterekovlar, Kutumovlar sulolalarining kelib chiqishi no‘g‘ay beklariga borib taqaladi. Ular keyinchalik knyaz unvoniga ega chiqqan. Qozoq millatiga mansub no‘g‘aylar o‘rta juz tarkibiga kiradi. O‘zbek urug‘lari tarkibidagi no‘g‘aylar va mang‘itlarning kelib chiqishi ham aynan No‘g‘ay o‘rdasidan boshlanadi.
XVI asrda o‘rdaning amaldagi hukmroni Ismoilbey tobora kuchayib borayotgan Rus podsholigidan cho‘chib, Ivan Grozniyning talabiga ko‘ra vassallikni qabul qiladi. Natijada no‘g‘aylar ikki – Katta o‘rda va Kichik o‘rdaga bo‘linib ketadi. Kichik o‘rda Azov dengizi va Quban daryosi vodiylarida shakllanadi[5]. Katta o‘rda esa hozirgi Astraxan, Volgograd, Saratov va Samara viloyatlari hamda g‘arbiy Qozog‘istondagi Oqto‘ba va Atirau viloyatlari hududida shakllanadi[6]. Kichik o‘rda aholisi keyinchalik qirimlar va boshqa Yevropa xalqlarining, Katta o‘rda aholisi esa Sibir va Markaziy Osiyo xalqlarining shakllanishida va tarkib topishida qatnashadi.
Turmush tarzi
No‘g‘aylar azaldan chorvador bo‘lgan. Turmush tarzida nomadik[7] unsurlar ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Chorvador no‘g‘aylar asosan o‘tovlarda yashagan. No‘g‘aylarning Yevroosiyo bo‘ylab tarqalish areali keng bo‘lgani uchun o‘tovlari ham xilma-xil. Ular uch xil o‘tovdan foydalangan:
1. Terma. Bu o‘tovlar ko‘chish paytida yig‘ib olish yoki qaytadan terib hozirlash uchun qulay bo‘lgan. Shuning uchun terma uy deyilgan. Terma hamma turkiylar foydalanadigan yig‘ma o‘tovdir.
2. O‘tov. O‘tovlarning asosiy xususiyati boshqa o‘tovlarga nisbatan yengilligi va ixchamligida. Ularni ko‘chish paytida hech qiyinchiliksiz aravaga solib, ko‘chib ketish mumkin. Bu nom shuni anglatadiki, ilmiy tilda “yurta” nomi bilan ataladigan uylarni turkiy xalqlar ichida faqat o‘zbeklar va no‘g‘aylargina o‘tov deb atashadi.
3. Uy. Uylar yangi uylangan kelin-kuyovlar uchun qurilgan va chiroyli qilib bezatilgan. Bunday uylardan foydalanish odamlar zamonaviy uylarga o‘ta boshlagandan keyin urf bo‘lgan.
Yevropa hududidagi no‘g‘ay o‘tovlari keragasining balandligi bilan ajralib turadi. Ular sharq o‘tovlariga nisbatan chiroyliroq bo‘lgan va ichkarisi ham yevropacha naqshlar bilan bezatilgan. O‘tovlar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar tepasiga urug‘ining tamg‘asi qo‘yilgan.
No‘g‘aylar turkiy ellar orasida “ko‘chma o‘tov masjid”dan foydalangan yagona xalq bo‘lishi mumkin. Ular maxsus mehrobli o‘tov-masjidlar yasab, yaylovlarda jamoat namozini o‘qigan. O‘tov-masjidlar hajmi kattaroq, yozda usti ochib qo‘yilgan. Imomlar doim ular bilan birga ko‘chib yurgan. Bunday o‘tovlarning imomlarini jamoat nafaqa bilan ta’minlagan.
Hunarmandchilik keng rivojlangan. Gilam to‘qish, kigiz bosish, turli kiyimlar tikish, ayniqsa ot anjomlari yasashda no‘g‘aylar usta bo‘lishgan. No‘g‘aylar yasagan egarlar, qamchilar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevropada ham mashhur bo‘lgan. Ruslarning qamchini “nagayka” deb atashi shundan. “Nagayka” aslida no‘g‘oyi degani.
