
Bilol Suleyev 1893-yil hozirgi Qozogʻiston Respublikasining Almati viloyati Sortepa qishlogʻida dunyoga kelgan. Otasi chorvador boy Suley hoji Meyliuli qozoqlarning nayman urugʻidan boʻlib, maʼrifatparvar inson ovul bolalariga muallimlik ham qilgan. Bilol Suleyev 1908-1911-yillar Yesengul Mamanulining “Mamaniya” jadid maktabida oʻqiydi. Soʻng Mamanulining tavsiyasi bilan Ufa shahridagi mashhur Oliya madrasasida keyinchalik ulkan shoir boʻlib yetishgan Magʻjan Jumaboy, yozuvchi Beimbet Maylinlar bilan birga tahsil oldi. 1913-1916-yillarda Orenburg oʻqituvchilar seminariyasida oʻqib, taniqli publitsist, turkolog Ahmad Boytursun bilan tanishadi. Shu yillarda Orenburgda chop etiluvchi “Qozoq” gazetasida “Qaptigʻay” imzosida qator maqolalari, “Toʻlqin”, “Oʻzgarishga”, “Umid” kabi koʻplab sheʼrlari bosiladi. Uning maqolalari jadidchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgan boʻlib, milliy oʻzlik, milliy ruhni tashviq qiladi va qozoq bolalarining qozoq tilida taʼlim olishini olqishlaydi. U bolalarning milliy shoirlar – Abay, Ahmad, Mirjaqiblarning oʻlanlarini bilishini shart deb biladi. Shuningdek, u tatarlarning “Vaqt”, “Shoʻro” jurnallarida ham chiqishlar qildi.
Yosh Bilolning siyosiy tafakkuri shakllanishida 1916-yilgi “mardikorlikka olish voqealari” hamda A.Bukeyxonov, A.Boytursun, A.Kenjin, F.Galimjanov kabi Alash yetakchilarining qarashlari muhim oʻrin tutadi. 1917-yildan Orenburgdagi qishloq xoʻjaligi bilim yurtida oʻqib, 1916 – 1918-yillari Kopalda, tatar maktabida oʻquv boʻlimiga rahbarlik qiladi. Bilol 1917-yilning kuzida Yettisuv viloyati, Verniy shahrida boʻlgan musulmonlar syezdida Muhammadjon Tinishbayev bilan tanishadi. Qurultoy soʻngida Alash oʻrda partiyasiga aʼzo boʻlib, yurt hurriyati va ozodligi uchun kurashni hayotining mazmuni deb belgilaydi. Muhammadjon Tinishbayev qurultoydan qaytganidan keyin koʻp oʻtmay Qoʻqon shahrida eʼlon qilingan Turkiston muxtoriyati hukumatiga rahbarlik qiladi.
1918-yil dekabrida “Sari — Arqa” gazetasida bosilgan telegrammada Bilol Suleyev Alash-Oʻrdaning Kopal uyezdi boʻlimi boshligʻi sifatida qayd etilgan va ularda bolsheviklarning oddiy xalqqa qilayotgan dahshatli zulmlaridan xabar beradi. Suleyev Alash Oʻrda hukumati himoyasi uchun muallimlikni tashlab, qurolli yigitlar guruhiga ham qoʻshiladi. Afsuski, 1919-yil soʻngida Qizil armiya shiddatli va qonli janglaridan keyin Sibir, Orenburg, Oqtoʻba hududlarini qoʻlga kiritib, Alash oʻrda hukumatini ham bitirdi. Alash oʻrda hukumati faollarining bir qismi muhojirotga ketishga majbur boʻldi, boshqalari nomaʼlum sabablar bilan oʻlim topdi. Aksar qismi esa sovet hukumatiga xizmatga kirishdan boʻlak chora topa olishmaydi. Bilol Suleyev ham bir muddatlik ishsizlikdan soʻng 1920-yil sovet hukumatiga ishga kiradi. U yana oʻzining sevgan kasbi – maorif sohasiga qaytadi.
