“Yangi Turkiston” – 40 songa yetmagan milliy ozodlik harakati bayroqdori


Saqlash
10:20 / 04.02.2025 94 0

Turkistonda hali kurash davom etayotgan bir paytda tashkil etilgan “Oʻrta Osiyo Milliy Avomi inqilobiy qoʻmitalari” dastlab “Turkiston ozodlik jamiyati”ga, keyin esa “Turkiston milliy ittifoqi”ga aylantirilgan. Bundan asosiy maqsad Sovet Ittifoqining asirligida qolgan boshqa millatlar bilan birgalikda Sovet Ittifoqining parchalanishini taʼminlash va oʻz mamlakatining mustaqilligiga erishish boʻlgan. 

 

Bunga faqat matbuot va radioeshittirishlar orqali erishish mumkinligini anglab yetgan turkistonlik muhojirlar Istanbulda joylashgan Turkiston milliy birlik (TMB) harakatining ilk tashabbusi bilan “Yangi Turkiston” jurnalini nashr etishni yoʻlga qoʻyishgan. 1927-yil iyun oyida chop etila boshlangan “Yangi Turkiston” tez orada Turkistonning ozodligi, mustaqilligi uchun kurash harakatining tashqi dunyodagi matbuot kotibiga aylangan. Biroq, 1928-yili Turkiya Respublikasi maʼmuriyati tomonidan kun tartibiga kiritilgan alifbo inqilobi va lotin alifbosiga oʻtish qarori “Yangi Turkiston” jurnalining nashr organi boʻlgan Turkiston milliy birlik harakati faoliyati sohasini ancha qisqartirgan. Jurnal lotin harflarida nashr etilishi bilan Afgʻoniston, Hindiston, Eron va arab davlatlarida yashovchi turkistonliklarga yetib borish imkoniyati yoʻqolgan. Turkiston milliy birligi rahbariyati vaziyatni baholagan holda jurnalning bosh qarorgohini Yevropaga koʻchirish va uni arab harflarida qayta chop etish boʻyicha tadqiqot boshlagan, ammo bu harakatlar muvaffaqiyatsiz tugagan. Nihoyat, 1929-yil sentyabrda Istanbulda boʻlib oʻtgan Turkiston milliy birligi qurultoyida jurnalning Turkiyada nashr etilishini davom ettirish, Berlinda esa arab harflari bilan chop etiladigan boshqa jurnal chiqarishga qaror qilingan. Oʻzbek shevasida nashr etiladigan jurnal “Yosh Turkiston” deb nomlangan. Mazkur jurnal Turkiston milliy birlik harakatining Yevropadagi vakili Mustafo Choʻqay oʻgʻli rahbarligida nashr etilishi nazarda tutilgan, lekin 1929-yilgi qurultoy hujjatlari va Turkiston milliy birlik harakati rahbarlarining yozishmalaridan maʼlum boʻlishicha, bu jurnal “Yangi Turkiston” jurnalida boʻlgani kabi Pilsudskiy fondidan, yaʼni “Promete” harakatining mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan.

 

Jurnal taʼsischilari uning nomlanishini boʻyicha: “Bugun va hatto Chorlik zamonida umumiy nom sifatida qoʻllanilishi taqiqlangan, Sharqiy va gʻarbiy Turkiston, Qozogʻiston hamda Turkmaniston hududlarini bir nom ostida ifodalovchi “Turkiston” soʻzi jurnalimiz uchun nom boʻlmishdir. Haqiqiy va tabiiy maʼnosi ila “Turkiston”ning “yangi”ligini faqatgina asriy maʼnosi orqali milliy istiqlolni ifodalashi nuqtayi nazaridan bu shaklda tasvirlamoqdamiz” deya izohlashgan.