No‘g‘ay gilamlari o‘zining naqshlari bilan ajralib turadi. No‘g‘aylar naqshni o‘yma deb ataydi. O‘ymalar orasida “qoshqar muyiz” – qo‘chqor shox motivi juda ko‘p ishlatilgan. Shuningdek, “tue moyin” – tuya bo‘yin, “tue o‘rkesh” – tuya o‘rkach, “qoyan qulaq” – quyon quloq, “buzav tis” – buzoq tishi, “qulin qulaq”, “qaz ayaq” – g‘oz oyog‘i, “baqa ko‘z”, “taviq tirnaq”, “at tuyaq”, “bo‘ri ko‘z”, “qiysiq ayaq” – qiyshiq oyoq, “itquyriq” – it dumi, “qoraz” – xo‘roz, “shibin qanat” – chivin qanoti, “misiq iz” – mushuk izi kabi zoomorf, “bayterek” – “hayot daraxti”, “yapiraq”, “shirmaviq” – chirmovuq, “sheshekey” – chechak, “kavin tilm” – qovun tilimi kabi o‘simlik dunyosi motivlaridan ham keng foydalanilgan.
Ornamentlar orasida astrologik tasvirlar “kunning ko‘zi” – quyosh ko‘zi, “kun em ay” – quyosh va oy , “ay em yuldiz” – oy va yulduz, “aykel oyuv” – haykal naqshi motivlaridan ko‘p foydalanilgan va ular ko‘pincha tangrichilik dini bilan bog‘liq.
No‘g‘ay gilamlari va boshqa mahsulotlarida urug‘larning tamg‘alari ham aks etgan. Masalan, qozoyoq urug‘i ustalari o‘zi yasagan mahsulotga “qaz ayaq” – g‘oz oyog‘i tamg‘asini, ko‘ztamg‘ali urug‘i vakili ko‘z tasvirini, sho‘mishli (cho‘michli) urug‘i vakili cho‘mich tasvirini albatta qo‘ygan va bu har bir urug‘ning o‘ziga xos logotipi sanalgan.
No‘g‘ay taomlari
No‘g‘aylar asosan sutli, go‘shtli, xamirli taomlarni xush ko‘radi. Sutli ovqatlar orasida shirchay, yuvirt (yogurt), ayron, qimiz, bo‘za ko‘p iste’mol qilinadi. No‘g‘aylarda yangi tuqqan hayvonning uviz (og‘iz) sutini sog‘ib olib, uni pishirib qo‘shnilarga tarqatish odati saqlangan. Go‘shtli taomlari boshqa turkiy ellarning taomidan farq qilmaydi. No‘g‘aylar ot go‘shtidan qazi, to‘ldurma (dudlangan qazi) va qovirmish (qovurilgan qazi) tayyorlashadi. E’tiborli mehmonlar uchun alohida taom – “tuzlangan qo‘y boshi” (o‘zbekcha kallapoycha) tortilgan. “Tuzlangan qo‘y boshi”ning o‘zbekcha kallapoychadan farqi shundaki, qo‘yning boshi, to‘rt siyrog‘i suvda qaynatib pishirilgandan so‘ng tuzluqqa solib dimdirilgan. Unli taomlar ichida bulamiq, baursaq ko‘proq iste’mol qilinadi. Kavkaz no‘g‘aylari xinkalni ham xush ko‘rishadi.
No‘g‘ay tili
No‘g‘ay tili turkiy tillar qipchoq lahjasining qipchoq-no‘g‘ay guruhiga mansub. Bu tilda hozirgi kunda 90 ming kishi so‘zlashadi. Bunda faqat Rossiyadagi no‘g‘aylar nazarda tutilgan. Turkiya va boshqa mamlakatlarda yashovchi no‘g‘aylar haqida ma’lumot yo‘q. No‘g‘ay tili Dog‘iston va Qorachoy-Cherkas Respublikalarida davlat tili sifatida qayd etilgan[8].
No‘g‘ay tili uch lahjaga bo‘linadi:
asl no‘g‘ay lahjasi;
qorano‘g‘ay lahjasi;
oqno‘g‘ay lahjasi.
Stavropol o‘lkasi va Astraxan no‘g‘aylari asl no‘g‘ay lahjasida, Dog‘iston no‘g‘aylari qorano‘g‘ay lahjasida, Qorachoy-Cherkas no‘g‘aylari esa oqno‘g‘ay lahjasida gaplashadi[9]. Astraxan no‘g‘aylari va Kaspiy dengizining sharqiy qirg‘og‘ida yashovchi no‘g‘aylarning shevasi qozoq va qoraqalpoq tillariga juda yaqin. Ularning shevasini to‘liq “j”lovchi sheva sifatida qayd etish mumkin. Shuning uchun qarag‘ash no‘g‘aylari no‘g‘ay adabiy tilini tushunmasliklari mumkin[10].
