Aholisi 4 tilda gaplashgan va 4 dinga e'tiqod qilgan Suyan. Turk xoqonligi qurgan shahаrni nega sug‘dlar bunyod etgan deyishadi?


Saqlash
17:25 / 04.02.2025 86 0

O‘zbekistonning Samarqand-u Buxoro, Tojikistonning Sarazm va Panjikent shaharlari, Turkmanistonning Marv, Ko‘hna Urganch, Qozog‘istonning O‘tror, Saraychiq shahar yodgorliklari qatorida Qirg‘izistondagi Suyab, Bolasog‘un, Nevaket shaharlari qoldiqlari ham 2014-yilda UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bir paytlar gullab-yashnagan va yirik qudratli saltanatlarning boshkentlari, yirik iqtisodiy va ilmiy-madaniy markazlari bo‘lgan ushbu shahar qoldiqlari bugun birgina tarixiy-madaniy qadriyatga ega bo‘lib qolmasdan, dunyo sayyohlarini Turon mintaqasiga chorlashi kerak.

 

Qirg‘izistonda Turondagi boshqa davlatlar singari tarixiy-madaniy yodgorliklar ko‘p. O‘rnak uchun, UNESCOning Butunjahon merosi obyektlariga O‘sh shahridagi Muqaddas Sulaymon tog‘i kirgan bo‘lsa, tashkilotning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga Qirg‘izistondan 15 ta obyekt – qirg‘iz dostonchilar-oqinlari san’ati, qirg‘iz an’anaviy kigiz gilamchiligi, qirg‘iz epik trilogiyasi (Manas, Semetey va Seytek), “Ko‘k-bo‘ru” an’anaviy ot o‘yini, ko‘chmanchilar o‘yinlari kabilar kiritilgan. Qirg‘iz qardoshlarimizning tarixiy-madaniy yodgorliklaridan biri bo‘lib kelayotgan Suyab – Oq-Beshim shahar qoldig‘i ana shunday taniqli shaharlar sirasiga kiradi.

 

Ilk o‘rta asrlarda G‘arbiy Turk xoqonligining markazi Yettisuv ma’muriy tomondan Dulu va Nushibi deb ataluvchi ikki qanotga ajratib boshqarilgan bo‘lib, u bugungi Qirg‘iziston yerlariga to‘g‘ri keladi. Dulu qabilalar uyushmasiga kiruvchi xalqlar ChuIli daryolari oralig‘ida‚ Nushibi qabilalar uyushmasiga kiruvchilar esa Talas daryosi etaklarida yashagan. Ushbu qabilalar uyushmalari aholisi ko‘proq chorvachilik bilan shug‘ullanib, cho‘r va erkin unvonli Turk xoqonligi vakillari tomonidan boshqarilgan.

 

Suyab to‘g‘risidagi ilk ma’lumotlardan biri shaharda shaxsan bo‘lgan Xitoyning Tan sulolasi rohibi Syuan‑szanning esdaliklarida uchraydi: “Muzlik tog‘idan (xit. Lin-shan, bugun. Muzur-ola bo‘lishi kerak) chiqib, 400 li yurgach, biz katta Tiniq (yoki Moviy) ko‘l (xit. sinchi, Jexay; turk. Issiq ko‘l)ga keldik. ... Ko‘lni ortda qoldirib, shimoli-g‘arb tomon 500 li yurgach, Su-ye (“Suyab daryosi bo‘yidagi shahar”) shahriga yetib keldik va ovga otlanayotgan turk Yabg‘u‑xoqoni (xit. Yexu-kexan) bilan to‘satdan uchrashib qoldik. ... Bu shaharning aylanasi 6-7 li (3-3,5 km). Unda turli mamlakatlardan bo‘lgan tijoratchi xu (o‘troqlar, sug‘dlar)lar aralash yashashadi. Yeri qizil tariq va uzum yetishtirishga moslashgan. Bu yerda o‘rmonlar kam, iqlimi esa izg‘irin va sovuq. Odamlari jun matodan kiyimlar kiyishadi. Suyabdan to‘g‘ri g‘arb tomon bir necha o‘nlab shaharlar bo‘lib, har biri o‘z boshqaruvchisiga ega. Ular bir‑biriga bo‘ysunmasalar‑da, biroq barchasi turklarga bo‘ysunadi”[1].