***
Bolsheviklar Alash oʻrda hukumatini kuch bilan yoʻq qilsa-da, ularning qalblaridagi istiqlol, erk orzularini yoʻq qila olmagandi. Ular Toshkent, Almati, Orenburgdagi Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissarligi majlislarida toʻplanisharkan, millatni maorifga boshlash, hurriyat uchun harakat rejalarini ishlab chiqishar, Muhammadjon Tinishbayev, Turor Risqulovlar boshchiligida Turkistondagi milliy istiqlol kurashi qahramonlari boʻlgan qoʻrboshilardan umid qilishar, yashirin boʻlsa-da milliy gʻoya, din va milliy qadriyatlarini yoʻqotmaslik haqida orzu qilishardi. Biroq, kun sayin dushman kuch olib, sovet hokimiyati kuchayib boraverdi.
Bilol Suleyev 1923-yil kompartiya aʼzosi boʻlgach, tinimsiz mehnati tufayli Yettisuvning aksar ovullarida boshlangʻich maktablar va internatlar ish boshladi. Ayni paytda ijodiy faoliyatini ham toʻxtatmadi. “Matay” “Qaptagʻay”, “Buyras” imzosi ostida ocherklar, sheʼrlar, maqolalar eʼlon qilishda davom etdi. “Qiz bilan yigitning aytishi”, “Naqisbek”, “Qozoq muallimiga” kabi koʻplab hajviy sheʼrlari gazeta va jurnallarda bosildi. “Tilshi” gazetasining deyarli har sonida “Qaptagʻay” imzosi bilan materiallari bosilardi. 1924-yil “Saule” jurnalida ayni shu tahallus bilan “Soʻqir taka” qozoq bolalar oʻyinini ham chop etadi.
Bilol Suleyev 1925-26-yillarda Qozogʻiston Maorif xalq komissarligi kasbiy taʼlim va texnikumlar masalalari boʻlimi mudiri boʻlib ishlarkan, qisqa muddatda 19 ta boshlangʻich maktab va 11 ta texnikum ochishga muvaffaq boʻladi. Uning rahbarligida Toshkentdagi qozoq pedagogika instituti Semipalatin shahriga, Orenburg pedagogika instituti Oqtoʻba shahriga koʻchirib keltiriladi. 1926-yil 26-fevral – 5-mart kunlari Boku shahrida lotin alifbosiga oʻtishga bagʻishlangan qurultoyda taniqli qozoq olimi va pedagoglari Ahmed Baytursun (1872-1937), Eldes Omarov (1892-1937), Nazir Toʻraqulov (1892-1937), Aziz Baysaidov (1893-1955)lar bilan birga ishtirok etadi. 1928-yil Oʻroz Jondoʻsov bilan Almati shahrida birinchi qozoq universitetining ochilishiga bosh qosh boʻladi.