 

“Yangi Turkiston” jurnali oʻz oldiga quyidagi muhim maqsad va vazifalarni qoʻygan:

1.     “Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Turkiya, Yevropa hatto Yaponiya, Misr va Amerika kabi dunyoning farqli joylarida yashagan turkistonlik muhojirlarga Turkistondagi milliy harakatlar, uning siyosiy, madaniy va iqtisodiy ahvoli bilan bogʻliq maʼlumotlar berish;

2.     Turkistondagi turk madaniyati haqida maqolalar chop etish hamda turklar orasidagi madaniyat birligi xususidagi masalalarga oydinlik kiritish;

3.     Turkistondan tashqarida yashovchi turkistonliklar va yevropaliklar orasida amalga oshirilayotgan turk madaniyati borasidagi loyihalarni yoritib borish;

4.     Qoʻshni islom davlatlaridagi yangiliklar haqida maʼlumotlar berish;

5.     Shuningdek, dunyoning farqli yerlaridagi turkcha oʻqib anglay oladigan doʻstlarimizga Turkistondaki ahvol, turkistonliklarning orzu va istaklari haqida xabar bermoqlikdir”.

 

“Yangi Turkiston” jurnali Turkiyadagi muhojir jadidlarning ilk matbuot organi boʻlib, jurnal tili Onadoʻli turkchasi, Turkiston (chigʻatoy) turkchasida arab harfida chop qilingan. 1928-yil noyabr oyida Turkiyada arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtilishi bilan “Yangi Turkiston” jurnali ham, aniqrogʻi 17-sonidan boshlab lotin alifbosida nashr qilingan. 27-sonidan boshlab jurnalning nashr qilinishida 7 oylik uzilish yuz bergan. Jurnal 28-sonining ilk sahifasida “Tazarru” sarlavhali maqolada uzilishning sababi sifatida moddiy qiyinchiliklarga duch kelingani, jumladan: “Yangi Turkiston jurnalimiz afsuski, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli mart, aprel, may, iyun, iyul, avgust va sentyabr oylarida nashr etilmadi. Bugun fidoyi, vatanparvar, millatparvar safdoshlarimiz koʻmagida bu kamchiliklar qisman bartaraf etildi, eski tahririyat hayʼatiga boshqa qalamkash hamkasblarini ham oʻz atrofiga toʻpladi. Boshqa tomondan, aloqa masalalari ham qatʼiy taʼminlanadi. Bundan buyon jurnalimiz kuchga toʻla, yangi mavzu va yangiliklarni muntazam chop etib, uzoq vaqtdan beri intiqlik bilan kutgan ishlarimizni roʻyobga chiqarishga harakat qilamiz. Jurnalimizning yanada mustahkamlanishi va davom etishi uchun Turkistondan tashqarida yashovchi fuqarolarimizning moddiy va maʼnaviy yordamini kutish bilan shu paytgacha murosaga kelganimizdan ochiq afsusdamiz” deb aytilgan.

 

1927-yil 5-iyundan 1931-yil sentyabrgacha jurnalning jami 39 ta soni Istanbulda bosilgan. Jurnalning soʻnggi sahifasida bosmaxona manzili dastlab Istanbuldagi Gumushhane koʻchasi 5-uy, keyinchalik Nuriosmoniya, Orif Posho koʻchasi 4-uyda joylashganligi koʻrsatilgan. Istanbulning Anqara markaziy koʻchasidagi Zamon kutubxonasi esa jurnal tarqatiladigan joy boʻlgan. “Yangi Turkiston” siyosiy, ilmiy, adabiy, iqtisodiy jurnal boʻlib, 32 sahifalik holda oyda bir marta chiqqan.

 

Jurnalning siyosiy, adabiy va ilmiy, iqtisodiy, tarix va elshunoslik, tarbiyaviy-ijtimoiy, joʻgʻrofiya va osori-atiqa, Turkiston milliy kurashlar tarixiga oid masalalar, matbuot, kitobiyot, xabarlar, obunachilar sahifasi hamda siyosiy voqealar kabi ruknlari boʻlgan. Ushbu ruknlarda Turkiston masalasi, uning hududi va aholisi, Turkiston etnografiyasi, sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan istiqlolchilik harakatlari, saylovlar, mustamlaka tuzumining Turkistonni boshqarishda qoʻllagan iqtisodiy, milliy, maorif, din va sovet adabiyotini yaratish siyosatini ochib beruvchi maqolalar nashr qilingan. Xabarlar ruknida oʻzbek, qozoq, turkman, qirgʻiz elidagi, shuningdek, Fransiya, Italiya, Polsha, Boltiq davlatlari, Misr va Rusiyadagi siyosiy voqealar doimo yoritib borilgan. Obunachilar sahifasi ruknida Germaniya, Konya, Budapesht, Hindiston, Fransiya, Qohira, Qutahya va boshqa mamlakatlardan idoraga kelgan maktublar eʼlon qilib borilgan.