 

Rohib Suyab shahriga yetib kelgach, ovga otlanayotgan turk xoqoni To‘n yabg‘u bilan to‘satdan uchrashib qolganida xoqon unga: “Men bir qancha muddatga bir yerga ketyapman va ikki‑uch kunda qaytib kelaman; ungacha mening qarorgohimga o‘rnashib turing”, deydi[2]. Ushbu bilgilardan turk xoqonlari boshkentlari yaqinidagi (bu o‘rinda Suyab shahri) o‘zlarining “Oltin O‘rdu” yoki “Ulug‘ O‘rdu”larida yashashgani, mavsumga qarab yozlik qarorgohi va qo‘rug‘ida ov qilish uchun biror muddat olisga ketganini anglash mumkin. Demak, turk xoqonlari o‘z “Oltin O‘rdu”larini Suyab shahridan tashqarida, undan uncha uzoq bo‘lmagan yerga qurishgan.

 

Biroq aynan qaysi xoqon boshqaruvi chog‘laridan boshlab Suyab G‘arbiy xoqonlikning boshkentiga aylangani oydinlashmagan. Shunga qaramay, ko‘pchilik olimlar To‘n yabg‘u-xoqon uni o‘ziga boshkent qilgani to‘g‘risidagi xitoy yilliklarida keltirilgan ma’lumotlarga tayanib, 618–630-yillardan Suyab G‘arbiy turk xoqonlarining boshkenti bo‘lgan, deb topganlar. Qolaversa, “Tan-shu”dagi quyidagi bilgilar-da qiziq: “G‘arbga to‘g‘ri 20 li yurgandan so‘ng Suyab shahriga boriladi. Shaharning shimolida Suyab daryosi (xitoycha Suy-ye shuy) o‘rnashgan. Bu daryoning shimolida, 40 li (chamasi 38­39 km) uzoqlikda Sze‑­dan[3] tog‘i bo‘lib, O‘n O‘q xoqoni (xitoycha shi-kexan) urug‘ boshqaruvchilarini tayinlash marosimini har doim o‘sha yerda bajaradi”[4].

 

“Oltin”/“sariq” rang hukmdorlik belgisi, hokimiyatning ma’naviy ramzi sanalgani uchun ko‘chma ma’noda hukmdor qarorgohiga nisbatan qo‘llanilgan[5]. Chin ma’noda esa xoqon qarorgohi oltin suvi yugurtilgan o‘ta hashamdor, ko‘zni qamashtiruvchi shohona buyumlar, qimmatbaho bezaklar bilan to‘lib‑toshganidan edi. Shuning uchun, manbalarda ba’zan “Oltin chodir” yoki “Oltin O‘rdu” deb, ba’zan esa “Ulug‘ Oltin O‘rdu” deb tilga olingan. Masalan, Syuan‑szan Suyab yaqinida G‘arbiy turk xoqonlarining “yaltiroqligidan ko‘z qamashuvchi oltin naqshlar bilan bezatilgan katta va keng o‘tog‘i” (“Oltin O‘rdu”si) borligini yozgan[6]. Yana xitoy yilliklarida turgash xoqoni Uchjile (*Uch-elig; 699–706) G‘arbiy turk xoqoni Xuselo (*Xusrav; 690–699)ni Xitoyning Tan saroyiga qochishga majbur qilgach, Suyabni egallab, o‘z o‘rdusini shu yerga ko‘chirgani va uni Ulug‘ o‘rdu (xitoycha Suy-ye-chuan) deb atagani[7] keltiriladi.