Bilol Suleyev 1929-yil Oqtoʻba viloyat xalq taʼlimi boʻlimi mudiri boʻlib, oilasi bilan Oqtoʻbaga koʻchib keladi. Shu yilning soʻngida esa Semipalatin pedagogika instituti direktorligiga tayinlanadi. Albatta, uning bu qadar erkin faoliyati oʻzini yurtning egasi deb his qiluvchi kimsalarga yoqmas edi. Koʻp oʻtmay bahona ham topildi. 1930-yilning yozida Soʻzoq va Sarisuv tumanlarida sovetlarning noinsoniy iqtisodiy siyosatiga qarshi xalq qoʻzgʻaloni yuz berdi. Qozoq xalqining ardoqli farzandlari oʻz xalqining yonida turib zulmni bas qilishlarini talab qiladi. Biroq, shoʻrolar hukumati hamishagi yuzsizligi bilan barcha ayblovni Alash oʻrda aʼzolarining boʻyniga bosishga intildilar. Tez orada qozoqning eng ilgʻor farzandlaridan 30 ga yaqini, jumladan, 1930-yilning 4-avgustida Muhammadjon Tinishbayev, 14-sentyabrda Xalil Dosmuxammedov, 27-sentyabrda Bilol Suleyevlar birin-ketin hibsga olinadi. 1930-yil noyabr oyida Bilol Suleyevning uchinchi farzandi Ozod (1930-1997) dunyoga keldi. Biroq... Bilol Suleyev hech bir aybi isbotlanmagan holda turmaning zax hujralarida uzoq vaqt nohaq ushlab turildi. 1932-yil oʻzining aybsizligini isbotlab ozodlikka chiqdi. Ammo, bu vaqtda u oilasidan abadiyga ayrilganini tushundi. Fotima Gabitova ikki farzandi bilan Semipalatindan Almatiga qaytib ketgan edi.
Bilol Suleyev oʻziga nisbatan qilingan nohaqliklarni toʻgʻrilashini talab qilib Moskvaga yoʻl oldi. Avvaliga 24-sonli zavodga oddiy ishchi sifatida joylashib, shu yilning avgust oyida partiyaga tiklanishga muvaffaq boʻladi. Keyinroq madaniy-maʼrifiy sohada ish topib, yana ijodga shoʻngʻidi. Biroq, izida yurgan kimsalar unga qarshi turli tuhmat va boʻhtonlarini davom ettiraverdi.
1935-yil Moskvadan Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻliga kelgan Bilol Suleyev Maorif xalq komissarligi oliy va oʻrta maktablar boʻlimida ish boshlaydi. Qisqa muddatda mehnatkash, fidoyi xodim sifatida oʻzini koʻrsatadi. Turmush oʻrtogʻi Yevdakiya Ivanovna va oʻgʻli Jonibek bilan mamnun hayot kechirishardi.
***
1937-yil 7-sentyabr tuni Toʻrtkoʻl shahri, Inqilob maydoni koʻchasi, 6-uyning eshigini ham sovuq tusli kimsalar taqillatishdi. Tintuv soʻngida qoʻliga ilingan barcha narsalarni roʻyxatga olgach, Bilol Suleyevni hibsga oladilar. Uning ortidan 35 yoshli turmush oʻrtogʻi Yevdakiya va 14 yoshli oʻgʻli Jonibek qon yigʻlaganicha qoldi.
1937-yil 9-sentyabr kuni IIXK Toʻrtkoʻl boʻlimida QASSR Maorif xalq komissarligi oliy va toʻliqsiz oʻrta maktablar boʻlimi mudiri Bilol Suleyev aksilinqilobiy Alash partiyasi aʼzosi deb topilib, OʻzSSR JKning 67-moddasi bilan ayblanib, qamoqqa olishga qaror imzolanadi. Shu kuni ilk soʻroqda Bilol Suleyevning oʻtmishi – Alash faoliyatidagi ishtirok haqida surishtirildi. Muhammadjon Tinishbayev haqidagi savolga “1936-yil mart oyida Toʻrtkoʻlda koʻrgan edim. 5-10 daqiqaga choʻzilgan suhbatda M.Tinishbayevni Yer ishlari xalq komissarligiga ishga kelganini angladim”, — deydi Suleyev. M.Tinishbayev bilan 1930-yillar qamoqda orasi buzilib, 1932-yildan soʻng muloqotda boʻlmaganini taʼkidlaydi. Tinishbayev Toʻrtkoʻlda sovet partiya maktabi oʻqituvchisi Kusekeyev Umaralining uyida turgani va 1936-yil sentyabr oyida Toʻrtkoʻldan chiqib ketganidan boshqa hech qanday maʼlumotni bilmasligini maʼlum qiladi. 1937-yil 10-sentyabr kuni navbatdagi soʻroqda oʻzining 1918-1922-yillar Muhammadjon Tinishbayev, Danshe Adilov, Xalil Dosmuhammedovlar bilan hamkorlikdagi faoliyatiga toʻxtaladi. Biroq, 1930-32-yillar Alash aʼzosi sifatida Almatida qamoqda boʻlganidan soʻng bu aloqalar toʻliq uzilganini taʼkidlaydi.