No‘g‘ay adabiy tili Dog‘istonda keng tarqalgan qorano‘g‘ay va quban lahjasi bazasida shakllantirilgan[11]. Shu sababli adabiy tilda ko‘plab holatlarda j o‘rniga y tovushi ishlatilishi kuzatiladi. Inchunin, qorano‘g‘ay va quban lahjasiga qumiq, balqar, qorachoy tillari bilan bir qatorda o‘g‘uz lahjasining ta’siri katta bo‘lgan. Qolaversa, so‘fiylik oqimlari Kavkazga kirib kelishi bilan ular chig‘atoy tiliga ham ta’sir ko‘rsatgan.
No‘g‘ay tili ayrim fonetik xususiyatlariga ko‘ra qoraqalpoq, qozoq va alabug‘at tatarlari tillariga yaqin. Bunda ch tovushining sh tovushiga o‘zgarishi alohida ko‘zga tashlanadi:
O‘zbek tilida |
[çay] |
[Barçın] |
[Çimkent] |
[Açamayli] |
Qipchoq-no‘g‘ay kichik guruhi |
[şay] |
[Barşın] |
[Şimkent] |
[Aşamayli] |
Shipildoq sh tovushi o‘rnida esa sirg‘aluvchi s undoshi ishlatiladi:
O‘zbek tilida |
[qış] |
[taş] |
[beş] |
[Taşkent] |
Qipchoq-no‘g‘ay kichik guruhi |
[qıs] |
[tas] |
[bes] |
[Taskent] |
Rossiyalik turkologlarning eng so‘nggi dialektologik tasniflarida ham no‘g‘ay tili qoraqalpoq, qozoq, o‘zbek tilining qipchoq lahjasi bilan birga qipchoq-no‘g‘ay guruhiga kiritilgan. Ammo bu qanchalik to‘g‘ri? Yuqorida keltirilgan jadvalga e’tibor qaratilsa, o‘zbek tilining qipchoq lahjasini bu qatorga qo‘shish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Ma’lumki, qipchoq tillarining yana bir xususiyati j tovushining y tovushiga o‘zgarishida ko‘zga tashlanadi. Bu xususiyat qozoq va qoraqalpoq tillarida to‘liq saqlangan. Ammo no‘g‘aylarda Oltin O‘rda davridan boshlab juda ko‘p anlautli j ishtirokidagi so‘zlarni y tovushi orqali talaffuz qilish ko‘zga tashlanadi: jeti – yeti, jirme – yirma, jurak – yurek, juvinu – yuvinu, jur – yur. Bu jarayon hatto arab tilidan o‘zlashgan ayrim so‘zlarning ham o‘zgarishiga olib kelgan: juma – yuma, jon – yan.
Shu jihat o‘zbeklar uchun no‘g‘ay tilini o‘rganishni osonlashtiradi. Chunki o‘zbek tili qipchoq lahjasida ham adabiy tilni o‘zlashtirish jarayonida j tovushini y shaklida talaffuz qilish keng tus olgan. Demak, no‘g‘ay tilini o‘rganish uchun talaffuzda ikkita farq qoladi: sh tovushining s shaklida, ch tovushining sh shaklida talaffuz qilinishi:
Tamshi tasti teser,
So‘z basti teser.
Tarjimasi:
Tomchi toshni teshar,
So‘z boshni teshar.
O‘zbeklarga no‘g‘aylar bilan gaplashish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shu o‘rinda no‘g‘ay tilidagi so‘zlashuvga e’tibor qaratamiz:
Assalyamu aleykum! Va aleykum assalam! Yaxshimisiz? Isan-amansizba? Aelingiz aman-esenme? Xosh keldingiz! Erteng yaxshi bolsin! Kun yaxshi bolsin! Kesh yaxshi bolsin! |
Assalomu alaykum! Va alaykum assalom! Yaxshimisiz? Eson-omonmisiz? Ayolingiz omon-esonmi? Xush kelibsiz! Xayrli tong! Xayrli kun! Xayrli kech! |
No‘g‘aylar tarixini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, no‘g‘ay tilining shaklanishida avvalo arab, fors tillari katta ta’sir o‘tkazgan. XV asrdan boshlab esa rus tilidan so‘zlar o‘zlasha boshlagan. Natijada oltoy va turkiy tilga oid so‘zlarning katta qismi unutilgan. XVI asrdan keyin esa no‘g‘aylar orasida rus tilini to‘liq o‘zlashtirib, ona tilini unutish holatlari ham kuchaygan. Shuning uchun no‘g‘ay tilini tadqiq qilishda folklorga murojaat qilish yaxshiroq natija beradi.