 

Aslida turgashlar Suyabni emas, uning yaqinidagi “Oltin O‘rdu”ni egallagan, keyin Suyabni qo‘lga kiritgan bo‘lishi kerak. Chunki 840-yillarda qirg‘iz xoqoni uyg‘ur xoqoniga “Men yaqinda sening “Oltin O‘rdu”ingni olaman, uning oldiga o‘z otimni qo‘yaman, bayrog‘imni tikaman” deya tahdid qilgan va ko‘p o‘tmay “Oltin O‘rdu” va O‘rdu-baliq (Qorabolg‘asun) shahri yoqib yuborilgan[8]. Demak, hukmdorlar biror davlatni egallab, u yerda o‘z hokimiyatini o‘rnatishlari uchun oldin o‘zida bir qancha hokimiyat ramzlarini to‘plashi, “Oltin O‘rdu”ni qo‘lga kiritishlari kerak edi.

 

Ayrim tarixchilar turk va mo‘g‘ul saltanatlarida “Oltin chodir” birgina to‘y, qurultoylar o‘tkazilganda, elchilarni kutib olishda xoqon yoki xon buyrug‘i bilan tiklangan, deb qaraydilar[9]. Aslida hukmdorlar bo‘sag‘asi va ustunlari oltin bilan qoplangan ulkan “Oltin chodir” yoki “Ulug‘ Oltin O‘rdu”da boshqa chog‘larda ham yashagan, u hokimiyat belgilaridan biri bo‘lish bilan birga imperiyaning o‘ziga xos dabdaba va hashamatini ko‘rsatish vositasi sanalgan.

 

Turk xoqonlari “Oltin O‘rdu”larining o‘rni haqida Syuan-szan esdaliklaridan kelib chiqilsa, rohib xoqonni Suyab shahriga kelib, undan o‘tgach, to‘satdan uchratgan; xoqonning tarxonga rohibni o‘z qarorgohigacha kuzatib qo‘yishini buyurgani[10] esa qarorgohning Suyab yaqinida, shahardan tashqarida joylashganini bildiradi.

 

Shu o‘rinda aytish kerakki, Suyabning o‘rni to‘g‘risida uzoq vaqtgacha bir to‘xtamga kelinmagan edi[11]. Turkolog J.Klouson xitoyshunos E.Shavanning chamasi va topilgan tangalarga tayanib, Oq-Beshim xarobasi[12] taniqli Suyab shahriligini ilgari suradi[13]. Biroq o‘sha paytda sovet izlanuvchilari Suyabning Kemin vodiysida ekani haqidagi A.N.Bernshtamning qarashini qo‘llab-quvvatlashgan[14]. O‘tgan yuzyillikning 80‑yillarida Oq-Beshim shahar xarobasidan topilgan xitoycha yozuvli parchada Suyab qal’asi (xitoycha Sue-chjen) komendanti Du Xuayning faoliyati ulug‘langan edi[15]. Xitoy yilliklariga ko‘ra, VII asrning 80‑yillarida Du Xuay otli kishi bir vaqtning o‘zida Suyab qal’asining ham hokimi, ham komendanti bo‘lgan[16]. Shunday qilib, ushbu ma’lumotlar yordamida Oq-Beshim xarobasining Suyab shahri ekani uzil-kesil o‘z yechimini topdi.

 

Tibetcha “Hukmdorliklar katalogi” (VIII asr) bitigida Tibetning qo‘shnisi deb “sakkizta shimoliy yer”ning boshkenti Šū‑balïq (tibetcha Šu-ba-ba-leg) ko‘rsatilgan. Ushbu shaharda “turklarning xudosi” (tibetcha Drugu’i-lha) Yo‘l Tangriga sig‘inuvchi aholi yashashi tilga olingan[17]. Ayrim izlanuvchilar Shu-baliq qo‘rg‘onini Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk”ida uchraydigan Bolasog‘un shahri yaqinidagi Shu shahri bilan qiyoslaydilar[18]. Arxeolog K.M.Baypakovning qarashicha, Muqaddasiy tilga olgan Shuy shahri aslida Suyab bo‘lib, buni Koshg‘ariy keltirgan afsonaviy turk hukmdori Šū (Shu) tomonidan Bolasog‘un yaqinida qurilgan shaharning Shu deb atalishi ham ko‘rsatadi[19]. Uni turkcha Chu­­baliq – “Chu (daryosi bo‘yidagi) shahar” deb tiklasa bo‘ladi va u Suyab shahrining turkcha oti bo‘lishi ehtimoli bor.