Suleyev 1938-yil 25-fevral kungi soʻroqda ham faqat haqiqatni soʻzladi. Biror insonga boʻhton qilmadi. Faqat uzoq davom etgan muttaasil tahqir va qiynoqlardan soʻng 1938-yil 23-aprel kuni butunlay tuhmatlar bilan bejalgan bir nechta mashinkada yozilgan qogʻozlarga Bilol Suleyevning imzosi olindi. Shu vaqtgacha soʻroqlarda nomi tilga olinmagan insonlar va voqeliklar uning ashaddiy jinoyatchi ekanining dalili sifatida talqin etildi. Jumladan, “Alash oʻrda hukumatining yoʻq qilingani holda siyosatni yutqazsak-da maorifni qoʻldan boy bermaslikka intildik”, deydi. M.Tanishpayevning yoʻli bu – taʼlim dargohlarida milliy gʻururni shakllantirish; kitoblarda xonliklar zamoni va Alash oʻrda tarixiga murojaat etish orqali milliy ruhni tashviq etish; Bokudagi 1-turkologiya qurultoyida arab alifbosini himoya qilish koʻrinishlarida vaziyatni qoʻlga olmoqchi edik, deydi. 1930-yil qamoqqa olingan M.Tinishpayev, Jangash va Xalil Dosmuhammedovlar, Azimjon Barimjon, Densha Adilov, Alimxon Irmekov, Sayidazim Kadirboyev kabi Alash aʼzolari bilan T.Risqulov va shogirdlari jami 17 kishi qamoqqa olingani, ikki yil davomida Almati turmasida yotib, oʻzining aybsizligini isbotlab qutilganini hikoya qiladi. Oʻzining Moskvaga borib partiyaga ham tiklangani, boshqalarning konslagerlarga ketganini yozadi. Moskvada vaqtida №24 zavodda ishchi boʻlib, keyin Qozogʻistonning doimiy vakili sobiq Alash aʼzosi Karim Toʻxtaboyev qabulida boʻlgani va 1935-yildan Toʻrtkoʻlda Usen Sarikulev bilan tanishib, aksilinqilobiy maqsadda tarjimalar qilganini “tan oladi”.
1938-yil 28-aprel kuni Bilol Suleyev Usen Sarikulov bilan, 1938-yil 29-aprel kuni Sait Tureyev bilan yuzlashtirildi. Albatta, jismoniy qiynoq va ruhiy tahqirlar ostida yana kerakli imzolar qoʻlga kiritiladi. Shundan soʻng ishga “Xalq dushmani” ekani isbotlangan insonlar, jumladan Sultonbek Xoʻjanovning 1937-yil 31-iyuldagi, Saidvaqos Osmanovning 1937-yil 8-9-sentyabr kunlaridagi, Oʻroz Jondoʻsovning 1937-yil 20-sentyabrdagi, Kabilbek Sarimoʻldayevning 1937-yil 5-oktyabrdagi soʻroq bayonnomalaridan Bilol Suleyev nomi qayd etilgan betlaridan nusxa olib tikildi.