Folklor
No‘g‘ay xalq og‘zaki ijodining asosini qahramonlik dostonlari tashkil qiladi. Ular orasida “Edigey”, “Mamay”, “Qarasay va Qazi”, “Shora batir”, “Er Targ‘il”, “Aysiluvding uli batir Ahmet”, “Qoplanli batir” kabi dostonlar alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, “Edigey” dostoni ham tarixiy, ham mifologik meros o‘laroq ko‘proq qadrlanadi.
Dostonlarning janrlari, aytilishi, syujetlari, do‘mbira kuylari, ohanglari ham qozoq va qoraqalpoqlarnikiga o‘xshash. No‘g‘ay dostonlarining geografiyasi ancha keng. Unda O‘rta Osiyoning cho‘llaridan tortib Sibirning poyonsiz o‘rmonlarigacha, Oltoydan to Bessarabiyagacha bo‘lgan hududlarda kechgan voqealar, qahramonlarning sarguzashtlari tilga olinadi. Bugungi kunda ham no‘g‘aylar do‘mbirasini tashlagan emas.
No‘g‘ay baxshisi Arslanbek Sultanbekovning “Do‘mbiram” qo‘shig‘i turkiy ellarning sevimli qo‘shig‘iga aylangani ham bejiz emas:
Qara qis auilima kelgende, Ulpildegen qar yerge tuskende, Dombiramdi alarman, Yurek sazin shalarman, Qaygirgandi xesh aytpa! |
Qora qiz ovulimga kelganda, Hurpiragan qor yerga tushganda, Do‘mbiramni olarman, Yurak sozim chalarman, Qayg‘udan hech so‘z aytma! |
No‘g‘aylar do‘mbirasi “ovuliga qora qiz kelganda yurak sozini chalish” uchun ham, el boshiga qayg‘uli urushlar kelib, botirlar uxlamagan tunlarda ham ularga yo‘ldosh bo‘lgan:
Nogaydin qaygi sansiz kuninde, Batirler uyiqlamagan tuninde, Yureklerin kotergen, Sog‘islarda kush bergen Kopti korgen dombira! |
No‘g‘ayning qayg‘u bosgan kunida, Batirlari uxlamagan tunida, Yuraklarni ko‘targan, Janglarda kuch bergan Ko‘pni ko‘rgan dombira! |
Eski so‘z
No‘g‘ay folklorining farzand tarbiyasida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan janri maqollar, matallar va topishmoqlar sanaladi. “El qaznasi – eski so‘z” deydi no‘g‘ay oqinlari. Eski so‘z – no‘g‘aycha maqol degani. Unda yoshlarni milliy birlik, vatanga sadoqat ruhi bilan to‘yintirish, ularda xalqi oldidagi burchi va majburiyatlarini his qilishi uchun zaruriy axloq prinsiplarini shakllantirishga qaratilgan etnopedagogikaning va aforistik poeziyaning yuksak namunalarini ko‘rish mumkin.
Yaxshiga yoldas bolsang, yetersing miradqa, yamanga yoldas bolsang, qalarsing uyatqa (Yaxshiga yo‘ldosh bo‘lsang yetarsan murodga, yomonga yo‘ldosh bo‘lsang qolarsan uyatga).
* * *
Yaxshi man soyleseng balga seker qatqanday, yaman man soyleseng iytke suek atqanday (Yaxshi bilan gaplashsang bolga shakar qo‘shganday, yomon bilan so‘zlashsang itga suyak otganday).
* * *
Yaxshiding eki dosi bir keler, yamanning eki borishi bir keler (Yaxshining uyiga ikki do‘sti birga kelar, yomonning uyiga ikki qarz bergan birga kelar).
* * *
Yaxshi korgenin aytar, yaman bergenin aytar (Yaxshi ko‘rganini, yomon berganini aytar).
* * *
Yaxshig‘a kun yoq, yamanga olim yoq (Yaxshiga kun yo‘q, yomonga o‘lim yo‘q).