 

Tarixchilar xitoy yilliklarida Suy-ye atamasi birgina shaharga emas, balki daryoga qarata ham ishlatilganini ko‘zda tutib, Suyab yer otining kelib chiqishini Chu / Chuy daryosi oti (turkcha Čū va sug‘dcha -āb – “suv” so‘zlarining birikishidan) bilan bog‘lashadi[20]. Arxeolog L.R.Kizlasov Oq‑Beshim shahar xarobasida olib borgan qazishmalari davomida shaharga yerosti bo‘ylab kichik daryodan toza suv kelganini aniqlagan. Ushbu yerosti koriz suvi turkcha su – “suv” va sug‘dcha (eroncha) yob – “yob, kanal” so‘zlarining birikishidan hosil bo‘lgan, Suyob (turk‑sug‘dcha) deb atalgan. Uning ortidan yuzaga kelgan shahar ham xuddi shunday atalgan bo‘lishi kerak[21]. Bizningcha ham L.R.Kizlasovning yuqoridagi talqini chinga o‘xshaydi.

 

Chamasi 35 ga yaqin tegrani egallagan Oq-Beshim xarobasi aniq ajralib turuvchi shahar devorlari bilan qurshalgan shahriston va uning janubi-g‘arbidagi arkdan iborat. Arxeologlar uning davriy chegarasi masalasida bitta to‘xtamga kelishmagan. Deylik, L.R.Kizlasov Suyabda V–X asrlarda, P.N.Kojemyako esa V–XII asrlarda hayot bo‘lgan deb topishgan[22]. Aslida Suyabdagi har bir yodgorlikning davriy chegarasi turlicha: qasr VI–VII asrlarga, ikkinchi budda ibodatxonasi va qabriston esa VII–VIII asrlarga tegishli. Biroq Suyabning, ayniqsa, VII–VIII asrlarga kelib rivojlangani to‘g‘risida arxeologlarning fikrlari bir xil. L.R.Kizlasovning shahriston markazidagi stratigrafik qazishmalari natijasida uning ko‘plab turar-joylardan iborat yirik dahalarga bo‘lingani aniqlangan. Arxeolog V asr oxiri VI asr boshlarida sug‘dlar qurgan minora‑qasr – “sukunat minorasi” o‘rnida tiklangan Suyab shahrida sug‘d, turk, xitoy va suryoniy tilli aholi birga yashagani hamda shaharda zardushtiy, buddaviy, xristian va moniy jamoalarining sakral markazlari bo‘lgani borasida bir to‘xtamga kelgan[23].

 

Haqiqatdan, Oq-Beshimda olib borilgan arxeologik qazishmalardan Suyab aholisi bir vaqtning o‘zida 4 ta jahon dini: zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik, moniylikka e’tiqod qilgani va ularning har biri alohida diniy jamoa o‘laroq faoliyat ko‘rsatgani oydinlashgan. Qizig‘i shundaki, har bir diniy jamoa shahristonning alohida qismida dunyo tomonlariga mos holda o‘zlarining diniy inshootlari yoki qabristonlariga ega bo‘lishgan. Shahristonning janubida I va II budda ibodatxonalari, g‘arbida moniylar suburgani va qabristoni, sharqida xristian-nasroniy cherkovi, shimolida esa zardushtiylarning mozori o‘rnashgan edi. Diniy jamoalarning bu tarzdagi o‘rnashuvi shahardagi diniy bag‘rikenglikni ko‘rsatadi[24].

