Tasavvuf insonlarni ibodatlariga ko‘ra guruhlarga ajratadi. Navoiy qaysi darajaga mansub?


Saqlash
15:51 / 05.02.2025 24 0

Hazrat Alisher Navoiy “Nasoyimul-muhabbat” asarida 69 o‘rinda orif istilohini qo‘llaydi. Ularning yarmi Orif ismli zotlar bo‘lsa, qolgani orif tushunchasi valiy zotlar talqinida qanday ekani haqidadir.

 

“Oriflik” so‘zining lug‘aviy o‘zagi “irfon” bo‘lib, mazmuni “ma’rifat” tushunchasiga, xususan, uning tasavvufiy ma’nosiga yondosh. Murid yoki solikning oriflik martabasiga erishishi uchun yaqiniy ilm asos vazifasini o‘taydi.

 

Tasavvufda zohiriy va botiniy bilim tushunchalari bor. Bunda shariat bilimlari va dunyoviy bilimlar zohiriy – tashqi, ya’ni Allohni bilishning birinchi bosqichi sanaladi. Chunki Allohni bilish dunyoni bilishdan boshlanadi. Moddiy olam, borliq Alloh taoloning tajallisidir. Solik erishgan oriflik, ya’ni ma’rifat bosqichi esa botiniy ilm bo‘lib, u “Haqqul-yaqin” Allohga erishish uchun tashlangan qadam hisoblanadi.

 

Ahli tasavvuf insonlarni ibodatlari, karomat darajasiga ko‘ra to‘rt guruhga ajratadi. Bu – obidlik, zohidlik, oshiqlik va oriflikdir. Obidlar shariat qavmidan bo‘lib, Alloh taloning buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytadilar. Halol va harom, pok va nopok haqida tushuncha hosil qilib, shariatga amal qiladi. Obid o‘z nomi bilan obid, ya’ni ibodat qiluvchidir. Obidlarning ibodatlari: namoz o‘qimoq, ro‘za tutmoq, zakot bermoq, hajga bormoq, nafs orzularini yengib, oxirat ne’matlariga intilmoqdir.

 

Ikkinchi guruh – zohidlar. Ular tariqat ahliga mansub bo‘lib, toat-ibodatlarida, dunyodan yuz o‘girishlarida va turmush tarzlarida Allohning roziligini topib, jannatga kirish va jahannam azobidan qutulishni maqsad qiladi. Ularning ibodatlari kecha-kunduz Tangrini zikr aylash, qo‘rquv va umid ichida nafas olmoq, orzulari esa bu dunyoda oxirat uchun yaroqli ishlarni amalga oshirmoqdir.

 

Uchinchi toifa – oshiqlar esa Allohning ko‘p holatlari vajd va jazaba bilan o‘tadigan oshiqlaridir. Oshiqlar faqat ishq bilan nafas oladi. Ularning ishqi majoziy yoki bashariy emas, ilohiy ishqdir.

 

Endi to‘rtinchi toifa – oriflarga kelsak, ularning holati ham oshiqlar holatiga o‘xshaydi. Ular ma’rifat ahlidan bo‘lib, aql-u donishda yetuk, ma’rifat nuri bilan qalbi limmo-lim, niyati pok, pokiza axloqli zakiy odamlardir. Oriflar hamma vaqt ezgulikni o‘ylab, o‘ziga ergashgan odamlarning qalbini tarbiyalagan, ularning ruhiy-ma’naviy irodasini chiniqtirib, ko‘ngil ko‘zini ochib, haq yo‘liga intilishni o‘rgatgan.

 

Aziziddin Nasafiy “Zubdatul-haqoyiq” kitobida orifga shunday ta’rif beradi: “Narsa va hodisalarning botiniy mohiyatini anglasa, nazaridan hech narsa yashirin qolmasa va taqlid chegarasidan irfon chegarasiga qadam qo‘ygan bo‘lsa, uni donishmand – orif deydilar”.

