Ham kuchli, ham kuchsiz – omma psixologiyasi nimasi bilan xavfli?


Saqlash
12:02 / 07.02.2025 127 0

Tarix shuni ko‘rsatadiki, omma psixologiyasi inqiloblar, ijtimoiy harakatlar va inqirozlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Nega? Chunki umumiy goyalar, maqsadlar yoki hissiyotlar bilan birlashgan katta odamlar guruhi ommani tashkil etadi. Ommada esa hissiy qozgaluvchanlik kuchayib, mantiqiy fikrlash susayadi. Masalan, birjalarda yoki inqiroz paytidagi vahima ko‘pincha irratsional harakatlarga sabab bo‘ladi. G‘oyalar, his-tuyg‘ular va xulq-atvor guruh ichida tez tarqalib, zanjirli reaksiyani yuzaga keltiradi. Bu holatni biz hozirgi kundagi Instagram’da trend deb ataladigan videolar, turli fleshmoblar orqali yaxshiroq tushunishimiz mumkin.

 

Olomon ichidagi odamlar ma’lumotni tahlil qilmay, ko‘pchilikning fikrini qabul qilishga moyil bo‘ladilar. Ommaviy yig‘inlarda shaxs guruhga singib ketib, o‘zini anonim deb his qiladi va mas’uliyatni yo‘qotadi. Bu holat qahramonona yoki aksincha, buzg‘unchi harakatlarga olib kelishi mumkin. Yuqorida keltirilgan barcha misollar omma psixologiyasini individual psixologiyadan farqi hisoblanadi. 

 

Omma psixologiyasini qanday boshqarish mumkin? Ommaviy ongni manipulyatsiya qilish va boshqarish siyosat, reklama va targ‘ibotda muhim vositadir. Boshqaruv usullari orasida quyidagilarni ajratish mumkin:

 

Yetakchi kuchi bu – jamiyatni yoki muayyan bir guruhni o‘z ortidan ergashtira oladigan shaxsning kuchi, shaxsiy fazilatlari va g‘oyalari ta’siri ostida ommani boshqarish qobiliyatidir. Bunday yetakchilar harakatlarini shunchaki buyruq berish yoki kuch ishlatish bilan emas, balki odamlarning ongi va his-tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatish orqali amalga oshiradilar. Ular o‘z maqsadlariga erishish uchun ommaviy ong bilan ishlashning turli usullaridan foydalanadilar: kuchli nutqlar, oddiy va esda qoladigan shiorlar, umid va qo‘rquvni uyg‘otish, umumiy dushman obrazini yaratish, katta kelajak va’dasi berish kabi vositalar ommaning o‘zini yetakchiga ishonch bilan topshirishiga sabab bo‘ladi. Bunday yetakchilar tarix davomida turli shakllarda namoyon bo‘lgan: ba’zilari jamiyatni taraqqiyot sari yetaklagan, boshqalari esa halokatga olib kelgan. Ularning ta’siri faqatgina siyosat yoki urush sohasida emas, balki iqtisodiyot, madaniyat va ijtimoiy hayotda ham katta rol o‘ynaydi. Xarizmatik yetakchining kuchi faqat uning shaxsiy fazilatlariga bog‘liq emas – bu, ayni paytda, ommaning o‘z yetakchisiga bo‘lgan ehtiyojining natijasidir. Insonlar qiyin sharoitlarda, beqarorlik va tartibsizlik hukm surgan paytlarda kuchli yetakchi ortidan ergashishga moyil bo‘ladilar. Shu sababdan, xarizmatik yetakchilik fenomenini tushunish omma psixologiyasi va jamiyat rivojlanishining muhim elementlaridan biri hisoblanadi.

 

Oddiy va ta’sirchan xabarlar – ommaga ta’sir o‘tkazishning eng samarali vositalaridan biri. Inson ongi murakkab va chuqur tahlil talab qiladigan ma’lumotlardan ko‘ra, sodda, qisqa, hissiyotlarga ta’sir qiluvchi g‘oyalarga tezroq javob qaytaradi. Shu sababli, shiorlar, “slogan”lar va targ‘ibot materiallari ommani boshqarish va yo‘naltirishda muhim rol o‘ynaydi. Bunga tarix guvoh. Bunday xabarlar odatda aniq, qisqa va jo‘shqin bo‘lib, unda kuchli ma’no mujassam bo‘ladi. 

 

Rasmiy targ‘ibot vositalari, plakatlar, ommaviy nutqlar va ijtimoiy tarmoqlardagi tez trendga aylanib ketuvchi qisqa xabar va videolar bugungi kunda ham bu usulning samarali ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bois, omma psixologiyasini boshqarishda shiorlar hamda qisqa, esda qolarli fikrlar o‘ziga xos qurol sifatida qo‘llanadi.

 

Umumiy dushman yaratish – jamiyatni birlashtirishda kuchli vosita, chunki urushlar yoki jiddiy xavfli vaziyatlarda siyosiy ritorika ko‘pincha xalqlarni yagona maqsad uchun birlashtiradi. Urush yoki qandaydir tahdid davrida siyosiy liderlar umumiy dushmanni aniq belgilab, xalqni bir maqsad sari yo‘naltirishga harakat qiladi. Bu jarayon, odamlarning o‘zaro hamjihatligini kuchaytirib, bir-biriga yaqinlashtiradi, chunki har bir inson xavfga qarshi birlashish zarurligini sezadi.

Ramzlar va an’analardan foydalanish – Bayroqlar, madhiyalar va ommaviy tadbirlar (masalan, sport musobaqalari) insonlarni birlashtiradi, ularda umumiy qadriyatlar, maqsadlarni ifodalaydi. 

 

Omma psixologiyasining fojialari

 

Omma psixologiyasi keltirib chiqaradigan fojialar ko‘pincha shubhali qarorlar va ommaviy his-tuyg‘ular asosida yuzaga keladi. Olomonning birgalikdagi qarorlari ba’zan emotsiyalarga tayanib, mantiqiylikdan uzoqlashadi va obyektiv bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, omma psixologiyasi ayniqsa, salbiy fikrlarni va stereotiplarni yaratishda kuchli rol o‘ynaydi. Jamoaning to‘plangan salbiy his-tuyg‘ulari, jamiyatdagi ayrim guruhlarga yoki shaxsiyatlarga qarshi murosasizlik va yomonlashishga olib kelishi mumkin. 

 

Insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, turli fojiaviy holatlarni guvohi bo‘lishimiz mumkin. O‘rta asrlarda “jodugarlar ovi”, oxirzamon haqidagi mish-mishlar ommaviy jazavaga sabab bo‘lgan. Yoki Gitler, Mussolini va Franko kabi diktatorlar o‘zlarining jozibador nutqlari bilan ommani manipulyatsiya qilgan. Natija esa barchaga ayon. 

 

Omma psixologiyasini o‘rganish jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarni yaxshiroq tushunish uchun foydali bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu hozirgi kundagi marketologlar uchun ancha qo‘l kelishi aniq. Chunki bu orqali reklama, ommaviy tadbirlar bilan jamiyat fikrini shakllantirish yoki maqsadli guruhlarni jalb qilish imkoniyati tug‘iladi. Va eng asosiysi, yolg‘on ma’lumotlarni haqiqatdan ajrata olish, manipulyatsiyalar qurboniga aylanmaslikka yordam beradi. 

 

Ma’rufjon OCHILOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:02 / 06.02.2025 0 529
Rahming keladi, lekin kulging kelmaydi

San’at

12:02 / 05.02.2025 0 1343
Hind yig‘isi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24394
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//