 

Ayniqsa, buddaviylik To‘n yabg‘u-xoqon (619–630) va uning To‘xoriston boshqaruviga tayinlangan o‘g‘li Tardu shad (620?–630) davrida kengroq yoyilgan. Manbalarda Besh‑baliqning “Xoqon-stupa” shahri deb atalishiga To‘n yabg‘u-xoqonning bu shaharda budda ibodatxonasini qurdirgani sabab qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, To‘xoristonning turk hukmdorlari bir qancha shaharlarda budda ibodatxonalari qurdirishgani haqida aytilgan[25].

 

Biroq Turk xoqonligining kuchsizlanishi bilan Tan imperiyasi qo‘liga o‘tgan Suyab 648–719-yillar orasida Xitoyning Ansi protektoratiga qarashli g‘arbdagi to‘rtta harbiy istehkomlaridan biriga aylanadi. VII asr oxirlarida qal’a komendanti Du Xuay unga 60 gektardan iborat qo‘shimcha istehkom qurdiradi. Aynan shu yerda budda monastiri va ibodatxonasidan iborat shaharning yangi qismi qad ko‘taradi. Arxeologlar shu davrga oid shahar devorining janubida joylashgan budda ibodatxonasi va xitoycha bitiktosh topishgan. Shahriston devorlari tashqarisida ikkita budda ibodatxonasi va xristian cherkovi aniqlangan[26]. Birinchi budda ibodatxonasidagi butun bino postamentlarda alohida turuvchi sopol haykalchalar hamda devoriy ganch releflar bilan bezatilgan edi. Shuningdek, bronzadan yarim oltin suvi yuritilib ishlangan haykallar va devor rasmlari qoldiqlari ham topilgan. Afsuski, u yerdagi barcha san’at asarlaridan faqatgina parcha, bo‘laklar saqlanib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, budda panteoni qahramonlari, deylik, Buddaning tasviri yorqin aks etgan[27]. Ikkinchi budda ibodatxonasida esa haykallar birmuncha yaxshi saqlangan bo‘lib, ularga Buddaning ulkan boshi, devor rasmlari parchasi kabilar kiradi[28].

 

Shuningdek, Suyab Tibet va Xitoy o‘rtasidagi urush vaqtida strategik ahamiyatga ega shahar bo‘lgan. 751-yildan keyin Suyabda bo‘lgan xitoylik tutqin Du Xuanning so‘zlariga ko‘ra: “Suy-ye o‘lkasi Ansidan shimoli-g‘arbga tomon 1000 lidan ko‘proq chaqirimda. U yerda Boda (Bedel) tog‘lari bor, tog‘dan janubda tutsishi (turgashlar) [davlati]ning shimoliy chegaralaridir. Janubi-g‘arb tomon sunlingacha 2000 lidan ko‘proq chaqirim bor. ... Boda tog‘idan 1000 lidan ortiq sharqqa (aslida, g‘arb yoki shimolga bo‘lishi kerak) yurilgach, Suyab daryosiga kelinadi, daryoning sharqiy chekkasida esa Issiq ko‘l bor; bu yer qishda ham muzlamaydi, shuning uchun ham “Issiq ko‘l” deb ataladi. Yana Suyab shahri ham bor. Tyan-baoning yettinchi yilida (748-yil) Beytin boshqaruvchisi Van Chjen-syan jazo otryadi bilan [G‘arbiy o‘lkalarga] yurish qilganida, shahar devorlari buzib tashlangan, shahar esa tanazzulga uchradi. Bir zamonlar malika Szyaoxe-qunchuy yashagan yerda, u bugun ham bor bo‘lgan Da-yun-si budda ibodatxonasini qurdirdi”[29].

 

Mazkur ma’lumot Suyab shahri Xitoyning Tan qo‘shini yurishi tufayli vayron bo‘lganini oydinlashtiradi[30].