Jinoyat bir xil, biroq 1937-yil 14-sentyabrda qarorda Bilol Suleyev OʻzSSR JKning 60-, 67-moddalari bilan, 1938-yil 29-apreldagi qarorda 67-, 63-, 57-1 – moddalari, soʻnggi qarorda esa 64-, 67-, 63-, 58-4 – moddalari bilan ayblanadi. Ayblov bayonnomasida Bilol Suleyev QASSRdagi troskiychi aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi, 1930-yil Soʻzoq va Sarisuv qoʻzgʻoloni tashkilotchisi sifatida M.Tanishbayev, A.Boytursunlar bilan jazoga tortilgani, 1935-yildan Toʻrtkoʻlda boʻlib xalq taʼlimdagi hamma kamchiliklar – oliy maʼlumotlilarning kamligi, savodxonlikning pastligi, maktablarning yupunligi, darsliklarning yetishmasligi uchun aybdor deb topiladi. Vaholanki, u qisqa muddatda ulkan ishlarni amalga oshirgan haqiqiy taʼlim fidoyisi edi. 1938-yil 13-oktyabr kuni Toshkent shahrida tuzilgan mashʼum uchlik soat 14:10 dan 14:25 gacha – 15 daqiqada Bilol Suleyev ishini koʻrib, uni hech bir dalil isbotsiz oliy jazoga hukm qiladi. Nohaq hukm shu tunning oʻzida ijro etildi.
***
Stalin vafotidan soʻng boshqa jabrdiydalar qatorida Bilol Suleyevning farzandi Azat Suleyev ham QASSR prokuroriga xat yoʻllab otasining qismati bilan qiziqadi. Shuningdek, otasining hayot faoliyati, qozoq xalqining maʼrifiy rivojidagi xizmatlari haqida toʻxtalib, uning oqlanishida yordam soʻraydi. Shundan soʻng Bilol Suleyevning ishi qayta koʻrib chiqishga topshiriladi. Afsuski, bu vaqtga kelib uning safdoshlari allaqachon stalincha qatagʻonlar qurboniga aylantirilgan edi. Uni bilgan koʻrgan insonlar esa faqat yaxshi tomonlarini eslaydi. Jumladan, Bilol Suleyev ishida asosiy guvohlardan boʻlgan Oʻrozali Kusekeyev omon qolgan ekan. 1910-yil Moʻynoqda tugʻilgan Oʻrazali Kusekeyev QASSR partiya qoʻmitasi targʻibot-tashviqot boʻlimi mudiri oʻrinbosari, “Sovet muallimi” jurnalining muharriri boʻlgan. 1937-yil 15-sentyabrda boʻhton bilan qamoqqa olinib, 1938-yil 13-oktyabr kuni 10-yil konslagerga hukm etiladi. 1954-yil Magadan lageridan ozodlikka chiqqan Kusekeyev Qoʻngʻirot tuman xalq taʼlimi boʻlimiga tegishli bilim yurtiga ishchi boʻlib ishga kiradi.
Oʻrazali Kusekeyev 1956-yil 17-may kuni qayta soʻroqda “1937-1938-yillarda meni aksilinqilobiy faoliyatda ayblab qamoqqa oldilar. Men soʻroqlar davomida hamma ayblovlarni rad etdim. Hech kimga qarshi koʻrsatma bermadim. Biroq, 1938-yil 31-mart kuni tinimsiz qiynoq va tahqirlar ostida aqlimni yoʻqotish holatiga kelganimda qandaydir 9 varaqdan iborat mashinkada tayyorlangan soʻroq bayonnomasini imzolatishgan edi. Bu boʻhtonlarni men imzolashga majbur qolganman. Aslida yuzlashtirishlarda ham toʻliq jismoniy qiynoqlar qoʻllab imzolatishgan edi. Men eng soʻnggi majlisda ham bularning hammasi boʻhton dedim. “Uchlik” raisi Alekseyev boʻlsa “Hammasi shunaqa, hammasi shu gapni aytadi” deb eʼtiborsizlik bilan meni chiqarib yubordi. Keyinroq meni 10-yilga qamoqqa hukm qilishganini bildim. Shuncha yil tuhmat ortidan nohaq oʻtirib chiqdim”, - deydi.