 

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻon Mustafo Choʻqay, Solih Ismoil Erkinqul, Abdulqodir Inon, Abdulloh Zoda Tavakkul, Magʻjon Jumaboy, Mustafo Shohquli, Ahmad Naim Oʻktam, Ahmad Haqqi, Najmiddin Ahmad Dalil, Jafar Said Ahmadbek, Husayn Boyqaro, Kozimzoda, Burxoniddin Balxiy va boshqa mualliflar tomonidan jurnal sahifalarida muntazam maqolalar chop qilingan. Jurnalning deyarli har sonida bosh maqola oʻrnida Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning maqolalari berilgan. Shuningdek, Abdulla Qodiriyning “Rusiyada milliy istiqlol harakati va oq rus matbuoti”, “Qozoq-qirgʻiz oʻlkasida yer masalasi”, “Komsomol ahloqi” kabi maqolalari, Abdulhamid Choʻlponning “Suhbat”, Abdurauf Fitratning “Qor”, Elbekning “Milliy bayroq” sheʼri va boshqa jadid maʼrifatparvarlarining ilmiy-badiiy ijodidan namunalar keltirilgan.

 

Jurnal sahifalarida millat oydinlarining hayoti va faoliyatiga oid maqolalar ham eʼlon qilingan. Xususan, jurnalning 1927-yil 7-sonida berilgan xabarda: “6-noyabrda Eski Toshkent shahri Maorif uyi binosida toʻplangan munavvarlar majlisida Turkiston maorif xodimlaridan 6 kishiga “Xizmat qahramoni” unvonini taqdim etdilar. Bular Abdulla Avloniy, Majid Qori, Hoshim domla, Hasan domla, Said domla, Muso va Moʻminjon Muhammadjonlardan iborat”ligi aytilgan. 1931-yil 31-sonidagi maqolada esa sovet hokimiyati tomonidan Abdulla Qodiriy, Botu, Botir, Mirtemir kabi ziyolilarning taʼqib qilinishi va qamoqqa olinishi haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan.

 

“Yangi Turkiston” jurnali Turkiston milliy istiqloli mafkurasini va zamonaviy turk fikrini yoyuvchi, Turkiston va Anadoʻli turklari orasidagi til hamda madaniyat birligiga qaratilgan ulkan xizmatlarni amalga oshiruvchi milliy ozodlik harakati bayroqdori boʻlgan. Mazkur jurnal ayni vaqtda ham Turkistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy hayoti, tarixi, jumladan, jadidchilik harakati, uning namoyandalari va ularning merosini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

 

Mashhuraxon DARMONOVA,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1.     A. Ahat Andican. Yaş Türkistan Dergisi ve Türkistan Milli Hareketi. “Yaş Türkistanʼdan Seçilmiş Makaleler”. İstanbul. 2006.

2.     یګی تورکستان” . ۱۹۲۷ — حزیران — ۵. صانی ۱. صهفه ۳۲”.

3.     A. Ahat Andican. “Cedidizmden Bağımsızlığa Hariçte Türkistan Mücadelesi”. İstanbul. 2003.

4.     Tevfi̇k EVCİ. Yeni̇ Türki̇stan Dergsi̇ (1927 – 1931). Kirikkale Üni̇versi̇tesi̇ sosyal bli̇mler ensti̇tüsü tari̇h anabi̇li̇m dali, yüksek lisans tezi̇. Kirikkale – 2006.

5.     İdare. İtizar. “Yeni̇ Türki̇stan” dergsi̇. Sayı: 16 (28). Teşrinievvel 1930.

6.     Choʻlpon. Suhbat (sheʼr) // “Yangi Turkiston” jurnali. 1927-yil 4-son.

7.     Fitrat. Qor (sheʼr) // “Yangi Turkiston” jurnali. 1928-yil 14 – 15-son.

8.     Elbek. Milliy bayroq (sheʼr) // “Yangi Turkiston” jurnali. 1928-yil 10-11-12-son.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

17:02 / 03.02.2025 0 409
O‘zbek bog‘cha qidirgan tarbiyachi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24348
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//