 

Abdulqodir Giyloniy “Rabboniylikni anglash” kitobida zohid va orif darajalari xususida so‘z yuritib, orifga shunday baho beradi: “So‘nggi (zohidlikdan keyingi) darajaga ko‘tarilib, imkoniyati quvvatlanadi, Alloh taoloni taniydi. U qalbiga oxiratni emas, balki mavlosiga yetishishni qaror qilib oladi. Shu vaqt dunyo amallarining mingtasi ko‘rilsa ham qalbiga zarar bermaydi. Bunda u Allohning buyrug‘iga bo‘ysunadi, hukmiga, taqdiriga muvofiq keladi. Alloh uchun insonlar xizmatida ularga yengillik yetkazishda qoyim turadi. Zulmatning o‘rniga nurni yetkazadi”.

 

Alisher Navoiy talqinicha ham orif Allohni tanigan, bilgan va ilohiy ma’rifatdan mukammal xabardor bo‘lgan solikdir. Orif Allohning hayy (hayot), ilm, iroda, qudrat singari sifatlarini teran idrok etish yoki o‘zlashtirish bilan cheklanmaydi. Balki butun koinot – borliqning sirlaridan ham chuqur ogohlikka erishadi.

 

Orif Allohning izzati, azamati va qudratini o‘ta a’lo darajada biladi. U oxirat orzusi bilan emas, Tangri taolo dargohiga talpinish bilan yashaydi.

 

“Nasoyimul-muhabbat”da 23-raqam bilan zikr etilgan Abu Sulaymon Doroniy haqidagi bobda Doroniy tilidan shunday deyiladi: “...dedi uldurki, ikki dunyoda murod birdin o‘zga bo‘lmag‘ay. Va ham ul debdurki, bir kitobda o‘qubmenki, Haq subhanohu taolo debdurki, tun kirishi bilan meni unutib, uyquga ketgan kishining menga muhabbat da’vo qilishi yolg‘ondir. Va ham ul debdurki, vaqtiki, Iroqda erdim, obid erdim va Shomda orifmen. Bu toifadin ba’zi debdurlarki, Shomda aning uchun orif erdiki, Iroqda obid erdi, agar anda obidroq bo‘lsa, munda orifroq bo‘lg‘ay erdi. Va ham Abu Sulaymon debdurki, ko‘pincha haqiqat (kashfu asror) qalbimda qirq kunlab uloqib yuradi. Ularning faqat ikki guvoh: oyat va hadis asosidagina qalbimdan joy olishiga ruxsat beraman. Va ham ul debdurki, qalb matlubni topolmay g‘amgin bo‘lganida ruh uni topganidan shod bo‘ladi. Ahmad Abulhavoriy debdurki, Abu Sulaymong‘a dedimkim, xilvatda namoz qildim, andin lazzat toptim. So‘rdikim, lazzatingning sababi ne erdi? Dedim, meni hech (kim) ko‘rmadi. Dediki, qalbingda xalq yodi o‘tgan payt sen albatta zaifsen. Ham ul debdurkim, har bir narsaning zangi bo‘ladi, qalb nurining zangi esa to‘yib ovqatlanishdir...”. Yuqoridagilardan anglashiladiki, kishining oriflik yoki obidlik holatiga muhit ham katta ta’sir qiladi.

 

Orif zotning zohiddan farqini hazrat Maxdumi A’zam quyidagicha bayon qiladi: “Orif bilan zohid orasidagi farq shuki, orif bamisli quyosh, zohid bamisli oy, oy tunni ravshan qilgay; quyosh esa ko‘p ulug‘ bo‘lib, kunni ravshan aylar. Zohid Alloh taoloning so‘ziga, orif esa uning o‘ziga mashg‘ul bo‘lgay. Zohid xalqni ilmi zohir ila da’vat qilgay, orif xalqni ilmi botin bilan da’vat qilgay. Zohid har ne kelsa xalqdan ko‘rgay, orif har ne ko‘rsa Haqdan ko‘rgay, zohidning talabi behisht, orifning talabi diydor bo‘lgay...”.