Shu oʻrinda qoraqalpogʻistonlik taniqli davlat arbobi Qoraboy Ermonov (1903-y.t.)ning guvohligi ham ahamiyatli. 1939-yil 14-iyun kuni qayta soʻroqda Qoraboy Ermonov “Meni 1938-yil 17-aprelda yolgʻon koʻrsatmalar va boʻhton bilan hibsga olishgan. Tergov vaqtida mendan qandaydir aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi ekanimni tan olishimni talab qilishdi. Rad etganim uchun jismoniy kuch ishlatishga oʻtdilar. Tergovchi Akjigitov muttasil qiynoqlar qoʻllardi. Ayniqsa, 8-xona deyishi bilan mahbuslar dahshatga tushardi. Chunki bu xonada insonning aqli bovar qilmaydigan qiynoqlar va vahshatlar qoʻllanar ediki, odam undan oʻlimni maʼqul koʻrardi. Bu dahshatlar takrorlanmasligi uchun ayblanuvchilar har qanday qogʻozga imzo qoʻyar edi”, deydi. Shu tariqa Bilol Suleyev 1957-yil 2-iyulda SSSR Oliy sudi qarori bilan oqlandi. Biroq, uning oila aʼzolariga na moddiy zarar, na qoʻlga olingan vaqtda olib ketilgan otalariga tegishli biror bir buyum qaytarilmadi.
Taniqli jamoat arbobi, maʼrifatparvar, Alash partiyasi aʼzosi, jurnalist va dramaturg Bilol Suleyev oʻzining qisqa, ammo sermazmun hayoti davomida publitsist sifatida qozoq milliy matbuotida, adib sifatida qozoq jadid adabiyotida oʻzining munosib oʻrniga ega. Alash oʻrda hukumatida hurriyat, milliy davlatchilik yoʻlida fidokorona xizmat qildi. Maʼrifatparvar pedagog sifatida esa koʻplab shogirdlar yetishtirish, darslik qoʻllanmalar yaratishdan tashqari bugungi Qozogʻistonning taʼlim tizimi poydevorini shakllantirishda ulkan hissa qoʻshdi. Qaysi vazifada, qanday lavozimda ishlamasin hamisha xalq, millat tomonida boʻldi. Birgina 1936-37-yillarda Qoraqalpogʻiston maorif xalq komissarligida boshlangʻich maktablar programmalarini ishlab chiqdi, maktab darsliklari uchun Pushkin, Dobrovskiy, Turgenovlarning asarlaridan tarjimalar qildi, bir qancha darsliklar, adabiy asarlarga taqriz yozdi. Bundan tashqari hukumatning iqtisodiy, ijtimoiy siyosatini xalqqa yetkazish maqsadida koʻpgina hisobotlarni tarjima qildi. Biroq, shoʻro maʼmurlari tomonidan shunday oliyjanob xizmatlarga tuhmat qilindi.
Bilol Suleyevning farzandlari taqdiri ham oson kechmagan, afsuski. Toʻngʻichi Farida 1930-yil oʻn bir yoshida vafot etadi. 19 yoshli Jonibek esa 1942-yil ixtiyoriy armiyaga yoziladi, 1943-yil mart oyida Smolensk etaklaridagi janglardan birida yaralanib halok boʻladi. Faqatgina kenja farzandi Ozod Suleyev (1930-1997) otasi orzusidagi mustaqil yurtni koʻrish imkoniga ega boʻldi, u turkolog va tarjimon boʻlib yetishdi. Nabirasi Jonibek Suleyev (1962) bugun Qozogʻistonning koʻzga koʻringan jurnalist va jamoat arboblaridan biri. Sobiq shoʻro qanchalar harakat qilmasin yurtning asl oʻgʻlonini butkul yoʻqota olmadi, u bugun avlodlari va yurtdoshlarining xotiralarida abadiy qoʻnim topgan.
Bahrom IRZAYEV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q