 

Shunday qilib, Suyab G‘arbiy xoqonlikning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi hisoblangan. Biroq unga sof sug‘d shahri deb qarash keng yoyilgani uchunmi, Suyabning aynan Turk xoqonligi davrida poytaxt maqomini olganiga va undagi ulkan qurilish ishlarining ham xuddi shu davrga to‘g‘ri kelishiga ko‘pincha e’tibor berilmaydi. Aslida Suyab va umuman, butun Yettisuv sug‘d, xitoy kabi o‘troq xalqlarning siyosiy va tijoriy poytaxti bo‘lish bilan birga turk tilli qabila va xalqlarning ma’muriy, diniy va madaniy markazlari ham sanalgan[31]. Oldin sug‘dlarning kichik manzilgohlaridan biri bo‘lgan Suyab Turk xoqonligi poytaxtiga aylangach taraqqiy etgan va keyingi turk davlatlarining markazi bo‘lishda davom etgan.

 

Bir so‘z bilan aytganda, G‘arbiy Turk xoqonligi qo‘l ostidagi anchagina kengliklar bugungi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Afg‘oniston davlatlari yerlariga to‘g‘ri keladi. Bugun alohida chegaralar bilan ajralib turgan o‘zbek va qirg‘iz, tojik va qirg‘iz, o‘zbek va qozoq hamda o‘zbek va turkmanlar o‘tmishda bitta yirik davlat qo‘l ostida tinch-totuv yashab kelgani uchun iqtisodiy tomonlama yuksalgan. Bu xalqlar ardoqlagan Turon yerlarida turli tillarda so‘zlashuvchi va har xil dinlarga sig‘inuvchi aholi o‘rtasida bag‘rikenglik hukm surgan. Bordi-yu bu tinchlikni buzmoqchi bo‘lib tashqaridan yov bostirib kirgudek bo‘lsa, ularga qarshi birgalikda kurashganlar.

 

Munira XATAMOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] Beal S. The life of Hiuan Tsiang.. – P. 41-42; Зуев Ю.А. Ранние тюрки... – С. 263–268; Лубо-Лесниченко Е.И. Сведения китайских письменных источников о Суйабе (городище Ак-Бешим) // Суйаб Ак-Бешим. СПб., 2002. С. 115-127.

[2] Beal S. The life of Hiuan Tsiang... – Р. 42; Зуев Ю.А. Ранние тюрки... – С. 263–268.

[3] Sze‑dan tog‘i – G‘arbiy xoqonlarning davlat kengashi – qurultoy o‘tkazadigan yeri bo‘lib, u Suyab va Navikat shaharlari hamda Kastek dovonidan shimoli-g‘arbda bo‘lgan. Gardiziy (XI yuzyillik) o‘z asarida chigil va turgashlar to‘g‘risida to‘xtalar ekan, Suyab yaqinidagi tog‘ to‘g‘risida shunday yozgan: “Turklar bu toqqa sig‘inadilar va egilib, shunday deydilar: “Bu yer Tangrining yashash yeri” (Osawa T. The Cult-Religious Relations... – R. 55; Esin E. Türk sanatında İkonografik motifler. – İstanbul, 2003. – S. 33-34; Bartold V.V. Izvlechenie iz sochineniya Gardizi “Zayn al-axbar”. Prilojenie k Otchetu o poezdke v Srednyuyu Aziyu s nauchnoy selyu. 1893 – 1894 gg. // Sochineniya v 9 tomax. T. VIII. M., 1973. – S. 62).

[4] Ekrem E. Hsüan-Tsang Seyahetnamesi’ne göre... S. 111‚ n. 1; Байпаков К.М. Западнотюркский и Тюргешский каганаты: тюрки и согдийцы, степь и город // Известия НАН РК. Серия общественных наук. – 2009. – №1. – С. 105.

[5] Erkoç H.İ. Eski Türklerde Devlet Teşkilatı... S. 73.

[6] Beal S. The life of Hiuan Tsiang. – New Delhi, 1990. – P. 41-42; Зуев Ю.А. Ранние тюрки: очерки истории и идеологии. Алматы, 2002. – С. 264.

[7] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т. 1. – М.–Л., 1950. – С. 296; Chavannes E. Documents sur les Tou-Kiue (Turks) occidentaux // Сборник трудов Орхонской экспедиции. – Вып. 6. – СПб., 1903. – Р. 79; Зуев Ю.А. Ранние тюрки... – С. 148-150.

[8] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах... Т. 1. – С. 355.