No‘g‘ay maqollarida yomonlikdan qaytarish, yomonlar bilan do‘st bo‘lmaslik, ularning fitnasidan saqlanishga da’vat ko‘p uchraydi:
Yamanning tayag‘i segiz, biri tiymese, biri tier (Yomonning tayog‘i sakkizta, biri tegmasa, biri tegar).
* * *
Yamanning yani ayavli (Yomonning joni shirin).
* * *
Yaman kisi kekshil (Yomon kishi kek saqlaydi).
Xulosa o‘rnida
No‘g‘aylarning millat sifatida shakllanishi sal murakkabroq kechgan. Shuning uchun no‘g‘aylar tavsifini ularning tarixidan boshladik. Chunki bu jarayonda nafaqat no‘g‘aylarning, balki boshqa qardosh xalqlarning ham kechmishi yotibdi.
Ammo o‘sha zamonlarda Kichik o‘rda to‘lalagicha Moskva ta’siriga tushib qolgach, ko‘plab no‘g‘ay beklari, murza[12]lar islom dinidan voz kechib, nasroniylikni qabul qilishgan va Rus podsholigining knyazlariga aylangan. Masalan, Kutumovlar asli murza Kutumning – Kutum shayx Muhammadning o‘g‘li shayx Muhammadning avlodi bo‘lgan[13]. Yusupovlar, Bayterekovlar, Urusovlar... Ularning hammasi Edigeyning avlodlari. Ammo taqdir ularni nasroniylikni qabul qilishga majbur qiladi.
Xulosa o‘rnida yana shuni aytish mumkinki, no‘g‘aylar tarixning eng murakkab evrilish jarayonlaridan o‘ta olgan, deyarli 500 yil davomida boshqa madaniyatlar bosimida yashab kelgan bo‘lsalar-da, milliy mental xususiyatlarini saqlab qola olgan xalqlardan biridir.
Anvar BO‘RONOV,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“No‘g‘aylar kimlar?” maqolasi
[1] Селезнёв Ю. В. Элита Золотой Орды. – Казань: Издательство “Фэн” АН РТ, 2009.
[2]XVI asrda Farg‘ona vodiysida Mulla Sayfiddin Axsikentiy va uning o‘g‘li Nur (yoki Navro‘z) tomonidan bitilgan “Majmu’at-tavorix” asarida berilgan.
[3]Трепавлов В. В. История Ногайской Орды. – М.: Восточная литература, 2002. стр. 499–504.
[4] “Nasabnoma” (“shajara”) 92 o‘zbek urug‘ining ro‘yxati.
[5] Трепавлов В. В. Малая Ногайская Орда. Очерк истории // Тюркологический сборник. 2003−2004: Тюркские народы в древности и средневековье. – М.: Восточная литература, 2005. – С. 273−311.
[6] https://cyberleninka.ru/article/n/kalmyki-karanogaytsy-kubanskie-nogaytsy-i-krymskie-tatary-genogeograficheskiy-i-genogenealogicheskiy-aspekty
[7] Номадология (юнон: nomad – кўчманчи) француз философи Делез ва психолог Гваттари қайд этган концепция. Бугунги кунда айнан кўчманчилар тарихини бошқа маданиятлардан фарқлаб ўрганувчи йўналиш сифатида талқин қилинади.
[8] Нога́йский язы́к: М. А. Булгарова // Николай Кузанский – Океан. – М.: Большая российская энциклопедия, 2013. – С. 256–257.
[9]Баскаков Н. Ногайский язык. Языки мира: тюркские языки. – Бишкек: «Кыргызистан», 1997. стр. 328–335.
[10] Арсланов Л. Ш. Язык карагашей-ногайцев Астраханской области. – Набережные Челны: ЕГПИ, 1991.– 161 с.
[11] Колесник Н. Г. Ногайский язык // Язык и общество. Энциклопедия. – М.: «Азбуковник», 2016. – С. 329–334. – 872 с.
[12] No‘g‘aylarning oqsuyaklari – eshonlar. Ular har bir urug‘ning boshida turishgan va ularning diniy-dunyoviy faoliyati uchun mas’ul bo‘lishgan.
[13] Почекаев Р. Ю. Цари ордынские. Цари ордынские. Биографии ханов и правителей Золотой Орды". Издательство: Евразия, 2019 г. 456 стр.
Подробнее: https://www.labirint.ru/books/614589/
Tarix
Mafkura
San’at
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q