 

“Nasoyimul-muhabbat” asarida 146-raqam bilan zikr etilgan Tohir Maqdisiy haqidagi bobda oriflik to‘g‘risida shunday deyilgan: “...Shom mashoyixining buzurglaridindur. Zunnun Misriy quddisa sirruhu ko‘rub ermish va Yahyo Jallo bila suhbat tutubdur. Derlarki, Zunnun bila Shibliy ani Xayrush-Shom debdurlar. Tohir Maqdisiy debdurki, Zunnun Misriy manga dedikim, Allohning zoti haqida idrok qilish johillikdir. Uning ma’rifat haqiqatidan so‘zlash hayratdir. Ishorat qiluvchining ishorati shirkdir. Va ham debdurki, agar orifning nurin ko‘rsalar kuygaylar va agar orif ham vujud nurin ko‘rsa kuygay...”.

 

Kamolotga erishgan oriflarning hayoti, so‘zlari va ezgu amallari bizga ibrat, saboqdir. Ularning tabarruk ruhlarini shod etish, ma’rifatini o‘rganish orqali biz o‘z qalbimizni – vijdonimizni tozalaymiz, hayot tarzimizni rostlik va ezgulik sari yo‘naltiramiz.

 

Xoja Ahror valiy hikoya qiladi: “Toshkentda ekan vaqtlarim shahar atrofiga chiqib, orifona suhbatlar uyushtirardik. Bir yigitcha bizning davramizni uzoqdan termilib kuzatib turar, hech nari ketgusi yo‘q edi. Bir kuni tahorat olishga chiqqanimda darrov kelib, suv tutqazdi. Shunda men uning ahvolini so‘radim. Ko‘ziga yosh olib dediki: “Meni bir ko‘rinmas kuch sizlar tomon tortib turadi, sizlarga yaqinlashsam so‘zlaringizni eshitsam, ajib bir holat sezaman, quvongandan yayrayman”. Xoja Ahror so‘zida davom etib deydiki, “...yigit biz bilan yurib, suhbatlarimizga qatnashib ulug‘ martabalarga erishdi...”.

 

“Nasoyimul-muhabbat” asarida 166-raqam bilan keltirilgan G‘aylon Samarqandiy haqidagi bobda shunday deyiladi: “...Mashoyixning kiboridandur. Junayd quddisa sirruhu bila suhbat tutubdur. Va maorifda sohibi takallum erdi. Ul debdurki, orif Tengridan Tengrig‘a boqar va olim dalildin. Va sohibi vajd dalildin mustag‘niydurur...”. Bundan anglashiladiki, orif Allohning taqdirot ishlariga qarab Alloh qanday muomalada ekanini biladi, olim esa dalillarga qaraydi. O‘z navbatida “sohibi vajd”, ya’ni oshiqqa dalil kerak emas.

 

Xulosa qilib aytganda, tasavvufda orif deb o‘zini anglagan, to‘g‘ri yo‘lga tushgan Haqning odami tushuniladi. Orif hamisha qalb ko‘zi ochiq valiy, Najmiddin Roziy iborasi bilan aytganda, “Haq tajallisi nogoh kelur, ammo dili ogohga kelur” holatidagi insondir. Orif – irfon sohibi, anglagan va tanigan inson. So‘fiylarning nuqtai nazarida irfon Alloh tuhfasi bo‘lgani uchun ilmdan ustun turadi. Orif – Allohning shuhud, asmo va sifatlarini idrok etgan, mavhum borlig‘idan kechib, Haq borlig‘iga intilgan kishidir.

 

Muxtasar aytsak, hazrat Alisher Navoiy “orif” tushunchasi valiy zotlar talqinida qanday ekaniga maxsus to‘xtalib o‘tadi. Zero, hazrat Navoiyning o‘zi ham Allohning orif bandasidir.

 

Shukur JABBOROV,

Toshkent davlat sharqshunoslik

universiteti tadqiqotchisi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Haq odamlari” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

12:02 / 05.02.2025 0 232
Hind yig‘isi

Ta’lim-tarbiya

17:02 / 03.02.2025 0 453
O‘zbek bog‘cha qidirgan tarbiyachi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24355
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//