[9] Юрченко А.Г. Символы власти кочевых империй: золотой шатер // Эволюция института власти в древней, средневековой и новой истории Казахстана и сопредельных государств. Материалы международной научно‑теоретической конференции. – Алматы, 2016. – С. 78‑101.

[10] Beal S. The life of Hiuan Tsiang... – P. 41-42; Зуев Ю.А. Ранние тюрки... – С. 263265.

[11] Байпаков К.М. Средневековая городская культура Южного Казахстана и Семиречья... – С. 33–35; Кызласов Л.Р. Городская цивилизация Срединной и Северной Азии... – С. 219–225; Суйаб Ак-Бешим. СПб., 2002; Бартольд В.В. О христианстве в Туркестане в домонгольский период // Сочинения: в 9 т. Т. II. Ч. 2. – М., 1964. С. 282; Ўша муаллиф. Отчет о поездке в Среднюю Азию с археологической целью1893-1894 гг. // Сочинения: в 9 т. Т. IV.М., 1966. – С. 57.

[12] Oq‑Beshim – Qirg‘izistonning To‘qmoq shahridan 6 km janubi-sharqda joylashgan.

[13] Clauson G. Ak BeshimSuyab // Труды XXV Международного конгресса востоковедов М., 1965. Р. 126-127.

[14] Бернштам А.Н. Чуйская долина. Труды Семиреченской археологической экспедиции. №14. М.–Л., 1950. – С. 12-14, 21-22; Кызласов Л.Р. Ак-Бешим // Труды Киргизской комплексной археолого-этнографической экспедиции. Т. 2. М., 1953. – С. 159-160; Ўша муаллиф. О работе Чуйского археологического отряда в 1953-1954 гг. // КСИЭ. – Т. XXVI. – М., 1957. С. 95-96.

[15] Лубо-Лесниченко Е.И. Сведения китайских письменных источников... – С. 123-126.

[16] Горячева В.Д., Перегудова С.Я. Буддийские памятники Киргизии // ВДИ. – 1996. – №2. С. 186.

[17] Кляшторный С.Г. Памятники древнетюркской письменности...С. 256-257; Uray G. The Old Tibetan sources on the history of Central Asia // Prolegomena to the Sources on the history of Pre-Islamic Central Asia. Budapest, 1979. – P. 299-300.

[18] Uray G. The Old Tibetan sources on the history of Central Asia… – P. 300.

[19] ДЛТ. 3‑том. – Б. 420; Байпаков К.М. Средневековые города Казахстана на Великом Шелковом пути... – С. 148.

[20] Лурье П.Б. Заметки о раннеисламском дорожнике в Китай // Материалы и исследования по археологии Кыргызстана. – Вып. 1. – Бишкек‚ 2005. С. 84; Камолиддин Ш.С. Древнетюркская топонимия в Средней Азии... – С. 78.

[21] Кызласов Л.Р. Городская цивилизация... – С. 226.

[22] Кызласов Л.Р. О работе Чуйского археологического отряда в 19531954 гг... – С. 88; Кожемяко П.Н. Раннесредневековые города и поселения Чуйской долины. – Фрунзе, 1959. – С. 75‑78.

[23] Кызласов Л.Р. Городская цивилизация... – С. 342–345.

[24] Кызласов Л.Р. Городская цивилизация... – С. 343–345.

[25] Булатова-Левина В.А. Буддийский храм в Куве // СА. – 1961. – №3. – С. 241–250.

[26] Зяблин Л.П.Второй буддийский храм Ак-Бешимского городище. Фрунзе, 1961; Кызласов Л.Р.Городская цивилизация... – С. 235–329.

[27] Кызласов 1959.

[28] Зяблин 1961.

[29] Зуев Ю.А. Ранние тюрки... – С. 271-272.

[30] Зуев Ю.А. Ранние тюрки... – С. 271-272.

[31] Западный Тюркский каганат. Атлас... – С. 95.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

17:02 / 03.02.2025 0 407
O‘zbek bog‘cha qidirgan tarbiyachi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24348
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//